XORAZM NASHRLARI «JANLIMI»?

Gazetalar qaerda, qancha tirajda chiqmasin, unda yoritilgan muammolar, dolzarb mavzular, butun jamiyatga tegishli bo‘ladi. Ulardan doimo nimalarnidir o‘rgansa, yangi iste’dodlarni, yangi gaplarni topsa bo‘ladi. Mintaqaning chekka bir nashrida berilgan maqola butun hududni oyoqqa qalqitishi mumkin.

Xorazm viloyati nashrlariga yuzlanar ekanmiz, ayni shu kabi o‘ylar xayolimizdan o‘tdi.

“Xorazm HaQiQati”dagi HaQiQatlar

So‘zimizni viloyatning bosh gazetasi hisoblanmish “Xorazm haqiqati”dan boshlasak.

1920 yil 8 martda tamal toshi qo‘yilgan ushbu nashr bugungi kunda Xorazm viloyati hokimligi muassisligida chop etilmoqda. Shu boisdan undagi asosiy materiallar hokimlik qarorlari, hududda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan bog‘liq. Gazeta haftada ikki marta nashr etiladi. Publitsistikadan ko‘ra, ko‘proq rasmiy uslubda yoziluvchi bunday materiallar gazeta sahifalarining salmoqli qismini egallaydi. Shuningdek, O‘zbe­kiston milliy axborot agentligidan olib berilayotgan materiallar viloyat o‘quvchilarini mamlakatimiz hayotiga doir muhim yangilik va islohotlar bilan tanishtirishda ko‘mak berayotgani shubhasiz. Shu bilan birga gazeta sahifalarida dolzarb mavzular aks etgan maqolalar ham vaqti-vaqti bilan chop etib turiladi.

Nashrning 2016 yil 23 yanvarda e’lon qilingan “Nafsi o‘pqon mudira”, “Qing‘ir ishning qiyig‘i chiqdi”, “Oqibat” kabi maqolalarda o‘quvchini mulohazaga chorlaydigan mavzular qalamga olingan. Dastlabki ikki maqolada jinoyatga qo‘l urgan valyutafurushlar hamda lavozimini suiiste’mol qilgan bog‘cha mudirasi haqida so‘z boradi. Gazetadagi bir talay maqolalar, xabarlar jinoyat olamidagi ishlar bilan bog‘liq bo‘lib, ular aholini hushyorlikka chorlash bilan birga, mavzular xilma-xilligini ta’minlagan. “Firibgarlar fosh bo‘ldi”, “Kechirish — ishonch degani”, “Ko‘za kunida sindi”, “Insonparvarlik ifodasi” kabi maqolalar shular jumlasidan. Viloyatning bosh nashrlari nafaqat hudud markazidagi, balki viloyatdagi barcha yangiliklarni, islohot va muammolarni olib chiqishi kerak, nazarimizda. Mana shu jihatdan “Xorazm haqiqati”da ham yaxshi say-harakatlar ko‘zga tashlanadi. Xususan, 2016 yil 27 fevral sonida gazetaning maxsus muxbiri Abdulla Safoevning “Birini ko‘rib shodlanasiz, biridan ranjiysiz” sarlavhali maqolasida Qo‘shko‘pir tumanidagi holat bayon qilinadi. Maqolada tumandagi Mahmud Zamaxshariy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘idagi obodonchilik bilan unga olib boriladigan yo‘llardagi manzaraning nomutanosibligi, shuningdek, mahallalarda to‘plangan chiqindi muammosi haqida so‘z boradi.

