Navbahor IMOMOVA – “Amerika ovozi” muxbiri: “Jurnalistning ishi – odamlarni xursand qilish yoki ularning ko‘nglini ko‘tarish emas”

“Hurriyat” muxbiri AQShda yashab, dunyodagi eng yirik axborot markazlaridan biri — “Amerika ovozi”da faoliyat yuritayotgan yurtdoshimiz, taniqli jurnalist Navbahor Imomovaga bir nechta savollar bilan murojaat qildi. Garchi okean orti – Amerika bizdan minglab chaqirim yiroqda bo‘lsa-da, bugungi tezkor axborot zamonida suhbat qurish va savollarga javob olish muammo emas. Buning uchun har ikki tomonda xohish va istak bo‘lsa, bas. Quyida muxbirimizning savollariga N.Imomova yo‘llagan javoblar bilan tanishing.

 

 — O‘zbek qizi, o‘zbek farzandining “Amerika ovozi”da faoliyat yuritayotgani e’tiborli. Sir bo‘lmasa, ushbu teleradiokanalga ishga kirish jarayoningiz qanday kechgan?

— Amerikaga 2001 yili magistraturada o‘qish uchun kelgan edim. AQSh Davlat departamenti grantini yutib, Indiana shtatidagi Boll Davlat universitetiga o‘qishga kirdim. Jurnalistika va siyosatshunoslik sohasida endi tahsilni boshlaganimda, AQShda 11 sentyabr voqealari yuz berdi. Oradan sal o‘tmay, menga “Amerika ovozi”dan telefon qilishdi. “O‘zbek xizmati”ning fao­liyati kengaymoqda, siz kabi kadrlar kerak, sizni tavsiya qilishdi, ish bor” deyishdi. Ochig‘i bunday takliflar, har kimgayam, har kuniyam bo‘lavermaydi. Gap shundaki, tavsiyani “Amerika ovozi”ga amerikalik jurnalistlar bergan ekan. O‘zbekistondan yaqinda shunday jurnalist keldi, hozir Indianada, deb. Tanishlarning, do‘stlarning ko‘p bo‘lgani, muhimi senga ishonishgani shunday paytlarda qo‘l keladi.

Men o‘zi dastlab, jurnalistik fao­liyatimni o‘z Vatanimda — O‘zbekis­ton radiosining “Xalqaro hayot” tahririyatida boshlagan edim. 1990 yillarning o‘rtalari edi. Bu orada grant yutib, Hindistonda Maysur universitetidan bakalavrlik darajasini oldim. Uyerda ham jurnalistika va siyosatshunoslik bo‘yicha o‘qidim. Undan avval ikki yil O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti talabasi edim. Shu universitetning Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars berganman. Ko‘p emas, bir yil, lekin bir umrga arzigulik tajriba bo‘lgan. Ajoyib davrlar edi...

Ham o‘qib, ham ishlash oson emas, albatta. Jurnalistikada o‘qish ishlashga undaydi, bu aniq. Qolaversa, bu inson tabiatiga ham bog‘liq. Men qishloqda, dalada, katta bo‘lganman. Tinim bilmasligim shundan, deb o‘ylayman. Katta oiladanman, to‘qqiz farzandning sakkizinchisi. Rahmatli ota-onam juda mehnatkash, zahmatkash insonlar edi. Hammamizni o‘qitishdi, yo‘limizga to‘siq qo‘yishmadi. Orzuing ketidan intil, deyishdi. Shunday qildim. Har qanday qiyinchilikka tabiiy hol deb qarayman.

“Amerika ovozi”ga Indianadan materiallar berib turdim, o‘qishni bitirgach, Vashington shahriga ko‘chib o‘tdim va to‘liq stavkaga ishga olindim. TV dasturlar boshlaylik, deb katta loyihaga qo‘l urib, AQShda qolib ketdim. Qaysidir ma’noda shu tashkilotda ildiz otdim. 2016 yilda Garvard universitetiga o‘qishga kirdim. Shundan buyon ishdaman.

Shu o‘rinda bir masalaga e’tiboringizni qaratsam: sizga kar’era emas, ish o‘rni taklif qilinadi. Kar’erani esa siz o‘zingiz yaratasiz. Har qanday ishni sevimli va muvaffaqiyatli faoliyatga aylantirish-aylantirmaslik bu — o‘z qo‘lingizda. Imkoniyatlarni ham o‘zingiz kashf etasiz, ochasiz. Faqat ko‘p ter to‘kish kerak. Biroryerda siz istagan hamma narsa muhayyo emas. Umuman, jurnalistlarni hech bir joyda “quchoq ochib” kutib olishmaydi. Lekin biz qaerda va qachon kerak ekanimizni bilishimiz kerak. Bu cheksiz mehnat degani. Ishimizda har kun — yangi sinov.

 — Ha, AQShda yashaysiz va yurtimizda sodir bo‘layotgan voqealarni yoritib borasiz. Turli davlat va jamoat arboblari, taniqli insonlar bilan intervyular uyushtirasiz. Ularni tashkil etishda nimalarga tayanasiz?

— Hammasi, vaqt va imkoniyatga bog‘liq. Birinchidan, kim nimaga mas’ul ekanini yaxshi bilishi kerak. Kim sizga qanday ma’lumot bera oladi? Aslida eng muhim va qiziq informatsiyani sizga “yuqorida o‘tirgan” odam emas, parda ortidagi shaxs­lar, sahnadan chetda turganlar beradi.

