SO‘Z — TANLOV G’OLIBLARIGA

Gulnora XODJAMURODOVA, 

“Vatanparvar” gazetasi katta muxbiri:

Yurtboshimizning biz, matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llaydigan tabriklarini har gal hayajon bilan tinglab, o‘zim uchun katta saboq olaman. Bu galgi tabrik ham menga qattiq ta’sir qildi. Tinglay turib, keyi-ngi chorak asrda xalqimiz bosib o‘tgan yo‘lni o‘yladim. Men, shu aziz yurtning bir farzandi, Vatanim uchun nima qila oldim, deya o‘zimga savol berdim. Biz, farzandlarini otalarcha g‘amxo‘rlik bilan qo‘llab-quvvatlaydigan yurtimdan, onalarcha mehru e’tibor bilan suyadigan xalqimizdan qarzdorlik his etdim. 

 

Mening shunday nufuzli tanlovda g‘oliblar safida e’tirof etilishim — bu Prezidentimizning, davlatimizning yuksak mehrining amaldagi ifodasi. Bu g‘oliblik meni yanada ishtiyoq va g‘ayrat bilan mehnat qilishga undaydi.. 

Jurnalistika — sharafli kasb. Uni men suronli dengizga o‘xshataman. Bu dengizning shiddatli to‘lqinlariga dosh beradigan o‘z so‘zimiz bo‘lishi kerak. Mustaqil yurtning bilimli, keng fikrli, shijoatli yoshlari zamonaviy axborot oqimida hech qachon o‘zlarini yo‘qotib qo‘ymasliklariga ishonaman. 

Men harbiy jurnalistman. Xalqimiz, ayniqsa, yoshlar qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada jo‘sh urdiradigan o‘tkir publitsistik maqolalar yozish, Vatan osoyishtaligini ta’minlash, uning har qarich yerini asrash-avaylash yo‘lida xizmat qilayotgan jonkuyar vatandoshlarimiz mehnatlarini xalqimizga ko‘rsatib berishni faoliyatimdagi asosiy vazifam deb bilaman.

 

Nazokat USMONOVA, 

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Respublika axboroti tahririyati bo‘lim mudiri: 

— Bir qaraganda, atrof yangilikka to‘la, ularni qog‘ozga tushirish shu kasbni egallagan har bir inson uchun nihoyatda osondek ko‘rinadi. Chindan ham biz axborot asrida yashayapmiz, obrazli qilib aytganda, xabaru yangiliklar dunyoni o‘rab olgan. Lekin mana shunday vaziyatda haqiqiy jurnalistning vazifasi namoyon bo‘ladi: biz ularni topish bilan birgalikda ommaga kerakli, ta’sirli, qiziqarli tarzda yetkaza olishimiz talab etiladi. Prezidentimizning soha xodimlariga yo‘llagan tabriklarida aytilganidek, bu borada benihoya hushyor va ogoh bo‘lmog‘imiz, oqni qoradan, yaxshini yomondan ajrata bilmog‘imiz zarur. Mediamakonda ma’naviyatga zid, qaysidir yovuz kuchlarning tor manfaatlarigagina xizmat qiladigan axborotlar kam deysizmi? Ularga qarshi asosli, dadil va o‘tkir publitsistik chiqishlar qila olish, ya’ni jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish bugungi o‘zbek jurnalistlari, milliy axborot makonimizdagi fidoyi xodimlarning eng muhim vazifalaridandir.

Kamtarona faoliyatimizning yuksak baholanib, e’tirof etilgani — yurtimizda jurnalistika sohasiga davlatimiz tomonidan katta e’tibor qaratilayotganining yorqin isbotidir. Bunday e’tirof, e’tibor va g‘amxo‘rlik bizni nafaqat yangi marralar sari ruhlantiradi, balki mustaqilligimizni ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylashga, el-yurtimizga sidqidildan, yanada ko‘proq xizmat qilishga da’vat etadi.

Sh.KOMILOVA, F.XAYRULLAEVA