IFODALASH SAN’ATI

 

Vaqt va Biz... 
Soniyalar va daqiqalar, kunlaru oylar, asrlar bilan o‘lchanadigan million yillarga teng vaqt orasida insoniyat ibtidoiylikdan sizu biz guvohi bo‘lib turgan davrga yetib keldi. Kechagina ertaklarda tasvirlangan aql bovar qilmas voqeliklar bugun ko‘z o‘ngimizda ro‘y bermoqda. Bularning barchasi, albatta inson tafakkuri mahsulidir.
adiiyatni olaylik. U dastlab og‘zaki shaklda, tog‘-toshlarga naqshlangan tasvirlarda namoyon bo‘ldi. Vaqt o‘tib, tosh o‘rniga hayvon terisi, papirus yoki daraxt po‘stlog‘idan foydalanildi. Ijod mahsullari kitobat qilina boshlangach, qo‘lyozma va toshbosma asarlar yuzaga keldi. Borib-borib bunday izlanishlar natijasida bosmaxonalar – tipografiyalar paydo bo‘ldi.
Bugun barchamiz sevib o‘qiydigan gazeta va jurnallar, umuman, matbuot tarixi aynan o‘sha davrlarga (balki undan ham oldinroqqa) borib taqaladi.
Gazeta – bu davriy bosma nashr. Uning vazifasi mushtariylarni olamda yuz berayotgan o‘zgarishlar, iqtisodiyot, madaniyat va sport, kundalik yangiliklardan xabardor qilishdir. Ular talabga va o‘z vazifasiga ko‘ra turli hajmda, kunlik va haftalik ko‘rinishda chop etiladi.
Gazetaning insoniyat hayotiga kirib kelishi XVI asrga borib taqaladi. O‘shanda Venetsiyada yirik savdo markazi faoliyat ko‘rsatgan. Burjuaziya hukmronlari, xorij savdogarlari, kema darg‘alari ushbu markaz savdogarlaridan ko‘plab mahsulotlar xarid qilib, ayirbosh qilganlar. Shu sababdan ular bu yerdagi narx-navo, kema qatnovlari hamda siyosiy hayot bilan doimo qiziqib turgan. Mazkur markazda bunday qiziqishlarni ta’minlash maqsadida “yangilik yozuvchilar” tsexi tashkil etiladi. Ushbu tsex savdo markazi hayotida yuz berayotgan yangiliklardan iborat qo‘lyozma xabarnomalar tayyorlash va ularni tarqatish bilan shug‘ullanadi. Xabarnoma qog‘ozlari o‘sha davrning arzimagan chaqa-tangasi narxida sotiladi. Bu tanga “gadzetta” deb yuritilgan. Xullas, gazetalar shu zayl hayot oralay boshladi...
O‘z davridagi dastlabki gazetalar sahifalari illyustratsiyasiz, faqatgina xabarnomalar bilan to‘la bo‘lardi. Keyinchalik sahifalarda musavvirlarning turli mazmun va ko‘rinishdagi grafik chizma rasmlari aks etdi. Illyustratsiyalarga boy gazetalarning o‘quvchisi ko‘paydi.
“Illyustratsiya” lotincha so‘z bo‘lib, yuz bergan yoki yuz berayotgan voqelikni tasvirlash, aks ettirish, ifoda etmoq degan mazmunni anglatadi.
Jurnalistik nuqtai nazardan ta’riflaganda, maqolani rang-tasvir va grafika, suratlar yordamida to‘ldirish, aniqrog‘i, mazmunni boyitish, mushtariyga mavzuning mohiyati haqida to‘liqroq tasavvur berish, ma’lum ma’noda izohlash tushuniladi.
Illyustratsiya rivojida, ayniqsa fotografiyaning kashf etilishi katta voqelik bo‘ldi. Bundan taxminan 130 yil avval bosma kitoblarda fotografiyadan foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Bunda zamonaviy tsinkografiya usuli qo‘llanildi. Albatta, kitoblarda fotografiyadan foydalanish gazeta va jurnallarga nisbatan avvalroq kirib kelgan edi.
