“Chimyon” medialageri

O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi bu yil oltinchi bor an’anaviy bir haftalik “Chimyon” medialagerini tashkil etdi. Uning o‘ziga xosligi shunda ediki, medialager o‘quv-seminarida farg‘onalik jurnalistlardan tashqari Andijon, Namangan va Qoraqalpog‘iston Respublikasi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Read more...

Nur yo‘lidagi odam

Uni teleoperatorlar oldiga olib kirib, direktorning aytgan gapi shu bo‘ldi: “Bugundan boshlab, bu yigit sizlarga shogird, undan ajoyib operator chiqishiga ishonaman”. Tanti, yoshlarga g‘amxo‘r Toshkent telemarkazining direktori Hamidilla Nazirov bildirgan bu yuksak ishonch sohibi bo‘lajak teleoperator Rafail Kamolovning faoliyat yo‘lini uzil-kesil belgilab berdi.

Read more...

Ovoz qudrati

DASTLABKI ESHITTIRISHLAR

Bundan 90 yil muqaddam devorda osilgan kichkina bir uskunadan “Toshkentdan gapiramiz!” degan so‘zlar yangraganda, ba’zilar qo‘rquvdan, ba’zilar esa “Yo, alhazar!”, deya hayratdan yoqa ushlagan. Yillar o‘tib, radio muxlislarini o‘ziga ohanrabodek tortib oldi. U tunu kun odamlarning hamrohiga, yaqin do‘sti va maslahatgo‘yiga  aylandi. Mana, qariyb bir asrdirki, mamlakatimiz aholisi erta tongdanoq radioning jarangdor  ovozidan uyg‘onadi, uni tinglab, uyquga ketadi. Ommaviy axborotning tezkor turlaridan biri, hamma joyda, har doim hoziru nozir radioning ham tarixi va taraqqiyot bosqichlarining o‘ziga xos, qiziqarli jihatlari bor.

 “Radio” — lotincha so‘z bo‘lib, — “nur tarqataman” degan ma’noni anglatadi. Radio 1895 yil rus olimi A.S.Popov tomonidan ixtiro qilingan. U o‘zi kashf etgan moslama orqali ilk bor elektromagnit to‘lqin tebranishlarining simsiz masofaga uzatishni namoyish etdi. Bu voqea olamshumul ahamiyatga ega bo‘lib, bir qator texnika fanlarining, jumladan, radiotexnika va radiotelevideniening rivojlanishiga asos bo‘ldi. Keyinchalik A.S.Popov yasagan birinchi radiopriyomnikning ovozasi butun jahonga yoyildi.

O‘zbekistonda muntazam radioeshittirishlar 1927 yilning 11 fevralidan boshlangan. “O‘zbekiston” radiosining birinchi diktori Nazirxon Kamolov bo‘lgan. U o‘shanda O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning melioratsiya fakulteti talabasi bo‘lgan. Eshittirishlar dastlab 19 dan 21 gacha — 2 soat davomida berilgan, keyinchalik esa uning hajmi oshib boravergan. O‘shanda eshittirishlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilib, ilk davrda Yunus Rajabiy, Mulla To‘ychi Toshmuhammedov, To‘xtasin Jalilov, Abduqodir naychi, Berta Davidova kabi san’atkorlar muntazam qatnashib turgan.

Urush davrida radio ommaga eng tezkor yangiliklarni yetkazib berishda muhim o‘rin tutdi. O‘sha vaqtda tuman, shahar, viloyat gazetalari faoliyati ancha cheklangan edi. Ularning o‘rnini ham radio bosardi. Har kuni odamlarning nigohi qishloq choyxonalari, bozor, vokzallarda o‘rnatilgan radiokarnaylarga qaratilar, har soatda frontdan yangi xabarlar kutar edilar. 

Odatda savodli, ovozi tiniq, jarangdor, talaffuzi ravon, xalqning ruhini ko‘tara oladigan kishilar diktorlikka jalb etilar edi. Taniqli yozuvchi, shoirlardan Hamid o‘ulom, Turob To‘la shu yillari ishlagan. Ana shunday suronli yillarda o‘zbek diktorlik maktabiga asos solgan Qodir Maxsumov va Tuyg‘unoy Yunusxo‘jaeva yonma-yon turib samarali mehnat qildilar.

