O`riklisoyda bir kun

O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Sirdaryo viloyati bo`limi tomonidan turli mavzularda ilmiy-amaliy seminarlar, davra suhbatlari, uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Navbatdagi ana shunday tadbirdan biri Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi Zomin milliy qo`riqxonasi hududida joylashgan O`riklisoy qishlog`ida bo`lib o`tdi.

 

Yozning jazirama kunlarida sershovqin shahardan uzoqda – “O`zbekiston shveysariyasi” degan haqli nom olgan Zomin tog`lari bag`rida joylashgan so`lim go`shada hordiq chiqarish, yangi ijodiy rejalarni amalga oshirish uchun kuch-g`ayrat yig`ish, yangi maqolalarga mavzu topish uchun bu sayohat juda yaxshi imkoniyat bo`ldi.

Ertalab ellikdan ziyod sayohatchi yengil avtomashinalarda yo`lga tushdik. Safarga otlanar ekanmiz, ushbu tadbir tashkilotchisi O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo`limi rahbari Boyjigit Abdullayev shunday dedi:

– Tadbir o`tkazishdan maqsad faxriy hamda ayni paytda faoliyat ko`rsatayotgan jurnalistlarga bardamlik, xush kayfiyat va ilhom bag`ishlash, kasb mahoratini oshirish,  o`zaro tajriba almashish, shuningdek, ijodiy rejalar haqida kengashib olishdan iborat edi.

O`t-o`lanlar yam-yashil tovlanib yotgan Zominning qir-adirlari boshlanishi, keyin yam-yashil archalarga burkangan tog`larga yaqinlashishimiz bilan salqin havo kayfiyatimizni ko`tarib yubordi. Ayniqsa, moviy osmonda suzib yurgan oppoq parg`u bulutlar, qorli cho`qqilarga qarab, yurtimizning shunday go`zal, betakror go`shalari borligidan dilimizni hayajon, quvonch va faxr-iftixor tuyg`ulari chulg`adi.

Bir necha kun avval hududda ro`y bergan tabiiy ofat — kuchli sel kelishi tufayli yo`lning bir necha joyini shiddat bilan og`ib tushgan tog` jismlari ko`chkisi to`sib qo`ygan. Maxsus texnika vositalari yo`lni tozalash ishlari bilan mashg`ul. Seldan keyingi bu holatning o`zi ham qiziqarli, ham biroz vahimali edi.

Manzilda bizni mezbonlar izzat-hurmat bilan kutib olib, to`kin dasturxonga taklif etishdi. Dastlab allaqachon dovrug`ini eshitganimiz — o`rtasiga sariyog` solingan katta-katta issig` qozon patirlar bilan siylandik.

Tamaddi qilib olgach, ushbu tashrifdan ko`zda tutilgan asosiy maqsadga o`tdik, ya’ni ko`chma seminar kun tartibidagi masalalar haqida so`z yuritish uchun davraga jamlandik. Gurungimizga poytaxtdan kelgan bir guruh mehmonlar ham qo`shildi.

– O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan, mamlakatimizda madaniy-gumanitar sohalarni, jumladan, ommaviy axborot vositalari faoliyatini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmog`da, — dedi O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi S.Hakimov. — Xususan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan madaniyat va san’at muassasalari hamda yirik kompaniya va banklar hamkorligida tashkil etilgan “Do`stlar klublari” ijodiy tuzilmalar, jumladan O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirishda muhim omil bo`lmoqda. O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va Respublika tovar xom-ashyo birjasi o`rtasida imzolangan o`zaro bitimga muvofiq mamlakatimizning barcha hududlaridagi soha faxriylariga hurmat va ehtirom ko`rsatilib, ko`plab keksa va ehtiyojmand jurnalistlarga moddiy yordam berildi. O`nlab jurnalistlar sihatgohlarda dam olib, salomatligini tikladi. Bundan tashqari, jurnalistlar malakasini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmog`da, soha xodimlari bilan ijodiy uchrashuvlar, davra suhbatlari va dolzarb mavzulardagi tadbirlar o`tkazildi. “Do`stlar klubi” tomonidan, shuningdek, uyushmaning hududiy bo`limlari zarur jihozlar va kompyuter texnikasi bilan ta’minlandi. Bu kabi ibratli va xayrli ishlar muntazam davom ettirilmoqda.

