ZAMON BILAN HAMQADAM NASHRLAR

Bugun dunyo axborotlar ummonida suzib yurgan kemaga o‘xshaydi. U to‘lqinlar ta’sirida goh o‘ng, goh so‘l tomon chayqalib turibdi. Turli axborot vositalari ummondan bir tomchi bo‘lib yashab qolishga, ulkan kema ahli diqqatini tortishga harakat qilmoqda. Vaqt charxpalagi esa ularni saralashdan to‘xtamaydi.

Ma’lumotlarga qaraganda, respublikamizda OAV soni 1400 dan ziyod. Shundan 300 tasi jurnal. Bosma ommaviy axborot vositalarining bu turi azaldan mazmun, shakl, dizayn jihatdan ustunlikka erishib kelgan. Shu o‘rinda ancha yo‘lni bosib o‘tgan “Guliston”, “Fan va turmush” jurnallarini esga olish kifoya.

 Hozirgi kunda chop etilayotgan jurnallarni varaqlaganda ham birmuncha ko‘ngil to‘larli o‘zgarishlarga guvoh bo‘lyapmiz. O‘tgan yili mart oyidan chiqa boshlagan “O‘zbekiston armiyasi” jurnali qisqa vaqtda sohada o‘z o‘rnini topib ulgurdi va ayni paytda 14 mingdan ziyod o‘quvchi qo‘liga yetib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi muassisligida chop etilayotgan mazkur nashr­ning zamon talablariga mos dizayni diqqatni tortadi. Yuqori sifatli yaltiroq qog‘oz, rangli, bezakli, suratlarga boy sahifalar o‘quvchi qiziqishini oshiradi. Mazmun ham shunga yarasha bo‘lishi uchun ijodiy jamoa bor iste’dod va mahoratlarini ishga solgan. O‘zbek va rus tillaridagi materiallarni o‘z ichiga olgan nashrning o‘tgan yilgi 4-sonida berilgan materiallar mavzu qamrovi ancha keng. Bosh Qomusimiz qabul qilinganiga 23 yil to‘lishi munosabati bilan ushbu sana oldidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari, Respublika Harbiy prokurori Shuhrat Uzoqovning salmoqli maqolasi chop etilgan. Unda mamlakat bar­qaror rivojlanishi, milliy xavfsizlikni ta’minlash, dunyoda turli g‘oyaviy-mafkuraviy axborot xurujlari avj olayotgan bir paytda xalqimiz ma’naviyatini asrash va yuksaltirishda Asosiy Qonunimiz huquqiy asos bo‘layotgani qayd etiladi.

“Tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha O‘zbekis­ton tashabbuslari”, “Vatan oldidagi muqaddas burchimiz”, “Vatan himoyasi – buyuk jasorat” kabi materiallarda esa mintaqada xavfsizlikni ta’minlash, ekologik muammolarni bartaraf etish, harbiy vatanparvarlik tarbiyasi xususida so‘z boradi. Mamlakatimizda chaqiruv tizimining shakllanishi hamda harbiy tibbiyot istiqbollarini ochib beruvchi maqolalar soha xodimlari, qolaversa, o‘quvchi uchun qiziqarli ma’lumotdir. “Xorij armiyasida”, “Yoshlarga oid davlat siyosati – amalda” ruknlari ostida berilgan maqolalar ham mushtariylarni befarq qoldirmaydi.

“Ajdodlar merosi” ruknidagi “Asrlar qa’ridan taralgan yog‘du” materialida aks etgan buyuk sarkarda Zahiriddin Muhammad Boburning eng qiyin damlardagi mardona yurishlari yosh harbiylar uchun maktab vazifasini o‘taydi.

So‘nggi sahifada qoraqalpoq yozuvchisi Kengesboy Karimovning “Ulug‘ dasht bo‘rilari” romanidan olingan parcha bilan tanishasiz. Bundan tashqari, nashrning mazkur sonidan sohaga doir tanlovlar natijalari ham o‘rin olgan.

“Yosh kuch” jurnali nafaqat respublikamiz yoshlari, balki ko‘pchilikka yaxshi tanish. Xususan, u dizayn jihatdan hech bir xorij nashrlaridan qolishmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, jurnal o‘smir, o‘spirin yoshlarning qiziqishlaridan kelib chiqib, yangicha shakl bilan boyigan. Nashrning o‘tgan yilgi so‘nggi sonida “Kamolot” YoIH tashabbusi va bir qator tashkilotlar hamkorligida “Ertangi kun bizniki, marra bizniki!” shiori ostida ilk bor o‘tkazilgan “Yoshlar haftaligi”ga keng o‘rin berilgan. Haftalik doirasidagi tadbirlardan olingan suratlar ko‘pgina sahifalarni bezagan. Xususan, “Yoshlar modasi va dizayn festivali”ga ko‘proq urg‘u berilgan.

“Boringizga shukr, bobolar!” rukni ostidagi qator sahifalarni yurtimizning mashhur kishilari – yozuvchi, adabiyotshunos, san’atkor, sportchi keksalari nevaralari bilan tushgan suratlar bezab turibdi.

“Saodatning zarif ranglari” maqolasida rassom, kimyogar olima Zarifa Saidnosirovaning ibratli umr yo‘li aks etgan.

 “5 peshqadamdan 5 qadam” sarlavhasi ostida iqtidorli yoshlar – aktyor va boshlovchi Abdulg‘ofur Isaxonov, “Kamolot” YoIH boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi Olimjon To‘y­chiev, opera xonandasi Shirin Mamatova, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Mehrinoz Abbosova, xalqaro toifadagi sport ustasi Ro‘zimurod Muqimov haqida hikoya qiluvchi material o‘ziga xos uslubda yoritilgan.

O‘zbekiston yoshlar simfonik orkestri rahbari va bosh dirijyori Kamoliddin O‘rinboev hayoti va faoliyatidan hikoya qiluvchi “Omadli jent­lmenlar” rukni ostidagi “Dirijyor” maqolasi yosh jurnalxon uchun namuna bo‘lgulik qiziqarli ma’lumotlarga boy.

“Kitob o‘qiyotgan ayol” maqolasi orqali esa teleboshlovchi Kamola Odilovaning mutolaa madaniyati bilan tanishish mumkin.

“Ko‘cha uydan azizmi?” “Selfi yoki so‘nggi surat” mulohazali maqolalari yoshlarni atrofdagi voqea-hodisalarga teran nigoh bilan nazar tashlashga, bo‘sh vaqtni behuda sarf­lamaslikka, hushyorlikka undaydi.

O‘ylaymizki, har ikki nashr ham yanada sermazmun materiallar bilan o‘z muxlislarini xushnud etishda davom etadi.

 X.AHMADJONOVA

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.