Mantiqiy uyg‘unlik — KOMILLIKKA YETAKLAYDI

Har bir ommaviy axborot vositasining jamiyatda o‘z o‘rni bor. Matbuot insonlarga puxta, tahlillarga boy, faktlar bilan to‘yingan materiallarni taqdim qilsa, televidenie ko‘proq tasvir kuchidan, radio ovoz sehridan foydalanib auditoriyaning axborotga bo‘lgan ehtiyojini qondiradi. Matbuot jurnalistining qalami har kuni jumla ustida jang qiladi. Jurnalistika bu mashaqqat, tinimsiz mehnatdir.

 

Yurtboshimiz tomonidan biz jurnalistlarga katta imkoniyatlar yaratilgan. To‘rtinchi hokimiyat atamasi paydo bo‘lgani ham bejiz emas. Bu ishonchni oqlash uchun uzoq ter to‘kishimiz kerak, nazarimizda.

Sirdaryo viloyatining "Nurli istiqbol", "Oqoltin ovozi", "Guliston yangiliklari", "Mirzaobod", "Xovos ovozi" kabi tuman nashrlarining ayrim sonlari bilan tanishdik. Umuman olganda, bu gazetalar o‘zlari faoliyat yuritayotgan hududda bo‘layotgan voqelikni aks ettirishda jadal ishlamoqda. Tumanda bo‘lib o‘tayotgan tadbirlar, hokimning qarorlari, hisobotlar, yosh qalamkashlarning she’rlari, joylardan kichik-kichik xabarlar taqdim etilgani yaxshi, albatta. Ammo, afsuski, ushbu nashrlarda odam savdosi, terrorizm, aqidaparastlik, ekologiya kabi dolzarb mavzular deyarli qalamga olinmagan. Shukurki, yurtimiz tinch. Istiqlolni asrash esa har birimizning burchimiz. Mafkura maydonlarida kurash ketayotgan bugungidek qaltis vaziyatda yosh avlodda ma’naviy immunitetni hosil qilish uchun yuqoridagi illatlar va ularning oqibatlari haqida kerak bo‘lsa har kuni gapirishimiz lozim emasmi?!

Mutaxassislarning fikricha, inson yetmish foiz axborotni ko‘rish orqali qabul qilar ekan. Bu tasvirning ongimizda birlamchi ekanini anglatadi. Birgina suratning o‘zi soatlab yozgan maqolangizdagi ma’noni bera olishi mumkin. Taassufki, biz varaqlab chiqqan nashrlardagi suratlar xira, sifatsiz. Bunday tasvir nigohlarni o‘zidan qochirishi tabiiy hol. Bu gazetalarga malakali suratkash, tajribali dizaynerning ko‘magi ham kerakligini anglatadi.   

"Nurli istiqbol" gazetasi to‘rt sahifadan iborat. Gazetani kuzatsangiz, bir dona ham hayotiy surat ko‘rmaysiz. (Masalan, 2016 yil 16 mart sonida). Buning ustiga maqolalarni joylashtirishda turli shriftlardan foydalanilgan. Ko‘zni charchatadigan bunday yozuvni o‘z sog‘lig‘ini o‘ylagan kishi o‘qimasligi aniq. Gazeta auditoriyaning axborotga ehtiyojini qondirish uchun chop etilsayu, mushtariy uni o‘qiy olmasa, kulgili emasmi?!

Gazetaga maqolalar shunday joylashtirilishi kerakki, ular bir-birini to‘ldirsin. Mushtariyni mantiqiy uyg‘unlikda ma’naviy ozuqa olishini ta’minlab bersin. Bu auditoriyaga ta’sir o‘tkazishning muhim omillaridan biri bo‘lsa-da, ayrim nashrlar sahifasida maqolalarning tartibsiz joylashtirilgani kishida e’tiroz uyg‘otadi. Masalan, 2016 yil 10 mart kuni chop etilgan "Nurli istiqbol" gazetasi uchinchi sahifasining tepa qismida bosh harflar bilan "FITNA QOTILLIKDAN HAM Oo‘IR GUNOHDIR" deb yozilgan va uning pastida Prezidentimizning "Mafkura poligonlari yadro poligonlaridan kuchliroqdir" degan gaplari sarlavha o‘rnida joylashtirilib, uning pastiga mavzu yuzasidan Yurtboshimizning fikrlari keltirilgan. So‘ng sahifa ikkiga ajratilib, bir tomonga "Internetga "in" qurganlar" sarlavhali maqola, uning pastiga ikkinchi betdagi "Xizmat turlari takomillashdi" nomli maqolaning qolgan ozgina qismi joylashtirilgan. Ikkinchi tomonidan "Ijtimoiy tarmoq "mahsuli" nomli maqola o‘rin olgan. O‘rtada esa internetdan ko‘chirilgan birgina surat bor. Balki bu ham bir uslubdir. Ammo har narsani o‘ziga xoslikka yo‘yaversak, matbuot tartibsiz bozorga aylanib qolmasmikan?! Shunday holat "Mirzaobod" gazetasida ham uchraydi. Ushbu nashrning 2016 yil 2 mart soni to‘rtinchi sahifadagi rukn o‘rnida berilgan "Gazeta — gazetxon — gazeta" so‘zlariga va uning pastida joylashtirilgan maqolalarga qanday izoh berishni bilmaysan kishi. Bu rukn nimani anglatadi o‘zi? Agar to‘g‘ri tushungan bo‘lsak, gazeta jamoasi gazeta va gazetxonning o‘zaro aloqasi haqidagi sahifa, demoqchi. Shunday ham deylik, ammo sahifadagi "Ayol ibosi bilan go‘zal", "Iqtidorli yoshlar faxrimiz", "Ustozlarga ehtirom" sarlavhali maqolalar hamda "Tender tanlovida qatnashing" nomli e’lon  buni inkor qilyapti. 

