MAXSUS MUXBIR KIM?

“Nega jurnalist bo‘lmoqchisiz? Bu axir xavfli kasblar sirasiga kiradi-ku. Bir yilda qancha muxbir bevaqt olamdan o‘tishi, nechtasining hayotiga suiqasd qilinishini bilasizmi?” degandi bir domlamiz o‘zining ilk darsidayoq. Kamiga u so‘zini davom ettirib, fikrlarini sonlar bilan isbotlagani ham esimda. Endigina talaba bo‘lgan kezimizda, dabdurustdan aytilgan bu gaplarni balki kimdir hazilga yo‘ygan, boshqa birov kasb tanlovidagi jasoratidan faxrlangandir, ammo men rosti qo‘rqqandim... 

* * *

Jurnalist nima ish qiladi, degan savolga kalovlanmay javob beradiganlar ko‘p. Biroq sohaga ta'sir etayotgan taraqqiyot oqibatlari unda qator evrilishlarga ham sabab bo‘ldi. Bugun nafaqat jarayonlarni yoritayotgan muxbir qo‘lidagi “qurol” shaklan o‘zgardi, boyidi, balki sohada yangi tushuncha, tarmoqlar vujudga keldi. Tahririyatlarda hozir muxbirlikning maxsus, hududiy singari turlarini uchratish odatiy hol. Ammo hamma ham ularning aniq vazifalari nimalardan iboratligi, bir-biridan qanday farqi borligi, ishning nozik qirralari haqida to‘liq ma'lumotga ega emas. Bu boradagi bilimlarimizni bir qadar oydinlashtirish, boyitish maqsadida taniqli jurnalist Beruniy Alimov bilan “saboq” uyushtirdik. 

- Biz axborot globallashuv asrida yashayapmiz. Shunga monand jurnalistika, muxbirlik, muharrirlikning ham tarmoqlari ko‘paymoqda. Oldinlari muharrir deganda faqat gazetaning bosh muharriri tushunilar edi. Lekin hozir tahririyatlarda bir nechta muharrirlar faoliyat yuritadi. Bir qarashda maxsus muxbir tushunchasi ham ana shunday chalkashdek tuyuladi. Ammo ularga alohida ta'rif beriladigan bo‘lsa, farqli tomonlari ko‘rinadi. Jurnalist o‘z sohasi bo‘yicha oliy o‘quv yurtini tugatgan, tahririyatning o‘zida ishlaydigan diplomli xodim. Agar u ko‘chaga chiqib, ma'lum bir ob'yektga borib material tayyorlasa, endi u muxbir bo‘ladi. Maxsus muxbir degan iboraning o‘zi esa birinchi marta o‘n to‘qqizinchi asrda Yevropada qo‘llangan. O‘sha davr­da urush harakatlarini yoritadigan muxbirlar maxsus muxbir deyilgan ekan. Ularni maxsus deyilishi ham bejiz emas, chunki u ma'lum bir topshiriq bilan ob'yektga boradi. Hozirgi kunda dunyoga don­g‘i ketgan telekanallar CNN, BBCning jahonning biror mamlakatida yoki mintaqasida maxsus muxbirlari bor.

 EHTIYOT BO‘LING: “O‘TA MAXSUS MUXBIR!”

Tahririyatdan topshiriq olgan maxsus muxbir yo‘lga tushdi. U manzilga yetib borguniga qadar sodir bo‘lgan yoki bo‘layotgan voqyeaga oid tegishli ma'lumotni olgan, bu haqda qandaydir tasavvurga ega bo‘lishi kerak. Boz ustiga boshqa davlatga boradigan bo‘lsa, muxbirdan o‘sha mamlakat qonunlari, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy ahvoli, xalqning urf-odatlari to‘g‘risida ham bilimlar talab qilinadi. Bu materialning pishiq-puxta chiqishi, hodisa sabab, oqibatlarini ochib berish va uning atroflicha yoritilishida katta ahamiyatga ega. Demak, maqolaga kirishish uchun yo‘ldayoq qo‘lga qalam olinadi. Ba'zan qalam bularni inobatga olmay, tahririyatdayoq ishga kirishib oldindan “buyurtma” asosida “ishlay boshlaydi”. To‘xtang, shoshmang, axir muxbir manzilga hali yetmadi-ku, dersiz. Afsuski ana shunday “o‘ta maxsus muxbir”lar ham borki, ular voqyeani xolis yetkazish uchun emas, avvaldan tayin qilingan xulosani amallab “yopishtirish” uchun “o‘z isbotlarini” qidirib safarga otlanishadi. Ulardan axborot olishdan ko‘ra, ehtiyot bo‘lgan ma'qul.      

