Ma’naviy ehtiyoj

Davlatimiz rahbari raisligida shu yilning 19 mart kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ko‘plab muhim masalalar bilan bir qatorda yoshlar tarbiyasiga oid  masalaga ham alohida e’tibor qaratildi.

 BESH MUHIM TASHABBUSNING BIRI  

 Ta’kidlanganidek, turli ziddiyatlar kuchayib borayotgan bugungi kunda yoshlarimizning ma’naviy immunitetini mustahkamlash, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishini ta’minlash har qachongidan dolzarb ekanini davrning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Shu bois Prezidentimiz ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilgari surgan besh muhim tashabbus g‘oyat muhim ahamiyatga ega.  Shulardan biri — yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilishga qaratilgan.

Ayni masalada tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilib, o‘tkazilayotgan turli tanlovlar, qiziqarli tadbirlar o‘z mevasini bera boshladi. Endilikda qamrovni kengroq olish nazarda tutilayotir. Buyuk alloma bobomiz Abu Rayhon Beruniy ta’birlaridek, ilmsiz kishining ko‘ngli xurofotga moyil bo‘ladi. Bugungi davrning eng muhim vazifasi yoshlarni ilmsizlikdan asrashdir. Kitobxonlikning davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, davlatimiz rahbarining kelajak avlod ma’naviy dunyosini boyitishga alohida ahamiyat berayotgani zamirida ham ushbu maqsad mujassam. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 sentyabrda e’lon qilingan “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori ana shunday xayrli ishlarda muhim omil bo‘lmoqda.

Muqaddas dinimiz manbalari ham ilmli bo‘lishga undaydi. “Bir soat ilm o‘rganish bir kechalik ibodatdan yaxshidir”. “Sadaqaning afzali musulmon kishining ilm o‘rganib, so‘ng boshqa musulmon birodariga o‘rgatishidir”. “Ilm – Muhammadning (S.A.V.), boylik esa Firavnning merosi” kabi hikmatlarni ko‘pchilik yaxshi biladi. Ulardagi mazmun-mohiyatni farzandlariga o‘rgatish har bir mo‘min-musulmon uchun ham farz, ham qarzdir.

 DORILFUNUN YARATGAN USTA 

 Kitobxonlik haqida gap ketganda karmanalik Burxon Jo‘raevning kichik hovlisidagi kattakon kutubxona ko‘z o‘ngimdan o‘tadi. Asli kasbi oddiy usta — montyor bo‘lgan, kamtar, kamsuqum bu insonning kitobni farzandidek ardoqlashi kishini hayratga soladi. Uning shaxsiy kutubxonasida olti mingdan ziyod kitob bor. Aksariyat maktablar kutubxona fondi bundan kam. Mutolaa istovchi borki, uning xonadoniga kelib-ketib turadi. Ko‘pincha yoshlar unga shunday savol beradi: shuncha kitobni qanday qilib, necha yilda yiqqansiz?

— Bolaligimdan kitobga mehrim tushgan, — deydi u. — O‘sha paytda hozirgidek sotib olish uchun imkon bo‘lmagan. Keyinchalik maktabni bitirib, ishga kirdim. O‘zim ishlab pul topa boshlagach, yangi kitoblardan sotib olib, o‘qiy boshladim. 60-yillardan boshlab to‘plagan kitoblarim bor. Qaerga bormay, birinchi bo‘lib kitob do‘koniga kiraman. Bularning ayrimlarini qayta-qayta o‘qib chiqqanman. Bir donishmand kitob yig‘ish dorilfununning o‘zginasi, degan ekan. Men yoshligimda oliy dargohda o‘qiy olmadim, ammo o‘zim uchun dorilfunun yaratdim. Undan sizlar ham foydalanayotganingiz meni quvontiradi... 

Xonadagi javonlarda terilgan o‘zbek klassik adabiyoti namoyondalaridan to o‘nlab jahon adabiyoti yirik vakillarining tom-tom asarlari, entsiklopediyalar, izohli lug‘atlar, salomatlik, kasb-hunarga oid qo‘llanmalar, Nizomiy Ganjaviyning 5 tomlik, Alisher Navoiyning 20 tomlik, Abu Ali ibn Sinoning 10 tomlik, Tolstoyning 12 va 14 tomlik, Saltikov Shchedrinning 10 tomlik  asarlari to‘plami ko‘zni quvontirib turadi. 

Qarangki, kitobga oshno bo‘lish uchun kasbning ham, moddiy ahvolning ham ahamiyati yo‘q ekan. Bu nafaqat yoshlarga, kattalarga ham ibrat bo‘lgulik fazilat emasmi?!

 BIRNI KO‘RIB FIKR QIL...