XALQARO ALOQALAR

“O‘zbekiston” radiosida sekin-asta boshlangan rivojlanish natijasida chet davlatlarga ham o‘z eshittirishlarini uzatishga kirishdi. 1947 yilning oktyabridan boshlab xorijiy davlatlar tinglovchilari paydo bo‘ldi va ushbu xizmat “Toshkent xalqaro radiosi” deb nomlanadigan bo‘ldi. Dastlab ingliz, fors, uyg‘ur tillarida eshittirishlar haftasiga 2-3 marta, 15 daqiqa hajmida berib borildi. 1957 yil 1 martdan urdu tilida eshittirishlar boshlandi. Keyinroq hind, arab va boshqa tillarda ham eshittirishlar yo‘lga qo‘yildi.

“O‘zbekiston” radiosining xorijiy davlatlarga eshittirishlar uzatishidan maqsad respublikamizni dunyo hamjamiyatiga tanitish, uning boy tarixi, madaniyati, urf-odat, qadriyatlaridan boshqa xalqlarni ham voqif etish edi. Radioeshittirishlarning oldida mamlakatimizning uzoq o‘tmishi, madaniyati, san’ati, an’analari, ayni vaqtda turli sohalarda erishayotgan yutuqlarining yoritilishi asosiy maqsad qilib qo‘yilgan edi.

Xorijga eshittirish uzatiladigan radio muharririyatlari har yili “Siz O‘zbekistonni bilasizmi?” mavzusidagi radiotanlovini e’lon qilar edi. Tanlov g‘olibi O‘zbekistonga taklif etilib, 10 kun davomida Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent shaharlarini tomosha qilish bilan (bepul) taqdirlanardi. Mazkur tanlov g‘oliblaridan bir qanchasi O‘zbekistonga kelib, uning mehmondo‘st xalqi, ajoyib tabiati, qadim va navqiron shaharlari bilan tanishib, Vatanlariga katta taassurotlar bilan qaytishgan va o‘zlarining eshittirishlari  orqali muxlislariga bu haqda to‘lib-toshib gapirib berishgan. 

60-yillarning boshida taniqli hajvchi To‘lan Qo‘ziboev va yana bir necha ijodkorlar “Tabassum” radiojurnaliga asos solishdi. Hajviy chiqishlarda taniqli aktyorlar N.Rahimov, S.Xo‘jaev, E.Karimov, H.Yo‘ldoshev, H.Sharipov, B.Ixtiyorov, X.Sa’diev, R.Karimova, E.Malikboeva faol ishtirok etgan. Eshittirishlar asosan o‘.o‘ulom, A.Qahhor, Said Ahmad, N.Aminov, M.Xudoyqulov,  M.Islomqulov va taniqli turk adibi Aziz Nesin hajviyalari asosida tayyorlanar edi. 

MUSTAQILLIK ARAFASIDA 

Radio ijtimoiy jarayonga qizg‘in kirishib ketdi. Eshittirishlarda muhim, dolzarb mavzular, chirsillab turgan muammolar o‘z aksini topa boshladi. 1985—1990 yillar oralig‘ida respublika radiosi dasturlaridan yangi, o‘ziga xos, millionlab tinglovchilarni o‘ziga jalb etadigan eshittirishlar joy oldi. “Sayyoramiz sadosi”, “Oqshom to‘lqinlarida” ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, informatsion dam olish eshittirishlari, shuningdek, “Qarmoq” satirik jurnali shularning sirasiga kiradi. Ana shu eshittirishlar ilk bor diktorlar xizmatidan voz kechib, boshlovchilar tomonidan jonli, qiziqarli tarzda olib borildi. “Qarmoq” esa,  har bir eshittirishida byurokrat, tovlamachi, poraxo‘r, laganbardor, tashmachi, tamagirlarni ayamasdan savalar edi. Xususan, A.Isoqov, M.Risqiev, O.Tilovberdiev, A.Abduvaliev, R.Qo‘ldoshev, E.Xudoyberdiev, D.Umarova, A.Abduazimov, T.Sobitov tayyorlagan eshittirishlar nihoyatda dolzarb va qiziqarli edi. 