“Dehqon bozori” atrofida mashinalar turar joyining yo‘qligi, ba’zi chekka qishloq xonadonlaridagi “befayz”lik ham jurnalist nigohidan chetda qolmaydi. “Xonobod chindan obodmi? Bu savolga ijobiy javob berish mushkul. Ko‘p hovli joylar, savdo shoxobchalari, ko‘chalarda obodonlashtirish ishlariga e’tibor kam. Qishloqdagi 17-maktabdagi ahvol ayniqsa, achinarli. Devorlari ohaklanmagan. Atrofda qarovsizlik, hudud tozalanmagan”... Muallif shu tarzda kuzatuvlarini bayon qilar ekan, maqola yakunida bu kamchiliklar qachon bartaraf qilinadi, degan savolni o‘rtaga tashlaydi. Bu kabi urinishlar — masalani dangal ko‘tarib chiqish, mavzu va muammo jihatidan butun hududni qamrab olishga bo‘lgan harakatlarni nashrning 2016 yil 3 fevral sonida “Bozor bedarvozami?!” sarlavhali maqolada ham ko‘rishimiz mumkin.

Darvoqe, sarlavhalar xususida. Ustozlarimiz “Sarlavha — yarim maqola” deyishadi. Bu unga nihoyatda jiddiy yondashish shart deganidir. Tan olishimiz kerak, bugungi kunda yurtimizda chop etilayotgan ko‘plab gazeta va jurnallarda bu borada kamchilik ko‘zga tashlanadi. Ayrim nashrlar o‘quvchilari sonini oshirish maqsadida shov-shuv ko‘taraman deb, ignaday narsani sarlavhaga tuyaday qilib olib chiqsa, ba’zi “kamtar” gazetalar tuzukkina yozilgan, dolzarb mavzudagi maqolalariga “Islohotlar samarasida”, “Sohaga qaratilayotgan e’tibor”, “Ham­­korlikning yangi ufqlari” singari “otamzamon” sarlavhalarni qo‘yadi. (Ba’zan o‘ylab qolasan, kishi, shunday sarlavhalarning yoshi uni maqolasining tepasiga qo‘yayotgan muallif yoshidan ikki baravar ziyodroq bo‘lsa kerak...)

Xorazm gazetalarida ko‘zimiz tushgan sarlavhalarga e’tibor bering: “Soliq tizimida islohotlar va ularning samaralari”, “Olimpiada o‘yinlarga tayyorgarlik yuksak darajada”, “Yangi turar joylar dilni quvnatadi”, “Ekologik madaniyatni shakllantirishda jamoatchilik nazorati”.

“Xorazm haqiqati”da chop etilgan “Ekologik madaniyatni shakllantirishda jamoatchilik nazorati” maqolasida ko‘p qavatli uylar atrofida “o‘z-o‘zidan to‘planib qoluvchi” chiqindilar muammosi haqida so‘z boradi. Yaxshi mavzu. Ammo sarlavhani o‘qib, tadbir-padbir haqidagi odatiy materiallardan bo‘lsa kerak, deb o‘ylaysiz.

Taniqli shoir Matnazar Abdulhakim tavalludi munosabati bilan berilgan esdalik, aytish mumkin bo‘lsa, kichik esse-yodnomalar ham “Abadiyatga daxldor meros”, “Do‘stlik tarannumi” kabi odatiy sarlavhalar ostida chiqqan. Afsuslanayotganimiz boisi ham shu: mazkur maqolalar o‘qishli. Yaxshi yozilgan-u, sarlavhalari...

“Hayot kO‘zgusi”dagi akslar

“Bog‘ot sadosi”, “Xiva tongi”, “Yangibozor ko‘zgusi”, “Yangiariq ovozi” kabi tuman nashr­larini kuzatib, badiiy-publitsistik, tanqidiy-tahliliy maqolalarni ularda ko‘proq berish kerak ekan, degan xulosaga keldik.

