«Ishchanlik obro‘si» nima degani? yoki qonunlarimiz matnidagi ayrim g‘alizliklar xususida

O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi qonunining 8-moddasida «O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinadi va e’lon etiladi. Bu hujjatlarning tarjimalari boshqa tillarda ham e’lon qilinadi», — deyilgan. 

 

 Ammo ancha yillar oldin qabul qilingan ba’zi qonunlarimiz bilan tanishganimizda go‘yo buning teskarisidek, ya’ni qonun loyihalari dastlab, rus tilida tayyorlanib, keyin o‘zbek tiliga tarjima qilingandek, tasavvur uyg‘otadi. Bu ajablanarli hol, shunday emasmi? 

Aytish joizki, o‘zbek tilining imkoniyatlari juda keng. Ammo, qonun tilining, boshqacha aytganda, rasmiy tilning o‘ziga xos talablari bor. Shuning uchun huquqiy atamalarni puxta ishlab chiqish zarur. Ochiq tan olish kerak, rasmiy nutqimiz badiiy yoki publitsistik sohalardagi kabi sayqal topmagan. Ya’ni, ularga yetarlicha ishlov berilmagan. Bu borada qilinishi kerak bo‘lgan ishlar g‘oyat ko‘p.  

Fikrimiz isbotini davlatimizning bir qonuni misolida ko‘rib chiqsak. O‘zbekiston Respublikasining 2007 yil 15 yanvar kuni qabul qilingan «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi («O sredstvax massovoy informatsii») qonunining o‘zbekcha matnida bir qator g‘alizliklar, mavhumliklar mavjud. Ushbu qonunning birinchi moddasida, aniqrog‘i dastlabki xatboshisida shunday so‘zlar bor: «Ushbu Qonunning maqsadi ommaviy axborot vositalarining faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat»1 . 

Ushbu jumlani, xususan, «faoliyati sohasidagi» birikmasini tushunish qiyinroq. Nazarimda, ushbu so‘zlarning bittasi ortiqchadek tuyuladi. Aytmoqchimanki, «Qonunning maqsadi ommaviy axborot vositalarining faoliyatidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat» tarzida yozish to‘g‘riroq bo‘ladi, deb o‘yladim. Yoki bu yerda boshqa biror jihat bormikan? Shu savolga javob izlab, qonunning ruscha matniga qaradim va anglagandek bo‘ldim. Ruscha matnda aytilishicha, «Selyu nastoyaщego Zakona yavlyaetsya regulirovanie otnosheniy v oblasti deyatelnosti sredstv massovoy informatsii».

Aslida, fikrni mutlaqo o‘zbekchalashtirib: «Ushbu Qonunning maqsadi ommaviy axborot vositalari faoliyatiga oid munosabatlarni tartibga solishdan iborat», deyilsa, to‘g‘riroq bo‘larmidi... 

2-modda «Ushbu Qonunning qo‘llanilish sohasi» deb nomlangan. Qo‘llanilishda soha bo‘lmaydi-ku, deyishga shoshilmaylik. Ruscha matniga qarasangiz, iddaoga tushungandek bo‘lasiz. Shu bois, «Sfera primeneniya nastoyaщego Zakona»ni boshqacharoq shaklda, masalan, «Ushbu Qonunning qo‘llanish doirasi» tarzida kiritish to‘g‘ri bo‘lardi. Ammo «sfera»ning «soha» degan ma’nosi ham borligini unutmaslik kerak. Mazkur modda shunday so‘zlardan tashkil topgan: «Ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasida tashkil etiladigan va faoliyat ko‘rsatadigan ommaviy axborot vositalariga, shuningdek chet davlatlar ommaviy axborot vositalariga ular mahsulotining O‘zbekiston Respublikasi hududida tarqatilishiga taalluqli qismiga nisbatan tatbiq etiladi».

Haqiqatan ham, birdaniga ilg‘ab olish qiyin jumla. Rus tilidagi matni ham chakki emas. Unda aytilishicha: «Nastoyaщiy Zakon rasprostranyaetsya na sozdavaemыe i deystvuyuщie v Respublike Uzbekistan sredstva massovoy informatsii, a takje na sredstva massovoy informatsii inostrannыx gosudarstv v chasti, kasayuщeysya rasprostraneniya ix produktsii na territorii Respubliki Uzbekistan».  

Agarda tarjimon «v chasti»ni e’tibordan chetda qoldirmaganida, jumla mana bunday bo‘lardi: «Ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasida tashkil etiladigan va faoliyat ko‘rsatadigan ommaviy axborot vositalariga, shuningdek, chet davlatlar ommaviy axborot vositalariga, xususan, ular mahsulotining O‘zbekiston Respublikasi hududida tarqatilishiga taalluqli qismiga nisbatan tatbiq etiladi».

Yoki fikrni quyidagicha ifodalash ham mumkin edi: «Ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasida tashkil etiladigan va faoliyat ko‘rsatadigan ommaviy axborot vositalariga, shuningdek, chet davlatlar ommaviy axborot vositalari mahsulotining O‘zbekiston Respublikasi hududida tarqatilishiga taalluqli qismiga nisbatan tatbiq etiladi». 

6-moddada shaxsan o‘zim uchun umuman tushunarsiz jumlaga duch keldim. Unga ko‘ra, «Ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini yoki ishchanlik obro‘sini tahqirlash, shaxsiy hayotiga aralashish taqiqlanadi». Bu g‘alizlikni ruscha matnga qarab ham bartaraf etolmadim. Ya’ni, ruscha matn quyidagicha: «Zapreщaetsya cherez sredstva massovoy informatsii porochit chest i dostoinstvo ili delovuyu reputatsiyu grajdan, vmeshivatsya v ix chastnuyu jizn». 

