Meni mutolaa ulg‘aytirgan Usmon AZIM, O‘zbekiston xalq shoiri: (3-qism)

(Oxiri. Boshlanishi 7-8-sonlarda.)

 

Hayotim shu kundan o‘zgardi. 

Gapning indallosiga ko‘chsam, o‘sha kun Adabiyotni men kabi butun borlig‘ini bag‘ishlab yaxshi ko‘radigan, u haqida ertayu kech tinmay mulohaza qilishga tayyor, kitobxo‘r, atrofda kechayotgan voqealarga, hatto dunyoga ham o‘zicha munosabatga ega — o‘zimga o‘xshagan odamni — yaqin do‘stni uchratgandim. Rosti, o‘sha kungacha ichimda yakka-yolg‘izdek edim. Erkin bilan tanishgan kunimdan boshlab esa, hamfikr tengdosh, yurakdosh do‘st va, aytish mumkinki, tuppa-tuzuk adabiy davra topdim. Takror aytaman, o‘sha payt biz bir-birimiz uchun bemalol adabiy davra vazifasini o‘tar edik... 

Yoshligingda o‘zingga teng — shamollari hozirdanoq ko‘nglingda hilpiratib turgan olisga yelkama-elka borishga tayyor inson bilan uchrashuving, endi bilsam, juda muhim ekan. 

Erkin bilan uzundan uzun suhbatlarimiz boshlanib ketdi. 

Bu suhbatlar mavzusi o‘qilgan kitoblar va kitoblar yetaklab ketayotgan sirli olam — adabiyot edi. Shukur Xolmirzaev haqida ham ko‘p gaplashar edik.

Nega Shukur aka haqida?

Chunki adabiyotga dovrug‘ solib kirib kelayotgan — o‘zgacha nafasli, o‘zgacha ovozli; insoniy munosabatlar va turfa fe’l-atvorlar manzaralarini ajabtovur aniq tasvirda qog‘ozga tushira oladigan sehrgar Shukur Xolmirzaev ham Erkin ikkalamiz hovlisida turgan maktabda o‘n yillar avval o‘qigan, ya’ni bizga maktabdosh edi. 

Mening adib ijodini bugungi kun taassuroti bilan ta’riflaganimni, albatta, sezdingiz. Ammo yozuvchi uslubidagi tasvirning aniqligi o‘sha paytdayoq meni hayratga solgani esimda. Gap shundaki, uning asarlarida tasvirlanayotgan voqealar ham, joylar ham bizga tanish, qahramonlar esa ko‘cha-ko‘yda uchratib yurganimiz odamlar edi. Ayniqsa, “O‘n sakkizga kirmagan kim bor” qissasi nashr etilgach, juda hayratlanganman. Qissada Boysun ham, maktabimiz ham, ko‘cha-ko‘y ham bor; qahramonlar ham shu atrofda aylanib yurishibdi, ammo barchasi allaqanday o‘zgacha — ajib bir nurlanishda — yurakka ko‘chadigan tarzda edi. 

Shukur akaning asarlarida kechgan voqealar, tasvirlar, qahramonlar ko‘rib yurganim hayot bilan bu qadar o‘xshashligi meni juda hayron qoldirgan. O‘sha paytgacha o‘qiganim kitoblardagi qahramonlar bu atrofdagi odamlar emas, balki bizga hech ham aloqasi yo‘q — allaqanday fantastik dunyodagi kaslar bo‘lib tuyulardi. Ularning tevaragimizdagi odamlarga o‘xshamasligi esa tabiiyday, chunki Boysunda uchratib yurgan odamlarimiz kitob sahifalariga tushishi mumkin emasday edi. Shukur aka sevib tasvirlagan dashtlarimiz, qirlarimiz va tog‘larimiz ham u paytlarda men uchun, nazarimda, qog‘ozga tushmaydigan bir tilsim edi. 