Qo‘shko‘pir tumani hokimligi muassisligidagi “Hayot ko‘zgusi” gazetasida bir qancha dolzarb muammolarga bag‘ishlangan materiallarni uchratdik. “Kutubxonachi qaerda?”, “Sil kasalligi oila qurishga to‘sqinlik qiladimi?”, “E’tiborsizlik, loqaydlik qachongacha?!” (tumandagi 15-maktabgacha ta’lim muassasasidagi ayanchli ahvol xususida), “Sifat, sertifikat qani?!”, “Dabdababozlik baxt keltiradimi?” singari maqolalarda mualliflarning ziyrak nigohi, teran mushohadasi ko‘rinib turibdi. Quvonarlisi, gazetaning ke­yingi sonlarida ko‘tarilgan muam­molarning ijobiy hal qilingani haqidagi tegishli idoralarning kichik bildirgilari ham berilgan. Mavzular xilma-xilligi, dizayn borasidagi izlanishlar shundoq aks etib turibdi.

Bugun auditoriyaga qisqa va lo‘nda, tezkor axborotni yetkazib bera olgan OAVning “dovi yurishadi”. Bu borada mazkur tuman nashrlarining faoliyati maqtasa arzirli. Hech bir anjuman muxbirlar nigohidan chetda qolmagan. Hattoki, maktablardagi haftalik, bilimdonlik tadbirlari ham muntazam yoritib borilar ekan. Biroq tadbirlarni bayon qilish bilan birga, ularda ko‘tarilgan masalalarga ham ko‘proq urg‘u berilishi gazeta saviyasini oshirishga xizmat qiladi, albatta. Masalan, “Mo‘’jiza yaratayotgan qo‘llar” (“Yangiariq ovozi” 6-son) maqolasida faqatgina ko‘rik-tanlov haqida so‘z yuritmasdan, biror tadbirkor ayol ish faoliyati to‘g‘risida hikoya qilinib, so‘ng o‘rnida tadbirga oid xabar berilganida o‘quvchilar uchun ham qiziq, ham foydali bo‘lishi mumkin edi.

Surat sO‘zlamasa...

Aksariyat ma’lumotlarni vizual tarzda qabul qilamiz va aynan ular ko‘proq esimizda qoladi. Psixologiyada tasdig‘ini topgan ana shu jihat matbuotning oldiga dizayn masalasiga alohida ahamiyat qaratish talabini qo‘ydi. Xorazm nashrlarida ham materiallarni “g‘isht tergandek” ustma-ust joylashtirish, badiiy-publitsistik maqolaga ham, rasmiy xabarlarga ham bir xil shrift­lardan foydalanish, sarlav­halarda kompyuter grafikasi imkoniyatlaridan foydalanmaslik kabi kamchiliklarni uchratdik.

“Bog‘ot sadosi” gazetasidagi e’tiborimizni tortgan ilk jihat bu natyurmort shaklidagi suratlar bo‘ldi. E’tirof etish kerakki, aksariyat suratlar boshqa gazetalardan farqli o‘laroq, “jonli”. Ammo ko‘pgina suratlar maqolaga ajratilgan joyning yarmidan ko‘prog‘ini egallagan. Natijada, o‘quvchida ular go‘yoki joyni to‘ldirish uchun joylashtirilgandek taassurot qoldiradi. “Tadbir” yoki “Jarayon” ruknidagi maqolalar suratlari esa voqelikdan ko‘ra ko‘proq yirik planda olingani gazetada malakali fotojurnalist­ga ehtiyoj borligini ko‘rsatadi. Gazeta bilan yaxshiroq tanishar ekanmiz, maqolalarda qalamga olingan mavzularga doir suratlardan ko‘ra asosan, mualliflarning rasmi berilishiga amin bo‘ldik. Yangibozor tumani hokimligiga qarashli “Yangibozor ko‘zgusi” gazetasida esa buning aksi, “jonli” suratlar kam uchraydi. Biroq undagi rasmlar maqola mavzusiga mos va sifati yaxshi. “Xiva tongi”, “Yangiariq ovozi”, “Xonqa hayoti” kabi gazetalarda ham jarayonni yorituvchi suratlar nisbatan ko‘proq.

