AXBOROT QUROLI

qachon va nima maqsadda qo‘llaniladi?

Yangi tamaddun to‘lqini axborotni davrning birinchi darajali qadriyatiga aylantirdi. Yashab turgan asrimiz AXBOROT ZAMONI degan nom oldi. Fan-texnika taraqqiyotining olamshumul yutug‘i bo‘lmish raqamli kommunikatsiyalar AXBOROT TEXNOLOGIYALARI deb e’tirof etildi.

 AXBOROTLASHGAN JAMIYATda yashash zamona ziyolilarining orzusiga aylandi. Mamlakatlar neft-kon zahiralari birinchiligi qolib, AXBOROT  POYGASIda kuch sinashadigan bo‘lishdi. Jumladan, endilikda jamiki ziddiyatlar ham AXBOROT QUROLI yordamida hal qilinadigan bo‘ldi. Eng xatarli xavf deya AXBOROT XURUJLARI e’tirof etildi. Qurolli to‘qnashuvlar o‘rnini AXBOROT URUSHLARI egalladi. Ommaviy AXBOROT VOSITALARI esa har qachongidan ham qudratli bo‘lgan kuchga aylandi. Xo‘sh, dunyo taraqqiyot yo‘lidagi bu evrilishlar qachon yuz berdi? Qachon axborot barcha voqeliklar markazidagi qudratli kuchga aylandi? Odamzod qachon axborotga qurol sifatida qaray boshladi?   

Insoniyat tarixidagi ilk qurolli to‘qnashuvlar sayyorada odam urchiy boshlagan paytlarga taqaladi. Ma’lumki, tomonlar o‘rtasida ziddiyat vujudga kelganda urush boshlanadi.  Biroq masalaning boshqa tomoni ham bor, ziddiyatni imkon qadar o‘z foydasiga hal qilishni istagan hukmdor endi lashkar to‘plashi, xalqini shu urushning tarixiy zarurat ekaniga ishontirishi kerak. Ishontirish esa axboriy ta’sir ko‘rsatish deganidir. Demak, har qanaqa urush ishontirishdan – axborot qurolini qo‘llashdan boshlangan. Psixologlar E.Durban va D.Boulbilarning fikricha, xalq orasida avvaldan mavjud bo‘lgan norozilikni muayyan millat, mamlakat, irq vakillariga bo‘lgan nafratga aylantirishga erishilgandagina urush holati vujudga kelishi mumkin.  Demak, mamlakat ichida raqib tomon haqidagi qarshi axborotsiz xalqni ogohlikka da’vat etib bo‘lmaydi. Shu bilan birga, ommaga bu urushning kelib chiqishida raqib tomonning aybdorligi singdiriladi, natijada inson ongida o‘ch olish kayfiyati vujudga keladi. Shu nuqtada zamonaviy axborot urushlarining yana bir muhim belgisi – mavjud ijtimoiy ongni parchalash ko‘zga tashlanadi. Zotan, urushlardan doim hukmdorlar manfaatdor bo‘lgan, xalqning ularga rozi bo‘lishiga esa turli axborot va tajovuz ta’siri natijasida erishilgan. Urush boshlangach har bir tomon o‘ziga ittifoqchi qidira boshlaydi. Bunda ham raqib tomon haqidagi qarshi ma’lumot axborot urushlarining muhim usullaridan bo‘lmish mif (ittifoqchilar bilan imzolanadigan abadiy do‘stlik shartnomalari), illyuziya (potentsial ittifoqchiga singdiriladigan tasavvur, go‘yoki umumiy raqibni mag‘lub qilishdan  manfaat bor), targ‘ibot-tashviqot foydalaniladi. Umuman olganda, tomonlar xolis mamlakatlar bilan ham hisoblashishga majbur bo‘lgani, yon-atrofdan o‘ziga ittifoqchi qidirishi, raqib hududida qarshi axboriy siyosat olib borishi, shuningdek, o‘z aholisini urushga ruhlantirib turishi nuqtai nazaridan davlatlar jami 4 ta frontda axboriy kurash olib borgan deyish mumkin: o‘z mamlakati ichida, xolis tomonlar bilan munosabatlarda, asosiy ittifoqchilar izlashda hamda dushman taraf hududlarida. Demak, insoniyat tarixida sodir bo‘lgan har qanaqa urushni haqli ravishda axborotlar urushi sifatida tan olish mumkin.

Raqib mamlakatlar bir-birining hududida olib borgan axborot siyosati ayniqsa, dolzarb ahamiyat kasb etgan va ularda zamonaviy axborot urushlariga xos bo‘lgan ko‘plab xususiyatlarni ko‘rish mumkin.  Tadqiqotimiz orqali aytmoqchi bo‘lgan asosiy gapimiz ham shundan iborat: axborot urushlari raqamli texnologiyalar vujudga kelishidan ancha oldin mavjud bo‘lgan. Gap shundaki, bugunga kelib axborotlarni tahlil qilish imkoniyatlari kengaydi; ziddiyatni qurolli to‘qnashuvsiz hal qilish yo‘llari paydo bo‘ldi; mamlakatlarni qurol ishlatmay bosib olish usullari topildi. Natijada, qurolli urushlardan qisman voz kechildi va asosiy muxorabalar axborot yordamida olib boriladigan bo‘ldi. Ibtidoiy ko‘rinishdagi informatsion urushlarning mohiyati bugunga kelib o‘zgargani yo‘q, shunchaki ularning tarix sahnasidagi hamrohi – qurolli janglar birmuncha chetga chiqdi.

