PUBLITSISTIKA - IJOD BINOSINING SO‘NGGI SAYQALI

Jamiyatda kechayotgan demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish, aholining mamlakat ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma'rifiy hayotida faol ishtirok etishiga zamin yaratish uchun, avvalo, axborot erkinligini ta'minlash, ommaviy axborot vositalarini odamlar o‘z fikr-mulohazalarini emin-erkin ifoda etadigan xolis minbarga aylantirish masalasi, davlatimiz rahbari taklif etgan Konsepsiyada ko‘rsatilganidek, "insonning axborot olish, axborotni va shaxsiy fikrini tarqatish huquqi va erkinligini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, bu O‘zbekistonda demokratik jamiyat asoslarini barpo etishning muhim sharti, ta'bir joiz bo‘lsa, tamal toshi hisoblanadi".

Istiqlol yillarida bu borada samarali ishlar qilindi. Ommaviy axborot vositalarining erkin faoliyatini ta'minlaydigan, demokratik talab va standartlarga mos keladigan milliy qonunchilik bazasi yaratildi. "Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida"gi Qonunning qabul qilinishi odamlarning o‘zlari istagan axborotni hech bir moneliksiz olish, ayni chog‘da, axborotni muhofaza qilish, shaxs, jamiyat va davlatning axborot borasidagi xavfsizligini ta'minlash imkonini berdi. Buning natijasida matbuotimiz sahifalarida sobiq tuzum sharoitida mutlaqo qo‘l urilmagan, rasman ta'qiqlab qo‘yilgan mavzular, tanqidiy mushohadalar, qiyosiy tahlillar, ijtimoiy-siyosiy sharh­lar paydo bo‘ldi.

Mustaqillikning dastlabki kezlaridayoq milliy matbuotimiz zimmasiga jamiyatda kechayotgan murakkab jarayonlarni xolis va haqqoniy yoritish, istiqlol g‘oyalarini izchil targ‘ib qilish, ayni paytda, mustaqillik manfaatlarini himoya qilish, o‘quvchilarni mamlakatda, yon-atrofimizda sodir bo‘layotgan voqyealardan o‘z vaqtida xabardor qilish, jamiyat a'zolarini yangi demokratik davlat qurishdek yagona maqsad atrofida birlashtirish vazifasi yuklandi. Buning boisi shuki, jurnalistika, ayniqsa, ijtimoiy-badiiy publitsistika o‘tish davrida voqyea-hodisalar rivojini kuzatish va tahlil etishning samarali vositasiga aylanadi, jamiyatning fikrlovchi ilg‘or qatlami bo‘lmish ijodkor ziyolilarning fikrini ifoda etadi.

Aytish zarurki, matbuot shu choqqacha bunday zalvorli jarayonga duch kelmagandi. Shu boisdan ham uning dastlabki qadamlari sust kechdi, ikkilanish kuchli edi. Chunki yangi sharoitda ishlashning "andoza"lari hali ishlab chiqilmagan edi, o‘tgan yillar davomida ommaviy axborot vositalari tarix haqiqati va ijtimoiy adolatni tiklash, tarixni o‘rganishdagi biryoqlamalik va noxolislikka chek qo‘yish, sobiq tuzum mafkurasi tamoyillaridan xalos bo‘lish, yangi avlodning yangicha dunyoqarashini shakllantirish borasida muayyan vazifalarni bajardi. Xususan, badiiy publitsistika o‘zining jangovar so‘zi, jur'ati, kuchli badiiy va hissiy ifodasi bilan munosib nufuzga ega bo‘ldi. Shoir va yozuvchilar, olimlar, ijodiy tafakkurga ega boshqa kasb egalarining ijtimoiy, ma'naviy-ma'rifiy chiqishlari jamoatchilikning o‘tish davri muammolari va ularni hal etish yo‘llari xususidagi fikrini shakllantirishda muhim rol o‘ynadi. Ilg‘or, jur'atli nashrlar yangi g‘oya va yangi mafkura targ‘ibotchisiga aylandi. Odamlarda jamiyat hayotida yuz berayotgan muhim o‘zgarishlarni matbuot orqali bilishga qiziqish kuchaydi. Ayni chog‘da, yaqin o‘tmishda matbuot faoliyatida yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklarni takrorlamaslik, ommaviy axborot vositalarini sobiq tuzum sharoitidagi mafkuraviy "ur to‘qmoq"dan jamoatchilik fikrining xolis ifodachisiga aylantirish zarurati yuzaga keladi. Bu vazifani bajarishda ijtimoiy-badiiy publitsistika, ayniqsa, faollik qildi.