Xulosa qilib aytganda, vohaning biz kuzatgan nashr­larida zalvorli maqolalardan ko‘ra, ko‘proq bo‘lib o‘tgan voqelik, tadbirlar haqida “bo‘lib o‘tdi” tarzidagi kengaytirilgan xabarlar birinchi planga chiqib qolayozgan. Bu esa aholi o‘rtasida axborotga, mushohadaga ehtiyoj ortib borayotgan bir paytda biroz achinarli holat. Ammo biz ishonamiz, ko‘hna voha farzandlari bu boradagi kamchiliklarni bartaraf eta oladi. Zero, zamon bilan hamnafas, jamiyatning og‘riqlari, aytadigan gaplarini ilg‘ab, sahifalarida yorituvchi gazeta va o‘z so‘ziga ega jurnalist­gina o‘quvchi e’tiborini qozonadi...

Feruza XAYRULLAYEVA

INTERNET JURNALISTIKAMI?

 

Ommaviy axborot vositalari deganda, gazeta, jurnal, televidenie, radio tushuniladi. Ammo XXI asrga kelib, yangi texnologiyalarning ijtimoiy hayotga kirib kelishi va ommalashuvi OAV turlarining kengayishiga sabab bo‘ldi. Endilikda matbuot, televidenie, radio qatorida “internet” tushunchasi ham keng qo‘llana boshladi.

Internet axborotlarni keng jamoatchilikka yetkazish borasida boshqa OAVdan ildamlab ham ketdi. Albatta, bunda uning barcha turdagi – tasviriy, yozuvli, grafik, audio axborotlarni o‘zida jamlash xususiyati hamda jarayonning tezkorligi nazarda tutiladi.

www.wikipedia.ru saytida ommaviy axborot vositalari atamasi shunday izohlanadi: “Omma­viy axborot vositalari – texnik vositalar yordamida ommaviy informatsiyalarni uzatuvchi tizim”. Bu jihatdan olib qaraganda, internetni mana shunday vositalardan biri sifatida e’tirof etish noto‘g‘ri bo‘lmaydi. Ammo bugungi kunda to‘laligicha o‘z yechimini topmagan masala bor, ya’ni internetni jurnalistikaning bir ko‘rinishi, deya olamizmi? Ayrim mutaxassislar bu savolga ijobiy javob berishgan. Masalan, tadqiqotchilar A.Kalmikov, L.Koxanovalarning “Internet jurnalistika” asarida bu tushunchaga shunday ta’rif bera­di: “Internet-jurnalistika – bu – yangi, sifatli madaniy hodisa bo‘lib, u o‘zida dolzarb informatsion obrazlarni namoyon etadi hamda bu obrazlarni nafaqat so‘z, balki rasm, surat, kino, video, ovoz, veb-sahifa orqali yetkazib beradi”. Ammo bu ta’rif ko‘proq internetning OAV turi sifatidagi o‘rnini ko‘rsatadi. Chunki jurnalistika atamasining o‘zi ancha keng ma’no-mazmunga ega.

“Jurnalistika (fr. journal – kundalik, jour – kun) – zamonaviy hayotning eng muhim ijtimoiy hodisalaridan biri, ommaviy-informatsion faoliyatning ko‘rinishi bo‘lib, u shaxs­lar, jamoalar va butun jamiyat, shuningdek, turli ijtimoiy sohalar va hattoki avlodlar o‘rtasidagi uzluksiz o‘zaro ta’sirni ta’minlaydi. Jurnalistik faoliyat jarayoni omma uchun muhim bo‘lgan dolzarb axborotlarni to‘plash, qayta ishlash, saqlash va davriy tarqatishdan tashkil topadi”, deb yozadi tadqiqotchi V.Svik.

