“XXI ASR TEXNOLOGIYALARI” – O‘YLATADI VA O‘RGATADI

 “Bolam, bu matohdan qanday foydalanishni o‘rgatasanmi?”. Smartfon reklamasida yangraydigan ushbu so‘zlar kundalik hayotda ham tez-tez quloqqa chalinadi. Odatda oilada har bir narsani kattalar kichiklarga o‘rgatadi. Kompyuter, telefon kabi zamonaviy texnika vositalaridan foydalanishni esa, aksincha, kichiklardan o‘rganishadi. Ana shu kichiklar – yosh avlodning yangi asr texnologiyalariga qiziqishi ilm-fanga bo‘lgan qiziqishga aylantirilsa, qanday yaxshi!  

XXI asrga kelib texnologiyalar shu qadar rivojlandiki, go‘yo kashf qilinmagan yangilik, yaratilmagan ixtiro qolmadi. Ammo texnologiyalarning “nano” ko‘rinishlari bu xulosaning xato ekanini isbotladi. Bugun nanotexnologiyalarning o‘zida ham ixtirolar qilinayotir. O‘zbek yoshlaridan Alisher Tojiev SMS yuborishning yangi usulini o‘ylab topgani, Azizbek Mirzaevning kimyo sohasida izlanishlari, Ravshan Nazarovning yangi antivirus tizimini yaratgani bunga misol bo‘la oladi.

Mamlakatimizda intellektual salohiyati yuqori, iqtidorli tengdoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, iste’dodlarini yuzaga chiqarish borasida turli ko‘rik-tanlovlar, olimpiadalar o‘tkazilmoqda. Fanga qiziquvchi o‘smir yoshlar uchun ta’sis etilgan va o‘z o‘quvchilarini topib ulgurgan “XXI asr texnologiyalari” jurnaliga ham bu borada o‘ziga xos vazifa yuklatilgan. Bu ham bo‘lsa, intellektual salohiyatli o‘g‘il-qizlarning ilm-fanga, zamonaviy texnologiyalarga qiziqishlarini yanada oshirish, ularning imkoniyatlarini yuzaga chiqarishdir.

Bolalar va o‘smirlarning ilmiy-texnikaviy, ma’naviy-ma’rifiy, ommabop nashri “XXI asr texnologiyalari” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 27 yanvardagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan.

Jurnalning ilmiyligini hisobga oladigan bo‘lsak, yoshlar auditoriyasida bunday nashrga ehtiyoj bormi degan savol tug‘iladi. Bunga aniqlik kiritish maqsadida O‘zDJTU qoshidagi 1-, 2-, 3-akademik litsey o‘quvchilari o‘rtasida so‘rov o‘tkazdik. Natijada, o‘smirlarning aksariyati texnika yangiliklariga qiziqishi, telefon, kompyuter kabi qurilmalarning qo‘shimcha imkoniyatlari haqida ko‘proq bilishni istashlari ma’lum bo‘ldi. Demak, yoshlarda ilmiy-texnikaviy nashrga ehtiyoj bor.

Bugungi yoshlarni uncha-muncha yangilik hayratlantirmaydi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, bolalar va o‘smirlar nashrlarining sifati va saviyasi yuqori bo‘lishi kerak. Xo‘sh, “XXI asr texnologiyalari” jurnali bu talablarga qanchalik javob beradi?

Avvalo, bolalar nashrlari sifatini belgilovchi eng asosiy mezon ularning tashqi ko‘rinishi bilan bog‘liq. Bu borada “XXI asr texnologiyalari” to‘g‘risida iliq fikr bildirish mumkin. Jurnal A4 bichimda va 32 sahifada, rangli, 7000 nusxada chop etilmoqda. Har bir maqola mavzubop suratlar bilan sahifalanadi. U boshqa nashrlarda uchraydigan qoliplardan xoli bo‘lib, fotosuratlarni joylashtirishda “podborka”, “kollaj” kabi zamonaviy usullardan keng foydalaniladi.

Nashrdagi materiallar o‘smirlar uchun sodda, tushunarli tilda beriladi. Yoshlarbop, qiziqarli  mavzular tanlanadi. Masalan, jurnalning 2014 yil 2-sonida chop etilgan “Dunyoda eng ko‘p tarqalgan so‘z” sarlavhali maqolada yoshlarning “sevimli” iboralaridan bo‘lgan “OK” (“okey”) so‘zining kelib chiqish tarixi yoritilsa, “Nima uchun kursor 45 gradusga og‘ib turadi?” maqolasida muallif o‘quvchini hayotdagi oddiy hodisalarning sirlarini topishga undaydi.                        