Qisqasi, mustaqillik arafasidagi radioeshittirishlar ham o‘z o‘rni, ahamiyati, ta’sirchan va samaradorligi bilan tarixda qoldi. Mamlakatimiz bo‘ylab mustaqillikning ilk epkinlari esib, uning rasman e’lon qilinishiga yaqin vaqtlar qolgan edi.

 

ISTIQLOL YILLARIDA

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari, jumladan, radio va televideniening ham rivojlanishi, emin-erkin faoliyat yuritishi uchun, avvalo, mustahkam huquqiy baza, barcha shart-sharoitlar yaratib berildi. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 8 noyabrdagi “Mustaqil teleradiokanallarini isloh qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonidan keyin teleradio sohasida juda katta islohotlar amalga oshirildi. Radioeshittirishlar shaklan va mazmunan yangicha, zamonaviy ahamiyat kasb eta boshladi. Dolzarb mavzular, bugunning muammolarini ko‘tarib chiqadigan mavzularni aks ettiradigan eshittirishlar ko‘paydi, tinglovchilarning talab va istaklariga ham  ko‘proq e’tibor berila boshlandi. 

Ayni vaqtda “O‘zbekiston” radiosi to‘rtta kanal orqali bir kecha-kunduzda 88 soat hajmidagi eshittirishlarni muntazam berib boryapti. Eshittirishlar mamlakatimiz hududini yuz foiz qamrab olgan. Qolaversa, eshittirishlarni dunyoning istalgan davlatida onlayn tarzda tinglash mumkin.

Bugun “O`zbekiston”, “Yoshlar”, “Mahalla”, “Toshkent” radiokanallari eshittirishlarining har biri o‘z muxlislariga ega. Radiokanallar muharririyatlarida xizmat qilayotgan jurnalistlar har kuni ommani mamlakatimiz va xorijda ro‘y bergan yangiliklar, tezkor, muhim xabarlardan voqif etish barobarida, efir orqali ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy-ma’rifiy mavzulardagi eshittirishlar ham jaranglab turibdi. Eshittirishlar turli mavzular va xilma-xil janrlarda berib boriladi. “Radioadvokat”, “Ehtirom”, “Bizga maktub yo‘llabsiz”, “Qalqon”, “Shaxsiy fikr” kabi tahliliy va madaniy-dam olish eshittirishlariga ko‘plab tinglovchilar munosabat bildirib, xat va telefon orqali murojaat qilishadi. “Dunyo”, “Jarayon”, “Tafakkur”, “Mulohaza”, “Yaxshilar yodi”, “Kitobxonlik”, “Baxshiyona”, “Hamma uchun”, “Baxt yo‘llari”, “Beshinchi fasl”, “Talabalar sporti”, “Sport — saodatim”, “Futbolimiz kelajagi”, “Xotira aziz — xotira muqaddas”, “Farzand bilan olam charog‘on”, “Huquqiy hayotim” eshittirishlari yangi tashkil etilgan bo‘lsa-da, tinglovchilar e’tiborini qozonishga erishdi. Radiodasturlar reytingini aniqlashda “Mulohaza uchun mavzu”, “Shifokor minbari”, “Adolat — qonun ustuvorligida” kabi tahliliy-huquqiy va madaniy-ma’rifiy eshittirishlari namuna bo‘lmoqda. Buni tinglovchilardan kelayotgan xat va SMS orqali murojaatlardan bilib olish mumkin.

Har kuni erta tongda “Toshkentdan gapiramiz!” so‘zlariga quloqlarimiz o‘rganib qolgan. Qolaversa, kun davomidagi xilma-xil, mazmunli radioeshittirishlar bizning doimiy hamrohimizga aylanib ulgurdi. Muxlislarning ko‘nglini xushnud etib, kayfiyatini chog‘ etishdek xayrli ishga bel bog‘lab, tunu kun xolis xizmat qilayotgan radiojurnalistlarning ijodiy ishlariga omad tilab qolamiz. 

