Balki o‘rnimizni yoshlarga bo‘shatib beradigan vaqt kelgandir...

Bekqul EGAMQULOV, 

“Biznes-Daily Media” 

noshirlik uyi bosh muharriri, 

O‘zbekistonda xizmat 

ko‘rsatgan jurnalist:

  1. Bugungi kunda mamlakatimizdagi aksariyat gazeta va jurnallarning o‘quvchilari soni tobora kamayib borayotgani, bosh muharrir, jurnalist sifatida, sizni xavotirga solyaptimi?  

2. Matbuot va hokimiyat  munosabatlari sizningcha qanday bo‘lishi kerak? Uning bugungi ahvoli haqidagi fikringiz? 

3. Ijtimoiy tarmoqlarda gazeta va jurnallarga obuna uyushtirish bo‘yicha qattiq bahs-munozaralar bo‘lib turibdi. Hatto obunani “illat”, ortiqcha “bosh og‘rig‘i” deb yozayotganlar paydo bo‘la boshladi. Munosabatingiz?

4. Matbuot va OAVlari “ichki tsenzura”dan qutulishi kerak, albatta. Ammo sizningcha bunga nima(lar) monelik qilyapti? 

5. O‘zingiz faoliyat ko‘rsatayotgan “Birja” gazetasida qanday yangi rejalar bor?

1.  Albatta, xavotirga soladi. Faqat bizda emas, butun dunyoda bosma nashrlarning adadi kamayib boryapti. Bu — tabiiy jarayon. Ammo shuni ham unutmaslik kerakki, bugungi o‘quvchiga oddiy xabar va mayda-chuyda gaplarga to‘la gazeta yoki jurnalingizni majburlab o‘qita olmaysiz. Internet saytlar, ijtimoiy tarmoqlar ularga kerak, nokerak axborotni soatma-soat, daqiqama-daqiqa yetkazib turibdi. Bunday sharoitda gazetalar va jurnallar asosiy e’tiborini tahliliy-tanqidiy, muammoli masalalarga qaratishi kerak.

O‘tgan asrning saksoninchi yillari oxirida “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida ishlagan edim. Shu davrda gazeta salkam 800 ming nusxada chop etilardi. Odamlar gazeta do‘konlari oldida navbat kutib kundalik nashrlarni sotib olganiga guvoh bo‘lganman. To‘g‘ri, u paytlarda davr, odamlarning dunyoqarashi boshqacharoq edi. Bugungidek qo‘limizdagi telefon orqali dunyodagi voqealarni bir zumda bilib ololmasdik. Lekin gazetamiz insonlarning dardini, davrning global muammolarini ko‘tarib chiqqani uchun ham juda o‘qishli edi.  Adabiyot va san’atga ixtisoslashgan bo‘lsa-da, publitsistika birinchi o‘rinda turardi, jamiyatdagi eng muammoli, dardli masalalarga aralashardi. Bugun hammamizni o‘ylantirayotgan Orol fojiasini sobiq sho‘rolar hukumati tarqalib ketmagan, kommunistik partiyaning mushti hali baquvvat paytda  o‘sha gazeta ko‘tarib chiqqan. Demoqchimanki, hozir ham o‘qishli gazeta chiqarsak, o‘quvchi topiladi. 

2. Konstitutsiyamizning 67-moddasida “Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to‘g‘riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar. Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi”, deb yozib qo‘yilgan. Shunday ekan, hokimiyat va matbuot munosabatlari shu moddaga hamda matbuotga oid qonunlarga asoslanishi kerak. Matbuot va hokimiyat til topishib, birlashgan kuni korruptsiyaga yo‘l ochiladi. Mamlakatimizning yaqin tarixidagi voqealar bunga misol. Jurnalistlarni jamiyat sanitarlari deyishadi. Jurnalistlar hokimiyatning xatosini fosh qilib, bu xato va kamchiliklarni unga ko‘rsatib turishi kerak. Shunda u xushyor tortadi, shunda u to‘g‘ri ishlaydi. Lekin bizda hokimiyat hali bunga to‘la tayyormi? Tanqidga munosabat masalasi juda oqsoq. Men shu paytgacha O‘zbekistonda matbuotda tanqidga uchragan, bu yerda to‘g‘ri va halol tanqid haqida gapiryapman, biror rahbar o‘zi iste’fo berganini eshitmadim. Vaholanki, xatosini tan olib, iste’foga chiqish, rahbarning obro‘sini ko‘tarsa ko‘taradiki, mutlaqo tushirmaydi.