Internetni jurnalistikaning ko‘rinishi ekanini e’tirof etish-etmaslik masalasidan oldin uni bir necha jihat bo‘yicha tahlil qilib chiqish lozim. Eng avvalo, jurnalistika sohasi o‘z faoliyati davomida bajaradigan vazifalarning internetda qanchalik amal qilishini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq.

Jurnalistikaning eng asosiy va birinchi vazifasi – axborot berish, ya’ni dunyoda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar haqida jamoatchilikni boxabar qilish. Matbuot, televidenie, radio orqali uzatilayotgan axborotlar zamirida ushbu vazifaning amalga oshirilishini kuzatish mumkin. Bu jihatdan internet ham ommaga axborotlarni yetkazish bo‘yicha ortda qolmayotganini e’tirof etish lozim. Ayniqsa, yirik axborot agentliklarining internet saytlari – cnn.com, reuters.com, ap.org, upi.com kabilar ancha faoldir.

Jurnalistikaning mafkuraviy vazifasi bajarilishi orqali omma fikri shakllanadi, muayyan voqea-hodisalarga nisbatan munosabat uyg‘otadi. Bu jihatdan olib qaraganda, internetdagi axborotlar ham ushbu vazifani amalga oshirishga xizmat qilayotganini ko‘rish mumkin.  Zero, veb-saytlarda e’lon qilingan yangiliklar, xabarlar qatorida jamiyat hayotida sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga nisbatan munosabat, fikr, mulohazalarni o‘zida mujassam etgan materiallar ko‘plab kuzatiladi. Shuningdek, internetda jurnalistikaning rekreativ, kommunikativ va shu kabi bosh­qa vazifalari ham bajarilayotganini ko‘rish mumkin. Ammo u jurnalistika sohasi amal qiladigan tamoyillarga bo‘ysunadimi? Tamoyillar nafaqat jurnalistikada, balki barcha jabhalarda muhim. Ular har bir soha faoliyatini tartibga solib turishga xizmat qiladi. Printsip lotincha so‘zdan olingan bo‘lib, ibtido, boshlanish degan ma’nolarni anglatadi. “Jurnalistning printsipliligi uning faoliyatidagi eng muhim yo‘naltiruvchilardan biri hisoblanadi”, deyiladi “Jurnalistika nazariyasiga kirish” kitobida. Shu tufayli internet faoliyatini bu jihatdan ham ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq.

O‘zbek jurnalistikasida bir qancha printsiplar ajratib ko‘rsatiladi. Masalan, xolislik va haqqoniylikka rioya qilish har bir jurnalist uchun majburiydir. Haqqoniylik deganda, auditoriyaga uzatilayotgan axborotlarning faktlar asosiga qurilgani  nazarda tutiladi. Ya’ni bunda yolg‘on, to‘qima, g‘iybat, mish-mish, tuhmatlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Agar jurnalist o‘z faoliyatida bularga yo‘l qo‘ysa, u kasbiy burchini ado etmagan bo‘ladi. Bugungi kunda internetda sayt ochish va u orqali axborot uzatish qiyin ish emas. Shu sababli veb-saytlardagi turli axborotlar orasidan haqqoniylarini ajratib olish murakkablashib bormoqda. Masalan, shou-biznes olamidagi yangiliklarni berib boradigan © Shok.uz saytining faoliyatida bunday holatlarni ko‘plab kuzatish mumkin. “Nilufar turmush qurgani rostmi?” nomi ostida e’lon qilingan matnda shunday jumlalar uchraydi: “Gap-so‘zlarga ko‘ra xonanda hech kimga oshkor qilmasdan nikoh to‘yini o‘tkazib, turmush qurgan emish. Ijodda kamnamo bo‘lib qolganining sababini shunga yo‘yishmoqda”. Saytda bu kabi mish-mish ma’lumotlarning berilishi uning jurnalistika sohasi printsiplariga zid ekanini isbotlaydi. Bu saytni OAV turi sifatida ko‘rsatish mumkindir, ammo jurnalistikaning bir ko‘rinishi deya e’tirof eta olamizmi?