 Ko‘pincha kitobsevarlar kamayib borayotganiga kundan-kun yangilanayotgan axborot texnologiyalari, internet sabab qilib ko‘rsatiladi. Unda dunyoning rivojlangan mamlakatlari kitob do‘konlarida nega oxiri ko‘rinmaydigan navbatlar kuzatilmoqda? Mutaxassislarning ma’lumotiga qaraganda, aslida, kitobxonlik darajasi butun dunyoda pasayib borayotgani haqidagi fikrlar ham bor. Ammo bunga qarshi choralar ko‘rilgan va yaxshi samara bermoqda.

Masalan, Frantsiyada kitobxonlik, mutolaa bayrami juda keng miqyosda o‘tkaziladi. 1989 yildan boshlab nishonlanib kelinayotgan bunday ulkan bayram ancha paytgacha muhim sanalar qatorida kalendarga kiritilib, mamlakat madaniy hayotida katta voqeaga aylangan. Har yili oktyabrning ikkinchi yarmida o‘tkaziladi. Uch kun davom etadigan ushbu tadbir doirasida yozuvchi, shoirlar bilan uchrashuvlar, yangi asarlar taqdimoti, kitob yarmarkalari, marafonlaridan tashqari, yaxshi an’ana bor — hamma bir-biriga kitob sovg‘a qiladi. Qisqasi, ana shu uch kun aholi badiiy olam bilan yashaydi.

Buyuk Britaniyada esa 2008 yilda “Milliy kitobxonlik yili” deb e’lon qilindi. “Oilada birgalikda o‘qish” shiori ostida ko‘plab tadbirlar o‘tkazildi. “Kutubxonaga a’zo bo‘lish kampaniyasi”da ota-onalar farzandlari bilan birga mahalliy kutubxonalarga jalb qilingan bo‘lsa, “Uyqu oldidan o‘qish” tadbiri oila a’zolarining barchasini kitobxonlikka undaydi. Mamlakatdagi kitobxonlik bo‘yicha agentlik o‘smirlar dunyoqarashini kengaytirish, kitob tanlash hamda o‘qishga qiziqtirish uchun maxsus veb-sayt yaratgan va unda sara asarlar berib boriladi.

Finlyandiyadagi kutubxonalar tizimi kishini yanada hayratga soladi. Xizmat ko‘rsatish va qulaylik darajasi g‘oyat yuqori. Bu — davlat va jamoatchilikning kutubxonalarga alohida e’tiboridan dalolat. Mamlakatning 80 foiz aholisi mazkur xizmatdan unumli foydalanadi. Har bir kutubxona o‘ziga xos dizaynga ega va maxsus logotipi bilan mashhur. Muhimi, barcha kutubxonalar xizmatidan, internetdan bepul foydalanish mumkin.

Qisqasi, bunday misollar ko‘p. Endi dunyo kitobxonlik darajasi bo‘yicha o‘tkazilgan reytinglarga e’tibor beraylik. “NOP World” tashkiloti mutaxassislari o‘tgan yili o‘tkazgan tadqiqot-so‘rov yordamida kishilar bir haftada o‘rtacha qancha vaqtini o‘qishga sarflashi aniqlangan. Kuchli to‘qqiztalik orasida Hindiston kitobsevarlari birinchi o‘rinni egallagan. Ular hafta davomida o‘n soat vaqtini o‘qishga sarflar ekan. Reytingda Tailand aholisi ikkinchi (to‘qqiz soat), xitoyliklar uchinchi (sakkiz soat) o‘rinda turibdi. Keyingi o‘rinlar Filippin, Misr, Chexiya, Rossiya, Shvetsiya, Vengriyaga nasib etgan.    

 O‘ZIMIZDA-CHI, AHVOL QANDAY?

 Bizda bundan ham ko‘proq vaqtini o‘qishga sarflaydiganlar bor. Bu haqda yuqorida biroz to‘xtaldik. Kitobsevarlikka poydevor, aslida, oilada qo‘yiladi. Keling, keyingi bosqich — quyi pog‘ona o‘quv dargohlaridagi ahvol bilan ham tanishib ko‘raylik. 

— Maktabimiz 2007 yilda tashkil topgan. O‘sha paytda kutubxonamizda birorta ham badiiy kitob yo‘q edi, — deydi Uchquduq tumanidagi 20-umumta’lim maktab direktorining o‘rinbosari Marhabo Safarova. — Har yili mart oyida “Maktab — kutubxona — oila — jamoat tashkiloti” xayriya marafonini o‘tkaza boshladik. Homiy tashkilotlar, ota-onalar kutubxona fondimizni boyitishga anchagina hissa qo‘shdi. Ayni vaqtda badiiy kitoblarning o‘zi uch ming nusxadan oshdi. Joriy yildagi marafonda o‘n million so‘mdan ziyod mablag‘ tushdi. Tadbir doirasida “Bir bolaga — uch kitob”, “Farzandimga kitob olib beraman” aktsiyalari o‘tkaziladi va faol o‘quvchilarga kitob taqdim etiladi. 