- Faoliyatim davomida mana shunday holatlarga ham duch kelganman. Ko‘pincha chet ellik muxbirlar biror hodisani yoritishga borishar ekan, nechog‘li g‘alati tuyulmasin, materialni oldindan tayyorlanib qo‘yiladi. Ya'ni voqyeani ijobiy yoki salbiy tarafga burib, uni yoritish ob'yekt­ga kelmasidan turib hal bo‘ladi. Aslida bunday bo‘l­masligi kerak. Bu to‘g‘risida “Ommaviy axborot vositalarining tinchlik, xalqlar o‘rtasida o‘zaro tushunish, inson huquqlarini rivojlanishi va aporteid, irqchilik, urushga qarshi kurashni mustahkamlashga qo‘shadigan hissasi tamoyillari” haqida 1980 yilda YUNESKO deklaratsiyasi qabul qilingan. O‘shandan kelib chiqib, jahonning qaysi nuqtasida bo‘lmasin, jurnalist hodisani ob'yektiv yoritishga majbur. Bu xususida bizning bosh Qomusimiz - Konstitutsiyaning 67-moddasida “Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to‘g‘riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar” deyilgan. Avvalo, maxsus muxbir degani o‘z fikriga ega, kasb nuqtai nazaridan oyoqqa turib olgan jurnalist bo‘lishi lozim. Pozitsiya masalasi, ayniqsa hozirgi kunda dolzarb. Oxirgi o‘n yillikda yer yuzida ro‘y berayotgan notinchliklarni kuzatsangiz, mojaro chiqishidan oldin negadir o‘sha yerda muxbirlar jamlanib qoladi. Xunrezliklardan oldinroq axborot urushi boshlangan bo‘ladi-yu, keyingi qonli to‘qnashuvlar haqida ayyuhannos soladiganlar ham haligi “maxsus muxbir”larning o‘zlari bo‘ladi. 

 MUXBIRLIKDA ODAMIYLIK CHEGARASI

“Kechirasiz halokatda kimingiz vafot etdi? Voqyeaga kimni aybdor deb bilasiz? Mahalliy vakillar keltirayotgan vajlarga ishonasizmi?” Kutilmaganda yaqinidan judo bo‘lgan jabrdiydadan mikrofonini tiqishtirib, savol berayotgan ham bizning hamkasb. Shusiz ham dardi o‘ziga yetarli odamdan ma'lumot olish ilinjida uni xoli-joniga qo‘ymay, so‘roqqa tutayotgan ham maxsus muxbir. U o‘z vazifasini bajaryapti. Axborot olib, uni yetkazayapti. Biroq qay tarzda? Bunday vaziyatlarda his-tuyg‘u, alamga qorishgan ma'lumot, fikrlar nechog‘li to‘g‘ri? So‘nggi, paydar-pay ma'lumotlarni birinchilardan uzataman, deb kimningdir bir dardiga ming dard qo‘shish insoniylikka to‘g‘ri kelmaydi, axir. Shaksiz ilk axborotning ta'siri kuchli. Ammo u tarqatilgach, noto‘g‘ri bo‘lib chiqsa-chi?

- G‘arb davlatlaridan biriga taniqli tibetlik ruhoniy Dalay Lama tashrif buyu­rishi kutilayotgan edi. Uning bunday tashriflari kam­yobligi sabab jamoatchilikda ulkan  qiziqish uyg‘otdi. Xullas, samolyot manzilga kelib qo‘ngach, eshik ochilib, undan ruhoniycha kiyingan odam tushayotganini ko‘rishi bilan chaqqon fotograflardan biri uni suratga oladi va “Dalay Lama shahrimizga yetib keldi” deb matbuotda shu suratni chop etadi. Vaholanki, o‘sha kimsa bor yo‘g‘i Dalay Lamaning yordamchisi ekani keyinroq ma'lum bo‘ladi. Qizig‘i shundaki, o‘sha odam Dalay Lama emasligini, haqiqiy ruhoniyning surati aslida bosh­qa ekanini odamlarga tushuntirish uchun ikki yil vaqt ketgan. Bunday voqyealar jahon jurnalistikasida ko‘plab uchraydi. Bulardan shuni xulosa qilish mumkinki, birinchi berilgan xabar u chin yoki yolg‘on bo‘lishidan qat'i nazar, afsuski, inson ongida mustahkam o‘rnashadi.