Publitsistikada muallifning u yoki bu voqyea-hodisaga, jamiyat hayotidagi biror bir muammoga nisbatan munosabati aniq ko‘rinadi. Publitsist­lar o‘z asarlarida davrning ruhi va ma'naviy-axloqiy manzarasini juda aniq aks ettiradilar. "Dunyoda biror muqaddas mulk mavjud bo‘lsa, agar u chindan ham inson tasarrufiga tegishli bo‘lsa, bu - inson yeru osmon o‘rtalig‘ida barpo etadigan, aqliy faoliyat samarasi o‘laroq maydonga keladigan, odamlarning qalbida gullab-yashnaydigan ijodkorlik asaridir" deydi Balzak. Jon Golsuorsining "Adabiyot va hayot" maqolasida yozuvchining jamiyat, adabiyot oldidagi burchi quyidagicha ifodalanadi: "Yozuvchining burchi hamma narsani loaqal to‘la darajada bo‘lmasa hamki, to‘g‘ri tushunish, o‘tkir nigohga ega bo‘lish, o‘zimiz ko‘rib turgan, his qilayotgan, o‘ylayotgan narsalarimizni boshqalarga qaraganda teranroq his qilmoq, mulohaza yuritmoq va ifodalab bermoqdir".

Tanqidchi va publitsist Hyerman Hyesse shunday yozadi: "Men butun odamzotni ma'naviy jihatdan bir qolipga tushirib qo‘yish maqsadida milliy xususiyatlarni dazmoldan o‘tkazish tarafdori emasman. Yo‘q, bu go‘zal va betakror zaminda turfa xil ranglar, xilma-xillik, izchil yuksalish bo‘lsin. Turli irq va elatlarning, turli tillarning, son-sanoqsiz dunyoqarashning mavjudligi - buyuk hodisa". Publitsistikaning asosiy vazifasi - ana shu buyuk hodisa - bir-birini to‘ldiruvchi, bir-biriga suyanuvchi fikr va qarashlarni ifodalab berishdir.

Istiqlolimiz arafasi va uning dastlabki yillarida matbuotimizda ijtimoiy-siyosiy publitsistika g‘oyat kuchaydi, jamiyatda jo‘shqin fikr to‘lqini yuzaga keldi, publitsistik ruh she'riy, dramatik, kino va tasviriy san'at asarlariga ham ko‘chdi. Endilikda esa bu yo‘nalishda bir qadar sokin badiiy publitsistik asarlar, xususan, ijtimoiy mazmun bilan boyi­tilgan esse va epis­tolyar janri ustivorlik qilmoqda. Esse - publitsistikaning g‘oyat muhim, ta'sirchan, keng qamrovli janrlaridan biri. Shu ma'noda u jurnalistika va badiiy adabiyotning naqd o‘rtasida, har ikki tomonni belidan mahkam tutgan holda qaddini g‘oz tutib turadi, birini ikkinchisiga bog‘laydi, fikrni charxlab, yozilajak yangi asarlarga xamirturushlik qiladi. Mashhur romanlar, qissalar yozib, jahonga tanilgan adiblar kutilmaganda publitsistik asarlar yoza boshlagani va, aksincha, ijod suyagi jurnalistikada qotgan hamkasblarimiz vaqti kelib, pishiq-puxta badiiy asarlar yoza boshlaganining sababi ham shunda. Adabiyotshunoslar so‘nggi yuz yillikda inson ruhiy-ijtimoiy olamini tadqiq etish bilan bog‘liq yangi "uyg‘onish" faslining yuzaga kelishida esse o‘ziga xos katalizator rolini o‘ynaganini, XXI asr bo‘sag‘asiga kelib, "mediaborliq essechilik dardiga chalinganini", bu janr olam va odamni anglashning g‘oyat samarali vositasi bo‘lib qolganini ta'kidlashadi.

