Meni mutolaa ulg‘aytirgan Usmon AZIM, O‘zbekiston xalq shoiri: (2-qism)

(Boshlanishi o‘tgan sonda.)

 

Ammo nima ish qilmayin, baribir xayolimda kitob...

Bu orada, kutilmaganda, mening kitob o‘qishimga yana bir to‘siq paydo bo‘ladi. Bu muammoni hovlimizga o‘zlarining uyidan ham ko‘proq kirib-chiqadigan hamsoya-qarindosh ayollar olib kelishadi.

— Usmon qani? — deb so‘rab qoladi ulardan biri.

— Kitob o‘qiyotgandir-da, — deydi onam bu mavzuda gapirishni negadir xushlamay.

— Voy, xudoy ko‘rsatmasin! Hozir ham o‘qiyaptimi? — deydi ikkinchisi. — Ertalab kelganimda, uyga kirib ketgan edi, hali ham chiqqani yo‘qmi?

— Yo‘q, — deydi onam gapni qisqa qilishga urinib.

— Ozroq o‘qisin-e, — deydi, o‘zi aytayotgan gapdan o‘zi vahimaga tushib yana bir hamsoya. — Jinni-pinni bo‘lib qolmasin!

— Hadeb kitobdan bosh ko‘tarmasa, miyasi ayniydi-da! — deydi gap boshlagan ayol.

Bu endi aniq tashxis. Ayollar gurungi chuvalib, birpasda meni unutishadi.

Biroq onam unutmaydi. 

— Bolam, ko‘p o‘qimagin... — deydi u kishi menga achinib.

Ammo men kitobdan bosh ko‘tarmayman.

— E, sal dam olib o‘qi-e, — deydi onam nihoyat achchig‘i chiqib.

Lekin menga hech gap kor qilmaydi. 

Faqat onam endi ayollarning vahima gaplariga muhokamaga o‘rin qoldirmaydigan tarzda javob beradigan bo‘ldilar:

— O‘qiyversin-chi? Xudoning aytgani bo‘lar... 

Qo‘limga tushgan kitobni o‘qiyman.

Qaysi bir kitob qaerda duch kelmasin, darhol o‘qishga tutinaman. Opam va akamning darslik kitoblarini; muallim tog‘amlar olib keladigan gazeta-jurnallarni...

Gazeta-jurnallar nima deb yozsa — ishonaman.

Bir payt kelib, kommunizm qurilishi e’lon qilib qolindi. Baxtiyorliklari ichlariga sig‘may, bor vujudlari kulgiga to‘lgan bolalarning suratlari. “Bu bolalar Kommunizmda yashaydi!” degan tagso‘zlar bilan gazetalarga chop etila boshladi. Ular juda chiroyli kiyingan, top-toza galstuklar, chiroyli portfellar... Bizda esa...

Men atrofga qarayman. 

Sinfdoshlarimning oyog‘ida eski-tuski poyabzallar, ustimizda yamoq solingan qachongi chopon, qo‘limizda dag‘al matodan onalarimiz tikib bergan “so‘mka”. Qizlar qishning sovug‘ida bir ko‘ylakda diydirab maktabga keladi. Kunlar isishi bilan oyoqyalang yurishga o‘tib olamiz...

Yuragim siqiladi. 

Kommunizm tezroq kelishini istayman. 

Men s’ezdlarda qanday masalalar qo‘yilgan, kimlar so‘zga chiqqan, kim maqtalgan, kim tanqid qilingan — hammasini bilaman. Respublikadagi hamma ministrlar, oblastlar va rayonlar rahbarlarini, kolxoz va sovxozlarning ko‘pchilik boshliqlarini nomma-nom sanay olaman. Respublikadagi mashhur odamlarning — mexanizatorlarning, chorvadorlarning, paxtakorlarning, quruvchilarning, cho‘lquvarlarning... — “kommunistik mehnat ilg‘orlari”ning ismi-familiyalari ham yodimda. 

Bichkov degan o‘ris muallim bor edi.

U meni savolga tutishni yaxshi ko‘rardi. U o‘rischalab gapirar, men uning nima deyayotganini fahmlab, javob berardim.

“Kanada kommunistik partiyasining raisi kim?” “Uilyam Kashtan”. “Indoneziya prezidenti kim?”. “Doktor Sukarno”... U har bir javobimdan quvonar, meni o‘zicha nimalardir deb maqtagan bo‘lar edi.

Bir yozning issig‘ida u tuman markazidan hovlimizga ancha yo‘lni bosib keldi. Domlaning Boysunda ishlash muddati tugab, Rossiyaga qaytib ketayotgan ekan. 

Men bilan xayrlashgani kelibdi.

Domla menga o‘qishim kerakligini qayta-qayta tayinladi.

— Bolshim chelovekom budesh, — dedi u. 

Bu juda ta’sirli edi. 

Onam ko‘ziga yosh oldi. 

Yig‘lamay bo‘ladimi? Chunki bechorachilik, nochorlik odamlarga bo‘riday yopishib olgan, uning changalidan qutulish qiyin edi. Ammo odamlar bu qismat bilan kurashishga o‘rgangan, uning ko‘zini shamg‘alat etib, tinmay taqdirlarini o‘nglash, “odam bo‘lishga” urinishardi. 

