Tekkizmasdan otilayotgan “toshlar”. “Ma’rifat” va “Учитель Узбекистана” gazetalari bosh muharriri Husan NISHONOV bilan suhbat.

— So‘zimni an’anaviy savol bilan boshlamoqchiman: jurnalistika sohasiga qanday kirib kelgansiz?

— Adashmasam, V – VI sinflarda o‘qiyotganimizda uyimizda devoriy gazeta chiqarardik. Maktabda-ku, sinf devoriy gazetasining bor uvol-savobi Hasan akam bilan — ya’ni ikkalamizning bo‘ynimizda edi. Odamlarga nimadir so‘z aytish, nimadandir xabardor qilishga qiziqish o‘shanda boshlangan shekilli.

 

Maktab davrimizning oxiri — bitiruvchi sinflarda o‘qigan paytimiz o‘zbek matbuotining gurillagan davriga to‘g‘ri kelgan. 800000 nusxa chiqadigan “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, adadi  1 millionga yaqinlashgan “Yosh leninchi” — hozirgi “Yoshlar ovozi”, jurnallardan “Yosh kuch”, “Mushtum”ning har bir sonini intiq bo‘lib kutardik. Shularni o‘qib jurnalist bo‘lishga uzil-kesil qaror qilganman.

O‘qishga kirish osonroq bo‘lgani uchun aka-uka pedagogika institutida o‘qishni ixtiyor etgan bo‘lsak-da, maqsadimizdan chekinganimiz yo‘q. 1995 yili men 4-, Hasan 3-kursda o‘qiyotgan paytimiz yangi tashkil qilingan “Ko‘zgu” gazetasida ish boshlaganmiz. Kamol Matyoqubov, Eshqobil Shukur, Bahrom Ro‘zimuhammad, Dilfuza Shomalikovaning xayrixohligi bilan jurnalistikaga qadam qo‘yganmiz.

 — Jurnalistikada janrlarning qorishib ketgani, ocherk, feleton, pamflet kabilarning deyarli yo‘qolib borayotganini bugungi kunning peshqadam bir jurnalisti sifatida qanday izohlaysiz?

— Talabga yarasha taklif deydilar. Siz aytgan janrlarga balki hozir ehtiyoj kamdir. Ular o‘rnini bosadigan, zamon o‘quvchisi talabiga mos fiqra singari fikr-mulohazaga uyutqi beradigan janrlar davri hozir. Lo‘nda, ixcham narsalarni o‘qiyapti odamlar. Ijtimoiy tarmoqlardagi “post”lar bunga misol: uzun yozsangiz, kam odam o‘qiydi.

Nazarimda, hozir milliy jurnalistikamiz shakldan ko‘ra mazmun ustunlik qiladigan bir davrni boshdan kechirayapti. Demoqchimanki, mushtariylarimizda janrni farqlashdan ko‘ra, o‘ziga qiziqarli ma’lumot olishga intilish kuchli bugun.

 — “Ma’rifat”ning o‘quvchilari gazetadan o‘zlari uchun qanday naf olishadi? Umuman, siz boshchilik qilayotgan nashrning asosiy yutug‘i nimada?

— Foyda bo‘lmasa, obuna bo‘lishmaydi, deysiz-da!

— Shunday desak ham xato bo‘lmaydi. 

— Bu yil mushtariylarimizga, ya’ni muallimlarga ancha yaqinlashdik. Ilgari tahririyatga bir shikoyat kelsa, qaysi tashkilotga tegishliligiga qarab vazirlik va idoralarga xat yozib jo‘natib yuborardik. “Ko‘rib chiqishlaringizni so‘raymiz” deb. Endi o‘zimiz o‘rganayapmiz. O‘rinli bo‘lsa, gazeta sahifasiga olib chiqayapmiz. Muammolar hal etilmaguncha mavzuga qayta-qayta murojaat qilayapmiz. Misol keltiraman: “Zominlik o‘qituvchilar maoshi nega kechikyapti?”, (2019 yil, 16 fevral). Maqola chop etilgach, Xalq ta’limi vazirligi vaziyatni o‘rganib chiqdi va muammo hal etildi.

Yana, “Murojaat qanoatlantirildi” (2019 yil, 27 fevral) sarlavhali maqola. Uning yozilishiga sabab, Yangiyo‘l tumanidan faxriy pedagog Yusuf Mamadiyorov tahririyatga murojaat etib, 17-maktabda vakant o‘rin bo‘lsa-da, ishga qabul qilinmayotganidan  arzi hol qilgan. Tahririyat xodimlari olib borgan jurnalistik surishtiruv natijasida maqola chop etilmasdan muammo ijobiy yechim topdi.