 

Yusufjon HAMDAMOV,

O‘zMU jurnalistika fakulteti

kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari nomzodi

 

TUGALLANMAGAN XAT. USTOZ JURNALIST FARMON TOSHEVGA

Farmon aka, «Insondagi fazilatlarda chegara borligi ayon. Lekin u shu qadar nozikki, qilcha harakat bilan biri ikkinchisiga o‘tib ketishi mumkin. Masalan, ortiqcha maqtov — laganbardorlikka, me’yoridan ziyod so‘zlash — laqmalikka, ehtiyojga tizgin bermaslik — ochko‘zlikka olib keladi...» deb yozibsiz.

Read more...

Ma’naviy hayotimiz oynasi

Bugungi kunda ko‘plab nashrlarimizdagi hisobot tarzidagi zerikarli maqolalar, taqlid va bir xillik mushtariylar hafsalasini pir qiladi. Ammo milliy matbuotimizda o‘z yo‘li va ovozi bor nashrlar ham talaygina. Chop etilayotganiga ko‘p o‘tmagan bo‘lsa-da, “Ma’naviy hayot” jurnali ma’naviy hayotimizda tom ma’noda o‘z o‘rnini topdi.

Read more...

Birinchi muallim hamrohi

Bundan 25 yil avval chop etilgan jurnalning ilk sonidagi «Oq yo‘l senga, «Boshlang‘ich ta’lim!» sarlavhali qutlovda O‘zbekiston Respublikasining o‘sha davrdagi Xalq ta’limi vaziri, pedagogika fanlari doktori, professor, bugungi kunda esa jurnal tahrir hay’ati a’zosi Jo‘ra Yo‘ldoshevning nashr mazmun-mohiyatiga tegishli yo‘llanmasi ham berilgan edi: 

Read more...

Tahrir san’ati haqida yangi kitob

Yuzini suv o‘pmagan olmani ko‘rganmisiz? Xira tortib turadi-a? Ustini artsangiz, bir pasda yaltillab ketadi. Tahrir qilinmagan matn ham shunday... 

Biz o‘qib turgan asar qog‘ozga tushishi jarayonida muallif qancha mashaqqat cheksa, uni o‘quvchiga chiroyli yetkazishda muharrirning ham xizmati kam bo‘lmaydi.

Read more...

TANLOV G‘OLIBLARI TAQDIRLANDILAR

Mamlakatimizda jamiyatda huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish, huquqiy bilimlarning aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilinishini tashkil etish, qabul qilinayotgan qonunlarning maqsadi, mazmun-mohiyatidan odamlarning xabardorligini yanada oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayondagi ishlarga ommaviy axborot vositalari xodimlari ham munosib hissa qo‘shayotir.

Read more...

QALB QO‘SHIG‘I

Taniqli shoir O‘tkir Rahmat ijodiga bir nazar

Qo‘shiq – har kech chaqnagan yulduz,

Qo‘shiq – oy ham o‘ynasa atay.

Qo‘shiq – quyosh porlagan kunduz,

Qo‘shiq – kunlar o‘tgan paydar-pay!

O‘tkir RAHMAT

Read more...

“...SAL KO‘RMASA QUYOSH SOG‘INAR”

Adabiyotimizda shunday asarlar borki, biz bilan beshikdan to qabrgacha birga boradi. Bir martagina yashaydigan hayotimizga ilohiy nur bag‘ishlaydi. Tarbiya ma’nosida aytganda, odam qiladi. Samimiy she’rlari va bir-biridan sermazmun romanlari bilan qalbimizni to‘ldirib turgan Oybek domlaning kitoblari boshqa xalqlarning ham mehr-muhabbatini qozongan. Adib ijodi haqida taniqli adabiyotshunos olimlar ko‘p va xo‘p tadqiqotlar olib borgan bo‘lsa-da, Oybek tiliga xos soddalik hali ilmiy jihatdan to‘la ochilgani yo‘q.

Read more...

Qaldirg‘och ini 2

Yosh qalamkashlarning ushbu ruknda e’lon qilingan materiallari boshqa tengdoshlarining ham yuragiga cho‘g‘ tashladi. Ayni paytda tahririyatimizga shunday yoshlar ko‘plab maqolalarni yo‘llashmoqda. Fikrni to‘g‘ri bayon etish, voqealarni tasvirlash, mantiqiy yondashuv sirlarini o‘rganayotgan talabalar mavzuga o‘ziga xos yondashayotganlari tahsinga loyiq.