Qiyosiy tahlil qiladigan bo‘lsak, urushlar olib borishdagi axboriy siyosat ham o‘zgarmagan. Tomonlar axboriy siyosatda “dushman” obrazini yaratadi. Bu jihat ham zamonaviy, ham ibtidoiy axborot urushlari uchun xosdir. E’tiborli tomoni shundaki, hamma davrlarda ham bu o‘rinda “dushman” atamasi qo‘llanilgan. Zotan, “dushman” – salbiy bo‘yoqdorlikka ega g‘oya hosili. Ilmiy adabiyotlarda betaraf mazmundagi “raqib” atamasi tanlangan. Axborot urushlarida esa qarshi tomonni xarakterlash uchun imkon qadar negativ bo‘yoqqa ega so‘zlar tanlashga harakat qilinadi. Umuman olganda, “dushman” obrazini o‘ziga foydali rakursda shakllantirgan mamlakatlar bundan hamisha foyda ko‘rgan.  Biroq ommaga dushman tarafning butun boshli aholisini yomon deb ko‘rsatish ilojsiz. Shuning uchun o‘sha davlatning rahbari – shaxs timsolida (personifikatsiya metodi) “dushman” obrazi yaratilib, uning axboriy portreti imkon qadar salbiylashtiriladi. Zamonaviy axborot urushlarida  Muammar Kaddafi, Saddam Huseyn, Miloshevichlarning salbiy portreti ommaviy axborot vositalari tomonidan yaratilgan. Shaxs timsoli usuli ibtidoiy axborot urushlaridagi o‘rnini tadqiq qiladigan bo‘lsak, ko‘plab misollarga duch kelishimiz mumkin. Xususan, Rim imperiyasida boshqa xalqlar vakillarini “varvarlar” deb atashgan, ular o‘ta vahshiy, qoloq degan tasavvur omma ongiga singdirilgan. Demonizatsiya – raqib haqida haddan tashqari salbiy tasavvurni ommalashtirish – istalgan paytda bosqinchilik yurishlarini boshlay olish uchun Rim imperatorlariga  qo‘l kelgan. 

Axborot urushlarining yana bir muhim quroli – mif. Turli mamlakatlar axborot siyosatida mifologemalarning o‘rni katta. Masalan, AQSh informatsion siyosatidagi asosiy yo‘nalish – dunyo miqyosida AQShning tartib o‘rnatuvchi, tinchlik uchun kurashuvchi asosiy kuch ekaniga ishontirishdan iboratdir. Puxta ishlab chiqilgan bu mifologema mavh etish yana bir usuli – takrorlar orqali doimiy ravishda mustahkamlanib turadi. Afsonalashtirishning qo‘llanilishiga tarixdan misol izlaydigan bo‘lsak, Chingizxon imperiyasi kuchli axborot siyosati olib borganini aytishimiz mumkin. Manbalarda keltirilishicha, Chingizxon biror yurtga bosqinchilik yurishlari uyushtirishdan oldin u yerlarga maxsus yollangan choparlar jo‘natgan. Elchilar odamlar orasida Chingizxon armiyasining o‘ta vahshiyligi haqida xabarlar tarqatgan va xalqni urushsiz taslim bo‘lishga da’vat etgan. 

Axborot urushlarining yana bir usuli – ma’lumotlarni soxtalashtirishdir. Zamonaviy axborot xurujlarida bunday usullarni yuzlab misollarini topish mumkin. Qizig‘i shundaki, soxta axborot xurujini uyushtirish usuli kommunikatsiya texnologiyalarining kashf etilishidan ancha oldin ham qo‘llanilgan. 1853 yili boshlangan Qrim urushining taqdirini aynan axborot qurolining qo‘llangani o‘zgartirgan. Ingliz gazetalari ruslar daryoni kechib o‘tayotgan yarador turklarga o‘q uzgani, bu bilan qator sulhlar shartlarini buzgani haqidagi xabarlarni tarqatib yuborgan. Vaholanki, vaqt o‘tishi bilan bu xabarlar soxta ekani isbotlangan.

Umuman olganda, zamonaviy axborot urushlariga xos juda ko‘p jihatlarning  tarixda ibtidoiy (garchi juda sodda bo‘lsa-da) shakllari bo‘lgan. Bundan xulosa qilib, insoniyat rivojlanishining ilk bosqichlaridayoq axborotdan strategik qurol sifatida foydalangan deyish  mumkin. 

 Mohlaroyim QAYUMOVA, O‘zDJTU talabasi