KO‘Z-KO‘ZGA TUSHGANDA...

Matbuot xodimlarining gazetxonlar bilan yuzma-yuz muloqoti ikki taraf uchun ham foydali

Matbuot – jamiyat ko‘zgusi, axborotni ommaga yetkazuvchi vosita. Bugungi shiddatkor zamonda uning hayotimizdagi o‘rni, ta’siri katta. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining mislsiz taraqqiyoti, internet tarmog‘i va mobil aloqa vositalari imkoniyatining aql bovar qilmas darajada kengayib borishi insoniyatni shoshirib qo‘ymoqda. Axborot maydonidagi raqobatda matbuot o‘z mavqeini qanday saqlab qolishi kerak?
Nazarimizda, har qanday nashr birinchi galda o‘z o‘quvchilari bilan yuzma-yuz muloqotni yo‘lga qo‘yishi talab etiladi. Telefon, xat-xabar, faks yoki elektron pochta orqali virtual aloqalarda cheklanib qolmasdan, joylarda jonli uchrashuvlar tashkil etib, dildan suhbatlar uyushtirish lozim. Axir, aytishadiku, mehr – ko‘zda deb. Bir paytlar ommaviy bo‘lgan bu an’ana keyingi paytlarda negadir unutilib borayotganday...

Yaqinda “Xabar” gazetasi jamoasining o‘z o‘quvchilari bilan ana shunday muloqot qilish maqsadida vodiy bo‘ylab ijodiy safarga chiqqanini eshitib, quvondik.
Shu o‘rinda ushbu nashr haqida ikki og‘iz so‘z. Gazeta 1992 yilning mart oyidan buyon (ayni damda 16 sahifada) chop etib kelinyapti. Unda asosan mamlakatimiz aloqa va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari mavzusi yoritiladi. Gazeta haftaning har juma kuni aloqachilar xonadoniga kirib borar ekan, ularning haqiqiy do‘stiga, hamkoriga aylangan. “Xabar” sahifalarini varaqlar ekanmiz, nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo axborotlashtirish tizimidagi yangiliklar, kutubxonachilik, ta’lim tizimi, kompyuterda ishlash madaniyati, internetning bolalar salomatligiga ta’siri kabi mavzulardagi qiziqarli maqolalarni o‘qiymiz. Demak, gazeta faqat aloqa sohasi xodimlari uchun emas, balki o‘qituvchilar, o‘quvchilar, tibbiyot xodimlari, dehqon va muhandis, qo‘yingki, jamiyatimizning keng qatlami uchun xizmat qilmoqda. Uning auditoriyasini kengaytirish, mazmunan yanada boyitish nafaqat tahririyat xodimlarining, balki biz kabi mualliflarning ham vazifamizga aylanishi kerak, nazarimizda.
Endi muloqot jarayoniga qaytaylik. Ma’lumki, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Farg‘ona filialida butun vodiydan talabalar tahsil oladi. Tabiiyki, bu yerda gazetaning haqiqiy ixlosmandlari ko‘p. Uchrashuvga filial rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, talabalar, magistrlar, viloyat aloqa sohasi korxona-tashkilotlari rahbarlari va gazetaning boshqa muxlislari yig‘ildi. Bosh muharrir Abdusaid Ko‘chimov boshchiligidagi ijodiy jamoa – mehmonlarni ko‘rib, ular ham bu uchrashuvga astoydil tayyorgarlik bilan kelganini angladik. O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi vakili Muzaffar Nosirov uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad va vazifalar xususida so‘z yuritdi. Co‘ng bosh muharrir A.Ko‘chimovga so‘z berildi. Bir necha nasriy va she’riy kitoblar muallifi, taniqli yozuvchi va shoir, ustoz jurnalist Abdusaid Ko‘chimov e’tibor uchun barchaga minnatdorlik bildirdi.
— Qadrli ustozlar, aloqa sohasining fidoyilari, aziz ukalar, singillarim. Bugungi yig‘ilishimiz majlis emas, rasmiy tadbir ham emas, jamoamizning siz bilan diydorlashuvi, gazetamiz va uning muxlislarining bayramidir, – dedi u. – “Xabar” sizlarniki, uni yanada mazmunli qilish uchun yana nimalar qilish kerak, bu borada sizlarning taklif-mulohazalaringizni bilishga kelganmiz. Mamlakatimiz istiqlolga erishgan dastlabki kunlardan boshlab aloqa va axborotlashtirish sohasini rivojlantirish, tizimni jahon standartlari talabiga yetkazishga alohida, hukumat darajasida e’tibor qaratila boshlandi. So‘nggi