PUBLISISTIKA — TARIXIY MANBA

Bugun taraqqiyot pillapoyasidan ildamlab borayotgan yurtimizning har jabhasi paydar-pay qalamga olinsa, o‘nlab boburnomalar, yuzlab sayohatnomalar yaratishga arzigulik manbalar mavjud. Masalan, mustaqillik sharofati bilan aholisining turmush tarzi tubdan farovonlashgan Samarqand‚ Andijon, Farg‘ona, Namangan, Urganch kabi shaharlar, butunlay qiyofasi yangilanayotgan azim Shahrisabz yoki boshqa shahar va qishloqlardagi bunyodkorlik ishlarining o‘zi bir olam mavzu.

 Vodiyga temir yo‘l o‘tkazish uchun tog‘ bag‘rini o‘yayotgan Farhodlar jasorati, mashaqqatli mehnatini zalvorli asarlardagina aks ettirish mumkin. Jahon arenalarida yurtimiz bayrog‘ini hilpiratayotgan sportchilarni ko‘rganda yurak hapqirib, qalamingiz o‘ynoqlab ketadi. Asakada, Urganchda, Samarqandda ishlab chiqarilayotgan turli rusumdagi avtomobillar, avtobuslar g‘izillab el xizmatida yursa, “MAN” korxonasining mahobatli yuk mashinalari og‘iringizni yengil qilsa, shuning o‘zi mahobatli asar bitgulik voqea emasmi? Namanganda tikilgan bejirim kostyum-shimlarda yursangu Sho‘rtangaz va boshqa yangi gaz konlari taftidan iligan “Kamolot” uylarida yashasang, qishning o‘rtasida o‘zimizning bog‘larda yetilib pishgan sarxil mevalarni yeya turib “shularning bari o‘zimizniki ...” deya yengil tin olsang! O‘shanda bularning hech biri o‘z-o‘zidan bunyod bo‘lib qolmaganini, uning zamirida, ulkan mehnat, ilmiy salohiyat turganini his etasan. Bosma nashrlarda chop etilayotgan xabarlar, yangiliklar vodiyga temir yo‘l o‘tkazilayotganini ayon qilib bu voqea tarix zarvaraqlarida jahonshumul voqelik sifatida o‘rin ham egallagandir. Ammo uning tag zamirida xal-qimiz shijoati turganini kichkina xabar-yangiliklarda ko‘rsatib bo‘lmaydi. Yurtimiz jamoli, xalqimizning chehrasiga qarab chin publitsistika yozish davri keldi, deysan beixtiyor. Ammo bunday asarlar salmog‘i qay darajada, degan savol ham tug‘iladi. To‘g‘ri, ba’zi ijodkorlarimiz asarlarini bugungi ijtimoiy hayotimizning so‘zlardagi aksi, publitsistikamiz poydevoriga g‘isht qo‘yish deyishimiz mumkin. Lekin jadallashgan zamonamiz, o‘zgarishlarga boy hayotimiz haqida bular dengizdan tomchi bo‘la oladi, xolos. Masalan, Sirojiddin Sayyidning “Samarqandda hushim qoldi” ocherki shahardagi o‘zgarishlar yangi qurilgan inshootlar va Samarqand aholisi haqida so‘zlab o‘quvchi qalbiga viloyat xalqi hayoti haqidagi tushunchani singdiradi. “Afrosiyob xayoli” bo‘limida mamlakatimizda birinchi tez yurar “Afrosiyob” poezdi haqida so‘z boradi. Uni jahonshumul voqea to‘g‘risidagi badiiy, tasviriy manba sifatida tilga olishimiz mumkin. “Oqdaryoga boqdaryo”, “Afrosiyob ovrosiyo” kabi so‘z o‘yinlari yo‘l ocherkidagi badiiylik, xalqchillik o‘quvchini mahliyo qilib qo‘yadi. Yoki Rustam Musurmoning Eski jo‘va mavzesi “Chorsu” bozoridagi bunyodkorliklar tavsiflangan ocherki hech kimni e’tiborsiz qoldirmaydi. To‘lan Nizomning janubiy viloyatlarga o‘tkazilgan temir yo‘l haqidagi “Temir yo‘l” dostoni o‘sha yo‘ldan borayotgan poezd vagonlarida bir kun qo‘lma-qo‘l bo‘lar, deb o‘ylaysan. Zamon shitobiga nazar solar ekansan, chinakam publitsistikaning davri kelganiga amin bo‘lasan. “Xo‘sh chinakam publitsistika o‘zi nima? Uning vazifasi nimalardan iborat? Chinakam publitsistik asarlar yaratish qiyinmi?” degan savollar qarshisida xayol surib qolasan kishi. Shunday ekan, kelajak avlodlarning bunday maqolalarni kuzatib adabiy muhitni to‘g‘ri baholash va ularning rivojida nimalarga e’tibor qaratish kerakligini tushunib xulosalar chiqarishini hisobga olib, matbuotda tahliliy materiallarga ko‘proq o‘rin berish davr talabi ekanini anglaysan.