Ularga yangi ijodiy parvozlar tilab, talabalarning navbatdagi maqolalarini e’tiboringizga havola etmoqdamiz. Ular turli mavzularda. Ammo, qalbga yaqin.

TAHRIRIYAT

Read more...

Jurnalistikaga janr kerak (mi?)

Axborot uzatish vositalarining ko‘payishi va rivojlanishi jurnalistik asarning kontenti (shakl va mazmuni)ga ham ta’sir etmasdan qolmadi. Endilikda asosiy e’tibor voqelik haqidagi axborotga emas, ko‘proq voqelikning o‘ziga qaratilmoqda. Bu ayniqsa, elektron OAVda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Natijada jurnalistika nazariyasida janr tushunchasiga bo‘lgan munosabat o‘zgarib, axborot uzatishning turli shakllari rivojlanishi bora-bora janr tushunchasiga bo‘lgan ehtiyojni yo‘qotadi, degan qarash paydo bo‘ldi. Ayniqsa, jahon jurnalistikasi ilmida (o‘arb nazariyachilari ko‘proq urg‘u berishadi) jurnalistikaning asosiy vazifasi faqat axborot yetkazishdan iborat, “janr” tushunchasi vaziyatni chigallashtiradi va uni o‘zgartirib yuboradi, shuning uchun u bosh qotirishga arzimaydigan masala, degan qarashlar ham ustuvorlik qilmoqda.

“Hurriyat” gazetasining 2007 yil 21-mart sonida jurnalist Ibrohim Normatov “Jurnalistikada mahorat kerakmi yoxud unutilayotgan janrlar xususida” sarlavhali maqolasida matbuotda janr tushunchasining yo‘qolayotganligi, jurnallarda, ayniqsa, gazetalarda janrlarning qashshoqlashishi oqibatida bir xillik yuzaga kelayotganligi haqida so‘z yuritgan edi. Shuningdek, muallif eng ta’sirchan va hozirjavob janr reportaj, ocherk, feletonlar kamayib ketayotganligini, hattoki, ayrimlar pamflet nimaligini bilmasligini, qolaversa, nashrlarning ko‘pligi ham saviya jihatdan gazetalar mazmunini no‘noqlashishiga — bir xil qolipga tushib qolayotganiga sabab bo‘lishini ta’kidlagan.   

Janr tushunchasi barcha davrlarda ham odamlarning axborotga qiziqishlari, uni qabul qilishga bo‘lgan ehtiyoj, munosabatlariga qarab yuzaga keldi va rivojlandi. U jurnalistika paydo bo‘lgandan beri o‘z davriga qarab rivojlanadigan, ijtimoiy jarayonlar ta’sirida o‘zgarib boradigan tarixiy kategoriyadir. Buni Sankt-Peterburg universiteti professori G.Korkonosenko shunday izohlaydi: “Ishbilarmonlarning o‘zaro munosabatlari gazeta sahifalarida “hisobot” janrini paydo qildi. Sir tutishga bo‘lgan ehtiyoj tufayli xat janri yuzaga keldi. 1800 yilda “Jurnal de Debi” deb nomlangan frantsuz gazetasi inqilobdan keyin odamlarni o‘ziga ko‘proq jalb etish va demokratik matbuotning ko‘rinishi sifatida taassurot uyg‘otish uchun feletonni o‘ylab topdi. Shu tariqa barcha janrlar tarixan oddiylikdan murakkablikka, oddiy xabardan tortib tahliliy maqolagacha rivojlana bordi.”

Ta’kidlash o‘rinliki, har qanday jurnalistik asarni yaratish tegishli ma’lumotlarni yig‘ishdan boshlanadi. Ma’lumot olishning keng tarqalgan usullaridan biri esa muloqotdir. Garchand muloqot kommunikatsiya turi sifatida axborot almashishning eng qadimiy usuli bo‘lsa-da, u bilan shaklan bir xil bo‘lgan intervyu janri boshqa janrlarga nisbatan ancha kech paydo bo‘lgan. Bu haqda tadqiqotchi L.Shibaeva shunday yozadi: “Vaholanki, jurnalistikada paydo bo‘lgan janrlarning ichida intervyu eng birinchilardan bo‘lishi kerak edi. Axir savol berish har bir insonga bolaligidan odat. Qolaversa, dunyo adabiyotida, antik faylasuflardan tortib dramaturglargacha juda katta dialoglar zaxirasini qoldirgan. Shunga qaramay, bu janr XIX asrning ikkinchi yarmida shakllandi. Buning ham o‘ziga yarasha sababi, talabi va mezoni bor”. 

