Usmon AZIM, O‘zbekiston xalq shoiri: Meni mutolaa ulg‘aytirgan

“Bolalar baxtli yoxud baxtsiz ekanini bilmaydi. Chunki ularda hayotiy tajriba yo‘q”, deb yozadi Anna Axmatova. 

Bu satrlarni yozgan shoira ham, albatta, o‘z tajribasidan kelib chiqqan. Chunki uning bolaligi nihoyatda “silliq” — fojealar ko‘lkasidan yiroqda o‘tgan.

Men esa baxtsizlikni esimni bilgandan buyon taniyman. Chunki, atrofimdagi hayot (endi anglasam) nihoyatda beshafqat edi. 

Axmatova hayotning beshafqatligini keyin — ulg‘ayganida — boshiga ming savdolar tushganida angladi.

 

Kecha Alisher Navoiy hazratlarining bir satriga ko‘zim tushib, hayajonlanib ketdim. Hazrat “Mahbub ul-qulub”da “turk bolalari”ning “oqsuyak” o‘ynagani haqida yozib o‘tganlar. 

Shunga shunchami dersiz?

Gap shundaki, men ham bolaligimda oqsuyak o‘ynaganman. Kechalari o‘ynaladigan bu o‘yin menga juda sehrli va zavqli tuyulgan. Keyinchalik ham bu o‘yinni negadir ko‘p eslaganman...

Endi tasavvur qiling, Hirotda Alisher degan “atrok” bolasi o‘ynagan o‘yinni besh yuz yildan so‘ng Boysunning bir chetida Usmon degan bolakay ham o‘ynagan.

Naqadar yaqinlik, naqadar bir ildizmiz... 

Bir xalqning farzandlarimiz-da!

Ammo hozir bu o‘yinlar unut bo‘lgan.

Bolalar “oqsuyak”ning nimaligini ham bilmaydi.

Vaqt tezlashdi... 

Nima ham derdik! 

Ammo Navoiy hazratlaridan keyin ham besh yuz yil umr saqlagan o‘yin, birgina mening umrim davomida izsiz ketishi juda achinarli.

Ketayotgan nimagaki achinsang, o‘sha yo‘qotishdir. 

 

Esimni taniganimdan buyon kitob menga juda sehrli ta’sir o‘tkazishini his qilaman. Kitobdagi saf-saf tizilgan harflarni kattalar mukka tushib mutolaa etishi; uyimizdagi udum bo‘yicha, kechqurun chiroq atrofiga to‘planib kitobxonlik qilish; xalq dostonlarini jamoat jamligida qiroat bilan o‘qish — meni mudom hayratga solgan. Qog‘ozdagi allaqanday qator-qator belgilar so‘zga, yoxud qiroatga ko‘chib jaranglashi, odamlarga, voqealarga aylanishi menga juda g‘ayritabiiy tuyulgan. Kitobni sharillatib o‘qiydigan odamlarga sehrgarga qaraganday havas bilan qaraganman. Ichimdan zimillab ko‘tarilgan chidab bo‘lmas bir betoqatlik meni kitob o‘qishga, ularda hikoya qilinadigan — ko‘rmaganim dunyolarni ko‘rishga, anglashga tinmay chorlagan. Hali harflarni bilmasam-da, hech kim yo‘g‘ida, kitoblarni olib varaqlarkanman, menga sirini ochgisi kelmayotgan notanish harflarga soatlab tikilganman. 

U paytlarda hayot juda og‘ir edi. Urushdan ochu yalang‘och chiqqan odamlar kun ko‘rish uchun o‘zini ming tarafga urgan kezlar. Ertalab hamma o‘qishga, ishga ketadi. Bo‘sh vaqt topildimi, kun o‘tkazish uchun hamma o‘lib-tirilib mehnat qiladi.

Menga harf o‘rgatishga esa hech kimning vaqti bo‘lmagan. 

Shu sababdanmi, meni maktabga ertaroq yuborishga harakat qilishgan. Birinchi bor maktabga besh yoshimda borganman. Nazarimda, bu borishim “qani, bir borib ko‘rsin-chi” qabilida kechgan bo‘lsa kerak. Chunki, eslashimcha, maktabga borganim kun, erta tiyramoh bo‘lsa ham, birinchi sentyabr emas, oddiy o‘quv kuni edi. Juda go‘dak ko‘ringan bo‘lsam kerak, Asqarov domla uchinchi sinfda o‘qiydigan Saida opamni chaqirib, “yanagi yil olib kelinglar” deb jo‘natib yuborgan.