Publitsistika (lot: “ijtimoiy”) lug‘aviy ma’nosidan ham ko‘rinib turibdiki, davrning ijtimoiy, siyosiy va boshqa dolzarb masalalariga bag‘ishlangan adabiy ijod turidir. Unda publitsist biron bir voqea yoki mavjud muammo yuzasidan aniq fikrini aytadi. O‘z uslubida mahoratini ishga solib, mushtariylarning hissiyotiga ta’sir etadi, yoki ongini qitiqlab, mavzu borasida bosh qotirishga chorlaydi. Uning asosiy vazifasi ijtimoiy hayotimizdagi voqea-hodisalarga nisbatan jamoatchilikda fikr uyg‘otish tasavvurni yuzaga chiqarishdir. Bir qaraganda publitsistika taroziga ham o‘xshaydi — uning bir pallasida badiiy adabiyot ikkinchisida jurnalistika turadi. Badiiy publitsistik janrlar — ocherk, esse, feleton pamfletlarda badiiy adabiyot unsurlari ko‘zga tashlanadi. Ularda Obrazlilikka asoslanib, o‘xshatish, mubolag‘a, sifatlash kabi badiiy vositalardan foydalaniladi. Tahliliy maqola, siyosiy sharhlarda fakt, dalil, tahlil kabi jurnalistik nuqtai nazar ko‘proq namoyon bo‘ladi. Ammo ikki holatda ham badiiy adabiyot yoki jurnalistik qarashlardan butunlay yiroqlashilmaydi, ana shu jihati bilan bunday ijod namunalarini adabiyot va jurnalistikani bog‘lab turuvchi oltin ko‘prikka qiyoslashadi.

Milliy matbuotimizdagi publitsistikaning tarixiy ildizlariga nazar soladigan bo‘lsak, ko‘pchilik tadqiqotchilar mavzuni taniqli jurnalist Ziyo Said “O‘zbek vaqtli matbuoti tarixi”ga materiallar” asarida o‘zbek matbuoti tarixi “Turkiston viloyatining gazeti” nashr etilgan vaqtdan boshlanadi, degan fikriga asoslanib to‘n bichadi. Ammo xalqimiz madaniyati tarixida bugungi til bilan atalgan — publitsistika, uni ro‘yobga chiqarish vositalari matbuot yaratilishidan ancha ilgari paydo bo‘lganligiga e’tibor qaratish kerak. Turkiy xalqlar yodgorligi “Qobusnoma”, Nizomiy Aruziy Samarqandiyning “Nodir hikoyatlar” asarlarining mantiqiy tafakkur usuli ijtimoiy, axloqiy pafosi va boshqa xususiyatlari jihatidan o‘zbek publitsistikasining nodir namunalaridir. Bundan tashqari, ko‘pgina tarixiy asarlarda ham publitsistik unsurlarni ko‘rishimiz mumkin. Masalan, Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois”, “Munshaot”, “Mahbub ul-qulub” asarlarini shular qatorida sanaymiz. Yoki Sayid Hasan Ardasher, Abdurahmon Jomiy, Pahlavon Mahmud, Husayn Boyqaro va boshqalar to‘g‘risidagi xotiralari aynan portret ocherki janri xususiyatlariga mos bo‘lib, nafaqat, ularning ijodi, faoliyati, balki xarakteristikasi to‘g‘risida ma’lumot beradi. “Boburnoma” asarida esa badiiy publitsistikaning safarnoma, portret, reportaj va boshqa janrlariga xos bo‘limlarni ko‘ramiz. Samarqand, Andijon tasvirlari o‘sha davrdagi shahar qiyofasini yaratadi, xalqining hayotini ko‘z o‘ngimizga keltiradi. XIX—XX asr boshlarida yozilgan Muqimiyning “Sayohatnoma”si yo‘l ocherkiga xos namuna. Yaypan, Do‘rmoncha, Oltiariq kabi vodiyning qishloqlari ta’rifini o‘ynoqi satrlar bilan aholisi ruhini shuurimizga joylaydi. XX asr boshlarida “Taraqqiy”, “Oina”, “Xurshid” kabi gazeta jurnallarda chop etilgan Fitrat, Behbudiy, Abdulla Avloniy kabi jadidlar ijodida publitsistik janrlarda yozilgan asarlar ko‘plab uchraydi.