Esseda muallif badiiy tal­qin va ifoda usullaridan g‘oyatda unumli va erkin foydalanadi: ijodkorning obrazli mushohadasi, hissiy, emotsional tuyg‘ulari, ijtimoiy-estetik qarashlari, konkret voqyelikka nisbatan ijobiy yoki tanqidiy munosabati bu janrda o‘zining tiniq ifodasini topadi. Chinakam publitsistik asar o‘quvchini fikrlashga, ijtimoiy faollikka, bahs-munozaraga da'vat etadi, muallifning ichki "men"i yanada jur'atlashadi. Buni taniqli yozuvchi Abdusaid Ko‘chimovning "Sayohat" nomli essesida ham ko‘rish mumkin. Mavzu oddiy: bir guruh ijodkorlar Toshkentdan Qoraqalpog‘istonning Mang‘it tumaniga safar qilishadi, kuzning yengil izg‘irinida olov yoqib, cho‘pon-cho‘liqlar, baliqchilar, bilan ko‘l bo‘yida, daryo qirg‘og‘ida dilkash suhbatlar qurishadi. Muhimi bu emas, bahs-munozara, beg‘araz bellashuv rasmiy uchrashuvlar chog‘idan ko‘ra ko‘proq sayohatchilar o‘zlari bilan o‘zlari qolib, gapning indallosiga o‘tishganida sodir bo‘ladi. Gurungni o‘zlari qizitishadi. CHo‘lning yoqimli havosi, suvning mavjlanib, orolanib oqishi, qushlarning chug‘uri, jiyda daraxtlarining yoqim­li epkini mehmonlarning dil qulflarini ochib yuboradi, ko‘ngil tubiga cho‘kib yotgan qayroqi, tishli-tirnoqli, ehtirosli fikrlar yuzaga qalqib-bo‘rtib chiqadi.

Esse muallifi bu holatlarning har lahzasini, suhbatlar chog‘i aytilgan har aytim, har ibora, har qochirma-yu uchirmani butab-taramay, silliqlamay qog‘ozga tushirgan. Shu bois, "Safar"ni mutolaa qilgan kishi beixtiyor sayohatchilar safiga qo‘shilib ketganini, bahs ichida yurganini bilmay qoladi, ko‘nglida o‘zini ko‘l bo‘yida chordona qurib, gapni gapga, maqolni matalga, olis moziyni bugunga ulayotgan safardoshlar safida ko‘rish istagi uyg‘onadi.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev esse janri rivojiga salmoqli hissa qo‘shib ketdi. Otaxon yozuvchilarmizdan biri Nosir Fozilov qalamiga mansub esselar to‘g‘risida ham shu fikr­ni aytish mumkin. Adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurov, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik, O‘zbekiston xalq shoirlari Anvar Obidjon, Usmon Azim, Xurshid Davron, Tursunoy Sodiqova, adiblar Erkin A'zamov, Xurshid Do‘stmuhammad, Zuhriddin Isomiddinov, Qutlibeka, Nazar Eshonqul, Eshqobil Shukur, Ashurali Jo‘rayev kabi bir qator taniqli qalam sohiblari ijodida esse janri ancha muhim o‘rin tutadi. Bugun ko‘plab yosh qalamkashlar badiiy publitsistika janrlariga dadil murojaat etayotganlari quvonarli holdir.

Publitsistik asar jurna­listik mahoratni yillar davomida oshira borish, tinimsiz izlanish, so‘z san'atini egallash, hayotning bevosita ichida bo‘lish va uni ijodkor ko‘zi bilan kuzatish, boshqalarga nisbatan oldinroqda yurish, ijtimoiy faollik, ma'naviy-axloqiy ibrat, voqyea-hodisalar mohiyatini to‘g‘ri anglash, ulardan tegishli xulosalar chiqarish, buning uchun o‘zida qat'iyat va jur'at topa olish natijasi sifatida yuzaga keladi.

 Ahmadjon MELIBOYEV

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.