Aksariyat nashrlarda mobil telefon, internetning salbiy tomonlari yoritish ommaviy tus olgan bir paytda, “XXI asr texnologiyalari” jurnali ushbu mavzularda o‘quvchi bilan qiziqarli suhbatlar olib boradi. Nashrda internetmaniya targ‘ib qilinmaydi, aksincha, axborot texnologiyalaridan to‘g‘ri foydalanishning ilmiy asoslari tushuntirib beriladi. Jurnalning 2014 yil 1-sonida Feruza Xoliqovaning “Internetni kim o‘ylab topgan?” sarlavhali maqolasida jahon «o‘rgimchak to‘ri»ning vujudga kelish tarixi hikoya qilinadi. Jurnalning shu sonida “Facebook” asoschisi Mark Sukerbergning hayotiga bag‘ishlangan maqola ham o‘rin olgan.

So‘nggi paytlarda matbuotda telefon va planshetlarning zarari haqida maqolalar ko‘p chop etilyapti. Ushbu mavzuga qancha ko‘p murojaat qilinmasin, yoshlar gajetlardan hanuz voz kechgani yo‘q. Balki bu maqolalarning yoshlar uchun tushunarli bo‘lmagan uslubda yozilgani yoki quruq tanqiddan iborat bo‘lgani bilan bog‘liqdir. “XXI asr texnologiyalari” jurnalida ham ushbu mavzuga murojaat etiladi. Jurnalning 2015 yil 1-sonida e’lon qilingan ushbu maqolada internet va planshetning zararli ta’siri yoshlarga tushunarli tarzda berilgan. Maqola qismlarga ajratilib, fotosuratlar bilan boyitilgan. Jurnaldan o‘rin olgan “Milliy kompyuter o‘yinlari” sarlavhali maqola ham e’tiborga molikdir. Unda “UzInfocom” kompyuter texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi tomonidan yaratilgan o‘yinlar qalamga olinadi. Ular yordamida bolalar va hatto ota-onalar ham ingliz va rus tillarini boshlang‘ich darajada o‘rganishlari mumkinligi haqidagi fikrlar o‘quvchini befarq qoldirmaydi.

Jurnalda ilm-fan sohasida muayyan yutuqqa erishgan yoshlar va ularning ixtirolari muntazam yoritilib boriladi. Xususan, jurnalning joriy yil 1-sonidan o‘rin olgan “Bir qadam oldinda” sarlavhali maqolada jahon fanlar akademiyasining xalqaro TWAS mukofotiga loyiq ko‘rilgan o‘zbekistonlik yoshlar faoliyati haqida so‘z yuritiladi. “Bu qiziq” ruknida eng sezgir tarozi, seysmik bionika, “Wi-Fi” zonalari haqida bilib olsak, “Innovatsiya” ruknida nashr etilgan maqolalarda yangi kashfiyotlar bilan tanishamiz. “Abadiy dvigatellar – behuda urinishlar”, “San’atga aylangan matolar”, “Vulqon sayyorasini izlab” shular jumlasidan.

Umuman, jurnalni varaqlaganda ijodiy jamoaning qisqalikka intilishini ko‘rish mumkin. Maqolalar uzog‘i bilan ikki sahifadan oshmaydi. Uzun jumlalardan qochiladi. Lo‘ndalik va aniqlik jurnal uslubini belgilovchi omil ekani yaqqol seziladi. Jurnalning yana bir o‘ziga xosligi shundaki, unda bir paytning o‘zida o‘zbek va rus tillaridagi maqolalarni o‘qish mumkin. Jurnalning har bir soni alohida ilm-fan sohasiga bag‘ishlanib, bir yo‘nalish doirasidagi mavzular chuqur yoritiladi. Masalan, 2014 yil 2-soni energetika, 3-son avtomobilsozlik, 4-son biotexnologiyalar, 5-son koinot, 6-son ekologiya mavzulariga bag‘ishlangan.

– “XXI asr texnologiyalari” jurnalining so‘nggi bir yil ichida birorta ham sonini qoldirmay o‘qidim, – deydi Qibray tumanidagi 1-maktabning “Yosh ixtirochilar” to‘garagi a’zosi Zafarbek Xolmirzaev. – U orqali ko‘plab yangi ixtirolar haqida bilib oldim. Tengdoshlarimning izlanishlari haqida o‘qib, ularga havas qildim.

Guvoh bo‘lganingizdek, jurnal faqat qog‘ozdagina emas, amalda ham yoshlarbop, ularning texnologiyalar sohasiga oid yangiliklarga, qiziqarli materiallarga bo‘lgan ehtiyojini baholi qudrat qondirishga harakat qilmoqda. Uning yanada mazmunli chiqishida ba’zi takliflarni inobatga olish foydadan xoli emas, nazarimizda. Jurnal sahifalarida oddiy moslamalarni yasash bo‘yicha ko‘rsatmalar, chizmalar berib borilsa, ayni muddao bo‘lardi. Bu tajribani Rossiyaning “Znayka” jurnalida kuzatish mumkin. “XXI asr texnologiyalari”da esa bunday ishlanmalarning berilishi auditoriyaning qiziqishiga ham mosdir. Qolaversa, jurnal dizaynini yaratishda internetdan olingan fotolar emas, qurilmalarning real suratlaridan foydalanilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Mohlaroyim QAYUMOVA,

“Hurriyat” muxbiri

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.