TOSHKENT TELEKANALI: QIYOFA VA MAZMUN

O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, umuman, televideniyemiz taraqqiyotning ajralmas bir bo‘lagi sifatida istiqlol yillarida jadal rivojlandi, rivojlanmoqda. O‘zbekistonda televideniye ish boshlaganida birgina kanal bo‘lgan bo‘lsa, bugunga kelib o‘ndan ortiq kanal faoliyat ko‘rsatmoqda. Kompaniya zamonaviy texnikalar bilan dunyodagi eng rivojlangan davlatlar televideniyesidan qolishmaydigan darajada jihozlangani ko‘rsatuvlar saviyasida o‘z ifodasini topmoqda. Talantli, izlanuvchan telejurnalistlarning safi ortib, kanallarning ijodiy xodimlari o‘rtasida izlanish, sog‘lom raqobat kuchaydi. Buni teletomoshabin e'tiborini tortadigan, biri ikkinchisini takrorlamaydigan ko‘rsatuvlardan ham bilsa bo‘ladi. Hamma kanallarda yuqori saviyada tayyorlanayotgan ko‘rsatuvlar ko‘p. Ammo biz «Toshkent» telekanalidagi o‘zgarishlar haqida to‘xtalishni maqsad qildik.

 Keng muxlislar auditoriyasiga ega bo‘lgan «Toshkent» telekanali so‘nggi bir yil davomida ham shaklan, ham mazmunan tamomila yangilandi. Bunga anchadan beri amin bo‘lib yurgan edig-u, lekin Navro‘z kuni «Toshkent» telekanali yangi studiya (dekoratsiya)da ish boshlaganini ko‘rib, to‘g‘risini aytish kerak, «mana, bo‘lar ekan-ku», degan o‘y har bir teletomoshabinning ko‘nglidan yarq etib o‘tgani bor gap.

Bayram arafasida «Toshkent» telekanali dunyoning eng rivojlangan telekanallari bilan bellasha oladigan jozibali qiyofa kasb etdi. Telekanalning bezaklari, ovoz va musiqalarida milliylik va zamonaviylik ajib tarzda uyg‘unlashgan, har bir bezakning muayyan g‘oyani ifodalashi esa kishini quvontiradi. «Toshkent» zamonaviy telerejissura yutuqlarini o‘zida jamlagan,  ko‘rsatuvlarining mag‘zi to‘q telekanalga aylandi.

Shuningdek, telekanalning ona Vatanga sadoqat, yuksak ma'naviyat, ezgulik tuyg‘ulari ulug‘langan o‘nlab ijtimoiy roliklarining nafaqat mazmunan boyligi, ayni chog‘da shaklan originalligi ham e'tiborni tortadi. Xususan, «Bosh maydon» roligi Mustaqillik maydonining butun mohiyatini sodda va tushunarli tarzda ifoda etgani, har tomonlama ko‘rimli va ta'sirchanligi bilan ko‘pchilikka manzur bo‘ldi.

2015 yil 21 martdan boshlab «Roytaxt» informatsion dasturi O‘zbekiston televideniyesi tarixida har soatda o‘zbek, rus va ingliz tillarida efirga chiqa boshlagan ilk teledasturga aylandi. «Roytaxt» dasturi tarkibida «Poytaxt-eko», «Poytaxt-reportaj», «Poytaxt-hi-tech», «Poytaxt-avto», «Poytaxt-intervyu», «Poytaxt-madaniyat», «Poytaxt-sport» kabi ko‘rsatuvlar har kuni efirga berilayotgani «Toshkent» telekanalining faoliyati yangilanib-rivojlanib borayotganiga yaqqol misoldir.

«Poytaxt-eko» informatsion-tahliliy dasturi ekologik madaniyatni oshirish, fuqarolarning tabiatga jonkuyarlik bilan munosabatda bo‘lish ko‘nikmasini shakllantirish, ekologik muammolarga jamoatchilik e'tiborini jalb etishni maqsad qilgan. Ayniqsa, borliqqa beparvo munosabatda bo‘lishning salbiy oqibatlari o‘ziga xos uslubda yoritilayotgani ko‘rsatuv tomoshabopligini oshirmoqda. Buni ko‘cha-ko‘yda, o‘zaro uchrashuvlarda telekanal haqi­dagi suhbatlardan ham bilsak bo‘ladi.

Avtobusdagi yo‘lovchilarning suhbatidan:

BIRINCHI YO‘LOVCHI: - Kecha «Toshkent» telekanalida yaxshi ko‘rsatuv bo‘ldi.

IKKINCHI YO‘LOVCHI: -  Shahardan oqib o‘tayotgan daryo va kanallar haqidagimi? Ko‘rdim.