Mening olti tog‘am bo‘lgan. To‘ng‘ichi urushda vafot etgan. Katta ikki tog‘am institutni bitirib, muallimlik qiladi. Boshqa tog‘alarim, opam, akam, amakilaru bo‘lalar — juda katta oila — o‘qishga bel bog‘lab kirishgan: o‘qish — bu nochorlikdan chiqib ketiladigan yagona yo‘lday edi.

Shuning uchunmi, o‘ris domla kabi ko‘plar mening berilib o‘qishimni yoqlar, onamga “teginmang” deb tayinlar — “odam” bo‘lishim mumkinligini bashorat qilar — negadir qat’iy ishonch bildirishardi.

Bu ishonch esa yelkamga juda zalvorli bir yuk bo‘lib tushadi. Men odam bo‘lish qiyin ekanini his qilaman. Boysunni o‘rab turgan tog‘lardan naridagi eshitganim, o‘qiganim dunyolar bilan uchrashmoq juda mushkul kechishini anglayman.

Chunki bobom o‘qishga ketayotgan o‘g‘liga: “Toshkent — ota-onang emas. Ehtiyot bo‘l!” degani esimda.

O‘zga dunyolar bilan uchrashish uchun o‘qib-o‘rganmoqdan boshqa ham nimalardir kerak ekanini elas-elas anglayman. 

Ammo menga faqat kitob o‘qishning o‘zi qiziq edi. 

Men o‘qiganim sari atrofimdagi odamlar, tevarakda kechayotgan voqealar o‘zgacha bir suratda ko‘rina boshlaganini his qilaman.

Hatto o‘zim ham o‘zimga boshqacha ko‘rina boshlayman.

Faqat ertaroq katta bo‘lishni, kitob qahramonlariday mard, botir, halol odam bo‘lishni — hech kimga, hatto o‘zimga ham bildirmay — orzu qilaman. 

Ha, hatto o‘zimga ham bildirgim kelmaydi.

Chunki bunday emin-erkin orzu qilishga atrofdagi hayot — odamlarning yashash uchun chumoliday betinim qilgan mehnatlari tufayli zo‘rg‘agina nafas olib turgan turmushning zo‘riqishi yo‘l qo‘ymas edi. Urush fojialari tobora olislab ketayotgan bo‘lsa ham, hayotning o‘zi hozir ham oyog‘i yalang, choponi ming yamoq edi. Bu nochorlik, hatto orzulanishga ham xalaqit berardi.

 

Men juda injiq, sirkasi suv ko‘tarmaydigan bola edim. Kattalarning sho‘xroqlari tegajoqliq qilishar, ularning bu hazil-huzullari jonimga tekkach, oxiri quloqni qomatga keltirib, chapanichasiga so‘kinar edim. Qishloqning sodda odamlari esa mening bu beadabliklarimdan negadir rohat qilib kulishardi.

Ammo kitob bilan muloqot, undan tug‘ilgan o‘yu xayollar meni tamoman o‘zgarta boshlaydi.

Bir kun ayol qarindoshlarimizdan biri menga qarab turadi-da, ajib bir tarzda hayron qoladi:

— Voy, mana bu o‘zgaribdi! Og‘irgina bo‘p qolibdi-ya! Bekorga kitob o‘qimayotgan ekan-da! 

Ayvonda o‘tirgan, hovlida ivirsinib yurgan barcha menga o‘girilib qaraydi.

Men indamayman. 

Qo‘limdagi kitobni bir chetga qo‘yib, sigirlarning tagini tozalagani og‘ilxonaga kirib ketaman. 

Shundan keyin menga negadir jig‘imga tegadigan hazillar kamayadi.

Birovlarni vaqt ulg‘aytiradi.

Meni, nazarimda, mutolaa ulg‘aytirgan edi. 

 

Bolalik — dunyoning va odamlarning nomukammalligi juda aniq his qiladi.  

 

Universitetga o‘qishga kirish uchun Erkin A’zam bilan imtihon topshirib yurgan paytlarimiz. 

U kezlar hozirgi Amir Temir xiyobonidagi Yuridika institutining binolari Toshkent davlat universitetiga tegishli va bu yerda biz talabasi bo‘lishni orzu qilganimiz — o‘sha yil ilk bor fakultet maqomini olgan jurnalistikaning o‘quv xonalari joylashgan edi. 

Qabul komissiyasi atrofida izg‘ib yurgan paytimizda Boysundan Ro‘ziboy Malikov degan muallim kelib qoldilar. 

Ro‘ziboy aka bizdan o‘n besh yoshlar katta — charaqlagan odam. Bizni o‘zidan kichik deb o‘ylamas, o‘quvchilik paytimizdayoq, boshqa maktabda dars bersalar ham, ko‘rgan joyida bir dalli xushfe’llikda hol-ahvol so‘rardilar. 

