Har qadamda hurmat-ehtirom

Tarixiy xotira bilan yashash, keksalarni qadrlash asl milliy qadriyatlarimizdan. Har yili mamlakatimizda 9 may — Xotira va Qadrlash kuni sifatida nishonlanishi zamirida ham ana shunday yuksak hurmat-ehtirom mujassam.

 

 Bunday xayrli kunlarda o‘tganlar yodga olinib, keksa avlod vakillariga mehr-muruvvat ko‘rsatiladi. Urush va mehnat faxriylari holidan xabar olinib, ularga sovg‘a-salomlar, mukofotlar ulashiladi. Shu kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbir va marosimlar o‘tkazilmoqda. 

Prezidentimizning “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni    faxriylarga  ko‘rsatilayotgan yuksak hurmat-e’tibor, g‘amxo‘rlikning amaldagi yana bir ifodasidir. Davlatimiz rahbarining farmoniga muvofiq, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida urush qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarining ruhi va kayfiyatini ko‘taradigan bayram tadbirlari tashkil etilmoqda.  

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda O‘zbekiston ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash «Ilhom» jamoat fondi tomonidan  bir guruh faxriy jurnalistlar uchun bayram  dasturxoni yozilib, 40 nafar faxriy jurnalistga pul mukofotlari va sovg‘alar topshirildi. Tadbirda ijodkor nuroniylar bugungi tinch-osoyishta hamda farovon hayotimizga shukronalar aytib, davlatimiz rahbari tomonidan qalam ahliga ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirishdi. Bayram dasturxoni atrofida duoga qo‘l ochgan otaxonu onaxonlar yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, xonadonlarimizga fayz-baraka, farzandlarimizga baxtu iqbol tiladilar.  

— Urush qatnashchisi hamda mehnat faxriysi sifatida bizga ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlikdan mamnunmiz, — deydi faxriy jurnalist Georgiy Lyubimov. — Bugungi tadbirda birga ishlagan faxriylar bilan diydorlashib, gurunglashdik. Ochig‘i, bunday e’zoz-e’tibordan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi. Keksalarini qadrlagan el-yurt hech qachon kam bo‘lmaydi. Bunday tinch-totuv kunlarga osonlikcha yetganimiz yo‘q. Shuning uchun tinchlikni qadrlash kattayu kichikning burchidir. Yaratganga shukr, go‘zal zamonda yashayapmiz. Ayniqsa, yoshlarimizning qo‘lga kiritayotgan yutuqlarini ko‘rib, chin dildan sevinamiz. 

 — Yoshim to‘qson sakkizda bo‘lsa-da, hali yozishdan, ijoddan to‘xtaganim yo‘q, — deydi Farida Usmonova. — Men jurnalistlarning haq so‘zni aytadigan kunlari keldi deb ayta olaman. So‘nggi ikki yarim yilda ommaviy axborot vositalarining erkin ijod qilishi bo‘yicha juda ko‘p ishlar amalga oshirildi. Buni, albatta e’tirof etish kerak. Biz, faxriylarga ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlikdan juda xursandmiz. Bayram kunlari xonadonimiz yoshlar, shogirdlarim bilan to‘lib ketadi. Yo‘qlovchilar, hol so‘rovchilar ko‘p. Bunday e’tiborni ko‘rib, jurnalistika kasbini tanlaganim, umrim zoe ketmaganiga shukr qilaman. Har qadamda g‘amxo‘rlik, hurmat-e’tibor, izzat-ikromni his qilib yashayapmiz. Bugun nafaqat urush qatnashchilari, balki Vatanimiz ozodligi, mustaqilligimiz yo‘lida kurashgan barcha yurtdoshlarimiz, mehnat faxriylari yodga olinmoqda. Zero, ularning pok ruhlarini shod etish ham farz, ham qarzdir. Yurtimiz yanada gullab-yashnasin, tinchligimizga ko‘z tegmasin. 

9 may — Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan bu kabi e’tibor va g‘amxo‘rlik, yoshlarning hurmat va ehtiromi mamlakatimizda inson manfaati, uning sha’ni va qadr-qimmati hamma narsadan ustun ekanini yana bir karra namoyon qilmoqda.

Jobir XO‘JAQULOV.

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

May 2019
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 31

.