BIRINCHI YO‘LOVCHI: - Ha, baraka topsin. Shu telekanal odamlar ko‘nglidagini topadi-da. «Salar» bilan «Anhor»­ning ahvolini qiyoslab ko‘rsatib to‘g‘ri qildi.

UCHINCHI YO‘LOVCHI: - «Toshkent» telekanalining bundan boshqayam yaxshi ko‘rsatuvlari ko‘p. Men doim ko‘rib boraman.

Haqiqatan ham, «Poytaxt-eko»ning 2014 yil oktyabr  oyida efirga uzatilgan sonida Toshkent shahri va viloyatidan oqib o‘tuvchi daryo va kanallarning ayrimlari juda achinarli ahvolda ekani, yuzaga kelgan ekologik holat aholining haqli e'tiroziga sabab bo‘layotganiga diqqat qaratilgan, tomoshabin dilidagi gaplar aytilgan edi.

Umuman olganda, «Toshkent» telekanalining har bir ko‘r­satuvi yangilikka aylanmoqda. Tomoshabin kutgan narsa teleekranda paydo bo‘lishi quvonarli hol, albatta. Masalan, ko‘pchilik o‘quvchi (gazetxonni)ni qiynab turgan «obuna» kampaniyasidagi qusurlar haqida 2015 yilning fevral oyida efirga berilgan ko‘rsatuvni o‘qituvchilar, ishchilar, talabalar mamnuniyat bilan kutib oldi, desak xato bo‘l­maydi. «Obuna kampaniyasi: zo‘rma-zo‘raki majburiyat» ko‘rsatuvida matbuot nashrlarining obunasi majburiy tarzda amalga oshirilayotgani respublika miqyosida tahlil etildi. Xususan, ta'lim muassasalarida o‘quvchi va o‘qituvchilar o‘quv dasturlariga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan gazeta-jurnallar obunasiga jalb etilayotgani, bunda ularning xohish-irodasi inobatga olinmayotgani ochib berildi. Shuningdek, «Matbuot tar­qatuvchi» AK, «O‘zbekiston poch­tasi» OAJ va boshqa obuna ishlarini tashkil etuvchilar tomonidan obuna mablag‘larini tahririyatlarga o‘z vaqtida bermaslik, gazeta-jurnallar narxiga yuqori foizli ustama qo‘yish, qolaversa, nashr­larning mushtariylar qo‘liga kechikib borishi singari noxush holatlar kuzatilayotgani sabablari tahlil qilindi.

Ushbu ko‘rsatuv keng jamoatchilikda fikr uyg‘otdi. Mutasaddi tashkilotlar va mas'ul shaxslarni ko‘rsatuvda ko‘tarilgan masalalarni hal qilish yo‘llarini izlashga undadi.

«Toshkent» telekanali tomoshabin qalbiga kirib bora oldi,  ko‘rsatuvlari shov-shuvga aylanyapti, jamiyatda fikr uyg‘otayapti, - deydi O‘zbekis­tonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, tanikli shoir Nasriddin Muhammadiyev. - «Toshkent» telekanalida katta ijodiy o‘zgarishlarni sezdim. Ko‘rsatuvlar chukur tahlilga asoslangan. Ko‘rib zerikmaydigan kanalga aylandi. Bunday minnatdorchilik, ko‘rsatuvlardan qoniqish hissiga to‘la gaplarni ko‘plab keltirish mumkin. Lekin bunga hojat yo‘q. Faqat telekanalni ko‘rish kerak.

«Yordamga muhtoj «tez yordam» ko‘rsatuvi ham katta-kichik davralarning suhbat mavzusiga, muhokamasiga aylandi. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning viloyatlardagi filiallari faoliyatiga mas'ul shaxslarning mas'uliyatsizligi, tamagirligi, poraxo‘rligi salbiy ta'sir ko‘rsatayotgani aniq misollar asosida yoritildi. Xususan, markazning Buxoro, Andijon, Jizzax, Surxondaryo, Navoiy viloyatlaridagi filiallarida bemorlar shifokorlar ko‘rigini soatlab kutib qolayotgani, shoshilinch tibbiy yordamning o‘z vaqtida ko‘rsatilmagani, yanada achinarlisi, mutaxassislarning malakasizligi tufayli noto‘g‘ri qo‘yilgan tashxis oqibatida bemorlar hayotdan ko‘z yumayotgani, byudjet mablag‘lari noqonuniy ravishda o‘zlashtirilayotgani, tibbiyot maskanlarida sanitariya talablariga rioya etilmayotgani, «Tez yordam» mashinalari yetishmayotgani ta'sirchan tarz­da ko‘rsatildi.

Ko‘rsa arziydigan bunday ko‘rsatuvlar ko‘p.

