ELEKTRON HUKUMAT: fuqarolar va davlat idoralari munosabatida maqbul tizim

Mamlakatimizda milliy axborot tizimini shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish ko‘lamini kengaytirish va “elektron hukumat”ni shakllantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, o‘tgan davrda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida aholi manfaatlariga xizmat qiluvchi, davlat organlari bilan qulay va samarali munosabatlarni o‘rnatuvchi “elektron hukumat” tizimi izchil tatbiq etildi.

 

Bugun davlat organlari tomonidan o‘z faoliyatiga axborot tizimi hamda resurslarini joriy qilish bo‘yicha jadal ish olib borilayotganligi natijasida davlat axborot tizimi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ular orqali aholi hamda tadbirkorlarga yanada    qulayroq xizmat ko‘rsatish tizimlari tobora shakllanib boryapti.

Shunday tizimlardan birining faoliyati «Elektron hukumat» deb nomlangandir.   

Tadbirkorlar tomonidan  davlat organlariga taqdim etiladigan hisobotlarni elektron shaklga o‘tkazish natijasida soliq hamda statistika hisobotlari to‘liq mana shu usulda topshirilmoqda. Bojxona yuk deklaratsiyalarini rasmiylashtirish ham to‘liq elektron shaklga o‘tkazilganligi bu sohaning istiqbolidan darakdir. 

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlangani sari, mamlakatimizda mazkur sohani takomillashtirishning qonuniy asoslarini shakllantirish borasida ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda. “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi, “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi, “Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida”gi va “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlari yurtimizda “elektron hukumat” tizimini yaratish borasida qo‘yilgan ilk qadamlar hisoblanadi.

“Elektron hukumat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni tarkibiy tuzilishiga ko‘ra 5 ta bob, 34 ta moddadan iborat. Elektron hukumat tushunchasiga qonunning 3-moddasida batafsil ta’rif berilgan. Unga ko‘ra davlat organlarining jismoniy va yuridik shaxslarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash yo‘li bilan davlat xizmatlari ko‘rsatishga doir faoliyatini, shuningdek, idoralararo elektron hamkorlik qilishni ta’minlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar va texnik vositalar tizimi – elektron hukumat hisoblanadi. Ya’ni davlat organlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda axborot tizimi (internet) orqali elektron davlat xizmatlarining ko‘rsatilishi, shuningdek, mazkur xizmatlarni ko‘rsatish uchun davlat organlari o‘rtasida o‘zaro axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida ma’lumotlar almashishiga qaratilgan chora-tadbirlar majmuasi elektron hukumat tushunchasini anglatadi.

Elektron hukumat tizimining asosiy maqsad va vazifalari davlat organlari faoliyatining samaradorligini, tezkorligini va shaffofligini ta’minlashdir. Axborot almashinuvi mexanizmlarini shakllantirish hisobiga davlat boshqaruvi tizimida “bir darcha” printsipini joriy etish, shuningdek, davlat xizmatlaridan masofadan foydalanilishini ta’minlash orqali aholini va tadbirkorlik sub’ektlarining vaqtlarini hamda xarajatlarini qisqartishdan iborat.

Elektron davlat xizmatlaridan foydalanuvchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida, qonunda ariza beruvchining elektron davlat xizmatlarini olish chog‘idagi huquqlari belgilangan. 

Qonunning yana bir ahamiyatli jihati shundan iboratki, elektron davlat xizmatlari “bir darcha” printsipi asosida amalga oshiriladi. Bunda fuqarolarning, xususan ish egalarining davlat idoralari bilan yozishmalari, hisobotlar topshirish, hujjat ishlarini yuritishdagi ko‘pgina sansolarlik, buyurokratik munosabatlarga barham beriladi. Idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimi elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish chog‘ida davlat organlarining funktsiyalari va vazifalarini amalga oshirish maqsadida ularning o‘zaro hamkorligini ta’minlaydi. Shu bilan birga mazkur tizim axborotni to‘plashga, saqlashga, unga ishlov berishga, uni uzatishga va almashishga doir talablar asosida ishlaydi.

Qonun talabidan kelib chiqib, «Elektron hukumatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilingani bu sohaning yanada rivojlanishiga sharoit yaratdi. 

Mazkur qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining «Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida», «Davlat soliq xizmati to‘g‘risida», «Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida», «Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida», «Davlat statis-tikasi to‘g‘risida», «Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to‘g‘risida», «Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonunlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritildi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasining «Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida»gi hamda «Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunlarga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra axborot olish uchun so‘rov og‘zaki, yozma shu jumladan, axborot tizimlari orqali elektron shaklda bo‘lishi mumkinligi, yozma so‘rovda elektron manzilning ko‘rsatilganligi murojaat etuvchining so‘rovga axborot tizimi orqali elektron shaklda javob olishga bo‘lgan roziligini anglatishiga doir normalar kiritildi. Bu davlat organlariga murojaat qilayotgan shaxslarning axborotni xohish-istagiga ko‘ra qog‘oz yoki elektron shaklda olish huquqini beradi. 

Ta’kidlash o‘rinliki, joriy yilning 10 iyunidan kuchga kirgan “Elek-tron hukumat to‘g‘risida”gi qonun davlat organlari faoliyatining samaradorligining oshishi, yuridik va jismoniy shaxslarga elektron davlat xizmatlari taqdim etilishining yaxshilanishi, fuqarolarning masofadan turib davlat xizmatlaridan foydalanishini ta’minlanishiga xizmat qiladi.

Jamiyatda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish davlat organlari faoliyatining yanada ochiq bo‘lishiga imkon beradi. Muhim boshqaruv jarayonlarida fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtirok etishi uchun sharoit yaratadi. Shu bilan birga axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish, biznes yuritishni yaxshilashga, milliy iqtisodiyotimizda raqobatbardoshlikni, aholining hayot sifatini oshirishga xizmat qilishini bugun hayotning o‘zi bizga ko‘rsatib turibdi.

Muxtasar qilib aytganda, mazkur huquqiy hujjat mamlakatimizda davlat organlari faoliyatining samaradorligi, ochiq va shaffofligini oshirish, fuqarolik jamiyati shakllanishida davlat idoralari va fuqarolar o‘rtasida ishonchli munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Jamshid PIRMATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, 

Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari 

masalalari qo‘mitasi a’zosi

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.