Shu paytgacha jurnalistikaning rivojlanishi jarayonida rus tadqiqotchilari janrning o‘rni, kompozitsion tuzilishi, tipologik, gneseologik, morfologik, aksiologik kategoriyalari mavjudligini aniqlab, janrlarni shular asosida tasniflaganlar. Ammo bugunga kelib, sohaning rivojlanishi bu tasniflarning eskirganligini ko‘rsatmoqda. Endilikda zamonaviy jurnalistika nazariyasida “yangiliklar jurnalistikasi”, “mualliflik jurnalistikasi”, “tahliliy jurnalistika”, “sharhlash jurnalistikasi”, “reportyorlik jurnalistikasi”, “yangi jurnalistika” “fuqarolik jurnalistikasi”, “gonzo jurnalistika”, “sifatli jurnalistika” kabi boshqa tasniflar ham paydo bo‘ldi. Bunga javoban professor G.Korkonasenko shunday yozadi: “ushbu tasniflar qanday shaklda taklif etilmasin, publitsistik matn uchta muhim komponentni: a) yangilik yoki mavjud muammo haqida xabar berish; b) vaziyat yoki shart-sharoitni tahlil qilish orqali tushuntirish, fikrlashga undash; v) auditoriyaga emotsional ta’sir etish usullarini o‘z ichiga oladi”.

O‘zbek jurnalistikasida  janrlar qanday tasniflanadi? Umuman, ularning o‘rni va ahamiyati qanday? Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston mustaqillikni qo‘lga kiritgunga qadar sovet jurnalistikasi nazariyasi va amaliyoti ta’siri ostida bo‘lgani uchun sho‘ro matbuotida qanday janrlar qo‘llanilgan bo‘lsa, o‘zbek matbuotiga ularni shu holicha olish ko‘zga tashlanadi. Ammo mamlakat mustaqil bo‘lgandan keyin jurnalistika nazariyasi va amaliyotida ham o‘zgarishlar yuz berdi. Natijada publitsistika janrlari guruhlarini belgilashda jahon jurnalistikasi tajribalaridan kelib chiqib yondashish qaror topdi. Shu asnoda o‘zbek milliy jurnalistikasi xususiyatlarini e’tiborga olgan holda ilk marta publitsistika janrlari guruhlarini belgilashda nisbatan yangicha yo‘l tutildi. Jurnalistika turlarini tasnif etishda yangiliklar jurnalistikasi, tahliliy jurnalistika, sharhlash jurnalistikasi, badiiy-publitsistik mahorat, jurnalist surishtiruvi, degan atamalar yuzaga keldi. Ilgari xorijiy matbuotda keng qo‘llanilgan esse janri ham O‘zbekiston jurnalistikasidan joy oldi. Endi jahon jurnalistikasi nazariyasi va amaliyoti tajribalaridan ham foydalanila boshlandi. Pirovardida O‘zbekistonda milliy va xalqaro jurnalistika nazariyasi va amaliyotiga xos ilmiy qarashlar yuzaga keldi. 

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakulteti o‘quv rejasida jurnalistning ijod mahorati bilan bog‘liq bilimlar uchta fan — yangiliklar jurnalistikasi, tahliliy jurnalistika hamda publitsistika tarkibida o‘rgatiladigan bo‘ldi. Endi ushbu fanlar tarkibida qanday janrlar o‘rganilishiga e’tibor qaratamiz.