O‘ylab ko‘ring, «delovaya reputatsiya»ning «ishchanlik obro‘si» degan ma’noda qo‘llanilishi to‘g‘rimi? 

18-moddaning tarjimasida esa qonun mazmuni ham buzilib ketgan. Ya’ni, o‘zbekcha matnda «Har bir davriy nashrning chiqarilishida quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi shart» deyilsa, ruscha matnda «Kajdыy vыpusk periodicheskogo izdaniya obyazatelno doljen soderjat sleduyuщie svedeniya» degan so‘zlar keltirilgan. Odatda «Har bir davriy nashr» deyilganda turli nomdagi gazeta-jurnallarni tushunamiz. «Kajdыy vыpusk periodicheskogo izdaniya» deyilganda esa muayyan «davriy nashrning har bir soni (yoki chiqishi)» anglashiladi. «Vыpusk» so‘zining o‘zbek tilida ekvivalenti “topilmagani” sabab bo‘lsa kerak, ushbu moddada yana bir noaniqlik paydo bo‘lgan. Ya’ni, «familiya, imya, otchestvo sotrudnika redaktsii, otvetstvennogo za kajdыy vыpusk periodicheskogo izdaniya» jumlasi «har bir davriy nashr chiqarilishi uchun mas’ul bo‘lgan tahririyat xodimining familiyasi, ismi, otasining ismi» tarzida keltirilgan. Aslida esa «davriy nashrning har bir soni (yoki chiqishi)da nashr chop qilinishiga mas’ul bo‘lgan tahririyat xodimining familiyasi, ismi, otasining ismi» bo‘lishi kerak tarzida bo‘lsa yaxshiroq bo‘lar edi. 

Bundan tashqari, qonunning o‘zbekcha matnida «subsidiya», «prekursor», «affillangan shaxs» kabi hatto «O‘zbek tiliniing izohli lug‘ati»da ham uchramaydigan so‘zlar mavjud. Ular qonun matnini tushunishda qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘diradi. 

Bizningcha, «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining o‘zbekcha matni qayta ko‘rib chiqilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Umuman, qonunchilik tili va rasmiy nutqimizdagi atamalarni mukammal ko‘rinishga keltirish bugungi kunning talabidir.

Darvoqe, Kun.uz saytida o‘tgan yili ayni mavzuga oid e’lon qilingan quyidagi chiqishga ham e’tibor qiling: 2018 yil 21 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasi xalq muhokamasi uchun joylashtirildi.

Loyiha portalga joylashtirilishi bilanoq internet foydalanuvchilari uni muhokama qilishni boshlab yuborishdi. Ammo loyihaning mazmunini muhokama qilish bilan birga, uning o‘zbek tilida e’lon qilinmagani borasida ham e’tirozlar bildirilgan edi. 

«Boshqa chet tillarini ham hurmat qilgan holda shuni aytmoqchimanki, shunday muhim qonunning loyihasi ham davlat tilida muhokamaga qo‘yilmagani dilni xira qildi», deb yozgan Shukur Sulaymonov.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va tasdiqlashda o‘zbek tilining o‘rni (aniqrog‘i o‘rni yo‘qligi) haqida keng jamoatchilikda ko‘p e’tiroz va shikoyatlarga duch kelamiz, deb yozadi huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiev. 

Eng muhim qonunlardan to idoralarning qaror va buyruqlarigacha odatda rus tilida ishlab chiqilishi, rus tilida muhokamaga qo‘yilishi va hattoki faqat rus tilida qabul qilinishi (qonunlar bundan mustasno) o‘z-o‘zidan ko‘pchilikka yoqmasligi tabiiy.

Bildirilishicha, shunday muhokamalar paytida (2018 yil. Tahririyat) 22 noyabr kuni Adliya vazirligi barcha vazirlik, idora va tashkilotlarga (jami 120 dona) xat chiqarib, yurtimizda «Davlat tili haqida»gi qonun borligini yana bir bor eslatib, bundan keyin muhokamaga qo‘yilayotgan loyihalarni albatta davlat tilida (ya’ni o‘zbek tilida), zaruriyat tug‘ilganda esa boshqa tillarda portalga joylashtirishni so‘ragan.

«... O‘tkazilgan tahlillar aksariyat holatlarda normativ-huquqiy loyihalarni ishlab chiquvchi vazirlik, idora va tashkilotlar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga muhokama uchun faqat rus tilida joylashtirilayotganligini ko‘rsatmoqda.

Mazkur holat keng jamoatchilik va tadbirkorlik sub’ektlarining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda hamda muhokama jarayonida ularning ishtiroki cheklanishiga olib kelmoqda», — deyiladi xatda.

E’tibor beradigan bo‘lsak, 20-21 noyabr kuni normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida 17 ta qonun va qaror loyihalari muhokama uchun joylashtirilgan bo‘lib, ulardan 9 tasi rus tilida, 8 tasi o‘zbek tilida taqdim qilingan.

Demak, shundan ham ko‘rinadiki, davlat tiliga e’tibor avvalo, qonunlarni ishlab chiqish, tayyorlash va ularni keng jamoatchilik hukmiga havola etishdan boshlanishi kerak.

 

 Elbek ERKIN o‘g‘li,

Alisher Navoiy nomidagi 

Toshkent davlat o‘zbek 

tili va adabiyoti 

universiteti magistranti.

 

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

July 2019
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.