“Yozib bo‘lmaydiganga mengzar voqelik”ni qog‘ozga tushirish — hayotning ma’lum bir qatlamini, Vatanning bir bo‘lagini, ma’lum bir odamlar toifasining adabiyot tomonidan o‘zlashtirilishi, demakdir. Bu esa millat umumtafakkurida Vatan tushunchasi ma’nosining kengayishiga olib keladi. O‘zimizga muqoyasa qilib aytsam, O‘zbekistonning va o‘zbekning bir tan, bir jon bo‘lib jipslashuvida muhim rol o‘ynaydi. Bu tarzda yozilgan asarlarimizni avaylab jahonga olib chiqolsak, boshqalarning ham bizni tushunishiga yordam beradi.

Qolaversa, bunday yo‘ldan borish adabiyotning rivoji uchun ham juda zarurdir. U bizni takrordan va birovlarga ergashib yozishdan asraydi. Adabiyotimizni yangi bosqichga ko‘taradi. Materialning yangiligi va uning ohorini to‘kmay yoza bilish shuning uchun ham qadrlidir. 

Endi o‘ylasam, o‘shanda birinchi adabiy saboqni olgan ekanman. Ya’ni har bir odamning umri — orttirgan tajribasi, boshdan kechirganlari, dunyoni ko‘ra bilishi juda noyob — betakrorligini bilib-bilmay anglagan ekanman. Iste’dodli odam esa bu dunyoni o‘ziga xos teranlikda qayta kashf etadikim, dunyo kitobxon ko‘ziga o‘zgacha bir qiyofada ko‘rinadi. Bo‘lmasa, ana, har kun ko‘rib yuradiganing o‘sha tog‘u dashtlar, o‘sha ko‘chalar, ko‘cha-ko‘yda uchratadiganing o‘sha odamlar; sen ham, Shukur aka ham o‘qigan maktab... 

Shukur akaning kitoblari menga adabiyotning eng bosh sehru mo‘’jizasidan — hayotning qay tarzda adabiyotga aylanishidan ilk saboq bergan edi.

Malikov domla bizni ergashtirib, Shukur akaning idorasiga yo‘l boshlaydi. Shukur aka xizmat qiladigan “Guliston” jurnali ikki qadam narida — hozirgi Adliya vazirligi binosida ekan. 

Adib bizni nihoyat ochiq chehra bilan qarshi oladi. Domla yozuvchi bilan qalin ekan, shekilli, hech bir tortinmay ko‘rishadi. Bizning adabiyotga qiziqishimizni, yaxshi yigitlar ekanimizni, jurnalistikaga — Shukur aka ta’lim olgan o‘qishga — kirish imtihoni topshirib yurganimizni aytib, tanishtiradi.

— Ha-a!.. Shundaymi? — deydi Shukur aka yoqimli jilmayib. Men uning xursand bo‘lganini sezaman.

Shukur aka so‘rashib, o‘tirishga taklif qiladi va keyinchalik anglasam, u kishi bilan munosabatimizni belgilab beruvchi bosh savolni beradi:

— Boysunni sog‘inyapsizlarmi?

O‘! Boysunni sog‘inmay bo‘ladimi! Albatta, sog‘inyapmiz-da! Boysun!.. O‘!..

Biz sog‘inchimizga mos so‘z topolmay, yana nimalardir deymiz. Bu savol “sinov” ekanini esa fahmlaganimiz yo‘q. Kindik qoni to‘kilgan joyga sadoqat, uni o‘rtanib sog‘inish akamiz uchun juda muhim ekanini keyin bilamiz.

Bizning hovliqma javobimizdan ko‘ngli to‘ldi, shekilli, Shukur aka birdan “o‘zimizniki” bo‘ldi-qoldi. 

Ana endi Shukur aka biz bilan gurungni boshlaydi. 

