IJOD HAM BIR SAODATDIR

Yaqinda jurnalistika sohasida “Oltin qalam” X Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov shartlari matbuotda e'lon qilinganini o‘qib, hayajonlanib ketdim. Ikki yil oldin men ham o‘sha tanlovda qatnashib, g‘oliblar qatoridan joy olarmikanman, deb yurgan edim. Nasib etgan ekan, tanlovning matbuot yo‘nalishida mening ishlarimga ijobiy baho berildi.

O chig‘i, oramizda faqat tanlov uchun yozishga o‘rganib qolgan hamkasblar ham yo‘q emas. O‘zini va kasbini hurmat qilgan jurnalist tanlov uchun deb yoki shunchaki o‘tirib yozolmaydi. Ko‘rganiyu ko‘nglidan kechirganini qog‘ozga to‘kmasa, yuragi yozilmaydi uning. Kasbga mas'uliyatni men shunday tushunaman. Bunda jurnalistning hamrohi - qalam, e'tiqodi - so‘z, vijdoni - haqiqat. Bu qalamga “oltin” maqomning berilishi esa jurnalist uchun katta baxt. Bugun men ana shunday baxtiyor jurnalistlar safida ekanimdan xursandman. “Oltin qalam” milliy mukofoti zimmamizga ulkan mas'uliyat yuklashi bilan birga so‘z aytmoq bilan aytmoqning far­qini ham bildirib o‘tyapti.

 Bugun jurnalist so‘zi doimgidan ham ko‘proq jamoatchilik e'tiborida. Dunyoda kechayotgan ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy voqyea-hodisalar, ulkan bunyodkorlik ishlari, o‘ziga xos turmush tarzimiz bevosita OAV orqali yoritilar ekan, so‘zning qudratiga imon keltiramiz. Voqyelikka yondashishda ommaviy axborot vositasida aytilgan so‘z har doim hal qiluvchi kuch bo‘lib kelgan. Jurnalist so‘zidan fikr shakllanadi, tasavvur ravshanlashadi. Shu bois, matbuot orqali so‘z ayt­moq mas'uliyati naqadar katta ekanini hech qachon unutmaymiz.

Ijodingiz alohida e'tirof etilgan bir pallada bu mas'uliyat yanada oshar ekan. Bugun matn tahriri ustida ishlar ekanman, har bitta so‘z, har bir jumlaga alohida e'tibor qarataman. Sahifalarni ko‘zdan kechirishda har doimgidan ham ko‘proq,  imlo qoidalarigacha sinchkov yondashaman.

Yaqinda bir tanishim axborot vositalari ko‘payib borayotgani haqida aytib qoldi:

- O‘zimizda o‘ndan ortiq telekanal bor. Dunyoning istalgan nuqtasidagi xabarni deyarli shu onning o‘zidayoq internetdan bilish mumkin. Shunday vaziyatda kim ham erta yo indin chiqadigan gazetani olib o‘qiydi? - deydi.

Tanishimning gapida jon borday tuyulib, bu haqda uzoq o‘ylab yurdim. Sohaga tamoman yangicha shaklda kirib kelgan Internet jurnalistika (internet-radio, internet-televideniye) auditoriyasi an'anaviy OAVga qaraganda kengayib borayotgani rost. Aynan Internet vositasida dunyoning turli burchaklarida o‘zimizning axborot maydonimizni tashkil etmoqdamiz. Ammo bu matbuot faoliyatiga daxl etadi degani emas. OAV turlarining har biri o‘ziga xos uslubga ega bo‘lishdan tash­qari, ular doimiy ravishda bir-birini to‘ldirib, boyitib kelgan. Davriy matbuot bu o‘sha davrning tarixi ham deganidir. Davrdagi har qanday voqyea-hodisalar esa tarix zarvaraqlarida o‘z ifodasini topishi kerak. Ayni shu jihatlari bugun soha zimmasiga muhim vazifalar yuklamoqda. Masalan, Internetda ifodalangan axborotni saralash o‘z zimmamizda bo‘ladi. Unda axborotning chini ham, yolg‘oni ham bor. Matbuot esa axborotlarni omma e'tiboriga obdan mushohada yuritib, saragini sarakka ajratib taqdim etadi. Bunda jamoa mehnatiga ehtiyoj seziladi. Axborotning xolis va haqqoniy ifodalanishi uchun musahhihdan muharrirgacha birdek ter to‘kadi. Matn tarkibida tinish belgilaridan tortib bo‘g‘in ko‘chirilishigacha e'tibor qaratiladi. Shunday ekan, gazetaning o‘zigagina xos jihatlarini ommaviy axborot vositalarining boshqa turlari bilan solishtirib bo‘lmaydi.

