MUHARRIRLAR MAHORAT MAKTABI

Bilamizki, matbuot va OAVning boshqa turlari axborot oqimini aholiga tezkor yetkazib beradigan yagona vosita. Bundan tashqari u ommaniing dunyoqarashini shakllantirishda, ma’naviy saviyasini yuksaltirishda alohida rol o‘ynaydi. Shu bois ham OAVga jamiyatni demokratlashtirish, fuqarolarning faolligini oshirish borasida muhim ahamiyatga ega qurol sifatida qaraladi. Mamlakatimizda OAV erkin va u demokratik printsiplarga asosan faoliyat ko‘rsatmoqda. 

M a’lumki, o‘zlari uchun yaratilgan imkoniyatlaridan kelib chiqib, bozor munosabatlari sharoitida har bir OAV o‘z mushtariylari va muxlislari e’tiborini qozonish, ularning sonini oshirish uchun harakat qiladi, sog‘lom ijodiy raqobatga kirishadi. Bunga nashr jamoasi, xususan, tahririyat muharriri fikran va ruhan zamon bilan hamnafas bo‘lishi, ommadan bir qadam bo‘lsa-da, oldinda yurishini bugungi tezkor davrning o‘zi talab qilmoqda.

Xo‘sh, bu borada mamlakatimiz OAVda, ayniqsa, tuman va shahar hokimliklari muassisligida nashr etiladigan bosma OAV, tarmoq gazetalarida ahvol qanday?

Tahlillar shuni ko‘rsatayaptiki, hamma nashrlar ham o‘z muassislari bilan ijtimoiy sheriklik asosida faoliyatni yo‘lga qo‘ygan, bir tekisda rivojlanyapti deb bo‘lmaydi. Ayrim nashrlarga nafaqat texnik, balki malakaviy ko‘mak ham zarur. 

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi bu borada o‘zining yangi loyihasini amalga oshirishga kirishdi.

Hududiy OAVni malakali kadrlar bilan ta’minlash ishlariga ko‘mak berish, tahririyatlar ishini zamon talablari darajasida tashkil etish, ijodiy xodimlarning professional mahoratini oshirish maqsadida ularning o‘zaro tajriba almashuviga ko‘maklashishga yo‘naltirilgan amaliy o‘quv mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yildi.

Mashg‘ulotlarda dastlab, tahririyatlarda ijro intizomiga rioya etish, fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish, fuqarolik jamiyatini barpo etish hamda jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda OAVning vazifalari, hududga xos dolzarb mavzularni aniqlash va mavjud muammolarni ko‘tarib chiqish, tanqidiy-tahliliy maqolalar tayyorlash asoslari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashda tahririyat ishtiroki, ijtimoiy hayot va voqelik monitoringini olib borish ko‘nikmasini hosil qilish hamda ob’ektiv yoritishda jurnalist pozitsiyasini shakllantirish, huquqiy madaniyatini yuksaltirish, tahririyatda marketing va dizayn ishlarini zamon talablari asosida tashkil etish masalalariga ustuvor ahamiyat berildi.

 

Mazkur tadbirning dastlabki ishtirokchilari Toshkent viloyatida faoliyat olib boruvchi bosma ommaviy axborot vositalari bosh muharrirlari bo‘ldi. Unda O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining OAV va nashriyotlar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi bosh muharriri M.Omonov, “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi yetakchi muharriri, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi qoshidagi Monitoring guruhi a’zosi Sh.Salimov, “Diyonat” gazetasi bosh muharriri, uyushma qoshidagi Ijtimoiy-iqtisodiy, ekologiya masalalari kengashi rahbari Sh.Dehqonovlar qatnashib, hududiy nashrlar faoliyatida uchrayotgan muammo va kamchiliklar hamda ularni bartaraf etish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Matbuotning quyi bo‘g‘inida faoliyat ko‘rsatayotgan tahririyatlar ishini zamon talablari asosida tashkil etish, sohaga oid qonun hujjatlarini o‘zlashtirish, tahririyatlar iqtisodiy asoslarini mustahkamlash masalalari haqida amaliy savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.

Jumladan, nashrlarni aholi hamda tashkilotlarga yetkazib berishning qulay usullari, tuman hokimliklari, muassislar hamkorligida tahririyatlarni bino va zamonaviy texnika vositalari bilan ta’minlashda ijtimoiy sheriklik, hududiy OAVga soha mutaxassislarini, ayniqsa, yoshlarni jalb etish masalalari muhokoma qilindi.