U gapdan gap chiqarib, bizlarga savol berar — masalan, nimani o‘qiyapmiz, qaysi yozuvchiyu shoirning kitobini yaxshi ko‘ramiz, nima uchun bu kitoblar bizga ma’qul — biz esa “o‘qimishligimiz”ni ko‘rsatib, jon kuydirgancha, javob berishga harakat qilamiz.

Ishoning-ishonmang, o‘sha paytlar Erkin ikkalamiz — o‘zbek tilida chop etilgan jami kitobni o‘qigan bolalar — o‘zimizcha adabiyotni hammadan ko‘ra yaxshi bilamiz, deb o‘ylar edik! Ey, nodonlar, deydiganning o‘zi yo‘q!

Ammo javoblarimiz Shukur akaga ma’qul keladi, shekilli, biz bilan anchagina gaplashadi. Endi yozuvchilarning ijodi haqida so‘raydi.

Biz o‘zimizga yoqadiganlarning maqtovini keltiramiz, yoqmaganlariga ham halol baho bergan bo‘lamiz. Bu mulohazalarimiz ham adibning o‘sha yozuvchi shoirlar haqidagi fikrlariga mos tushganini sezamiz. Ayniqsa, Abdulla Oripovning she’rlari haqida hayajonlanib aytgan gaplarimizdan keyin yuzi yorishib ketadi. “Abdullajon” haqida kulib, allaqanday aziz tutib so‘zlaydi.

Bu suhbat asnosida xonaga ingichka mo‘ylovli, sermulozamat bir yigit kirib-chiqib turadi. U gurungimizni ajabsinganday bir dam eshitadi-da, so‘ng — ishi bo‘lsa kerak — tashqariga chiqib ketadi. Birozdan keyin yana kiradi. Bu hol ikki-uch bor takrorlanadi.

Suhbatimiz oxiriga yetadi. 

Biz zinalardan tushib, eshikka yetganda, ortimizdan “Ey bolalar!”, deb kimdir chaqirayotganini eshitib, qayrilib qaraymiz. Zinadan yuziga tabassum qo‘ndirib, tushib kelyotgan haligi mo‘ylovli yigitni ko‘ramiz. Qo‘lida qog‘oz jildli papka.

— Bolalar, — deydi u yigit, — men naqa... Dadaxon Nuriyman. 

— O! — deydi Erkin. — “Oqshom qo‘shiqlari!” 

Dadaxon akaning bu kitobini ikkalamiz ham o‘qiganmiz. O‘sha payt bu kitob bizga ma’qul kelgan.

Biz kitob haqida hovliqib gapira ketamiz. O‘zimizcha rost gaplarni aytgan bo‘lamiz! Qani endi, bir jo‘mard bo‘lsayu “Ey, Boysunning maqtanchoq jigitlari! Senlarga hali rostni aytishni kim qo‘yibdi”, desa! Ammo bunday odam yo‘q. Keyinchalik, yillar o‘tib, bu jo‘mard ko‘rinish beradi. U kitoblarga, yozuvchilarga beradigan baholarimizni tamoman o‘zgartiradi. Uning ismini ham aniq bilib olamiz — adabiy did!..

Chalg‘idim. 

Mana shunaqa chalg‘iydigan odatim bor. Lekin ba’zan chalg‘iganimdan xursand bo‘lib ketaman! Chunki ketayotganing katta yo‘ldan ko‘ra, adashib kirib qolganing tor ko‘cha qiziqroq ekanini ba’zan tushunib qolasan-da!

Yana chalg‘idim... 

Xullas, yozuvchi behad xursand bo‘ladi.

— Sizlar naqani... adabiyotni yaxshi biladigan naqa... bolalar ekansizlar, — deydi u. — Men bir qissa naqa qilgan edim. Naqa qilib... o‘qib bermaysizlarmi?