Ochig‘i, matbuotning, xususan gazetalarning hokimiyat bilan bugungi munosabatidan unchalik qoniqmayman. Chunki gazetalar ham hali o‘z so‘zini ayta olgani yo‘q. Hamon “murosa” pozitsiyasidan chiqib keta olmayapti. Och qornim — tinch qulog‘im, maqoliga amal qilib ishlayapti. Mening nazarimda, endi bunday ishlab bo‘lmaydi. Shunday ishlashda davom etayotganlar mass-media maydonini tark etishi kerak. 

 

3. Gazeta va jurnallarga majburiy obuna tashkil etish bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlar hamda bosma nashrlarda o‘tgan yili boshlangan bahs-munozaralar hamon davom etmoqda. Avvalo “majburiy obuna” degan narsani oydinlashtirib olishimiz kerak. Ko‘plar, hatto targ‘ibot-tashviqot asosida obuna uyushtirilayotganini ham “ana majburiy obuna qilinmoqda”, deya ayuxannos solib qolayapti. Shuni yaxshilab o‘ylash, bilish kerakki, yuqorida ta’kidlaganimdek, bugun birovga biror gazetani majburlab o‘qitib bo‘lmaydi.  Mayli, majburiy obuna ham deylik.

Xo‘sh, nima uchun “majburiy” obuna kerak? Bugun turli saytlar va ijtimoiy tarmoqlar aholining tezkor axborotga bo‘lgan talabini qondiryapti xolos. Aslida esa insonga ko‘plab boshqa axborotlar ham kerak. Deylik, o‘qituvchi maktabga oid ko‘plab hujjatlardan, qo‘llanmalardan va hokazolardan xabardor bo‘lishi shart. Bularni faqat “Ma’rifat” gazetasi yoritadi. Demak, o‘qituvchi “Ma’rifat”ga obuna bo‘lishi lozim. Maktablarning o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchilari “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasini, “Sharq yulduzi”, “Jahon adabiyoti” kabi jurnallarni o‘qimasdan qanday dars bera oladi. Faqat darslik bilan kifoyalanib qolgan o‘qituvchi pedagog emas. Bugungi o‘qituvchi bugungi adabiy jarayonni bilishi shart. Boshqa sohalarda ham shu gapni aytish mumkin. Masalan “O‘zbekiston qishloq va suv xo‘jaligi” jurnalini varaqlab ko‘rsangiz,  fermer va dehqonlar uchun zarur muhim tavsiyalar beriladi. Shu jurnalga obuna bo‘lgan fermer bundan yutadi xolos. Lekin buni hamma fermerlar ham tushunib yetayotgani yo‘q.

Noshirlik uyimizning uchta gazetasi, bitta jurnali bor edi. O‘tgan yili obunadagi qiyinchiliklar tufayli ikkita gazetani — “Biznes-Daily — Iste’molchi” va “Biznes-Daily — Mening mulkim — Chastnaya sobstvennost”ni chiqarishni to‘xtatdik. Mulk haqidagi nashrimiz iqtisodiy gazeta sifatida uchinchi haftaligimiz — “Biznes-Daily — Birja”ning takrori bo‘lishi mumkin. Ammo “Biznes-Daily — Iste’molchi”da iste’molchilik borasida davlat yuritayotgan siyosatni yoritayotgan edik. Iste’molchilikka oid ko‘plab muammolarni, bozorlardagi narx-navoni berib borayotgandik. Boshqacha aytganda, imkoniyatimiz darajasida iste’molchilarga yordam ko‘rsatayotgandik. Bugun o‘sha gazeta chiqmayapti. Bundan kimga foyda-yu kimga ziyon, o‘zingiz baho beravering. 