 XAVFSIZLIKKA KIM JAVOBGAR?

- Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasining ma'lumotlariga qaraganda, bir yilda kamida o‘ttizdan ortiq fotoreportyorlar yoki maxsus muxbirlar halok bo‘lishar ekan. Oxirgi o‘n yilda esa bunday o‘limlar soni mingga yaqinlashgan. Mana shunday baxtsiz hodisalarga asosan qaynoq nuqtalarda faoliyat olib borayotgan maxsus muxbirlar uchrashadi. Butun dunyo miqyosida ularning xavfsizligini ta'minlovchi hujjatlar mavjud. Biroq bunga barcha mamlakatlarda ham rioya qilinmayotgani ham haqiqat. Shunday hujjatlar sirasiga kiruvchi Fuqarolik va siyosiy huquq­lar xalqaro pakti, Inson huquqlari bo‘yicha butunjahon deklaratsiyasini alohida aytib o‘tgan bo‘lardim. Ularning har ikkalasida ham qaynoq nuqtalardagi jurnalistlar faoliyati himoyasi, immuniteti haqida to‘xtalib o‘tilgan. Bizda  o‘ndan ziyod jurnalistik faoliyatga daxldor qonuniy hujjatlar bor. 1997 yil 24 aprelda qabul qilingan “Jurnalistik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunda jurnalist xavfsizligi hamda uning har tomonlama erkin faoliyat yuritishi belgilab qo‘yilgan. Shu o‘rinda akkreditatsiya masalasiga ham to‘xtalsak. Chunki akkreditatsiyadan o‘tib ish yuritish jurnalistning xavfsizligini ta'minlashda katta ahamiyatga ega.

Mazkur masala hali hamon dolzarbligicha qolayotir. Muammoning oldini olish, imkon qadar holatni yaxshilash yo‘lida Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro tashkiloti bir necha loyihalarni amalga oshirmoqda. Biroq ko‘pincha bu harakatlar samarasiz bo‘layapti. Mutaxassislar buning asosiy sababi mazkur loyihalar ma'lum bir hudud yoki hodisa uchun emas, dunyodagi barcha jurnalistlar uchun umumiy qilib ishlab chiqarilganida ekanini ta'kidlashmoqda. Chunki Siriyadagi muxbirning holati bilan Meksikadagi re­port­yorning sharoiti va ular to‘qnashayotgan xavf-xatarlari turlicha. Shuning uchun maxsus muxbirlarning qayerda yoki qay tarzda ishlayotganiga qarab himoya qilish afzalroq. Ana shu yo‘nalishda yaqinda Meksikada bir loyiha ishlab chiqildi. Unga ko‘ra sud-huquq tizimida jurnalistlarga qarshi uyushtirilayotgan turli tazyiq, tajovuz va shunga o‘xshash holatlar bilan shug‘ullanuvchi tarmoq shakllantirilishi taklif qilinmoqda.        

 XULOSA...

So‘zimni jurnalistika ostonasida turgan kezimdagi ilk, no‘noq xulosadan boshlagan edik. O‘qish davomida sohaga doir tasavvurlarimiz kengaydi, ishlay boshlagach esa ustozlar ta'biri bilan aytganda, “o‘sha qozonda qaynay boshladik”. Biroq men hali ham jurnalistning “o‘limi”dan qo‘rqaman. Muxbirning vijdoni, ma'naviy tanazzulidan, insoniylikni yo‘qotishi va Vatan oldidagi burchini unutishidan qo‘rqaman. Axir haqiqiy fojia shu emasmi?!

 

Mohira OTABOYEVA,

“Hurriyat” muxbiri