Biz o‘sha paytlar bu dunyodan hamma narsani kutganmiz, ammo Dadaxon Nuriyday yozuvchi bizga qo‘lyozmasini o‘qishga berishi tushimizga ham kirmagan. Ichimizda biroz kalovlanib turgach, “Albatta!” deymiz, “Albatta o‘qiymiz!”. Dadaxon aka kitobini bizga tutqazadi. Telefon raqamlarini yozib olamiz. O‘qib bo‘lgan zahotiyoq qo‘ng‘iroq qilishga va’da berib, xayrlashamiz.

Imtihon topshirish tashvishlarini bir chetga yig‘ishtirib qo‘yib, ijaraxonaga borganimizdanoq qo‘lyozmani o‘qishga tutinamiz. “Begona” deb nomlangan bu qissa bizga yoqadi. Dadaxon akaga ertasi qo‘ng‘iroq qilamiz. U kishi bizni uyiga talif qiladi.

 Dadaxon aka maqtovlarni eshita-eshita osh damlaydi. Osh yeyilib, ketishga ruxsat so‘rash payti yetganda, to‘satdan savol berib qoladilar: 

— Bolalar, shuni naqaga... Abdulla akaga ko‘rsatsam, bo‘ladimi?

Biz unga hayron bo‘lib qaraymiz. Abdulla akasi kim?

— Naqa-da... Abdulla Qahhor!

Abdulla Qahhor! Yozuvchilar bir og‘iz maqtovini eshitsam, deb orzu qiladigan adib! 

Ammo Erkin bilan ikkalamiz mashhur adibning dovrug‘i oldida zinhor-bazinhor karaxtlanib qolmaymiz.

— Bo‘ladi, — deymiz ishonch bilan. — Bo‘ladi!

 Dadaxon aka bilan yana ko‘rishdik. Bizdan quvvat olgan yosh yozuvchi Abdulla Qahhorning Do‘rmondagi dachasiga boribdi. Ulug‘ adib qissani o‘qib chiqibdi. Qissa unga yoqibdi.

Biz akamizni chin yurakdan qutlaymiz.

Biror o‘n kundan keyin Dadaxon Nuriy bizni yana izlab topadi.

— Sizlarni naqa... Abdulla aka so‘rayapti!

Og‘zimiz haqiqatan ochilib qoladi.

Bizni? Bizni nega so‘raydi? Bu dunyoni larzaga soladigan biror narsa yozmagan bo‘lsak! Dovrug‘imiz olamni tutmagan bo‘lsa... O‘qishga kirarmikanmiz, deb ming xavotirda kirish imtihoni topshirib yurgan abiturientlar bo‘lsak... Ehtimol, akamiz adashayotgandir?

— Yo‘q, so‘rayapti, — deydi qat’iyat bilan Dadaxon aka.

U bizga bo‘lgan voqeani so‘zlab beradi.

— Bu qissani menga tavsiya qilishni kim maslahat berdi? — deb so‘rab qoladi bir kun Abdulla Qahhor uyida allaqachon el bo‘lib ketgan Dadaxon Nuriydan.

— Bolalar... Naqa... Surxondaryolik ikkita bola.

Abdulla Qahhor o‘ylanib qoladi. Ulug‘ adib unga asar tavsiya etadigan bolalarni tasavvur qilolmaydi. Deylik, Said Ahmad kimningdir asariga bir ko‘z yugurtirib berishni iltimos qilgan, Matyoqub Qo‘shjonov birovning nomini tilga olgan, ba’zan nashriyotlar kuchi yetmaganlari mualliflarning qo‘lyozmalarini jo‘natib turadi. Ammo bolalar...

— Shu bolalarni ko‘rsam bo‘ladimi?

— Naqa...Ular universitetga naqa... kirish imtihoni topshiryapti. 

— Kirish imtihoni?

Abdulla Qahhorning qiziqishi yanada ortadi.

— Shu bolalarni topmaysizmi? Bir kelishsin... 

O‘sha paytlar ustozning topshirig‘i Dadaxon aka uchun muqaddas vazifa edi. U kishi darrov bizni izlashga tushadi.