U kishining o‘smirligi Boysundagi bolalar uyida o‘tgan. Aytishlaricha, bu dargohda tarbiya topib, “odam” bo‘lib qolganlarga bosh-qosh — sobiq tarbiyachilardan oyma-oy sarmoya yig‘ib, “detdom”chilarning uylanadiganining uylanishiga, o‘qiydiganining o‘qishiga ko‘mak beradigan shu domla ekan. Hissa qo‘shishdan bosh tortib, qashshanglik qiladiganlarning jazosini berish ham qo‘lidan kelar ekan.

Biz domla bilan universitet binosi oldida uchrashib qoldik. Domla o‘sha — odatiy xushfe’llikda, yuzu ko‘zi samimiy tabassumdan yorishib, imtihonlarni qanday topshirayotganimiz, qaerda yashayotganimizni surishtirdi, jiddiy sinovlar oldidan hadiksirab turgan ko‘nglimizga dalda bergan bo‘ldi. So‘ng oddiygina so‘rab qoldilar:

— Shukurni ko‘rdilaringmi?

Biz gap kim haqida ketayotganini sezib turgan bo‘lsak ham, baribir savolni tushunmaganday angrayib qoldik. Axir, u odamning ismi, nazarimizda, bunday oddiygina tarzda aytilmasligi kerak edi-da. Savol ham negadir nojoizdek tuyuldi bizga. Axir, uni qanday qilib ko‘ramiz? Odam quriganday, bizga duch kelib qoladimi? Nahotki, u ham el qatori mana shu chang ko‘chalarni bosib yursa? Nahotki, u yetti qavat falakda emas, Toshkentda — yaqinda “sho‘lp” etib tushib, qozonida qaynay boshlaganimiz mana shu g‘ulg‘ulada yashasa?..

Garchi bunday emasligini his qilib tursak ham, baribir u odam bilan uchrashuvni tasavvur qila olmas edik.

Axir, gap kimsan Shukur Xolmirzaev — yozuvchi Shukur Xolmirzaev haqida ketayotgan edi-da!

Bu gaplarim tushunarli bo‘lishi uchun Erkin va mening adabiyotni qanday maqomda yaxshi ko‘rishimizni va shu tufayli, shoiru yozuvchilarga bo‘lgan cheksiz hurmatimizni muxtasar aytib o‘tishimga to‘g‘ri keladi.

 

Kuni kecha viloyat gazetasida ilk she’rim bosilgan, she’rning tagida esa qaysi maktabda o‘qishim ham yozib qo‘yilgan, natijada, birpasda maktab miqyosidagi mashhur o‘quvchilardan biriga aylangan edim. 

Rostini aytsam, birinchi she’ring chop etilganda, chindan baxtiyor bo‘lasan. Nogoh mo‘’jiza ro‘y berganini — olislarda sharpaday elas-elaslikda yurgan taqdiring, ro‘parangga kelib, senga kulibgina qarab turganini his qilasan. Allaqanday tumanli tushlarga o‘xshagan orzu-umidlar yo‘li avvalgidan ko‘ra yorqinroq ko‘rinayotganday tuyuladi tasavvuringda. Sen bu yo‘lning mashaqqatlarini aniq tushunmasang-da, qayoqqa ketish kerakligini; bolaligingdan buyon she’r pichirlatib, hanuzgacha jonu jahoningni o‘rtab yurgan kuch qayoqqa boshlayotganini faxmlaganga o‘xshaysan. Eng muhimi, endi bu kuchning qaromog‘ida “jon-jon” deb yashashga mingdan-ming rozi ekaningni anglaysan. 

Ana shunday g‘alati kayfiyatga ko‘milib yashayotgan kunlarimda, daf’atan Erkin paydo bo‘ldi.

Men Erkinni uzoqdan ko‘rib yurgan bo‘lsam ham, u bilan sakkizinchi sinfni bitirish arafasidagina tanishganman. Matematikadan imtihonga tayyorlanish bahonasida sinfdoshimiz Tillo Toshning uyiga borganimizda, Erkin qo‘shni sifatida suhbatga chiqqan va bir dam quyuq gurunglashgan edik. Ammo gap adabiyotdan aylanmagan. Erkinning keyinchalik aytishicha, sinfdoshlarim meni “matematikani zo‘r biladi” deb tanishtirishgan ekan. 

U bilan qayta tanishuvimiz esa kelgusi yilning aprel oylarida kechdi. 

Maktab hovlisidagi sport maydonida, to‘p tepishdan charchab, biroz tin olib tursam, Erkin velosipedda kelib qoldi. U veligini to‘g‘ri yonimda to‘xtatdi-da, menga kulib qaradi. Qaerdandir qo‘lida gazeta paydo bo‘ldi. O! Gazetani shu zahotiyoq tanidim! Nega tanimay? Unda she’rim chiqqan-ku!

— Bu she’rni siz yozganmisiz? — dedi gazetaga imo qilib. 

Men tasdiqladim. 

Ko‘rishdik... 

...va nazarimda, o‘sha zahotiyoq do‘stlashdik. 

Bu o‘smir — Erkin — bo‘lg‘usi mashhur adib, O‘zbekiston xalq yozuvchisi yozuvchi Erkin A’zam edi.

Davomi bor.  

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

July 2019
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.