“Pedagoglar dars o‘tishni xohlamayapti...” (2019 yil, 20 mart) sarlavhali maqolada o‘rindoshlik asosida dars berayotgan o‘qituvchilarning oylik ish haqi kamayib ketgani tahlil qilingan. Natijada muammo Moliya vazirligi va boshqa tashkilotlar tomonidan o‘rganilib, masala ijobiy hal etildi. Shu maqola yordamida o‘rindosh o‘qituvchilar 2019 yil yanvar oyidan o‘tgan har bir dars soati uchun 10 ming so‘m o‘rniga 19 ming so‘mdan maosh oladigan bo‘ldi.

Bunday misollar ko‘p.

Yana, “O‘qituvchi nimani o‘ylaydi?”, “Muallim minbari” kabi yangi ruknlar tashkil etib, o‘qituvchilarning ta’lim sohasidagi, ish jarayonidagi, jamiyatdagi muammolarni dadil ko‘tarib chiqishiga ko‘maklashayapmiz. “Ma’rifat” mushtariylari” telegram kanalimizda pedagoglar, olimlar, shoir-yozuvchilar, bir so‘z bilan aytganda, ziyolilar ta’lim sohasidagi ijobiy o‘zgarishlar va ularga to‘siq bo‘layotgan muammolar, o‘qituvchi-yu murabbiylar faoliyatidagi eng muhim masalalarni muhokama qilishmoqda, taklif, tavsiyalar berishmoqda. Eng yaxshi, o‘rinli fikrlar “Mushtariy muhokamasi” ruknida gazetaning deyarli har bir sonida bir sahifa qilib berilmoqda. Uzoq yillik an’anaga ko‘ra, o‘qituvchi-murabbiylar uchun metodik tavsiyalar, noodatiy, samarali dars usullari va o‘quvchilarning fanga qiziqishini oshirish bo‘yicha ilg‘or muallimlarning pedagogik tajribasi haqida turkum materiallar berib boryapmiz. Maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilari, boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun ham alohida ruknlarimiz bor. 

Bundan tashqari, olimlarning farzand ta’lim-tarbiyasi, salomatligi, ma’naviyatiga oid dolzarb maqolalari chop etilayotgani ziyolilar ommasining nashrimizga diqqat-e’tiborini tutib turgan omillardandir. Natijada o‘qituvchilar ham faollashdi, bizga ishonchi ortdi, deyish mumkin. Xatlar, murojaatlar ko‘paygani, mualliflarimiz safi va geografiyasi kengayib borayotgani buni tasdiqlaydi.

Asosiy yutuqqa kelsak, tahririyatning asosiy yutug‘i — ijodiy jamoa asosan o‘zimiz tarbiyalagan, ta’lim-tarbiya sohasini yoritishga ixtisoslashgan kadrlar, gazetaning asosiy yutug‘i — mushtariylarimiz millatimizning ziyoli qatlami, o‘qituvchi-murabbiylar — xalq ziyolilari ekanligida deb o‘ylayman. 

 — Ommaviy axborot vositalariga oid qonunlarga tuzatish yoki takliflaringiz bormi, deyishsa, qanday fikrlar aytar edingiz?

— Qishloqdagi akalarimizdan biri ayolini juda qattiq hurmat qiladi. Aytishlaricha, bir kuni u uch-to‘rt jo‘rasi bilan ulfatchilik qilib o‘tirganida yanga kelib: “Turing, uyga ketdik”, deb qo‘ymayveribdi. Oxiri jahli chiqqan akamiz yerdan bir-ikkita tosh olib (toshning hajmini aytishmadi) yangaga qarab tekkizmasdan otibdi.

Bugungi bosma ommaviy axborot vositalarini ham qaysidir ma’noda shu akamizga o‘xshatish mumkin. Tanqid qilamiz, biroq aniq ism-familiyani aytishdan cho‘chiymiz. Masalaga daxldor vazirlik, qo‘mita, agentlik rahbarlari yoki tashkilotlar nomi kamdan-kam ro‘y-rost yoziladi. Buning sabablari ko‘p va ular asosan sohadagi qonunchilikni takomillashtirish bilan bog‘liq. Misol uchun, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi qonunning “Axborotning to‘g‘riligi uchun javobgarlik” deb nomlangan 11-moddasida “Ommaviy axborot vositalari e’lon qilinayotgan axborotning to‘g‘riligini tekshirib ko‘rishlari shart va ular axborot beruvchi bilan birgalikda uning to‘g‘riligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar”, deb ta’kidlangan.

Endi savol tug‘iladi: ommaviy axborot vositasi erkin minbar ekan, nega tahririyat e’lon qilingan maqola muallifiga qo‘shilib bildirilgan fikr yoki tarqatilgan axborot uchun javob berishi kerak? “Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farqlanishi mumkin” degan eslatma, agar ish sudgacha boradigan bo‘lsa tahririyatni himoya qila olmay qolyapti! Tish-tirnoqli, o‘tkir mavzudagi materiallarni berishda tahririyat xodimlarini ikkilantirayotgan mana shu kabi ayrim modda va bandlar borki, ular haqida navbati bilan tegishli tashkilotlarga o‘z takliflarimizni berishimiz kerak.

