Milliy telekommunikatsiya tizimi 25 YILDA

Mamlakatimizda keyingi chorak asrda amalga oshirilgan islohotlar yurt obodligi, turmushimiz farovonligi, inson qadr-qimmati va haq-huquqlarini ta’minlash bilan birga, xalqimizni tinchliksevar, bunyodkor xalq sifatida dunyoga tanitdi.

 

Bunday natijalarga o‘z-o‘zidan erishilgani yo‘q, albatta. Yutuqlar xalqimizning bir tanu bir jon bo‘lib mehnat qilishi, og‘ir damlarda ham sabr-bardosh bilan, yorug‘ kunlarga ishonchini so‘ndirmay olg‘a intilishi evaziga qo‘lga kiritildi.

Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma besh yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida ham xalqimiz o‘z oldiga qo‘ygan buyuk maqsadlarni amalga oshirishda bosib o‘tgan chorak asrlik muzaffar yo‘lning mohiyati aks ettirilgan.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, istiqlolning dastlabki yillaridanoq mamlakatimizda aloqa va axborotlashtirish xizmatlarini rivojlantirish va sifatini oshirish masalasiga muhim vazifa sifatida ahamiyat qaratildi.

Tarixga nazar solsak, sobiq ittifoq davridan zamon talablariga javob bermaydigan eski telefon stantsiyalari va yaroqsiz ahvolga kelgan aloqa vositalari bizga meros bo‘lib qolgan edi. Fuqarolar yillar davomida telefon o‘rnatish uchun navbatda turar (hatto 10-15 yillab), shunda ham har yuz nafar aholiga o‘rtacha 1-1,5 ta telefon to‘g‘ri kelardi. Talabgorlarning aloqaga bo‘lgan ehtiyoji oshib, muammolar o‘z vaqtida hal etilmasdi, shaharlararo, xalqaro so‘zlashuvlarni amalga oshirish uchun uch kun oldin so‘zlashuv maskaniga borib telegramma yuborilar, shunda ham Markazning ruxsatidan so‘ng gaplashish mumkin edi. Hozir-chi... Telefon orqali dunyoning istalgan yeri bilan xohlagan vaqtda so‘zlashish yoki internet orqali kerakli ma’lumotlarni olish mumkin.

Bugun mamlakat iqtisodiyotining mazkur sektori nafaqat yalpi ichki mahsulot hajmini oshirishga, balki korxonalarning ishlab chiqarish va xo‘jalik faoliyati yuksalishiga, ichki va tashqi bozorlarni yaratish va kengaytirish, aholi turmush darajasini yuksaltirishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirishga qaratilgan e’tibor natijasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari yordamida ma’lumotni masofadan turib sifatli uzatish, qabul qilish va qayta ishlash jarayoni takomillashdi. 

1992 yili aloqani tashkil etish, tartibga solish va rivojlantirish sohasida umumiy-huquqiy munosabatlarni belgilab beruvchi O‘zbekiston Respublikasining “Aloqa to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Umuman, o‘tgan davr mobaynida mamlakatda AKT sohasini rivojlantirishga qaratilgan mustahkam me’yoriy-huquqiy baza shakllantirildi. Ya’ni tarmoqqa oid 11 ta qonun, 6 ta turdosh qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining uchta farmoni, Prezident va Vazirlar Mahkamasining 40 dan ortiq qarorlari hamda 600 dan ortiq qonunosti hujjatlari qabul qilindi. 

1992 yilda mamlakatimiz tomonidan NEAX Xalqaro yo‘ldoshli aloqa stantsiyasining ishga tushirilishi natijasida yurtimizda mustaqil aloqa tizimi barpo etildi. Bu O‘zbekistonning xalqaro telekommunikatsiyalar tarmog‘iga chiqishi hamda aloqa sohasidagi mustaqilligini ta’minladi. 

Davlatimiz rahbarining 2000 yilda qabul qilingan “Telekommunikatsiya sohasida boshqaruvni takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb etishda muhim me’yoriy hujjat bo‘ldi.

So‘nggi 10 yil ichida amalga oshirilgan 2,5 milliard AQSh dollari miqdoridagi 40 dan ziyod loyihalar natijasida yurtimizda zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘lgan holda barcha shaharlararo va xalqaro telefon stantsiyalarini hamda mahalliy telefon stantsiyalarini raqamlashtirishga erishildi. Shuni ta’kidlash joizki, 2007 yildan boshlab O‘zbekiston hududi simsiz radioaloqa tarmoqlari bilan to‘liq qamrab olindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002 yil 30 maydagi “Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish to‘g‘risida”gi farmoni iqtisodiyotning turli tarmoqlari, boshqaruv, biznes, fan va ta’lim sohalariga axborot texnologiyalarini keng joriy etish hamda aholining turli qatlamlariga zamonaviy kompyuter va axborot tizimlaridan keng foydalanishlari uchun qulay shart-sharoit yaratib berishda asosiy qadam bo‘ldi.

Aholi, jumladan, mamlakatimizning olis hududlarida yashayotgan yurtdoshlarimizning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, ayni paytda mamlakatimiz bo‘ylab tortilgan optik aloqa tarmoqlari uzunligi 17 ming kilometrga yetdi. 

Bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan mazkur tadbirlarni mantiqan davom ettirish maqsadida, 2016 yilda qishloq joylarda aloqa xizmati, bank-moliya va kommunal xizmatlari sohasini rivojlantirish, telekommunikatsiya yo‘nalishida xizmat ko‘rsatish hajmini oshirish, internet tarmog‘idan foydalanishning texnik imkoniyatlarini yanada oshirish, keng polosali optik tarmoqlarni kengaytirish va optik tolali aloqa tarmoqlarini qurish ishlarini davom ettirish, barcha hududlarni raqamli televideniega o‘tkazish ishlarini oxiriga yetkazish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olingan.

Yurtimizda 2007 yilda raqamli televidenieni joriy etish ishlari boshlab yuborildi. Yurtboshimiz tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasida raqamli televideniega o‘tish kontseptsiyasi ishlab chiqildi. Ayniqsa, Prezidentimizning 2012 yilda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida raqamli televideniega texnik va texnologik o‘tishga doir Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturiy hujjat bo‘lib xizmat qilmoqda.

Hozir poytaxtimiz, Toshkent, Samarqand, Xorazm, Buxoro, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasining ko‘plab tumanlarida raqamli televidenie dasturlarini yuqori sifatda tomosha qilish, interfaol xizmatlardan foydalanish mumkin. 

Davr bilan hamqadam bo‘lish taraqqiyotning asosiy shartidir. 2015 yilning boshida Prezidentimiz farmoni bilan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tashkil etildi. Bu esa izchil harakat, uzoqni o‘ylab qabul qilingan strategik rejalarni jadal amalga oshirishning yana bir amaliy tasdig‘i bo‘ldi.

Muxtasar aytganda, istiqlol yillarida mamlakatimizda milliy telekommunikatsiya tizimini rivojlantirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar, loyihalar mamlakatimizda AKT tarmog‘ini barcha sohalarga izchil tatbiq etish bilan bir qatorda, yurtimizning ayni shu yo‘nalishda yuksak darajaga erishgan ilg‘or davlatlar safiga qo‘shilishiga xizmat qiladi.

No'mon AKBAROV, 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati,

Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.