Kim bilan nima uchun gaplashmoqchi ekaningizni unga tushuntira olishingiz kerak. Aslo yalinmaslik kerak. Ammo bu intervyudan uning o‘zi ham manfaatdor ekaniga ishontirish lozim.

Suhbatlashish suhbatdosh bilan shaxmat o‘ynashdek gap. Uning intellektual knopkalarini bosishni bilish kerak. Qaysi birini va qachon? Buning yo‘lini topish lozim. Intervyuda odamlar jurnalistlardan suhbatdoshni “burchakka tiqish”ni kutishadi. Aslida suhbatdoshni “gapirtira” olish kerak, toki u ochilsin, sizni qiziqtirgan mavzularda mushohada yuritsin, ya’ni bu odamdan tahliliy ma’lumot, aniq fikr va mulohaza olaylik.

Undan eshitganlarimiz tasavvurimizni boyitsin, muammo va masalalarni tushunib, ulargayechim qidirishda yordam bersin. Tomoshabin ma’naviy va informatsion ozuqa olsin. Men har bir muloqotga shunday yondashaman.

Intervyu beradiganlar bu intervyuning ahamiyatini tushunishini xohlayman. Masalan, AQSh Kongressida yillar davomida menga ayrim qonunchilar, vakillar va senatorlar, O‘zbekiston haqida gapira olmayman yoki Markaziy Osiyo haqida aniq tasavvurim yo‘q, deb kelgan. Men ularga odatda: “Nega? Siz axir bu mintaqaga nisbatan siyosatni yuritishda ish olib borasiz. Uni belgilashda muhim o‘rin tutasiz”, deyman. Ayrimlari uyalib, O‘zbekiston va mintaqani o‘rganib, keyin intervyu bergan paytlar bo‘lgan. Ishimiz shunisi bilan yanada qiziq. Suhbatlashishga qaror qilgan odamlar sizga professional sifatida ishonishi kerak. Shundagina ular sizga munosib suhbatdoshga aylanadi.

Har bir suhbat o‘ziga xos loyiha. Maqsad, talab, amaliyot va mohiyat haqida o‘ylash joiz. Bilim va tushuncha bilan birga kuchli eshitish qobiliyati zarur, ya’ni e’tibor bilan ting­lash. Har bir intervyuni tashkil etishdan to uni efirga uzatishgacha, mana shu omillar ustun turadi.

— Ancha-muncha vatandoshlarimiz bugungi kunda turli mamlakatlarda, jumladan, Amerikada yashaydi. Yurtimizdan borgan aksariyat fuqarolar Vataniga qaytgisi kelmaydi. O‘shayerda o‘qib, oila qurib, ishlab qolib ketadi. Bunga ummon ortidagi farovon hayot sababmi yoki boshqa biz bilmagan jihatlar ham bormi? Bu borada o‘zingizning rejalaringiz qanday?

— Birinchidan, inson borki, imkoniyat istaydi. O‘z orzulari ushalishini xohlaydi. Kimningdir orzusi Vatan bilan bog‘liq, kimnikidir tash­qi dunyo bilan. Kimningdir orzu-havasida bularning har ikkisi mujassam. Chetda yurganlarning hammasi ham “farovon hayot” kechir­yapti deya olmaymiz. Hamma ham xorijda o‘rnini va baxtini topolmaydi. Baxt deganda hayotidan qoniqib yashashni nazarda tutayapman. Qolaversa, xorijga chiqib ketganlarning hammasi ham xohlagani uchun shunday qilmagan. Amerikada yashayotganlarning, boshqa joylardagi o‘zbekistonliklar singari, o‘z tarixi bor, har birining. Ularning nomidan gapirmagan bo‘lar edim. Dasturlarimizda yoritib kelayapmiz. Vatanga qaytishni xohlagan, bunga harakat qilayotgan vatandoshlarimiz juda ko‘p. Ishlari chigal, yo‘llarida to‘siqlar, shuningdek, vatandagi vaziyatga hali to‘la ishonmaslik hamda organlarga nisbatan qo‘rquv — bular juda muhim omillar.

Men esa, shukrki, Vatanimiz — O‘zbekistonga kelib, ketib yuribman. Ikki dunyo orasida yashashning o‘z zav­qi bor, qolaversa, sinovlari ham. Buyerga butunlay ko‘chib kelish haqida hozircha o‘ylayotganim yo‘q. Lekin bir oyog‘im shuyerda bo‘lishini istardim. Ikki mamlakat orasida, qit’alar osha faoliyat yuritayotan jurnalist sifatida Vatanimizga, xalqimizga ko‘proq foydam tegayapti, deb umid qilaman. Yuragimning bir qismi O‘zbekistonda, bir qismi AQShda. Men shaxsan bir joyga bog‘lanib qolsam, zerikaman. Ba’zida qaniydi, dunyoning har bir davlatida yashab chiqsam, ishlab ko‘rsam, deyman. Bu qiyin, albatta. Lekin orzularimiz ketidan intilishga haqlimiz.

Suhbatni

Feruza RAHIMOVA uyushtirdi.

(Suhbatning to'liq matni bilan gazeta orqali tanishing.)

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

MEHR RISHTASI

2019-08-21 06:21:09

Kasallikni davolagandan ko‘ra...

2019-08-21 10:27:02

O‘zbekiston

2019-08-21 11:19:53

“Axborot”da kechgan yillar

2019-08-21 05:30:04

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2019
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 31

.