Jahon ommaviy axborot vositalari hayotida illyustratsiyadan mavjud bo‘lgan har bir gazeta va jurnalning amaldagi vazifa-maqsadiga qarab foydalaniladi. Masalan, siyosiy mazmundagilari ko‘proq olamda ro‘y berayotgan siyosiy-ijtimoiy yangiliklar – joylardagi namoyishlar, xalqlar o‘rtasida buzg‘unchilik va vahima keltirib chiqarishni maqsad qilgan oppozitsion kurashlar, jamiyatlararo gij-gijlashlarga hissa qo‘shadigan ko‘rinishlar aks ettirilgan fotosuratlarni o‘z sahifalarida ko‘proq chop etishadi. Ayniqsa, turli shov-shuvlarga asos bo‘ladigan oldi-qochdi mazmundagi fotosuratlarni xushlashadi. Bunday fotosuratli maqolalarni berib borishdan maqsad, o‘sha gazeta-jurnallar egalarining moddiy manfaatdorliklari evazidan kelib chiqadi.
Fotosuratlarning sifati qandayligidan qat’i nazar, o‘quvchi uchun unda aks etgan voqelik ilk tasavvurga o‘tadi. U suratga o‘z nuqtai nazaricha baho beradi va uni boshqalarga ham tezlik bilan yetkazishga urinadi. Bunday shov-shuvli fotosuratlardan, ayniqsa, hozir – internet tarmog‘ida ko‘proq foydalanilayapti. Bitta fotosurat ming-minglab odamlarning ongini zaharlashi yoki chalg‘itishi mumkin.
O‘quvchi gazeta-jurnallar yoki internet saytlarida aks etayotgan fotosuratlarga tez ishonadi. Bunga sabab, ularda “voqelik yuz bermaganida suratkash bu suratni olmagan bo‘lardi” degan tushunchaning hosil bo‘lishidir. Ammo suratchining va uni chop etuvchining asl maqsadi nima ekani bilan deyarli hech kim qiziqmaydi. Matbuot va internet sahifalarida chop etilayotgan xabar va suratni mushtariylar so‘zsiz haqiqat deb tushunadi. Insoniyatni chalg‘itayotgan bunday “jurnalist” yoki “fotojurnalist” nigohida ezgulik tuyg‘usi so‘nib bo‘lgan...
Aslida, chinakam muxbir va fotojurnalist o‘z zimmasida ezgulikka xizmat qilmoq, mamlakati va jahonda yuz berayotgan yutuqlardan ruhlanib ijod qilishi, o‘rni bilan kamchiliklarni tuzatish yo‘llarini aniq-tiniq ifoda etishi lozim.
Ko‘z o‘ngimizda ulkan bunyodkorliklar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimiz sarhadlarida yuz berayotgan yangiliklar hadsiz-hisobsiz. Ular haqida, ularning mazmun-mohiyati haqida biz, fotojurnalistlar xalqimizga o‘zimiz tayyorlagan mazmunli fotosuratlarimiz orqali yetkazishimiz kerak. Buni ularning ko‘z o‘ngida yanada yaqin gavdalantirish uchun esa bir-biridan sifatli, rango-rang va mazmundor suratlar tayyorlashga harakat qilishimiz zarur. Har bir tayyorlangan fotosurat o‘sha bunyodkorlikni xalqimiz ongida butun borlig‘i bilan gavdalantira olsagina o‘z vazifamizni ado etgan bo‘lamiz. Aynan fotojurnalistlarning bir xillikdan qochishi, o‘zini o‘zi takrorlab qo‘ymasligi mushtariylarni gazeta o‘qishdan zeriktirmaydi.
