SO‘ZINGIZGA XARIDOR BORMI?

Jurnalist — jamiyatning ilg‘or kishisi. Buni jurnalistika fakultetida o‘qib yurgan kezlarimiz ustozlarimiz bot-bot qulog‘imizga quyishardi. Darhaqiqat, ilg‘or kishi sifatida xalq oldida so‘z ayta bilish, uning fikrini ifodalash, haqiqatni ob’ektiv tarzda yoritish jurnalistdan bilim va yuksak mahorat talab qiladi.

 Mustaqillik sharofati bilan ommaviy axborot vositalariga yangicha munosabat shakllandi. Prezidentimizning 2011 yil 30 dekabrda qabul qilingan “Ommaviy axborot vositalarini yanada rivojlantirish uchun ko‘shimcha soliq imtiyozlari va  afzalliklar berish to‘g‘risida”gi qarori tahririyatlar, matbaa va matbuot tarqatish korxonalari hayotida muhim ahamiyat kasb etmoqda. OAV tahririyatlari, nashriyotlar foyda hamda obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘idan ozod qilindi. Tahririyatlar, nashriyotlar va bosmaxonalarga ham ayrim majburiy to‘lovlar borasida yengillik berildi. Afzalliklardan yana biri mikrofirma va kichik korxonalar shaklida ishlayotgan OAV, nashriyotlar, poligrafiya tashkilotlari, kompaniyalar uchun yagona soliq stavkasi 6 foizdan 5 foizga tushirildi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi “Ijod” fondiga nashriyotlar va matbaa tashkilotlari to‘laydigan majburiy to‘lovlar miqdori esa 2 foizdan 1 foizga qisqartirildi.

Ommaviy axborot vositalari aholining siyosiy va ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirishda, fuqarolarning mamlakatimiz taraqqiyotiga qo‘shadigan hissasini yanada yuksaltirishda, yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan avaylab-asrab tarbiyalashda munosib o‘rin tutadi. Shu bilan birga, odamlar fikr va o‘ylarini, jamiyatda bo‘layotgan voqea va hodisalarga munosabatlarini erkin va mustaqil ifodalay oladigan  minbar hamdir.

Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida mamlakatda islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda OAVning roli va ahamiyatining naqadar muhimligiga alohida to‘xtalib, axborot sohasini isloh qilish, axborot va so‘z erkinligini ta’minlash masalalariga doir taklif va mulohazalarida bugun ommaviy axborot vositalari oldida katta va keng qamrovli vazifalar turganligini yana bir bor ta’kidlagan edi.

“Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi fuqarolarning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqidan yanada kengroq foydalanishlari hamda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari qabul qilayotgan qarorlar sifatini yanada yaxshilash imkoniyatini yaratdi. Axborot oluvchi xoh u jismoniy yoxud yuridik shaxs bo‘lsin axborotlarni belgilangan tartibda moneliksiz olish va tarqatish imkoni vujudga keldi. Mazkur qonunning asosiy printsiplarida taqdim etilayotgan axborotdan hammaning foydalanishi mumkinligi, uning o‘z vaqtida berilishi va ishonchliligi, oshkoraligi va shaffofligi, axborotni izlash, olish va tarqatish erkinligi belgilab berilgan. Ushbu qonun mazmun-mohiyati bilan ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlar faoliyati uchun ham keng imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Ta’bir joiz bo‘lsa, mazkur Qonun orqali OAV va hokimiyat organlari o‘rtasidagi munosabatlarning ustuvor jihatlari to‘g‘ri va aniq belgilab berildi.

Keyingi o‘n yil ichida  sohaga doir bir qancha qonunlar va qonunosti hujjatlarining qabul qilingani ommaviy axborot vositalarini yanada liberallashtirish, so‘z erkinligini ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etdi.  Bu esa soha xodimlarining jamiyat oldidagi burchlarini yanada teran his qilishga, zamon bilan hamnafas bo‘lib, voqealarni xolis va to‘g‘ri tahlil qilgan holda yoritishga undayapti.