Xulosa shuki, kim nima desa deyaversin, ammo vaqt hammasini o‘z joyiga qo‘yadi.

 

4. Savolni o‘qiganda bir voqea esimga tushdi. O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari bir do‘stimiz sud-huquq sohasida maqolalar yozib yurardi va yozganlarini tsenzura o‘tkazmayotganidan nolib, to‘polon ko‘tarib qolardi. Falakning gardishi bilan yillar o‘tib, shu og‘aynimiz bir nashrga o‘zi rahbar bo‘lib tayinlandi. Shunda o‘zi bironta jonliroq maqolalar bosilishiga yo‘l qo‘ymadi. Ya’ni, amalga o‘tirgach o‘zi tsenzorga aylandi.  Nazarimda, bosh muharrirlarning, men bu yerda o‘zimni ham nazarda tutayapman,  gazetalarimizni o‘qishli, jonli, eng muhimi, xalqchil qilib chiqarishiga  ichki tsenzura emas, amallari yo‘l qo‘ymayapti. Yuqoriga yoqmaydigan biror maqola berib qo‘ysak, amaldan ketib qolaman degan qo‘rquv bizga xalaqit berayapti. Balki shu qo‘rquv ichki tsenzuradir. To‘g‘ri,  oltmish, yetmish, saksonga yaqinlashib qolgan bosh muharrirlarda tajriba bor, lekin davrga xos shijoat, dadillik yetishmayapti. Bugungi bosh muharrir, hatto oddiy muxbir ham shijoatli, dadil, dovyurak bo‘lishi shart. Shuning uchun ham, balki o‘z o‘rnilarimizni zamonaviy fikrlaydigan, lavozimidan ajralishdan qo‘rqmaydigan, shijoatli yoshlarga bo‘shatib berish vaqti kelgandir. Shunda gazeta va jurnallarimiz o‘qishli bo‘lar. 

Yaqinda bir do‘stimga shu gapni aytsam, qani shunday yoshlar, ular yo‘q-ku, deb qoldi. Nega yo‘q bo‘lsin? Hamma sohada bo‘lgani kabi, matbuotimizda ham iqtidorli, halol, jasoratli yoshlar topiladi. Balki muammoning yechimi yoshlarga ishonch bildirishdadir?

 5. Rejalar ko‘p. Gap ularni amalga oshirishda. Ayni paytda noshirlik uyimiz tomonidan “Biznes-Daily — Birja” gazetasi va “Biznes-ekspert” ilmiy jurnali chop etilayapti. “Biznes-Daily — Birja” iqtisodiy yo‘nalishdagi gazeta. Bugun dunyo iqtisodida ko‘plab global muammolar paydo bo‘lmoqda. Yaqinda shunday muammolardan biri, Yevropa Ittifoqi davlatlarini ikkiga bo‘lib turgan “Shimoliy oqim-2” haqida tahliliy maqola berdik. Endi shu mavzuni davom ettirmoqchimiz.  AQSh — Xitoy savdo urushi va uning oqibatlari menimcha ko‘pchilikni qiziqtiradi. Integratsiyaning kuchayishi tufayli Markaziy Osiyo mamlakatlari bitta valyutaga o‘tishi mumkinmi? Bordi-yu shunday hol yuz bersa, qaysi davlat yutadiyu, qaysi biri yutqazadi. Xullas, bugun dunyo iqtisodiyotida bunday global muammolar ko‘p. Biz gazetamizda shular haqida tahliliy maqolalar bermoqchimiz. Biz o‘tgan yildan boshlab iqtisod bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan olimlar haqida maqolalar berishni boshlagan edik. Shu ruknni davom ettirish niyatimiz bor. Albatta, shunday yuksak mukofotga sazovor bo‘lgan olimlarning ilmiy tadqiqoti, oilasi, turmushidagi quvonch va tashvishlari haqidagi maqolalar ham gazetxonlarimizni befarq qoldirmaydi, deb o‘ylaymiz. Xullas, yangi, yaxshi rejalarimiz bisyor, gap, ta’kidlaganimdek, ularni amalga oshirishda. 

Feruza BERDIYEVA yozib oldi.

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2019
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 31

.