Uyushmaning viloyat bo`limlari, jumladan, Sirdaryo viloyati bo`limi tomonidan ham bir qator ibratli ishlar amalga oshirildi. Dolzarb mavzularda, jumladan, Yurtboshimiz tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlar, jumladan, sohaga tegishli hujjatlarni targ`ib etish, yurtimizda bo`layotgan islohotlarning amaliy natijasini, ulkan o`zgarishlarni, bunyodkorlik ishlarini keng yoritish, mavjud muammolarga xolisona tanqidiy-tahliliy chiqishlarni ko`paytirish, jurnalistlarning kasb mahoratini oshirishga oid mavzularga e’tibor yanada kuchaytirilmoqda. Mazkur seminarda ham jurnalistlar ijodiy uyushmasining keyingi rejalari xususida suhbatlashib, hammamiz uchun foydali va samarali mavzularda fikrlashib, kengashib oldik.

Tadbirda “Jamoatchilik nazoratini o`rnatishda ommaviy axborot vositalari xodimlarining o`rni, “Sirdaryo namunasi keng quloch yozmog`da”, “Yurtimizning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-madaniy hayotini, xalqimiz erishayotgan yutuqlarni yoritish  — burchimiz” “Ijod — ilohiy ne’mat” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Prezidentimiz tomonidan aynan Sirdaryo viloyatida ilgari surilgan  besh muhim tashabbusning ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritilishi borasida fikr almashildi, rejalar belgilab olindi. 

Seminar ishtirokchilari ayni paytda muhokamaga qo`yilgan O`zbekiston Jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi xususida ham o`z fikr-mulohazalarini, takliflarini bildirdilar.

Tadbir taqdirlash marosimiga ulanib ketdi. “Guliston yangiliklari” va “Гулистанские новости” gazetalari chiqa boshlaganiga 30 yil to`ldi. Shu munosabat bilan mazkur gazetalar tahririyatiga hamda uning birinchi muharriri, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi Hayotxon Ortiqboyevaga O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining diplomi hamda esdalik sovg`alari topshirildi.

“Davr yoshlari” gazetasi muharriri, tajribali jurnalist Noriniso Qosimova ham tavalludining 60 yilligi munosabati bilan Uyushmaning diplom va sovg`alari bilan taqdirlandi.

Shuningdek, bir guruh faxriy jurnalistlarga ham homiylarning sovg`alari berildi.

Seminar ishtirokchilarining Zominning eng so`lim – “Sharshara” va “Sherbuloq” maskanlariga sayri uyushtirildi. Keyingi yillarda ushbu manzillarni obodonlashtirish, ichki turizmni rivojlantirish borasida qilinayotgan ibratli va xayrli ishlar bilan tanishgan hamkasblarimizning qalblarida hayrat va shodlik, yurtimizga, uning shu kabi betakror go`zal go`shalariga yanada qiziqish va mehr uyg`onganini, tadbir barchaga manzur bo`lganini ijodkorlarning fikrlaridan ham bilsa bo`ladi.

— “Sirdaryo haqiqati” va “Сирдарьинская правда” gazetalari tahririyatida 55 yildan ziyod ishladim, — dedi mehnat faxriysi “Shuhrat” medali sohibi Elmurod Mavlonov. — O`tgan davr mobaynida viloyatimiz hayotini yoritishga baholi qudrat o`z ulushimni qo`shganimdan behad xursandman. Mustag`illik yillarida, ayniqsa, so`nggi 2-3 yil ichida viloyatimiz hayotida yuz bergan va berayotgan o`zgarishlar, jumladan, shaharu qishloqlarning yangicha qiyofa kasb etgani, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi asosida olib borilayotgan katta bunyodkorlik ishlari, ulkan inshootlar, qurilayotgan qo`shma korxonalar va namunaviy usulda barpo etilayotgan yangi uy-joylarni ko`rib, odamlarning hayotiy manfaatlariga bevosita daxldor besh tashabbus keng quloch otayotganini ko`rib turganimdan juda quvonaman. Yosharib, yanada g`ayrat va shijoat bilan ishlab, xalqimizning yutuqlarini, quvonchlarini gazeta sahifalarida yana ko`proq ko`rgim keladi. Shuningdek, matbuot sohasiga, jurnalistlarga berilayotgan e’tibordan, ko`rsatilayotgan hurmat va ehtiromdan boshim osmonga etmoqda. Bugun jurnalistlarni, ustozu shogirdlarni bir joyga jamlagani uchun tadbir tashkilotchilari va homiylaridan minnatdormiz.

Xolida PARDABOYEVA.

Narzulla FAYZ (foto).

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

June 2019
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.