AXBOROT VA TUSHUNCHA

 

Bir qarashda, axborot tushunchasini aniqlab olish qiyin emas: bu bugungi kunda jamiyatda sodir bo‘layotgan voqealar haqidagi xabardir. Muxbir — sodir bo‘layotgan ushbu voqealarning oddiy kuzatuvchisi yoki hikoya qilib beruvchisidir, deb o‘ylash noto‘g‘ri, albatta. Muxbir tom ma’noda o‘sha, yetkazib berilayotgan xabarning ijodkori, yaratuvchisidir.

 “Yangiliklar industriyasi” jamiyatning siyosiy, iqtisodiy hayotida ham, madaniy va ijtimoiy jarayonlarida ham doimo asosiy o‘rinni egallab kelgan.

Masalan, Ikkinchi jahon urushi yillarida jurnalistik yangiliklar asosan dushman qo‘shinini chalg‘itish maqsadida ishlatilgan. Mustabidlik davrida siyosiy doi­ralarning birgina ishorasi bilan matbuot o‘quvchilar ommasiga juda katta g‘oyaviy ta’sir o‘tkazgan va buning uchun doimo “muhim” bo‘lgan yangiliklar ishlatilgan.

Jahonda ko‘p voqealar bo‘lib o‘tadi va jurnalistlarning asosiy vazifasi shu voqealarning to‘liq tasvirini keng o‘quvchi omma­siga havola etishdan iboratdir. Aynan shu ma’lumotlar yordamida inson atrofidagi dunyoni taniydi, kerakli bilimni oladi va nimanidir o‘zgartirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Har qanday ma’lumot ma’lum bir shaklda taqdim etilishi lozim. Dastlabki axborot shaklidagi janr – bu maqola yoki yozma manba hisoblanadi. Bu ma’lum bir voqea yoki hodisa haqidagi qisqa xabar. Keng­roq tafsilotlar maqolalarda yoritiladi. Bunday maqolalarda jurnalist tomonidan dalillar bilan keltirib o‘tilishi hamda biror-bir axborot yoki ma’lumotni tahlil qilish istagi aks etishi lozim. Tahliliy maqola muallifining vazifasi – o‘quvchilarga nafaqat ma’lum bir voqea haqida xabar berish balki, “jonli misol” yordamida butun bir voqeani tahlil qilish vazifasi yuklanadi. Axborot janrlariga yana reportaj (matbuot, radio, televidenie orqali beriladigan mahalliy axborot yoki mahalliy muxbir xabarlari) va hisobot ham kiradi.

Reportaj tayyorlashdan maqsad – voqeani jonli tasvirlash. Uni tayyorlash uchun jurnalist voqea sodir bo‘layotgan joyda ishtirok etishi shart.

Hisobot – bo‘lib o‘tgan voqeani aniq va to‘liq tasvirlash, ya’ni dalillarning quruq bayoni. Hisobot konferentsiya, yig‘ilish va turli xil majlislardan yozilishi mumkin. Lekin biz kengroq tarqalgan axborot janri – maqolaga qaytamiz.

Zamonaviy vaqtli nashrlar sahifalarida maqolalarning har xil turini uchratish mumkin. Keng tarqalgan turlaridan – bu voqeiy maqola, e’lon (anons) va mini taqrizlar. Voqeiy maqola sodir bo‘lgan biron bir voqeaga bag‘ishlanadi. Anons maqola esa bo‘lib o‘tishi lozim bo‘lgan siyosiy, madaniy va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan voqealar haqidagi xabarlardan iborat. Masalan, yaqinda bo‘lib o‘tadigan kontsert, ko‘rgazma yoki yarmarkalarning aniq sanasi, vaqti, qachon va qaerda bo‘lishi haqidagi qisqacha ma’lumotdir. Anons maqola muallifining vazifasi – bu faqat reklama qilish emas, balki o‘quvchilar omma­sini o‘z mamlakat yoki shaharlarida yaqin vaqt oralig‘ida bo‘lib o‘tadigan voqealar haqida ma’lumot berish hamdir. Shuning uchun anons maqola jurnalistni bo‘lib o‘tadigan tadbirga bo‘lgan munosabatini bildirgan holda salbiy xarakterga ega bo‘lishi ham mumkin. Kichik taqriz – bu madaniy sohadagi ma’lum bir voqea­ning (spektakl, ko‘rgazma, shou) qisqacha bahosi. Uning taqrizdan far­qi shundan iboratki, muallif bo‘lib o‘tgan voqeaning badiiy ahamiyatini tahlil qilishni maqsad qilmaydi. U o‘quvchilarga voqeaga nisbatan fikrini, munosabatini bildiradi, xolos.

Zamonaviy gazeta va jurnal sahifalarida, ayniqsa oila davrasiga mo‘ljallangan nashr­larda maslahat – maqola deb atash mumkin bo‘lgan xabarlarni ham uchratish mumkin. Bunday maslahatlar sog‘­liq, uy xo‘jaligini yuritish va o‘z-o‘zini tahlil qilishga bag‘ishlanadi.

Ko‘rinib turganidek har bir janr asosida qandaydir xabarni ommaga yetkazish maqsadi yotadi. Shuning uchun ham kengaytirilgan maqolalarni jurnalistik lahjada korrespondentsiya ham, deb ataymiz.

 

O‘zMU talabasi

Azizbek NAHANOV tayyorladi.