Olti yoshdan esa o‘qib ketdim.

Har qanday holatda kitob o‘qirdim: darslar oralig‘idagi tanaffus paytlarida, ovqat yeyayotganda, mehmonga borganda, to‘y bo‘layotganda (tomning ustiga chiqib o‘qiyverasan — sen bilan birovning ishi yo‘q!)... Hatto yurib ketayotganda ham, urilib-surinib o‘qiyverdim. 

Mol boqishga chiqqanda ham, albatta, kitob ko‘tarib olardim. 

Mol boqib, kitob o‘qish eng qiyin ish edi. 

Ekinzorlar orasidagi parcha-purcha bo‘sh joylarda qo‘y-echkilarni boqardim. Yem bo‘laverib, bu joylardagi ko‘katlardan hech vaqo qolmagan. Jonivorlar ko‘m-ko‘k bo‘lib, yashnab yotgan ekinga intiladi. Ularni qaytarib, kitobga ko‘z tikaman. Birpasdan so‘ng kitobdan bosh ko‘tarib qarasang, ular paykalning o‘rtasida ekinni ishtaha bilan yeyayotgan bo‘ladi. Yugurgilab borib qaytarasan, yana o‘qishga tutinasan. Bir qarasang yana… Bu hol to‘xtovsiz takrorlanadi. 

O‘sha paytdayoq yaxshi kitob bilan uchrashuv men uchun bayram bo‘lgan. 

Uchinchi sinfda o‘qib yurganimda, bir qarindoshimiznikiga mehmonga bordik. Ko‘k rangli muqovasiga g‘alati kiyimli, yelkasiga miltiq osib olgan odamning surati ishlangan: “Robinzon Kruzo”. Tokchada ko‘rib qoldim. Darhol oldim-da, bir burchakka o‘tirib o‘qishga tutindim. Ketadigan vaqt yetganda, kitobdan qanday ajralishni bilmay, qo‘limda ushlab turaverdim. Berishmadi. Kutubxonaniki ekan, buning ustiga xonadon sohibasi o‘qiyotgan ekan... 

Boshlab o‘ttiz-qirq bet o‘qiganim kitob yursam ham, tursam ham xayolimdan ketmaydigan bo‘lib qoldi. Oxiri kitobni izlab, qarindoshlarimiznikiga bordim.

— E… — afsuslandi ular, — kutubxonaga topshirib yuboribmiz-ku!

U paytlar rasmana kutubxonani ko‘rmagan edim.

Maktabimizda kutubxona yo‘q, ular aytayotgan kutubxona esa tuman markazida — men uchun qo‘l yetmas bir manzilda edi. Kutubxonaga kirib, kitob olishimni tasavvur ham qilolmas edim. Axir, ko‘chadan kirgan odamning qo‘liga kitob tutqazib jo‘natavermasalar kerak.

Beshinchi sinfda o‘qib yurganimda, maktabimizda ham kutubxona tashkil etiladigan bo‘lib, bir yuk mashinada anchagina kitob olib kelindi. 

Mana, zimmasiga kutubxonachi vazifasi ham yuklangan Tilakov muallim kutubxona uchun ajratilgan xonada kitoblarni eski shkaflarga, stollar ustiga sarishtalayapti. Men ochiq derazadan kitoblardan ko‘zimni uzolmay tomosha qilyapman. Birdan ko‘zim “Robinzon Kruzo”ga tushadi. O‘sha — ko‘k muqovasida miltiqli odamning rasmi solingan kitobning o‘zi!

Men juda betoqatlanaman.

Buni Tilakov sezadi. 

— Qaysi kitobga tikilayapsan?

“Robinzon Kruzo”ga imo qilaman.

U kitobni qo‘liga olib, menga qaraydi:

— O‘qiysanmi?

— Ha, — deyman kutilmagan baxtdan shoshib. Vujudim bir onda faraxbaxsh quvonchga to‘lganini tuyaman: — Ha, o‘qiyman!

Domla kitobni varaqlaydi.

— O‘rischa ekan... O‘rischa bilasanmi?

Men o‘rischa bilmayman. 

Birdan baxtim qora bo‘ladi. 

Bir onda yuragimni to‘ldirgan baxt shu zahotiyoq qovjirayotganini his qilaman. Ammo nimadandir umidvorman.

Domla buni anglaydi. U kitobni “adashmadimmikan?” deganday, yana bir bor varaqlaydi. 

— Mana, o‘zing qara... O‘rischa.

