MILLIY AXBOROT-KOMMUNIKATSIYA TIZIMI RIVOJLANISHDA


Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillardanoq, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning “o‘zbek modeli” tamoyillariga asoslanib, davrning innovatsion talablariga har tomonlama mos javob bera oldi. Axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish borasida olib borilgan ustuvor siyosat sohaga zamonaviy ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish, bu boradagi ehtiyojni to‘liq qondirish maqsadida soha rivojiga qaratilgan mukammal qonunchilik bazasini shakllantirishga zamin yaratdi. 

Bu esa o‘z o‘rnida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga qaratilgan huquqiy asoslarning yanada takomillashib, barcha sohalarga, kundalik hayotimizga zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimlarini keng joriy etishga imkon yaratdi. Jamiyatimiz hayotiga elektron hujjat aylanishi, elektron tijorat, elektron to‘lovlar kabi bir qancha yangi xizmat turlari kirib keldi, fuqarolarning masofadan turib dunyoning xohlagan davlati bilan axborot almashishiga keng yo‘l ochildi. Ayniqsa, bu boradagi huquqiy asoslarning belgilanganligi sohadagi islohotlarni amalga oshirishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining “Aloqa to‘g‘risida”gi, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi, “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi, “Radiochastota spektri to‘g‘risida”gi, “Integral mikrosxemalar topologiyalarini huquqiy muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va ma’lumotlar bazalarining huquqiy himoyasi to‘g‘risida”gi, “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi, “Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida”gi qonunlari bugungi kun amaliyotida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2013 yil 27 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 1989-sonli qarori bilan tasdiqlangan “2013—2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi” sohani jadal rivojlanishida muhim qadam bo‘ldi.

Unda kompleks dastur doirasida keng polosali abonent tarmoqlarni kengaytirish, telefon tarmoqlarini yangi texnologiyalar asosida modernizatsiya qilish, raqamli televidenie tarmog‘ini va multimedia xizmatlarini rivojlantirish, axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini takomillashtirish nazarda tutilgan. Bugungi kunda mamlakatimizda telefon aloqa xizmatidan fodalanayotgan abonentlar soni 24 milliondan ziyod bo‘lib, shundan 21,6 milliondan ortig‘i mobil aloqa, 2,5 millioni esa statsionar mahalliy telefon aloqa abonentlarini tashkil etadi. Internetdan foydalanuvchilar soni esa jami 12 millionni tashkil etsa, 11,5 millioni mobil, 540,5 mingtasi simli internetdan foydalanib kelmoqdalar. Yuqoridagi raqamlardan ko‘rinib turibdiki, mamlakatimiz aholisining 80 foizi telefon aloqasidan foydalanayotgan bo‘lsa, uchdan bir qismi internet Jahon axborot aloqa tizimidan muntazam foydalanib kelmoqda. Bundan tashqari, aholining analog televidenie bilan qamrovi 100 foizga yetdi. Raqamli televidenie bilan qamrovi 54,3 foizni tashkil etmoqda.

Ta’kidlash joizki, kompleks dastur ijrosi natijasida 494 ta teleuzatkichlar o‘rnatilishi bilan mamlakatimiz aholisining 100 foizi raqamli televidenie xizmatlaridan foydalanish imkoniyati tug‘iladi. Multimedia xizmatlarini rivojlantirish orqali 2020 yilga kelib 20 dan ortiq yangi xizmat turlari joriy etiladi. Shuningdek, telefon tarmoqlarida ham NGN texnologiyasi asosida tarmoqni kengaytirish, IP va video telefon xizmatlarini joriy etish va xizmatlar sifati oshishi kutilmoqda.

XXI asr — axborot asri deb, atalishi ham bejizga emas. Chunki, bu asrda axborot eng qimmat, eng xaridorgir, raqobatbardosh va shu bilan birga ijtimoiy munosabatni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega mahsulot hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan mamlakatimizda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlikni rivojlantirishga qulay sharoitlar yaratish, davlat idoralari va tadbirkorlar o‘rtasidagi ma’lumotlar almashish mexanizmlarini joriy etishda Milliy Internet segmentini takomillashtirish, ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Yuqorida qayd qilingan dastur doirasida katta hajmdagi ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash, “Elektron hukumat” tizimi va tadbirkorlik sub’ektlari bazalarini joylashtirish imkoniyatini yaratish bo‘yicha 30 ming Tbayt hajmga ega bo‘lgan markazlarni yaratish, viloyatlargacha 40 Gbit/s, tumanlargacha 10 Gbit/s tezlikda ma’lumotlar uzatishning magistral tarmog‘ini yaratish ishlari 2015–2016 yillarda amalga oshirish belgilangan. Shu bilan birga, “Elektron hukumat” tizimini yanada takomillashtirish, aholiga, xususan, tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatiladigan interaktiv xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirish ham bugungi kunning dolzarb vazifalari sirasiga kiradi.

Ma’lumki, davlat interaktiv xizmatlari yagona portali (www.my.gov.uz) 2013 yilning iyul oyidan ishga tushirilib, dastlab 40 ga yaqin davlat interaktiv xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning soni 250 dan ziyoddir. Ayni paytda mazkur portaldan foydalanuvchilar tomonidan murojaatlarni ko‘rib chiqish, davlat organi rahbariyati qabuliga yozilish, tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, davlat bojxona qo‘mitasi xizmatlaridan foydalanish kabi xizmat turlari fuqarolar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratib bermoqda.

Qayd etish joizki, portal tomonidan ishga tushirilgan oxirgi loyihalardan yana biri tadbirkorlik faoliyati yuzasidan qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini baholash tizimi bo‘lib, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati bilan bog‘liq normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilinishida bevosita tadbirkorlarning ham ishtirokini ifoda etadi. Mazkur tizim yordamida tadbirkorlar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalariga amaliyotdan kelib chiqib o‘zlarining taklif va tavsiyalarini bildirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bu esa qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarni xalqchil bo‘lishini ta’minlaydi.

Muxtasar qilib aytganda, kelgusida mamlakatimizda zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda axborot olish, Internet global axborot tarmog‘i orqali interaktiv xizmatlar ko‘rsatishni yanada takomillashtirish mamlakatimiz rivojlanish strategiyasining muhim maqsadlaridan biri bo‘lib xizmat qiladi.

 

Shuhrat TO‘XTABOYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.