Surxondaryolik bolalarni esa vahima bosadi. Yo‘q, vahima emas, allaqanday kattakon — hurmat aralash ulkan tashvish. Axir, surati darsliklardan qarab turadigan Abdulla Qahhor ularni surishtirayotgan edi-da! Nima deb boramiz? Yozganlaringni ko‘rsatinglar-chi, desa nima bo‘ladi? Yozganlarimiz — uch-to‘rt varaq narsa sariq chaqaga ham arzimasligini o‘zimiz ham bilamiz-ku! “Qani, mullavachchalar...” deb bir qiyin savollar berib qolsa-chi?.. E, xudo! Mushkul savdoga qoldik! 

Bu orada kirish imtihonlari tugadi. Yosh birodarlar, siz nimani ham ko‘ribsiz! Test-pest deysiz — odamning ko‘ziga tik qarab, beriladigan savolga javob berishni bilmaysiz.. Bahongizni... yo‘q, nima edi, ha, balingizni temir kompyuter chiqarib beradi. Bizning zamonlarda imtihon payti qarshimizda oz ham emas, ko‘p ham emas — bir butun odam o‘tirardi. Hurmatli odam! Domla! Ko‘ziga qarab, ilmingni ko‘rsatib bahongni olar eding. 

Xullas, shunday imtihonlardan o‘tganmiz! Endi “mandat komissiyasi”ni kutib yuribmiz. “Mandat”ning ham nimaligini bilmaysiz! Tushuntiray: oxirgi dovon — shu komissiya. Seni xonasiga taklif etsa, o‘qishga kirding; taklif etmasa, uyga bosh egib, jo‘nayverasan. 

Endi bu diltang kutishning yoniga Abdulla Qahhorning uyiga qanday borish azobi qo‘shildi.

O‘ylab-o‘ylab boradigan bo‘ldik. Dadaxon aka manzilni tushuntirdi. Toshkentdan falon avtobusga chiqasizlar, Do‘rmonga yetganda, Yozuvchilar bog‘i bekatida tushasizlar. Undan tepaga yo‘l ketadi. Piyodalab yo‘l yurib, yo‘l yursalaring ham mo‘l yurib, ijod bog‘iga kirasizlar. Kirgan joylaringda temir panjara boshlanadi. Panjaraning ortidagi chorbog‘ — Abdulla Qahhorniki!

Jo‘nadik. Dalda bo‘lar, deb o‘zimizday yana bir abiturient Muhammad Rahmonni ham ergashtirdik. Hamma ishni Dadaxon aka aytganiday bajardik. Panjara tugab, uzungina yo‘lak ko‘rindi. Yo‘lakning o‘ng tomonida qator toklar. Baland so‘rilarda navdalari osilgan. Uzumlar pishay-pishay deb qolgan. Kimdir shoti qo‘yib, xomtok qilyapti. Yo‘lakning shunday yonida — bog‘ning chetida... Abdulla Qahhorning o‘zi turibdi! U kishi allaqanday jiddiylik bilan bizga qaraydi.

Sochlari oppoq. Ko‘zimizga nihoyatda keksa ko‘rindi. 

Ichkaridan Kibriyo opa chiqadi. Nazarimda, Dadaxon aka qo‘ng‘iroq qilgan bo‘lsa kerak, opa bizni ochiq qarshilaydi.

— Kelinglar, bolalar, kelinglar.

Yo‘lkaga qadam tashlaymiz. Abdulla Qahhor ham biz tomonga yura boshlaydi. Imillabgina yurib, yo‘lakka chiqadi. Ko‘rishadi. Ishkomning soyasi quyuqroq joyida stol ustiga dasturxon tuzalgan. Meva-cheva, qand-qurs. 