Men ham varaqlayman. Ko‘z yugurtiraman. Notanish so‘zlar... 

Hafsalam pir bo‘lib, kitobni qaytaraman.

— Faqat o‘rischa kitoblarni yuborishibdi, — deydi boshqa bir-ikki kitobni varaqlab domla. — Bitta ham o‘zbekcha kitob yo‘g‘-a...

U bu nodonlarcha ishni o‘zi qilganday jim qoladi. Endi o‘ylayman: bizni kimdir masxara qilgan. Bo‘lmasa, bu tashvishga ne hojat edi? Yoki tasodifan mansab tekkan biror amaldor tepadan kelgan buyruqni shu tariqa — “Bajardimmi? Bajardim!” qabilida amalga oshirganmikan? Kutubxona bormi, bor! Tamom-vassalom! 

Hozirgacha o‘z xalqiga beparvo mansabdorlarni ko‘rsam, o‘sha holat esimga tushadi.

Tilakov domla yaxshi odam edi. Bizga dars bermagan bo‘lsa ham, meni yaxshi tanir: Normurod tog‘am bilan juda yaqin — tez-tez hovlimizga borib turar, aytishlaricha, urushda izsiz yo‘qolib ketgan Norboy tog‘am bilan maktabda birga o‘qigan ekan.

Mening — nogahon begona yurtda cho‘ntagi kesib ketilgan kimsaday — nochor turib qolganimni ko‘rib, Tilakov domlaning rahmi keladi:

— Rayondagi bolalar kutubxonasida shu kitob bor, — deydi u kishi. — Sen o‘sha kutubxonaga a’zo bo‘lishing kerak.

U kishi yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadilar.

Bor yo‘g‘i, maktabdan “falon joydagi falon sinfda o‘qiydi” degan ma’lumotnoma kerak ekan.

Shu kitobni o‘qimasam, osmon yerga o‘yilib tushadiganday edi. 

Hayotimda birinchi marta katta ishga qo‘l urdim. 

Menga yetib bo‘lmas osmonday tuyulgan direktor kabinetining eshigini qoqdim.

Direktor birpasda ma’lumotnoma yozdirdi. Imzo qo‘ydi. Muhr bosdi.

Darsdan keyin to‘g‘ri, kutubxonaga qarab jo‘nadim.

Mana, qo‘limda “Robinzon Kruzo”!

O‘qishga tutindim: Odatdagiday, tanaffus paytida, ovqat yeyayotganda, podaga chiqqanda... Hatto yurib ketayotganda ham... urilib-surinib, o‘qiyverdim. 

Ikki kundan keyin kitobni qaytarib olib bordim.

Yana kitob oldim...

Kitobni tez o‘qib, tez qaytarishimdan kutubxonachi Norbibi xola nimanidir angladi. 

Endi birvarakayiga uchta-to‘rtta kitob beradigan bo‘ldi. 

Baxtim chopdi. 

Botir tog‘am o‘qishni bitirib, kimsan — adabiyot muallimi bo‘lib, uyga qaytdi. Qaytganda ham, to‘rt shakar xalta to‘la kitob bilan qaytdi.

Kitoblar bo‘sh xonaning bir burchagiga vaqtincha qo‘yildi. Men shu zahotiyoq kitoblarni bir boshdan o‘qishga tutindim.

Bu mitti kutubxonada o‘sha paytlarda nashr qilingan deyarli hamma kitoblar: mumtoz va zamonaviy shoir, yozuvchilarning, munaqqidlarning; o‘sha paytda “qardosh xalqlar” deb ataydiganimiz adabiyot vakillarining; xorijlik mualliflarning asarlari bor edi.

Sanoqsiz uy yumushlaridan bo‘shaganimda, o‘zimni shu xonaga uraman. Sholcha ham to‘shalmagan quruq yerda o‘tirib, o‘qishga kirishaman. 

Dunyo unutiladi.

Bir vaqt uydagilardan kimdir derazadanmi, eshikdan xonaga bosh suqadi:

— E, shu yerda ekan! — deydi u hovlidagilarga.

Men o‘zimga kelaman. Nimadir deyman. Ko‘p gapirolmayman. Chunki kitob o‘qiganim sari o‘zimning og‘irlashib borayotganimni, yuragimda allaqanday zil o‘ylar paydo bo‘layotganini, atrofimdagi odamlar, kechayotgan voqealar boshqacha tuyulayotganini his qilaman.

Derazada onam paydo bo‘ladi. U kishi menga sinchiklab qaraydi. 