yillarda qabul qilingan Prezident farmonlari, qarorlari, qirqdan ortiq davlat ahamiyatiga molik hujjatlar, qonunosti hujjatlari aloqa sohasi taraqqiyoti uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati, ijrosi, eng avvalo, “Xabar” gazetasida chop etiladi. Qolaversa, respublikamiz bo‘ylab aloqa korxona va tashkilotlarida qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar, aloqachilarning fidokorona mehnatlari, sohada tatbiq etilayotgan eng so‘nggi texnologik yangiliklar haqida gazeta bizni xabardor qilib turadi. Demak, “Xabar” barcha aloqachilarning nashri, yuksak minbari, o‘zaro diydorlashuv manbaidir. Agar ayni damda mamlakatimiz AKT tizimida qirq besh mingdan ortiq odam mehnat qilishini inobatga olsak, bu minbar nechog‘lik baland ekanini his qilamiz.
Samimiylik ruhida o‘tgan uchrashuvda aytilgan fikrlarga barcha birdek qo‘shildi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining hududiy boshqarmasi xodimi Muzaffar Nosirov, TATU Farg‘ona filiali direktori o‘rinbosari Baxtiyor Tolipov, viloyat Elektromagnit moslashuv xizmati boshlig‘i Nurmuhammad Turg‘unov, viloyat AKM direktori Shohidbek Aslonov, “Xabar”ning viloyatdagi muxbiri Hafiza Salyahova, 78 yoshda bo‘lishiga qaramay, hamon serg‘ayrat, yurtimizdagi islohotlardan ilhom oladigan jamoatchi muxbir Muhammadjon Mahmudov va boshqalar samimiy izhorlarini bayon etishdi, gazetaning soha xodimlari hayotida tutgan o‘rni, tizimda yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlardagi roliga e’tiborni qaratishdi.
Ayniqsa, jamoatchi muxbir Muhammadjon otaning faoliyati filial talaba yoshlariga katta ibrat maktabidir. Otaxon yoshlarga yaratib berilayotgan bugungi imkoniyatlar haqida gapirib, ulardan unumli foydalanishga, o‘qishda, jamoat ishlarida faollikka, va albatta, matbuot bilan, kitob bilan oshno bo‘lishga da’vat etdi.
— Aziz o‘g‘il-qizlarim, — dedi faxriy jurnalist, — mana, salkam saksonni qoralab turibman. Lekin qalbim yashash, ijod zavqi bilan qaynoq. Har kuni “Xabar” gazetasiga maqolalar, xabarlar tayyorlash uchun velosipedda o‘n-o‘n besh chaqirim yo‘l bosaman. Ko‘plab yurtdoshlarim, aloqachilar bilan muloqotda bo‘laman, viloyatimizdagi o‘zgarishlarni ko‘rib zavqlanaman. Bularning bari menga katta ishtiyoq beradi, charchash nimaligini bilmayman.
Uchrashuv fikr-mulohazalarga boy bo‘ldi. Gazeta o‘quvchilari bilan muloqotga tayyor, xo‘sh, soha nashri qanday bo‘lishi kerak, gazetxonlar qaysi mazmundagi maqola, xabar va yangiliklarni o‘qishni istashadi, kabi savollarga jo‘yali, asosli takliflar aytildi. Gazetada kompyuter savodxonligi darslarini yana davom ettirish, ingliz tili saboqlarini yo‘lga qo‘yish, AKT sohasida chiqarilgan qonun va qarorlar ijrosiga doir tahliliy maqolalarni ko‘paytirish, axborot texnologiyalarining boshqa sohalarda joriy etilishini keng yoritish, xullas, nashr mavzu doirasini yanada kengaytirish, aloqa sohasida amalga oshayotgan barcha jarayonlar to‘liq qamrab olinishi lozimligi to‘g‘risida fikr va takliflar bildirildi. Viloyatimizdagi ijodiy safardan so‘ng gazeta jamoasi Namangan va Andijon vohasi tomon yo‘l oldi. Bunday yuzma-yuz, jonli muloqotlar hamisha kerak. Ko‘z-ko‘zga tushganda mehr tovlanadi, do‘stona uchrashuvlarda dil qulflari ochiladi, bahslarda yangi g‘oyalar tug‘iladi, takliflar, mulohazalar oshkor aytiladi. “Xabar” jamoasining vodiy bo‘ylab ijodiy uchrashuvlari chog‘ida xuddi shunday bo‘ldi. Ayni chog‘da boshqa nashrlar ham o‘z o‘quvchilari bilan ana shunday yuzma-yuz muloqotlarni o‘tkazib tursa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Nabijon SOLIYEV,
filologiya fanlari nomzodi,
Usmonjon YO‘LDOShYEV,
jurnalist

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.