Globallashuv zamonida OAVning o‘rni nafaqat yakka shaxs, balki mamlakat hayotida ham jiddiy ahamiyat kasb etmoqda. Jahonda kechayotgan voqyea-hodisalar, dunyoda bo‘layotgan o‘zgarishlarni kuzatar ekanmiz, turli maqsad va manfaatlar o‘rtasida g‘oyalar kurashi avj olganining guvohi bo‘lamiz. Ayniqsa, tinchlikni ko‘rolmas kuchlarning buzg‘unchilik g‘oyalarini tarqatishga urinishlari kuchayib borayotir. Bu jarayonda matbuotning ta'sir doirasi muhim va jurnalist mas'uliyati beqiyos. Osuda hayotimizni, erkin va farovon turmushimizni turli axborot hurujlari, buzg‘unchi g‘oyalardan himoya qilishda, asrlar davomida shakllangan qadriyatlarimizni asrab-avaylashda, yosh avlodning har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetishlarida ushbu kasb egalarining xizmati katta bo‘lib qolaveradi. Jurnalist - ommani ogohlikka undovchi, uni So‘z bilan himoyalovchidir.

Ba'zan tahririyatga endi-endi kirib kelayotgan yoshlar (askariyati talabalar): “Nimani yozib kelsa bo‘ladi, mavzu bering”, deyishadi. Shunda ushbu xotira doim xayolimga kelgan.

Universitetda ikkinchi kurs­dalik paytimizda “O‘zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasida “Mahorat maktabi” darslari o‘tilar edi. Uyga berilgan topshiriqni ko‘pincha uddalay bilmasdik. Shunday kunlarning birida ustozimiz Ahmadjon Meliboyev:

- Mavzu topa oldinglarmi? - deb qoldi.

- ...

- Atrofga boqmayapsizlar, shekilli. Har qadam mavzu. Mana, derazadan qaranglar. Hov anavi binoni ko‘ryapsizlarmi? “Poytaxt biznes markazi”. O‘sha bino uzoq yillar bitmay yotuvdi. Mustaqillik tufayli shunday ko‘rkam inshootga aylandi. Endi ayting, bunday binolar bitta ekanmi? Axir bularning hammasi mavzular manbai-ku!

Chindan ham, istiqlol yillarida biz jahonga o‘zimizning kimligimizni, buyuk ajdodlar vorisi, qanday qudrat va salohiyatga ega xalq ekanimizni ayon etoldik. O‘shanda - “Oltin qalam” tanlovida, “Mustahkam oila yili” va “Obod turmush yili” Davlat dasturlari ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan yoritilgan turkum maqolalarim bilan qatnashgan edim. Yurtimizdagi ulkan o‘zgarishlar, bunyodkorlik ishlari, keng ko‘lamli islohotlar ijod manbaim bo‘lgandi. Shularni o‘ylasam va yozishga qiynalgan paytlarim ustozimiz bizni derazadan qarashga undab: “...Axir bularning hammasi mavzular manbai-ku!” degani yodimga tushaveradi. Qalamni qo‘limga olib, yozishga tutinaman...

Jurnalist o‘z so‘zini mashq­larga yo‘yib turganida bunday ulug‘ e'tirofga erishuvini mamlakatimizda yoshlarga berilayotgan e'tiborning yorqin namunasi deb bilaman. Demak, oldinda hali yozishim, qalamga olishim kerak bo‘lgan mavzular ko‘p. Ularni ko‘ngildan ijod etish - sharaf!

 

Anvar QULMURODOV,

 “Oltin qalam” VIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovi g‘olibi

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.