Yoki umuminsoniylik printsipi haqida gap ketganda, inson, uning qadrlanishi kamsitish, kesatiq, haqoratlarga yo‘l qo‘yilmaslik kabi qoidalar nazarda tutiladi. Ammo bugungi kunda buzg‘unchi g‘oyalarni tashuvchi, insoniyat, uning qadriyatlarini tahqirlovchi saytlarni mavjud emas deya olamizmi? Yoxud yana © Shok.uz saytidagi “Jasur Gaipov o‘zi yosh bolayu, lekin qiz farzandlik bo‘ldi... Tabriklaymiz!” nomli yangilikda umuminsoniylik printsipining buzilish holatiga guvoh bo‘lish mumkin. Bunday sarlavhani o‘qigan internet foydalanuvchilarida yangilikka qoldirilgan izohlar orqali ushbu xonandaning yoshi borasidagi taajjublar paydo bo‘lgani kuzatiladi. Aslida esa Jasur Gaipov 1988 yilda tug‘ilgan bo‘lib, uning “yosh bola” deya atalishi ham kamsitish, ham haqorat sifatida qabul qilinishiga olib keladi.

Bundan tashqari, jurnalistikada xolislik (ob’ektivlik) printsipi ham mavjud bo‘lib, bunda har bir voqea-hodisaga nisbatan uning barcha tomonlarini o‘rgangan holda yondashish, shaxsiy xusumat, his-tuyg‘ularga berilish natijasida sub’ektiv qarashlarni omma ongiga singdirmaslik kabi qoidalar nazarda tutiladi. Jumladan, so‘z yuritilayotgan veb-saytda “ Ucellga nima bo‘lgan o‘zi?!” nomli matnda ushbu tarmoq faoliyatidagi kamchiliklar tanqid qilingan, ammo bu tanqidiy fikrlar sub’ektiv bildirilgan bo‘lib, hech qanday fakt va dalillar keltirilmagan.

Internetda bu kabi jurnalistik printsiplarning buzilish holatlarini tez-tez kuzatish mumkin. Jurnalistika o‘z faoliyatini amalga oshirishi lozim bo‘lgan vazifalari hamda ularni bajarish jarayonida amal qiladigan printsiplar asosiga qurar ekan, bunday holatlar internet jurnalistikaning bir ko‘rinishi bo‘la olish-olmasligi borasida aniq fikrni aytishga to‘siq bo‘lmoqda. Umuman olganda, veb-saytlarni yaratish, ularni yuritish borasida ma’lum qonun-qoidalar ishlab chiqilmasa, internet faqatgina OAV turi bo‘lib qolaverishi ham mumkin.

 

Kumushbibi ERMAMATOVA,

O‘zDJTU talabasi

«FOTOJURNALIST ODAMLARGA HAQIQATNI KO‘RSATISHI LOZIM»

Fotojurnalist Ernest Kurtveliev bilan zamonaviy fotojurnalistika xususida suhbat

Read more...

Publitsistikada hayot nafasi

Badiiy publitsistik asar yaratish jurnalistdan katta bilim, keng dunyoqarash, teran tafakkur bilan birga, ijod mahoratini, til vositalaridan unumli foydalanishni talab qiladi.

Read more...

Mantiqiy uyg‘unlik — KOMILLIKKA YETAKLAYDI

Har bir ommaviy axborot vositasining jamiyatda o‘z o‘rni bor. Matbuot insonlarga puxta, tahlillarga boy, faktlar bilan to‘yingan materiallarni taqdim qilsa, televidenie ko‘proq tasvir kuchidan, radio ovoz sehridan foydalanib auditoriyaning axborotga bo‘lgan ehtiyojini qondiradi. Matbuot jurnalistining qalami har kuni jumla ustida jang qiladi. Jurnalistika bu mashaqqat, tinimsiz mehnatdir.

Read more...