 Ko‘cha-ko‘yda ko‘zga tashlanib turadigan imloviy-uslubiy xatolar, ijtimoiy tarmoqlardagi savodsizlik haqida OAVda ko‘p gapirildi, tanqid qilindi. Axir, OAV — tarbiyachi, aholini to‘g‘ri yo‘lga boshlab turuvchi mayoq. Shunday bo‘lsa-da, biz so‘z yuritayotgan nashrlarda ko‘zga tashlanadigan imloviy-uslubiy xatolar yuqoridagi fikrni, afsuski, qoralab qo‘yadi. Masalan, "Nurli istiqbol" gazetasinig joriy yil 30 mart sonida e’lon qilingan   "Keksalarni e’zozlagan olqish olar" nomli maqolada: "Ushbu ko‘z ilg‘amas kichik hurmatlar kundalik hayotimizni bezaydi, jamiyatning mustahkam va kuchli bo‘lishii ta’minlaydi", degan jumla bor. Bu gapdagi "hurmatlar" so‘ziga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: hurmatning o‘zi mavhum tushuncha bo‘lsa, uning ham ko‘pligi bo‘larkan-da? Yana bir gap: jumlada "ko‘z ilg‘amas" va "kichik" so‘zlari ishlatilgan. Ko‘z ilg‘amas — bilinar-bilinmas degan ma’noni beradi. Kichik so‘zi esa undan kattaroq, ya’ni katta, kichik, ko‘z ilg‘amas deb darajaga bo‘lsak, o‘rtada turgan sifat. Bu ikkala so‘zni ketma-ket ishlatish mantiqsizlikning o‘zi-ku.

Gapda ega va kesimning moslashuvi uning mantiqiy to‘g‘ri tuzilganini ko‘rsatuvchi asosiy omildir. "Mirzaobod" gazetasining joriy yil 16 mart soni birinchi sahifasida chop etilgan "Dolzarb vazifalar" sarlavhali maqolada shunday jumla bor: "Ohunboboev, o‘.Yunusov, Xo‘jaobod, Yangiobod, "Toshkent", Beruniy SIU hududlaridagi fermer xo‘jaliklari ko‘klamgi dala ishlarida qoloqlikka yo‘l qo‘yilmoqda". O‘zbek tili grammatikasi bo‘yicha -il qo‘shimchasi majhul nisbatni, egasiz gaplarni ifodalashda ishlatiladi. Ushbu gap majhul nisbatda emas, egasi ham bor. Shunday ekan, kesimga bu qo‘shimchani qo‘shish noo‘rin. 

OAVda rasmiy hujjatlar, Bosh qomusimizning bandlari, moddalarini xato yozish mumkin emas. Shu sababli nashrlar bu masalaga alohida e’tibor qaratadi. Ammo "Mirzaobod" gazetasining shu sonidan joy olgan "Voyaga yetmaganlar huquqlari qonun himoyasida" maqolasida: "Bosh qomusimizning 45-moddasida "Voyaga yetmaganlar mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidir" deya qayd etilgan", degan jumla bor. Aslida esa 45-moddada "Voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir", deb ta’kidlab qo‘yilgan. Yoki shunga o‘xshash yana bir misol "Guliston yangiliklari" gazetasining joriy yil 10 mart sonida "Hokim mahalla ahliga hisobot berdi" sarlavhali maqolada "Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontsep-tsiyasi" deya yozilgan. Kontseptsiya so‘zi nega chiziqcha bilan ajratib yozilganiga tushunmadik. Rasmiy xujjatlarga bunday o‘zgartirish kiritib yozish noto‘g‘riligini nahotki gazeta jamoasi bilmasa?!  

O‘zbekiston jurnalistikasini rivojlantirish uchun ishni quyidan boshlashimiz, tuman nashrlariga alohida e’tibor qaratishimiz lozim. Chunki xalqimiz jurnalistika haqidagi ilk tasavvurni ulardan oladi. Yuqorida keltirib o‘tilgan kamchiliklar faqat biz tilga olgan nashrlarda emas, balki yana ko‘plab gazetalarda ham kuzatilmoqda. Ularning oldini olish uchun bir yoqadan bosh chiqarib, tanqidni ham, taklifni ham to‘g‘ri tushunib harakat qilishimiz kerak. Muhimi, biz yo‘ldamiz va maqsadimiz — oliy.

 

Shohsanam KOMILOVA, 

"Hurriyat" muxbiri

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.