Yaqinda viloyatda faoliyat ko‘rsatadigan tuman, shahar va korxonalar muassisligida nashr etilayotgan bosma OAV yetakchilari navbatdagi mashg‘ulotni o‘tkazish uchun Milliy matbuot markaziga yig‘ildilar. Unda O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish Davlat qo‘mitasining Reklama faoliyati va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish boshqarmasi  boshlig‘i Dilshod Azimov, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining Toshkent viloyati boshqarmasi kameral nazorat bo‘limi bosh inspektori Rustam Abduqodirov, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Zarifa Eralieva, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi “Huquqiy jurnalistika” Kengashi raisi, “Huquq va burch” jurnali bosh muharriri Jahongir Nahanovlar  o‘z fikr va mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Ma’lumki, tahririyatlar xo‘jalik yurituvchi sub’ekt sifatida reklama va e’lonlarni gazeta sahifalariga joylashtirish faoliyati bilan ham shug‘ullanishadi. Bu borada huquqiy malakaning kamligi, mavjud qonun va me’yoriy hujjatlar bilan yaqindan tanish bo‘lmaganligi sababli, faoliyatga doir qator kamchiliklar, ba’zan qonun buzilish holatlariga ham duch kelinadi. Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish Davlat qo‘mitasining Reklama faoliyati va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Azimov yig‘ilganlar e’tiborini OAV faoliyatida duch kelinadigan kamchiliklarga aniq misollar asosida qaratdi. Xususan, u reklama va e’lonlarni tashkil etish tartibi, axborot, ijtimoiy reklama bilan yashirin reklamaning farqlari nimadan iboratligi masalalari haqida so‘z yuritib, OAV orasida ayniqsa, dori-darmonlar, biologik faol moddalar, oziq-ovqatlar reklamasi, alohida litsenziya olib faoliyat ko‘rsatadigan o‘quv markazlari faoliyatini reklama qilishda yo‘l qo‘yilayotgan xatoliklarga to‘xtalib, reklama beruvi bilan uni matbuotda e’lon qilish uchun mas’ul bo‘lgan rahbar zimmasidagi mas’uliyat, qonun buzilish holatlarida ko‘riladigan choralar va jazolarni bayon qildi.

Seminarda ishtirok etgan O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Zarifa Eralieva hududiy nashrlar faoliyatida ijro intizomini mustahkamlashga e’tiborni qaratish jarayonida “Rangli metallar”, “Shaxtyor”, “Ulug‘ yo‘l” gazetalari faoliyatidan misollar keltirib, tahririyatlarda faoliyat ko‘rsatadigan jurnalistlarning malakaviy saviyasini oshirish masalalariga tahliliy munosabat bildirdi.

Tahririyatlarga terminal kerakmi?

– Moliyaviy naf ko‘rish maqsadida reklama va e’lonlarni chop etish jarayonida jismoniy shaxslar yoki korxona va tashkilotlardan reklama hamda e’lonlar qabul qilish uchun naqd pul yoki plastik kartochkalar orqali to‘lov amalga oshirilayotganda tahririyatlarda terminal bo‘lishi shart, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining Toshkent viloyati  boshqarmasi kameral nazorat bo‘limi bosh inspektori Rustam Abduqodirov  ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berarkan.

Seminar davomida hatto tartib-qoidalarga ko‘ra bu jarayonda tushumlarni inkassa orqali tahririyat hisobiga tushirish talab etilishi ham ishtirokchilar uchun yangilik bo‘ldi.

“Huquqiy jurnalistika” Kengashi raisi, “Huquq va burch” jurnali bosh muharriri Jahongir Nahanov huquq targ‘iboti bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr yuritib, bugungi kunda ommaning huquqiy savodxonligini oshirishda OAVning o‘rni va vazifalariga atroflicha to‘xtaldi.

— Bu xildagi mashg‘ulotlar hududiy ommaviy axborot vositalari uchun juda muhim. Ayniqsa, uning ochiq muloqot tarzida o‘tkazilayotgani o‘zaro tajriba almashishimiz, shu yo‘l bilan birgalikda faoliyatda uchrab turgan ayrim muammolar yechimini topishimizga imkon yaratadi, — deydi “Chirchiq tongi” gazetasi muharriri Salima Yaminova. – Men bu mashg‘ulotni muharrirlar mahorat maktabi, deb atagan bo‘lardim. Bu yerda biz hududiy nashrlar yetakchilarini ko‘pdan o‘ylantirib kelayotgan qator masalalarga oydinlik kiritdik. Bir vaqtning o‘zida zimmamizdagi mas’uliyat qanchalik zalvorli ekaniga yana bir bor amin bo‘ldik. Menimcha, bu hamma uchun foydali.

Ko‘zlangan maqsadga ko‘ra, mazkur loyihani moliyalash manbalari shakllantirilgach, bu kabi amaliy mashg‘ulotlar mamlakatimizning boshqa hududlari ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ham o‘tkaziladi. Ular tajribali ekspert va mutaxassislar ishtirokida mediasohaning huquqiy asoslari, tahririyatlarning iqtisodiy masalalari, reklama jalb etish va sohaning boshqa qator dolzarb muammolari yechimi ustida fikrlashadilar.

Uyushma tomonidan o‘tkazilayotgan mazkur loyiha o‘z samarasini berishiga ishonamiz.

M.O‘KTAMOV