E'TIROF E'TIBORDAN BOSHLANADI

Bugun axborot maydonida raqobatning kengayib borayotgani OAV zimmasiga yanada katta mas'uliyat yuklamoqda. Mediabozorda ko‘ngildan joy ola bilgan nashrlar va audiovizual vositalar o‘z xaridori va muxlisini topib ketaveradi.

 Xususan, ayni paytda Surxondaryo viloyatida 30 dan ziyod bosma nashr, to‘rtta televideniye va bitta radiokanalda 200 nafardan ortiq ijodiy xodim faoliyat ko‘rsatmoqda. Shu kunlarda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining viloyat bo‘limi o‘tgan yil sarhisobi hamda joriy yildagi vazifalarni ko‘rib chiqib, o‘z ish rejalarini belgilab oldi. Bu borada davlatimiz rahbarining “Eng asosiy mezon - hayot haqiqatini aks ettirish” asari vohamiz jurna­listlari faoliyatini izga solishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Asarda: “Hozirgi vaqtda ommaviy axborot vositalarining vazifalari ham, ular oldiga qo‘yiladigan talablar ham ko‘p. Lekin eng muhimi - hayot haqiqatini to‘laqonli aks ettirishdan iborat. Chunki haqiqat jurnalistikaning o‘zgarmas va doimiy sharti bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolishi zarur. Ayni vaqtda matbuot va efir orqali haqiqatni yoritish, odamlarga yetkazish har qaysi jurnalistning bilim va tajribasi, uning professional mahoratiga, grajdanlik pozitsiyasiga bog‘liq ekanini unutmasligimiz lozim”, - deya ta'kidlanadi. Ana shunday g‘oyalar, fikrlar faoliyatimizni rag‘batlovchi, ijodimizga kuch-g‘ayrat, shijoat ulashuvchi das­turilamal bo‘lib kelmoqda.

O‘tgan “Sog‘lom bola yili”, shuningdek, joriy yilda ham hamskablarimiz o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni sidqidildan amalga oshirish uchun faollik ko‘rsatishmoqda. Taniqli jurnalist Shuhrat Jabborovning “Matbuotda ijodiy va ijobiy raqobat” maqolasi (“Hurriyat” gazetasi, 2014 yil 6 avgust)da ifodalangan fikrlar bunga misol bo‘ladi. Yil davomida mamlakatimiz va viloyatimizda tashkil etilayotgan seminarlar, matbuot anjumanlari, davra suhbatlari bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Jurnalistlarni rag‘batlantirish, mahoratini oshirish maqsadida respublika, viloyat miqyosida o‘tkazilib kelinayotgan ko‘rik-tanlovlar tufayli sog‘lom raqobat muhiti shakllanib bormoqda. Shunga muvofiq, matbuot sahifalarida, audiovizual dasturlar doirasida jamiyat ahamiyatiga molik va dolzarb mavzularga murojaatlarning salmog‘i oshdi. Bunday tanlovlarda viloyatimiz qalamkashlari faol ishtirok etishib, faxrli o‘rinlarni egallayotgani kishini quvontiradi. “Surxon tongi” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Safar Omonqulov “Yilning eng faol jurnalisti - 2013” tanlovi sovrindori bo‘ldi. SHo‘rchi tumani “Jarayon” gazetasi muxbiri Nigina Shoyeva “Eng ulug‘, eng aziz” an'anaviy tanlovi viloyat bosqichida birinchi, “Denov ovozi” gazetasi muxbiri Dilfuza Aliyeva ikkinchi, “Jarqo‘rg‘on” gazetasi muxbiri Alisher Poyonov uchinchi o‘ringa loyiq topildi. Tanlovga televideniye va radio yo‘nalishi bo‘yicha viloyat teleradiokompaniyasi muxbirlari Sarvar To‘rayev, Gavhar Jumayeva hamda Dilhayot Mamadiyeva taqdim etgan ijod namunalarining badiiy qimmati alohida e'tirof etilib, faxrli o‘rinlarga munosib topildi. Ular Jurnalistlar ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limining diplomlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi. “Surxon yoshlari” gazetasi muxbiri Sirojiddin Ibrohimov “Yilning eng faol yosh jurnalisti” ko‘rik-tanlovi respublika bosqichida matbuot yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tashabbusi bilan o‘tkazilib kelinayotgan mazkur tanlov ulg‘ayib kelayotgan, o‘z so‘zi va ovoziga ega yoshlar uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochmoqda, desak o‘rinli bo‘ladi. Bunday tanlovlar jurnalistlarning o‘ziga ishonchini oshirish bilan birga jamiyat hayotida kechayotgan voqyeliklarga xolis va haqqoniy munosabat bildirishda ular zimmasiga alohida mas'uliyat yuklaydi.