Bugun ham mahalliy jurnalistlar safida o‘z ishining tajribali, fidoyi kishilari mehnat qilmoqda. Ular orasida yuksak malakali, tajribali kishilar ishlayotgani, ustoz-shogird an’analari davom etayotganini alohida ta’kidlamoq kerak. Ko‘p tahririyatlar qoshida, xususan, “Xorazm haqi­qati”, “Hayot ko‘zgusi”, “Bog‘ot sadosi”, “Gurlan hayoti”,  “Hazoraspnoma”, “Xonqa hayo­ti” gazetalarida “Mahorat maktablari” faoliyat olib boryapti.

Keyingi paytda ayrim tahririyatlar yosh jurnalist kadrlar hisobiga yanada mustahkamlanmoqda. Buni “Xorazm haqiqati”, “Yangibozor ko‘zgusi”, “Xiva tongi”, “Hayot ko‘zgusi” gazetalari tahririyatlari misolida ko‘rish mumkin. Keyingi bir yil ichida viloyat davriy nashrlari tahririyatlariga o‘ndan ziyod yosh jurnalist ishga qabul qilindi.

Ommaviy axborot vositalari maydonida raqobat kuchaygan bir paytda eski qoliplardan voz kechib, yangicha qarashlar va yondashuvlar bilan ijod qilmog‘imiz lozim. Hatto gazetani sahifalash va ruknlarni joylashtirish, materiallarning rang-barang ko‘rinishla-rini yaratish masalasida ham bugun yangicha yondashuvlar, talablar mavjud.

Bundan ikki yil burun viloyatimizga matbaachilik zamonaviy asbob-uskunalarining keltirilishi va joriy etilishi davriy nashrlar sifati, mazmun-mundarijasini tubdan o‘zgartirdi. Bugungi kunda barcha gazeta va jurnallar rangli tasvirda chop etilmoqda. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan gazetalarimizning umumiy adadi 25 foiz oshganini kuzatish mumkin. Ammo bu biz faxrlanadigan raqam emas. Holbuki, bu ko‘rsatkich bitta yoki ikkita gazeta misolida erishish mumkin bo‘lgan raqam. O‘quvchilar sonini yanada ko‘paytirish hisobiga tahririyatlar o‘z moddiy sharoitlarini yaxshilash imkoniyatlariga ega bo‘lishlari mumkin. Bugun tahririyatlar hayotida muassis va tahririyat o‘rtasida tuzilgan o‘zaro kelishuv shartnomalariga qanday amal qilinyapti, degan savolni bergimiz keladi. Gazeta muassisning minbari, aytar so‘zi va uning eng yaqin targ‘ibotchisi sanaladi. Muassislarning o‘z nashrlariga bo‘lgan munosabatlari qanday? Muassis o‘z nashrining taqdiriga befarq bo‘lmasligi kerak, aks holda gazeta ta’sis etishning nima keragi bor, degan o‘rinli savollar berilishi tabiiy.

Gazetaning o‘qishligi va ommabopligini ta’minlashda, avvalo, tahririyat ijodiy jamoasining, qolaversa, muharrir  mas’uliyati, tashabbusi muhim ahamiyatga ega.

Shu o‘rinda Kaykovusning mashhur “Qobusnoma”sida keltirilgan “So‘zing­ga xaridor bormi” degan fikrini eslatib o‘tmoqchiman. Qarangki, bu haqiqat bugun ham o‘z kuchini yo‘qotmagan. Ta’bir joiz bo‘lsa, so‘z jurnalist­ning mahsuloti. So‘z aytaverish mumkin, biroq mahsulotingizga xaridor bormi? Buni chuqur o‘ylash kerak. Xaridor esa talabchan, bugun u xohlagan ommaviy axborot vositasi orqali o‘ziga zurur ma’lumotlarni, axborotlarni  olish imkoniyatiga ega.                                                   

Dilbar Bekjonova

Xorazm viloyati matbuot va axborot boshqarmasi boshlig‘i