ISTIQLOL MADHI — IJOD VA G’OLIBLIK NASHIDASI

Bugungi tinch-osoyishta zaminda Vatan haqida so‘z aytmoq baxti har bir ijodkorga zavq-shavq, ilhom beradi. O‘tayotgan har bir kunda tarix zarvaraqlariga muhrlashga arzigulik bunyodkorlik, yaratuvchanlik ishlarining izi bor. Bularning barchasini bor bo‘y-basti bilan qalamga olayotgan ijodkorlarimiz mamlakatimiz mustaqilligi e’lon qilingan qutlug‘ sana arafasida munosib taqdirlanib, mehnatlari samarasidan mamnun bo‘ladilar.

Read more...

FORBES

Dunyoda shunday nashrlar borki, ularning muvaffaqiyatlari aqlingizni shoshiradi, minglab, millionlab muxlislarga ega. Katta nusxalarda ko‘plab mamlakatlarga tarqatiladi. Shunday jurnal yo gazetada maqolasi chiqishini istamaydigan jurnalist bo‘lmasa kerak.

Read more...

Mazmunga boy amaliy taklif va tavsiyalar

Mustaqilligimizning 25 yillik bayrami munosabati bilan O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi hamda milliy va xalqaro hamkorlar tomonidan tashkil etilgan media-kunlar yakun topmoqda.

Read more...

BIR QADAM OLDINDA

Jasur o‘qituvchilar oilasining to‘ng‘ich farzandi. U sportda ham, ilm-fanni o‘zlashtirishda ham yetakchilardan. Yoshi yigirma beshda – Istiqlolga tengdosh.

Read more...

Aktyor, huquqshunos va jurnalist

Otabek Mahkamov bilan suhbat

Turli soha vakillarining jurnalistikada bilim va mahoratlarini sinab ko‘rish hollari ko‘p uchraydi. Angliyalik Garri Lineker, Jeymi Karrager singari sobiq futbolchilarning bugun yosh hamkasblaridan intervyu olayotganini ko‘rib, hech kim ajablanmaydi. Ularning OAVda faoliyat yuritayotganiga ancha bo‘lgan. 

Read more...

ULAR HAQIDA BILASIZMI?

Zofka KVEDER 

Sloveniyalik yozuvchi, tarjimon, jurnalist, feministik (burjuaziya sharoitida xotin-qizlarning erkaklar bilan teng huquqli bo‘lishi uchun kurashgan) harakat a’zosi.

Read more...

HUQUQIY madaniyatni oshirishda OAVNING roli

“Andilon yoshlari” gazetasi tahririyatining O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi Davlat granti tomonidan moliyalashtirilgan “Huquqiy madaniyat – taraqqiyot garovi” loyihasi doirasida “Ommaviy axborot vositalarida aholining siyosiy va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha mamlakatda olib borilayotgan amaliy ishlarni yoritish masalalari” mavzusida amaliy seminar o‘tkazildi. Unda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan ommaviy axborot vositalari (OAV) xodimlari, korxona va tashkilotlarning matbuot xizmati xodimlari ishtirok etdi.

Read more...

MILLIY AXBOROT SOHASI BILAN TANISHUV

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida milliy axborot sohasini rivojlantirishga qaratilgan izchil islohotlar jamiyatni demokratlashtirish hamda iqtisodiyotning tizimli rivojlanishi samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Read more...

Oqibatli Ashurboy

Ashurali Jo‘raevni do‘st-birodarlari yaqin tutib Ashurboy deb ham ataydilar. “Boy”ligi rost uning – yor-jo‘rasi mo‘l, bari unga talpinib turadi. Bunaqa odamni “shirasi bor, ohanrabosi bor” ham deydilar. Ma’raka-marosimlarda ham qahramonimizni ko‘pincha katta-kichik davralarning o‘rtasida turganini ko‘rasiz. O‘zingiz ham xabardor bo‘lgan gaplarni u yangi tafsilotlari bilan, yangicha talqinda, zo‘r mahorat ila so‘zlab berayotgan bo‘ladi.