— Biror joying og‘rimayaptimi? — deydi onam allaqanday bir tumanli xavotirda.

Boshimni sarak-sarak qilaman:

— Yo‘q.

— Choy-poy ich, deb chaqirsak, ovozing chiqmaydi. Xavotir oldik. Yur, choy ichib ol...

Men o‘qiyotgan kitobimni olib, onamga ergashaman.

Ayvonda dasturxon yozilgan. 

Dasturxonda choyu non. Qatiq. U paytlarda boshqacha dasturxon bo‘lishi mumkin emas. Pishiqchilikda yana meva-cheva qo‘yiladi. Qishda mayizu turshak... Haftada bir marta — bozor kun issiq ovqat qilinadi. Hammaning uyida shunaqa. 

Dasturxon boshida ham kitobni ochib qo‘yaman. Ikki ko‘zim unda. Onam menga allaqanday rahmi kelib, qarab-qarab qo‘yadi.

— Nondan ol. Kitobni keyin o‘qirsan...

Kuch bilan kitobdan ko‘z olaman.

Ammo xayolim kitobda. Xayolimda kitobdan o‘sib chiqqan allaqanday fikrlar...

— Ey, ey... — Bu Saida opamning ovozi. — Mana bu qotib qoldi!.. Ey...

O‘zimga kelaman. Onam bilan opam jaranglab kuladilar.

— Nimani o‘ylab qolding? — deydi opam. 

Nimani o‘ylaganimni tushuntirib berolmayman. Bu holning — o‘ziga “cho‘kib ketish”ning nimaligini hali anglamayman. Bu holni — bir lahzada o‘tirgan joyingdan, tevaragingdagi hamma narsadan ajratib, allaqaylarga oqizib ketadigan — “ilhom” deb ataladigan benazir tuyg‘u ekanini ham hali tuyganim yo‘q...

Choy icharkanman, yana kitob o‘qishga tutinaman. Dasturxon boshiga kimdir kelib, kimdir ketaveradi, qo‘shnilar chiqadi. Ammo men ularni g‘ira-shira ko‘raman. Ularning gaplari ham qulog‘imga kirmaydi...

— Ishlaring qolib ketdi, bolam!

Ishim ko‘p. Bir bola qiladigan ishdan ko‘ra juda ko‘p.

Noroziligimni yashirib, qo‘zg‘alaman.

U yillarda hovlimizda ko‘pchilik yashardik. Ammo qiziq bir vaziyat yuzaga kelgan — mol-holga qaraydigan, mayda-chuyda ishlarni bajaradigan mendan boshqa dastyor yo‘q edi. Mendan yoshi katta tog‘amlar va akam shaharga o‘qishga ketgan, mendan kichiklarning esa u-bu ish hali qo‘lidan kelmasdi. 

Hayot ham og‘ir — odamning umri bu qiyinchiliklar bilan tinimsiz kurashdan iborat; hamma — katta-kichik to‘xtovsiz mehnat qilar: kuchim yetib-etmaydigan juda ko‘p yumush mening ham zimmamda edi.

Biror yumush vaqtida bajarilmasa, ro‘zg‘orning ingichkasi cho‘zilib, arang ulangan ipi uzilib ketguday bo‘lar — haftada bir qaynaydigan “qora qozon”ning ham qaynamay qolishi xavfi tug‘ilar edi. 

Shu sabab, kitob o‘qishim ba’zan shovqin-suronli janjal darajasiga borib yetadigan holatlar bilan bo‘linib turadi.

— Usmon qani?! — deb qichqirib qoladi kimdir.

Demak, qaysidir bir yumushni unutganman. Yo o‘t o‘rish esimdan chiqqan, yo tezak terishga borish xayolimdan ko‘tarilgan, yo biror topshiriq...

— Buni kitobdan boshqa ishi yo‘qmi?! — g‘azabga minadi ovoz.

Negadir xo‘rlanib tashqari chiqaman. Tezroq ulg‘ayishni istayman. O‘shanda ixtiyorim o‘zimda bo‘ladi: xohlasam kitob o‘qiyman, xohlasam... xohlasam, yana nima qilaman? Yo‘q, yozuvchi, yoki shoir bo‘lishni orzu qilishga jur’at etolmayman. Adiblar, hatto gazetalardagi mittigina xabarning muallifi menga bu dunyoning odamlariga o‘xshamaydigan — allaqanday sehrli, olisdagi zot tuyuladi. 

Davomi bor.

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

May 2019
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 31

.