DO‘STLIK RISHTASI

Mamlakatimiz dunyodagi barcha davlatlar bilan o‘zaro tenglik, do‘stona aloqalarni mustahkamlab kelmoqda. Jumladan, jahonda iqtisodiy yuksalish borasida yuqori natijalarga erishgan Xitoy Xalq Respublikasi bilan ham teng sherikchilik munosabatlari o‘z samaralarini berayotir.

 Tarixan O‘zbekiston — Xitoy iqtisodiy-siyosiy, ijtimoiy-madaniy aloqalarining ildizi  bir necha ming yillarga borib taqaladi. Osiyo va Yevropa qit’alarini bir-biriga tutashtirgan qadimiy Buyuk ipak yo‘li ham ana shu ikki davlatning hududidan o‘tgan bo‘lib, dunyo madaniyatining rivojiga katta hissa qo‘shib kelgan. Bugungi kunda ham qadimiy  Buyuk ipak yo‘lining tinchlik va hamkorlik tamoyillarini shakllantirishdagi ahamiyati ortib bormoqda.

Ikki hamkor mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari tobora mustahkamlanib borayotganini yurtimizda turli sohalarga ixtisoslashgan O‘zbekiston —   Xitoy qo‘shma korxonalari faoliyatida ham ko‘rishimiz mumkin.

Yaqinda hamkor mamlakatning Shansi provintsiyasi OAV vakillarining bir guruhi mamlakatimizda bo‘ldi. Mehmonlar Milliy matbuot markazida  o‘zbekistonlik hamkasblari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, sohaga oid turli konferentsiya, brifing va seminarlarni o‘tkazish ishlari bilan qiziqdilar. Tashrif davomida poytaxtimizdagi diqqatga sazovor joylarda bo‘lishdi. Buyuk ipak yo‘li osori-atiqalari, qadamjolari bilan tanishdilar.

— Samolyotda uchib kelayotganimizda Toshkent qanaqa shahar ekan, bizni qanday kutib olishar ekan degan savollar meni ancha o‘ylantirgandi, — dedi «Shansi Jibao» gazetasi bo‘lim mudiri Szya Yuyfen. — Samolyotdan tushgan zahotim birinchi his qilgan narsam Toshkentning toza havosi bo‘ldi. Bizda bilasiz, ekologik holat quvonarli emas. Bu yerga tashrif buyurishimizdan maqsad, mamlakatingizning tarixi, madaniy hayoti hamda iqtisodiy ko‘rsatkichlari haqida ko‘rsatuvlar, videoroliklar, slaydlar va maqolalar tayyorlab, provintsiyamiz aholisiga havola etish, O‘zbekistonday tinch, farovon davlat aholisining qadriyatlari bilan tanishtirishdir. Bu esa xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash bilan bir qatorda, O‘zbekiston haqidagi tasavvurlarimizni ancha boyitib olishga xizmat qiladi, deb o‘ylayman.

Xitoylik OAV xodimlari o‘z sayohatlari davomida mamlakatimizning Buxoro, Samarqand, Farg‘ona viloyatidagi madaniy yodgorliklar, muzeylar va qadamjolar bilan ham tanishadilar.

 Jobir XO‘JAQULOV

tayyorladi.