Read more...

PLAGIAT, KOPIRAYT, RERAYT VA REPOST

Internetning shiddatli rivoji yangi tushunchalar bilan birgalikda mualliflik huquqiga rioya etmaslik, biror shaxsga tegishli asar, g‘oya, materialni o‘zlashtirish holatlarini keltirib chiqardi. Zamon zayli bilan tilimizga kirib kelgan tushunchalar ichida plagiat, kopirayt, rerayt, repost so‘zlari so‘nggi vaqtlarda ko‘p ishlatilmoqda. Mazkur tushunchalar internet jurnalistikasida yangi yo‘nalishlarni ham keltirib chiqarishga omil bo‘ldi. Xo‘sh, plagiat bilan kopirayt va reraytning farqi nimada? Nusxa ko‘chirish ma’nosini anglatadigan kopirayt birovning asarini o‘g‘irlash emasmi? Qayta bosish, ya’ni repostga materialni qayta chop etgan odam asar muallifiga tegishli mualliflik huquqining bir qismiga daxl qilmaydimi?

Read more...

“MEN KO‘RGAN DUNYO”

Har bir davr, jamiyatning jurnalistlarga qo‘yadigan talablari bo‘ladi. Garchand bu talablar sohaga tegishli mumtoz qonuniyatlarni o‘zida ifoda etib, qabul qilingan va belgilangan me’yorlarga amal qilsa-da, unga yondashuv, jurnalistik vazifani bajarishga bo‘lgan intilish, ishtiyoq, maqsad va manfaat har kimda turlicha kechadi. Shuning uchun jurnalistning ijodi sof individual jarayondir. Uning ijtimoiy faoliyati jamiyat bilan, turli OAV, tahririyatlar bilan bog‘liq bo‘lsa ham, avvalo, inson sifatida, fuqaro sifatida, shaxs sifatida jamiyatdagi o‘rni, qolaversa, shu sohaning vakili sifatidagi mahorati ham uning ijodida namoyon bo‘ladi.

Read more...

Haqiqat aksi

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ommaviy axborot vositalariga e’tibor tubdan o‘zgardi. Ayniqsa, bu, xodimlar dunyoqarashi, tayyorlanayotgan materiallar saviyasi va tahririyatlarning moddiy-texnik bazasi rivojida o‘ziga xos tarzda aks etdi.

Read more...

QOBIL INSON

Har bir insonning jamiyatda, mahalla-ko‘y, ish joyi, oilasi, umuman hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lishiga xizmat qiluvchi omillar ko‘p. Ularning har biri haqida uzoq so‘z yuritish mumkin, albatta. Ustozlarni men ana shu toifadagi fidoyi insonlar qatorida deb bilaman. Zero, xalqimizda “Ustoz, otangdek ulug‘” deb bekor aytishmaydi.  

Read more...

Milliy telekommunikatsiya tizimi 25 YILDA

Mamlakatimizda keyingi chorak asrda amalga oshirilgan islohotlar yurt obodligi, turmushimiz farovonligi, inson qadr-qimmati va haq-huquqlarini ta’minlash bilan birga, xalqimizni tinchliksevar, bunyodkor xalq sifatida dunyoga tanitdi.

Read more...

OLIM VA MURABBIY

Dunyoga hamisha katta umid, yuksak ishonch bilan boqqan qadim Buxoro yigirmanchi asrda ham o‘nlab iste’dodli olim va ijodkorlarni tarbiyalab voyaga yetkazgandi. Shulardan biri, 1936 yilning 9 fevralida hozirgi Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanidagi Novvoyon mahallasida tug‘ilgan atoqli adabiyotshunos, tolmas murabbiy, professor Toji Qoraev edi.

Read more...

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

January 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.