Ayni paytda viloyatimiz ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritayotgan xodimlarning aksariyati ellik yoshdan oshgan. Ular jurnalistikaning kasbiy ko‘nikmalarini, sir-sinoatlarini puxta egallagan bo‘lib, yoshlarga o‘rnak bo‘luvchi, tajriba ulashuvchi maktabdir. Axborot maydoni kun sayin global ahamiyat kasb etayotgan, hayotimizga yuksak texnika-texnologiya vositalari jadal sur'atlarda kirib kelayotgan bir paytda sohada ulardan unumli foydalanish uchun ham tajriba va ko‘nikma talab etiladi. Bunday vaziyatda nafaqat yoshlarni, balki katta avlod vakillarini ham eng so‘nggi texnika yutuqlaridan boxabar etish uchun qayta tayyorlash va malaka oshirish borasida o‘ylab ko‘rish maqsadga muvofiq, nazarimizda.

Vohamizdagi maktab, kollej va akademik litsey, oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘quvchi, talabalar orasida jurnalistikaga ishtiyoqmand yoshlar ko‘p. Ular tahririyatlar qoshidagi to‘garaklar va mahorat maktablariga jalb etilgan. Poytaxtda ta'lim olayotgan yoshlarni mahalliy OAV faoliyatiga jalb etish choralarini ko‘rish ayni kunlarda dolzarb masalalardan biri sifatida o‘z yechimini kutib turibdi.

Viloyatimizda davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan jurnalist­lar ham talaygina va ular ustoz-shogirdlik an'analarini davom ettirishda kamarbasta bo‘lishayotir. Jumladan, Olimjon Usanov, Soatmurod Jo‘raqulov - “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist”, Jamila Ergasheva “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvonlari, shuningdek, jurnalist Muhammad Azimov “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan bo‘lsa, “Ayol va zamon” gazetasi muharriri Komila Yusupova, “Ma'naviyat gulshani” gazetasi bosh muharriri Norquvvat To‘rayevlar “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.

Mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy hayotidagi jarayonlarga, yuksak darajada olib borilayotgan bunyodkorlik ishlariga har birimizning o‘z hissamiz bor. Aytaylik, bunday vaziyatda musavvir manzarani rangin talqin etsa, shoir qofiya va ma'no uyg‘unligi yo‘lida noyob so‘z izlaydi. Yozuvchilar esa voqyelikni real tasvirlash uchun hayotga ko‘proq yuzlanadi. Jurnalistlar-chi? Ular kezi kelsa musavvir kabi, o‘rni bilan shoirdek va yozuvchi singari mulohaza yuritishi joizdir. Ana shundagina ijod ahlining kurtak yoza boshlagan tuyg‘ulari yaxlit bir asarga evrilib, hayotni jonli va to‘laqonli tasvirlaydi. Ana shundagina ularning ijodi dillarda eng ulug‘ e'tirof bo‘lib gullaydi.

N.TO‘RAYEV,

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi

Surxondaryo viloyatibo‘limi raisi

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.