OLIM VA MURABBIY

Dunyoga hamisha katta umid, yuksak ishonch bilan boqqan qadim Buxoro yigirmanchi asrda ham o‘nlab iste’dodli olim va ijodkorlarni tarbiyalab voyaga yetkazgandi. Shulardan biri, 1936 yilning 9 fevralida hozirgi Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanidagi Novvoyon mahallasida tug‘ilgan atoqli adabiyotshunos, tolmas murabbiy, professor Toji Qoraev edi.

 

Men yoshligimdayoq olim bo‘lishni niyat qilib yursam-da, bunga qanday erishmoqni aniq anglay bilmaganimdek, olimlik qiyofasini yorqin tasavvur ham eta olmasdim. Qarangki, Olloh qishloqlik bir talabaga o‘rnak olsa arziydigan hassos bir ustozni ro‘baro‘ qildi.

Bu – navqiron, serg‘ayrat domlamiz, filologiya fanlari nomzodi Toji Qoraev edi.

Toji akani ancha yaqindan bilganimdan so‘ng “Adabiyotshunos, eng avvalo, adabiyotni chin dildan sevishi, ayniqsa, she’rga, nafosatga munosabati boshqacha bo‘lishi, ikki dunyoda ham zavq-shavqdan benasib qolmasligi zarur” degan xulosaga kelganman. Ehtimol, sayozroq o‘ylagandirman. Lekin qat’iy xulosa shunday bo‘lgan...

Ustozning so‘zlari, tahlil va talqinlari meni go‘yo sehrlardi. Alisher Navoiy hayoti, ijodi, xususan, shoirlik mahoratiga doir ma’ruzalar hamon xotiramda. Qalbimda Navoiy shaxsiyati va she’riyatiga mehr-muhabbatning uchqunlanishi ana o‘sha darslardan boshlangan. Buni sezgani uchunmi yoki ustozlik himmati tufaylimi, menga V.Abdullaev, Maqsud Shayxzoda, A.Hayitmetov kabi navoiyshunoslarning kitoblarini o‘qitib, “Navoiyning yakpora g‘azallari” mavzuida kurs ishi ham yozdirgan.

Esimda, Alisher Navoiy tavalludinig 525 yilligini keng miqyosida o‘tkazish borasida tayyorgarlik ishlari oldinroq yo‘lga qo‘yilib, ilmiy, ilmiy-ommabop maqolalar, ulug‘ shoirning asarlaridan namunalar e’lon etila boshlagandi. Gazeta, jurnal va alohida nashrlarda chiqqan o‘sha asarlarni ko‘zga surtib o‘qirdik. Ushbu jarayonga Toji Qoraevning ham ishtirok etib, chiqargan “Navoiy va buxorolik shoirlar” (1967), “Shoirning tabarruk izlari” (1968), “Navoiy ulug‘lagan shoir” kabi maqolalari shogirdlarning diliga, albatta, faxr indirardi. Bularning  qatoriga sal keyin qo‘shilgan “Alisher Navoiy Buxoroda bo‘lganmi?” (1969), “Alisher Navoiy va Buxoro” (1969), “Bashariyat iftixori” deb atalgan maqolalar ham navoiyshunos sifatida Toji Qoraevning aytadigan yangi fikri borligini ko‘rsatishga qodir edi.

Men ruboiy mavzusida tadqiqot olib borayotgan paytlar edi. Toshkentga bir tashrif buyurganida domla qardosh xalqlar nash-riyotida bosilgan kitoblar sotiladigan do‘konga kirgan va Nasimiyning ozar tilidagi ruboiylar majmuasini olib, “Mullo Ibrohim, ruboiy to‘g‘risidagi tadqiqotingizda Nasimiyning ham nasimi tegsin deb bu nodir kitobchani Sizga taqdim etaman. Ehtirom bilan T.Qoraev”, deya dastxat yozib bergandi. Chini bilan o‘sha nodir kitobchadagi:

Ma’rifat kasb etmading sen fonisan,

Bir ikki kun dunyoning mehmonisan,

Haqni bilsang olamning sultonisan,

Bilmasang hud dev ila shaytonisan, 

kabi ruboiylar menga bir umrga yo‘ldosh bo‘lib qolgandi.

