Elda e’zozlangan jurnalist

Har bir inson o‘zidan yaxshi nom va ko‘rkam bog‘ qoldirishga harakat qiladi. Shahrixon tumanining Abdubiy qishlog‘ida tug‘ilib, voyaga yetgan Haydarali Mamitaliev ham butun umrini faqat ezgu ishlarga baxshida etgan yurtdoshlarimizdan biridir.

 

Xaydarali ota bolaligidan qiziquvchanligi, sinchkovligi va ilmga chanqoqligi bilan ko‘p tengdoshlaridan ajralib turardi. U dehqon oilasida tug‘ilganligi boismi, ota-onasidan qishloq xo‘jaligi sohasining pillachilik, g‘allachilik, paxtachilik, bog‘dorchilik, polizchilik va asalarichilik yo‘nalishlarini puxta o‘rgandi. 

Maktabni tamomlagach, xo‘jalikda bir necha yillar tabelchi, hisobchi, yoshlar tashkiloti yetakchisi bo‘lib ishlaydi. 1955 yilda xo‘jalikda jamoatchilik asosida chop etiladigan “o‘alaba” gazetasiga muharrirlik qiladi. 

Yosh muharrir gazeta sahifalariga qishloq hayotiga oid hamda dolzarb mavzularda maqolalar yozib qalamini charxlaydi. Ishlash bilan birgalikda, Andijon qishloq xo‘jaligi bilim yurtini va Andijon davlat pedagogika instituti(hozirgi AnDU)ning o‘zbek tili va adabiyoti bo‘limini tamomlaydi.

Izlanuvchan, mehnatdan toblangan Haydarali ota jurnalistika sohasida ham ijodiy tafakkurini ancha orttiradi. Uning tanqidiy va tahliliy maqolalari tuman, viloyat va respublika gazeta-jurnallarida e’lon qilinadi va minglab gazetxonlarga manzur bo‘ladi. Yosh jurnalistning intilishlari “Shahrixon” gazetasi tahririyati ijodkorlariga ma’qul keladi va uni 1959 yili gazetaga adabiy xodim sifatida ishga qabul qilinadi. H.Mamitaliev keyinchalik nashrning madaniyat bo‘limini boshqaradi. 

Otaxon jurnalist ijodga ham befarq emas. Shu kunga qadar uning “Yurtdoshlarim”, “Ustozlar guldastasi”, “Dovruq”, “Ehtirom”, “Hayotda toblanganlar”, “Erkinlikdan tug‘ilgan kuylar”, “Ozod diyor kishilari” kabi kitob-lari o‘quvchilar e’tiboriga havola etilgan. 

Haydar ota jonkuyar muallim sifatida bir necha yil tumandagi 11- maktabda o‘quvchilarga ona tili va adabiyot fanlaridan saboq bergan. 

Yillar davomida matonati, g‘ayrat-shijoati, har bir kasbga mehri balandligi bilan o‘zi ishlagan barcha mehnat jamoalarida, obro‘-e’tibor topgan Haydar ota 19 yildan buyon nafaqada. Ammo u hamon xalq xizmatida, o‘tkir qalami bilan yozilgan turli mavzulardagi maqolalari tuman va viloyat gazetalarida chop etib kelinmoqda.

— Bugungi dorilamon kunlarga qancha shukr qilsak kam, — deydi otaxon. — Bugun jurnalistika sohasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilayotir. Biz ishlagan paytlarda kompyuter, internet degan narsalar yo‘q, gazetaning bitta sahifasini chiqarish uchun soatlab mehnat va vaqt sarflanar edi. Yashirmayman, hozirgi yoshlar bizning davrimizdagi yoshlarga nisbatan tafakkuri keng, bizdan ko‘ra ancha bilimli. Sohaga otash qalb va qadamidan o‘t chaqnab turuvchi yosh jurnalistlarning kirib kelayotganini ko‘rib, sevinaman. 

Besh nafar farzandi, nevara va chevaralari hamda mahalla-ko‘y orasida qadrlanib, hurmat topgan Haydarali otaning har bir qilgan ishiga va ijodiy izlanishiga havas qilsak arziydi. 

Mirolim 

ISAJONOV

Andijon viloyati

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.