Bugun chop etilayotgan aksar gazeta va jurnallarning illyustratsiyasi va dizayni o‘quvchini o‘ziga jalb etuvchi boshlang‘ich omildir. Matbuot illyustratsiyasi o‘z mazmun-mohiyati bilan turli vazifalarni bajaradi. Masalan, ular voqeiy-axborot xarakterida ifoda etilishi, hujjatli shaklda namoyon bo‘lishi, satira va yumorga boy bo‘lishi mumkin. Shunisi bilan ular mushtariy tafakkuriga singadi.
Qayd etish joiz, voqeiy-axborot xarakteridagi va hujjatli voqeliklarni aks ettiradigan fotosuratlar matbuotda ko‘proq foydalaniladi. Bunday fotosuratlar orqali mamlakat hayotida yuz bergan kundalik voqealar, yangiliklar, qurilishi boshlangan va yangi ishga tushirilgan ishlab chiqarish inshootlari, avtomobil va temir yo‘llar, yirik anjumanlaru sport musobaqalari haqida xabardor etiladi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi va sanoat sohalaridagi ishlab chiqarish ilg‘orlarining ish tajribalarini ommalashtirishda ham ushbu xarakterdagi fotoillyustratsiyalarning xizmati beqiyosdir.
Bilim orttirishga xizmat qiladigan fotoillyustratsiyalar asosan ilmiy-tadqiqot ishlarida – qadimshunoslik, kosmonavtika, geodeziya, tibbiyot kabi ko‘plab fan sohalarida foydalaniladi. Masalan, fazogirlar kosmik apparatlar yordamida quyosh sistemasidagi sayyoralar va kometalar yuzasini, okeanologlar esa suv osti o‘simlik va hayvonot dunyosini suratga olib, ular asosida ilmiy-tadqiqot ishlarini davom ettirishadi. Tibbiyot olimlari uchun ham fotoillyustratsiyaning ahamiyati juda kattadir.
Satira va yumorga boy fotoillyustratsiyalar gazeta va jurnal sahifalarini bezash bilan birga o‘quvchi labida yoqimli tabassum zohir etadi. Bunday ko‘rinishdagi suratlarda fotojurnalistning kuzatuvchanlik va ziyraklik qobiliyati bo‘y ko‘rsatadi. Masalan, it mushukni erkalatayotgan ko‘rinish (aslida, it bilan mushuk aslo kelisha olmaydi), tuya jo‘mrakdan oqayotgan suvga lablarini bosgancha huzurlanib chanqog‘ini qondirishi...
Faktlarga asoslangan fotosuratlar doim ham qadrlidir. Voqelikni bo‘rttirib ko‘rsatmaslikka harakat qilish zarur. Haqiqiy go‘zallik tabiiylikdadir.
Mavzu dolzarb bo‘lgani bilan fotosurat mazmunsiz “quruq” chop etilsa, o‘quvchida yaxshi taassurot qoldirmasligi mumkin. Sababi – suratda ma’no va harakatning yo‘qligi. Har bir surat jonli, ma’noli va tushunarli bo‘lishi kerak. Fotoillyustratsiyaning mazmunini o‘quvchi qo‘shimcha tushuntirishsiz anglab yetgandagina u voqelikni jonli va haqiqiy aks ettirgan hisoblanadi. Buning uchun fotojurnalist suratga olayotgan ob’ektning ish faoliyati va maqsad-mohiyatini hijjalab o‘rganmog‘i, gazetxon uchun eng zarur nuqtalarni aks ettirmog‘i shart. Buning uchun undan yuksak salohiyat va tajriba talab etadi. Fotojurnalist oldiniga shunchaki surat olgan bo‘lsa, endilikda kompozitsiya va syujetni to‘liq ifodalashga harakat qiladi. Ob‘ektning ikkinchi darajali qismlarini chetga qoldiradi. Olayotgan suratni iloji boricha fikran ko‘z o‘ngida gavdalantiradi. Shu tariqa jonli, ma’noli va sifatli surat yuzaga keladi.

Shomurat ShARAPOV,
“Xalq so‘zi” va  “Narodnoe slovo” gazetalari fotomuxbiri