Maktabimizda yana bir an’ana yo‘lga qo‘yilgan. Payshanba, juma kunlari dars boshlanishidan yarim soat avval “Kitobxonlik soati” deb e’lon qilingan. Bu juda qiziqarli. Har bir o‘quvchining qanday kitob o‘qiyotgani aniqlanadi va uning mazmunini so‘zlab berishadi. Keyingi gal o‘qituvchi biror yangi asar haqida ma’lumot bersa, boshqa safar biror asar o‘qilib, muhokama qilinadi. Bundan tashqari, har oy “Eng kitobxon o‘quvchi” aniqlanib, unga maxsus vempel topshiriladi. Saf yig‘ilishida mingdan ziyod o‘quvchi, yuzdan ortiq o‘qituvchi oldida ushbu vempelni qo‘lga kiritgan o‘quvchiga tengdoshlari havas qiladi va unga o‘xshashga intiladi. Maqsadimiz ham shu, aslida. Boshlang‘ich sinflarda esa “Kitobxon o‘quvchi va o‘qituvchi” tanlovi o‘tkaziladi. Unda to‘rt o‘quvchi sinf rahbari bilan birga qatnashadi. Bahs g‘oyat qizg‘in bo‘ladi. Bunday urinishlarimiz o‘z samarasini beryapti, albatta. 

O‘tgan yili “Bobom-buvim, otam-onam — men kitobxon” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida 8-sinf o‘quvchisi Marjona Mardonova oilasi bilan qatnashib, uchinchi o‘rinni egalladi. 2018 yil so‘nggida Uchquduq tuman xalq ta’limi tomonidan ilk bor tashkil etilgan “Eng yaxshi kitobxon rahbar” ko‘rik-tanlovida esa direktorimiz Nasiba Ro‘zieva birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, barchamizga o‘rnak bo‘ldi. Tuman miqyosida o‘tkazilgan yana bir “Eng kitobxon ota-ona” tanlovida tarix fani o‘qituvchisi Nodira Mahmudova “Eng bilimdon kitobxon” nominatsiyasiga munosib ko‘rildi. Bularning barchasi yaxshi, kitobxon o‘qituvchi va o‘quvchilarimiz ko‘p. Ammo bir xoldan ko‘ngil to‘lmaydi. Biz sevib o‘qiyotgan asarlar asosan o‘n to‘qqizinchi, yigirmanchi asr adabiyoti vakillari qalamiga mansub. Bugungi zamondosh yozuvchilarimiz-chi?.. Ularning sara asarlari nega keng targ‘ib qilinmayotir?..

 “HAR NEKI KO‘NGULDA BOR – TILGA SURMA” 

 2017 yil 3 avgust kuni davlatimiz rahbari yurtimiz ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvda so‘zlagan nutqida O‘zbekistonda adabiyot va san’at, madaniyat, ommaviy axborot vositalari, ma’naviyat va ma’rifat biznesga aylanmasligi kerak va bunga yo‘l qo‘ymaymiz, deb barchani hushyorlikka chaqirgan edi. Bu da’vat bejiz emasligini hammamiz yaxshi anglaymiz. Sara asarlarga ehtiyoj borligi haqida gap ketar ekan, ularning o‘rnini egallashga urinayotgan “bozor adabiyoti”ni ham eslashga to‘g‘ri keladi. Ko‘p ta’kidlanayotganidek, bugun kitob chiqarish masalasida ham muammolar yo‘q emas. Hozir xatto maktab o‘quvchisi uchun ham bu ish cho‘t emas. Allaqachon uch-to‘rtta “kitobi”ni chop ettirib, o‘zini yozuvchi yo shoir sanaydigan yoshlar ko‘payib qoldi. Ularning tengdoshlarida esa, demak, kitob chiqarish, u qadar murakkab ish emas ekan, degan jo‘n xulosa shakllanib ulgurmoqda. “So‘zni ko‘ngulda pishqarmaguncha tilga keltirma, Va harneki ko‘ngulda bor — tilga surma”, deydi hazrat Navoiy. Buyuk mutafakkirning birgina so‘zga bo‘lgan talabiga e’tibor bering, uni so‘zlovchi uchun qanchalik zakovat, farosat zarurligini uqtirmoqda. Ming afsus, butun boshli kitoblarni chop ettirib, ana shu mas’uliyatni zimmasiga olmayotgan “yozuvchilar” bor. 

Aslida, bu gaplardan nima naf? Ushbu badiiy-nobadiiy jarayonga xolis nazar solish vaqti yetmadimi? Kuniga uch mahal ovqatlanish — jismoniy ehtiyoj, uni qondirmasak, sillamiz quriydi. Lekin boshqa jonzotlardan farqli o‘laroq insonda ma’naviy ehtiyoj ham bor, bu — kitobxonlikdir.

  Xolida FAYZIYEVA,

jurnalist.

Sholaziz Shoxidoyev fotosi

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

April 2019
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30

.