Biroz bo‘lsa-da, tarixga murojaat qilganimizning boisi shuki, biz o‘sha davrdagi ijtimoiy voqelik haqida fikr yuritganimizda, avvalo o‘sha asarlarda keltirilgan manbaalarga asoslanamiz. Sohani yaxshi bilgan ustozlar, xususan, jurnalistika sohasida o‘zining ilmiy qarashlari bilan nom qozongan Ochil Tog‘aev ta’rificha publitsistik asarlarning asosiy vazifasi o‘sha davr ijtimoiy hayotidagi voqeliklar, muammolar, kamchiliklar to‘g‘risida jamoatchilik fikrini uyg‘otish, ularni maqsadli yo‘naltirish, deya ta’kidlaganlar. Shu fikrga qo‘shimcha qilib bunday maqolalar ijtimoiy hayotimiz haqida kelajak avlod uchun eng yaxshi tarixiy manba hamdir deyish mumkin.

Demakki, mana shunday publitsistik asarlargina bugungi kundagi ijtimoiy hayotimiz, siyosiy-iqtisodiy ahvolimiz haqida avlodlarga to‘laqonli tushuncha berishi mumkin.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, keng qamrovli ilm, fan-texnika yutuqlari, obodonchilik, ta’lim, iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy tizimdagi o‘zgarishlarni o‘zida aks ettirgan badiiy, tahliliy, publitsistik maqolalar ko‘proq berilsa, bundan OAV obro‘si ham, saviyasi ham ortgan bo‘lardi.

Jurnalistikani baland-past tog‘ tizmalariga, publitsistikani eng baland cho‘qqiga qiyoslashadi. Shunday ekan, nafaqat bugungi hayotimizda kelajakda ham bunday maqolalar o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. Bir kun kelib orqaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, chuvalashib qolgan o‘rgimchak to‘ri yoki zamondan olislab ketgan zangori ekran emas, garchi yillar shamoli sarg‘aytirgan bo‘lsa-da, davrning tafti sezilib turgan matbuotning sahifalarigina ko‘zga tashlanadi. Ularda aks etgan publitsistik asarlar bugungi ijtimoiy hayotimiz, erishilgan yutuqlar, yuzaga chiqqan kamchiliklar, xalqimiz ruhi, mamlakatimiz shukuhi to‘g‘risida kelajak avlodlarga so‘zlab beradi. Shu sababli, xalq dardi, quvonchi, o‘y-fikrlarini ifoda etgan asarlar yozish chin ijodkorning jamiyat va kelajak oldidagi burchi, vazifasidir. Zero, “chin asarlar makon va zamon tanlamaydi”.

 

Sanjar ESHMURODOV

“Hurriyat” muxbiri

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.