Endi «Xolis nazar»ga bir nazar. Bu ko‘rsatuv, shubhasiz, «Toshkent» telekanalining jamiyatda uchrayotgan muammolar, kamchiliklar, illatlarga bo‘lgan jurnalistik munosabatini aks ettiruvchi teledasturdir. «Xolis nazar»ning yaqin kunlardagi sonlaridan birida savodsizlik, uslubsizlik, «Davlat tili haqida»gi qonun talablarini buzish bilan bog‘liq qusur va kamchiliklar chuqur va atroflicha tahlil qilindi. Milliy mahsulotlarimizga, xususiy firma va tashkilotlarga nom tanlashda ma'nosi chuchmal, xalqi­miz ruhiyatidan uzoq bo‘lgan xorijiy so‘zlardan foydalanilayotgani, afisha, banner, reklama va e'lonlar matni, shuningdek, transportlardagi manzil ko‘rsatkichlari imloviy, uslubiy jihatdan xato yozilayotgani yuzasidan asosli fikr-mulohaza yuritilgan mazkur ko‘rsatuv ziyolilarimizning e'tirofiga sazovor bo‘ldi.

Aholining haqli e'tiroz va talablarini tuman hokimligi va mutasaddi tashkilotlarning mas'ul xodimlari ishtirokida muhokama qiladigan «Ochiq muloqot» ko‘rsatuvi ham ko‘pchilikning og‘irini yengil qilmoqda. Bu esa telejurnalistlarning haqiqiy hayot ichiga kirib borayotganidan dalolat. Tomoshabin orziqib kutadigan «Sayyor kamera» ko‘rsatuvi haqida gapirishning o‘zi ortiqcha. Ko‘rsatuv ijodkorlarining aytishicha, «Sayyor kamera»da ko‘rsatiladigan holatlarni hal qilish maqsadida Toshkent shahri hokimligida alohida bu guruh tuzilgan bo‘lib, ishchi guruh har bir ko‘rsatuv efirga uzatilgandan so‘ng unda yoritilgan masalalarni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘radi, hech bir muammo shunchaki yoritilib, yechilmasdan qolib ketmaydi.

«Toshkent» telekanali dasturlarini har tong «Toshkent vaqti» ma'rifiy-informatsion, ko‘ngilochar ko‘rsatuvi    boshlab beradi. Bu teledastur jonliligi, samimiyligi, ko‘rimliligi, qiziqarliligi bilan diqqatni tortadi. «Ko‘ngil hayratlari», «Taqdirlar...», «Hikmatli dunyo...» kabi ma'rifiy ko‘rsatuv va telenovellalar esa tomoshabinlarning sevimli teledas­turlariga aylanib ulgurdi.

Shu yilning mart oyida kiyinish madaniyatini targ‘ib qilish, yurtdoshlarimizning libos tanlash didini yuksaltirishga qaratilgan «Rangli televizor» deb nomlangan teleshou, iste'molchilarning huquq va manfaatlarini ifoda etuvchi «Sifat nazorati», ko‘ngilochar «Oling-oling» singari tamomila yangicha teleloyihalar ishga tushirildi, bu esa telekanal ijodiy jamoasi doimiy izlanishda ekani, dunyo telejurnalistikasida qo‘llanilayotgan ilg‘or tajribalarni tatbiq etayotganini ko‘rsatadi.

Kezi kelganda shuni ham aytib o‘tishimiz kerakki, «Toshkent» kanali kamchiliklardan butunlay xoli, unda hammasi a'lo darajada desak, biroz

mubolag‘a bo‘ladi. Informatsion dasturlardagi bir xillik, yangiliklarning zerikarli tarzda berilishi, «Men sizga aytsam» hajviy ko‘rsatuvida mahoratning yetishmasligi,                «Poytaxt-intervyu» ko‘rsatuvining zerikarliligi, xorijiy teleseriallarning ko‘p­ligi... Tanqidiy-tahliliy ko‘rsatuvlar tayyorlab o‘rgangan telekanal ijodkorlari o‘zlari haqidagi bu kabi taklif-mulohazalarimizdan ham to‘g‘ri xulosa chiqaradi, deb o‘ylaymiz.

Qisqa qilib aytganda, bugungi kunda «Toshkent» telekanali katta ijodiy salohiyatga ega bo‘lgan kanalga aylandi - xalqqa manzur bo‘ladigan o‘z yo‘lini topdi. Ayniqsa, televideniyeda ko‘pchilikka ma'qul bo‘ladigan yo‘lni topish har doim oson kechmagan. Bunga hamisha tinimsiz izlanish, yangilik qilishdan cho‘chimaslik, tashabbuskorlik va albatta, mashaqqatli mehnat evazigagina erishilgan. «Toshkent» telekanali qisqa vaqtda shunga muvaffaq bo‘la oldi.

 

Mahkam MUHAMMEDOV, O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti professori, O‘zbekiston san'at arbobi,

Maxsuma OQQO‘ZIYEVA, O‘zDJTU talabasi

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.