So‘rashamiz. Domla bizni surishtirgan bo‘ladilar. Javoblarimizni eshitib, bir dam xayollanib qoladilar. Bizdan Toshkentga qanday kelganimizni surishtiradilar. Poezdda ikki kecha yo‘l yurib, yetganimizni aytganimizda, hayron qolganlarini sezamiz.

— Shukurlar, — deydi u kishi Shukur Xolmirzaevni ko‘zda tutib, — o‘sha yoqlardan o‘qishga kelganda, a?

Biz Surxondaryo u kishiga juda olis bir manzil tuyulayotganini anglaymiz.

Suhbat tobora qiziydi. 

Usmon Nosir haqida so‘raymiz. Domla allaqanday rostgo‘ylik bilan qatag‘on haqida so‘zlay boshlaydi. Qatag‘onga “xizmat qilganlar”ning nomini cho‘chimay tilga oladilar. U odamlar hali tirik, hatto hukumatning e’zozi edi. Maktabda — adabiyot darsida o‘qitilgan ular. 

Domlaning kitoblarini ham maqtashga kirishamiz. Erkin A’zamning halolligi tutib ketib, “Sarob” romanidagi “ayrim kamchilik”lar haqida gapiradi. Domla, xuddi birovning asari haqida gap ketayotgandek, “bo‘lsa, bordir” qabilida javob beradi.

Shu payt yo‘lakda yangi mehmon ko‘rinish beradi. Abdulla Qahhor u kishini dasturxonga taklif qiladi. Oqsoqol bu mehmonni bizga tanishtiradilar. Mehmon asarlari bizga yoqmaydigan — keyin bilishimizcha, hech kimning ham ko‘ngliga o‘tirmaydigan — yozuvchi bo‘lib chiqadi. Mehmon Abdulla Qahhor bilan “sen-sen”lashib gaplashadi. Uning bu tarzdagi muomalasi menga g‘alati tuyuladi. Nazarimda, bu odam Abdulla Qahhorning soyasiga ham salom berishi kerakday edi.

Osh keladi. Domla oldiga esa alohida taom qo‘yiladi — tarelkada ikki sosiska, yonida yashil no‘xat. 

— Oshdan olinglar, — deydi domla. — Mening parhezim bor. Ovqatim — shu...

Ketadigan bo‘lamiz. Abdulla Qahhor kitoblariga dastxat yozib, bizga tortiq qila boshlaydi. Kimgadir dastxat yozayotganlarida, yozishdan to‘xtab, o‘ylanib qoladi.

— Toshkent, vodiy, — deydi u kishi har bir so‘zni aniq-aniq aytib, — adabiyotimizga juda buyuk adiblarni berdi. Tegirmon navbati bilan deganlariday, endi navbat Surxondaryo, Qashqadaryoniki ekan-da!

Biz bu gapdan angrayib qolamiz. Ehtimol, baxshilari g‘ayg‘aylab ot surib yurgan bu ikki voha bir kunmas bir kun dardini qog‘ozga ham tushiradi-da, degan o‘y domlaning xayolidan o‘tgandir. Ehtimol, asarlari bilan endigina tanilib kelayotgan Abdulla Oripov, Shukur Xolmirzaevning iste’dodi qamrovini daholarga xos sezgirlik bilan his qilgandir. Balki kelajakni — faqat o‘zi tushunib yetadigan — alohida bir hisob-kitob mantig‘ida ko‘rgandir... 

Kim bilsin! 

Domlaning chorbog‘idan chiqib jo‘narkanmiz faqat Ustoz haqida gaplashamiz. Bu suhbatimiz haftalab, oylab davom etadi. Hozir ham ba’zan Erkin bilan o‘sha suhbatni eslab qolamiz.

Shu odam avliyo ekan, deb qo‘yaman ba’zan.

Abdulla Qahhorning chorbog‘iga avgustning boshlarida borgan edik. 

Bir necha kundan keyin Erkin bilan men navbatma-navbat o‘n yettiga to‘ldik.

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

July 2019
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.