Ha, Toji  Qoraev bilan bog‘liq xotira va tasavvurlar yuragimga hamisha ravshanlik bag‘ishlaydi. Samimiyat va tabiiylikni chuqurroq tushunadigan bo‘ldimmi yoki bo‘lak bir sababdanmi, har qalay, ustozdagi mehr, oqibat va  samimiyatni qayta uchratmadim. Qolaversa, bilishni, tushunishni o‘rgatadiganlarga qaraganda his qilish, zavqlanish va sevishga ruhlantiradiganlarning maqomi yuksakligiga bugun men aslo shubhalanmayman.

Navoiy, Mashrab, Hamid Olimjon she’rlarini idrok etish va tahlil qilishida Toji akaning go‘zallikka shaydoligi shundoq sezilib turardi.

O‘tgan asrning oltmishinchi yillaridan e’tiboran butun O‘zbekistonda bir milliy uyg‘onish, tafakkurda yangilanish yuzaga kelgan edi. Bu holat talabalar orasida yanada yorqinroq sezila boshlagandi. Buxoro pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti) filologiya fakultetidagi fikriy va ijodiy bedorlashuv bevosita domlaning nomi hamda xizmatlari bilan vobastadir. Muallimlik va murabbiylik ishlariga sidqidildan kirishib ketish u kishining doktorlik dissertatsiyasi himoyasining kechikishiga bosh sabab bo‘lgandi. Ammo u tadqiqotning asosiy mazmun-mohiyatini “Obrazli va mantiqiy tafakkur jilolari”, “Uyg‘un mahorati” nomli asarlarida ko‘pchilik diqqat-e’tiboriga havola etib ulgurgandi.

“Hikmatlar kulliyoti”ning qo‘lga tushishi, keksa jurnalist Abul Bozorov bilan uni nashrga tayyorlab, ma’lum bir qismining e’lon qilinishi, Yassaviy va uning hikmatlariga bag‘ishlab bir qator maqolalarning dunyo yuzini ko‘rishi,  shubhasiz, Toji Qoraev ilmiy faoliyatining bag‘oyat hayratli bir qirrasini tashkil etadi.

Xullas, atoqli folklorshunos olim, professor To‘ra Mirzaev aytganidek, “Toji Qoraev o‘zbek adabiyotshunosligida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan va o‘zidan keyin munosib ilmiy meros qoldirgan olim” edi.

???

Bir gal Buxoroga bir borganimda Toji aka meni mehmonga taklif qildi. Domlani tashvishga qo‘ymay degan andisha bilan gapni sal aylantirmoqchi bo‘lgandim, “Soat yettida men sizni kutaman. Kelishdikmi?..” dedi u kishi. Nima deyman, “Xo‘p” dedim. Va kelishilgan vaqtda yetib bordim. Ichkariga kirsak, ustozlar Oxunjon Safarov, Rahim Vohidov, Munira Qosimovalar ham kelishgan ekan. Gurung men kutgandan ham ortiqroq darajada samimiy va ko‘ngilli o‘tdi. Mezbonning kayfiyati esa odatdagidan ham yaxshi, sukutga hech izn bermasdi... O‘zim bilib-bilmay bunaqa davralarda goho mahmadonalikka berilardim. Bu gal unday bo‘lmadi. To‘xtovsiz tinglash, domlalarning gaplarini yana va yana eshitishni istardim. Ularning fikr-mulohazalarida bevosita mening yoshligimga tegishli nuqta yoki joylar ham tez-tez uchrardi. Yoz oqshomidagi o‘sha o‘tirishni xotirlaganda yurak mahzunlashadi. To‘rt ustozim – Buxoroning to‘rt olimidan birortasi ham bugun endi yo‘q... Qachonki, so‘zlashdan ko‘ra, tinglash afzaldir, degan xayolga borsam, Toji domlanikidagi holatimni eslab, dilim orziqiblar ketadi.

 

Ibrohim HAQQUL,

filologiya  fanlari doktori

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.