— “Ma’rifat” lotin yozuvida chiqishni boshlagan ilk davriy nashrlardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu borada qanday qiyinchiliklarga duch kelayapsiz?

— Hech qanday qiyinchilikka duch kelganimiz yo‘q. Chunki ijodiy jamoaning yarmidan ko‘pi maktabda lotin alifbosida savod chiqargan. Aksariyati “Ma’rifat” mahorat maktabi”da o‘qib, talabaligidayoq ishga olingan yoshlar. Qolganlar uchun ham bu unchalik qiyinchilik tug‘dirgani yo‘q. To‘g‘ri, biz katta yoshli avlodga kirillda yozish va o‘qish qulayroq — ko‘zimiz o‘rgangan. Lekin biz ham davrning talabiga moslashib, yangi alifbomizning mamlakatimizdagi yagona alifbo sifatida joriy bo‘lishi uchun qiyinchiliklarni yengayapmiz. Ilgari yosh xodimlarimiz maqolasini lotin alifbosida yozib, keyin kirillga o‘girib, bo‘lim muharririga topshirardi. Endi esa, aksincha, katta avlod kirillda yozib, so‘ng lotinga o‘girayapmiz.

 —  Jurnalistikamizning va jurnalistlarning qaysi jihati sizga yoqmaydi?

— Jurnalistlarimizda birlik, hamjihatlik yo‘q. Bu bir menga emas, ko‘pchilik hamkasblarimizga ma’qul bo‘lmagan asosiy jihat. Teleradiochilar bir tomon, bosma nashrlar o‘zlari bir tomon, internet jurnalistikasi alohida bir olam. Keyingi vaqtlarda ular yoniga blogerlar qo‘shildi.  Misol: bultur “xabar.uz” va yana bir-ikkita sayt bloklanganda qolgan saytlar, bosma nashrlar, teleradiokanallarimiz lom-mim deyishmadi. Bu qanaqasi, so‘z erkinligi masalasi nima bo‘ladi deb mutasaddilardan so‘rab ham qo‘yishmadi. Gazetalar, axborot saytlarida, televidenie va radiolarning ko‘rsatuv va eshittirishlarida shu masala ko‘tarilganida, O‘zbekistondagi so‘z erkinligining holati sal boshqacha bo‘larmidi deb o‘ylayman. 

Tan olamiz: saytlar va blogerlar tezkorligi, ba’zan chuqur tahlillari bilan so‘z erkinligini ta’minlashga yaxshigina hissa qo‘shmoqda. Bu masalada «og‘irkarvon» gazetalardan ancha ildamlab ketishdi. Bu — yaxshi. Ammo... negadir aksariyat saytlar va blogerlarda bosma nashrlarga nisbatan bepisandlik, hech bo‘lmaganda e’tiborsizlik borday tuyulaveradi. Bir misol: Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov  “XXI asr” gazetasini va mashhur ustoz jurnalist Mahmud Sa’diyni sudga berganda, ko‘plab taniqli ijodkorlar, gazeta va jurnallarda ishlaydigan jurnalistlar oyoqqa qalqdi. Biroq gazetalardan o‘quvchilari bir necha baravar ko‘p bo‘lgan mashhur saytlar va blogerlarning (to‘g‘ri, bir-ikki bloger muhokamalarga qo‘shilganday bo‘ldi. Ammo yo vazirning tarafini oldi yoki shunchaki murosaga chaqirdi) birortasi bu masalada “miq” etmadi...

Aslida jurnalistlar “to‘rtinchi hokimiyat” o‘laroq ijro hokimiyatiga oppozitsiya maqomida turishi kerak emasmi? Bu vaziyatda bir-birini qo‘llab-quvvatlab, xato qilgan vazirmi yo senator, deputatmi yo boshqa amaldorga ko‘zgu tutishi kerak emasmi?!

Bundan shunday xulosaga kelish mumkinki, demak, o‘zbek jurnalistikasi hali to‘liq mustaqil bo‘la olganicha yo‘q. Hatto davlatga qarashli bo‘lmagan, xususiy sektorga tegishli o‘sha mashhur saytlar ham qandaydir darajada, qandaydir mexanizmlar bilan kimlargadir, nimalargadir qaramday taassurot qoldiradi. 

O‘ylashimcha, jurnalistlar bir kemada ekanliklarini his qilgan kundan “to‘rtinchi hokimiyat” davri boshlanadi. Chinakam to‘rtinchi hokimiyat. Bu “davr” qachon keladi. Hozircha bir narsa deyolmayman. Zero, bunga vaqt allaqachon yetib kelgan.

Feruza BERDIYEVA

yozib oldi.

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2019
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 31

.