Yangiliklar jurnalistikasi tarkibiga axborot, xabar, yangilik, hisobot, intervyu, reportaj singari janrlar kiradi. Bu janrlar asosan, jamiyatda sodir bo‘lgan va bo‘lishi taxmin etilgan hayotiy voqealar, hodisalar, jarayonlar haqida xabar berishga qaratiladi. Ularning spetsifik imkoniyati voqelikni aks ettirish va zarur hollarda mavjud faktlarni qismlarga ajratib yetkazish bilan belgilanadi. Agar axborot yoki yangilik janri orqali voqea sodir bo‘lganligi haqida xabar berilsa, reportajda voqeani sodir bo‘lish jarayoni o‘sha joyning o‘zida jurnalist ishtirokida yoritiladi. Intervyu sodir bo‘lgan voqea kimningdir qarashi yoki fikri orqali ifoda etiladi. 

Ammo ba’zan voqeaning qachon, qaerda, kim tomonidan sodir etilgani haqidagi xabarning o‘zi o‘quvchiga, tomoshabin yoki tinglovchiga kamlik qiladi. U voqeani keltirib chiqargan sabablar va uning oqibatlari haqida ko‘proq bilishni xohlaydi. Bu tabiiyki, tahliliy janrlarga ehtiyojni paydo qiladi.

Tahliliy jurnalistika axborot yetkazish bilan uni tahlil orqali jamoatchilikka tushuntirishni maqsad qiladi. Masalan, korrespondentsiyaning asosiy axboriy vazifasi “tushuntirish” bo‘lib, o‘tgan voqelikni atroflicha yoritish ustuvorlik qiladi. Uning vazifasi “nimaga?”, “nima sababdan?” degan savollarga javob berishdir. Maqola voqelikning biror bir jihatini, qismini, u bilan bog‘liq muammo, masalaning yechimini ochib berishga qaratilib, “nima qilish kerak?” degan savolga javob berishni ko‘zda tutadi. Taqriz aynan voqelikning o‘zini emas, balki voqelik jarayonida  mavjud ob’ektni tahlil qilish orqali unga baho beradi. Jurnalist surishtiruvi esa muayyan voqelik yuzasidan haqiqat sir tutgan holatlarda adolatni qaror toptirish uchun olib boriladi. Sharh janrida muayyan voqea, vaziyat, jarayon yuzasidan olib borilgan tahlilning hayotiy realliklarga qanchalik mos kelishi, mantiqiy qarashlarning asosliligi ko‘rsatib beriladi. Mazkur janrlarni birlashtiruvchi asos esa bu – tahlil va tadqiqotning mavjudligi bilan belgilanadi. 

Publitsistika janrlariga ocherk, esse, feleton, pamflet, xat, kichik hajviy janrlar kirib, unda ijtimoiy hayotni obraz va obrazlilik, xarakterlar yaratish, tipiklashtirish, shuningdek, fabula, kompozitsion qurilish, konflikt va yechim singari unsurlaridan foydalangan holda jurnalistik asar yozish maqsad qilinadi. Bu janrlar orqali axborot iste’molchilariga emotsional ta’sir ko‘rsatish ko‘zda tutiladi. Bundan ko‘zlangan maqsad publitsistikaning mazkur janrlarida jamoatchilikka yetkazmoqchi bo‘lgan fikr shunchaki axborot tarzida berilmasdan, kishilarning tuyg‘ulari, hislariga ta’sir ko‘rsatish orqali uning samaradorligini oshirishdir.  

Janr tushunchasi doimo o‘zgarib va rivojlanib borganligi bois uning tugal nazariyasi ishlab chiqilgani yo‘q. Ayniqsa, internetning OAV sifatida tan olinishi, bu masalani birmuncha chigallashtirdi. Boisi, internetdagi foydalanuvchilar faqat axborot iste’molchilari emas, balki axborot manbalari, axborotni yetkazuvchilar ham hisoblanadi. Shuning uchun butunjahon “o‘rgimchak to‘ri”da janrning ahamiyati birmuncha pasayadi. Ammo bu butunlay yo‘qoldi, degani emas. Ijtimoiy tarmoqlarda, rasmiy saytlarda ham jurnalistikaning boshqa turlarida uchraydigan janrlar mavjud. Faqat ularda axboriy janrlar yetakchilik qiladi. Sharh, intervyu va  maqolalar keyingi o‘rinlarni egallaydi. Bundan tashqari, internet OAVda janrlar integratsiyasi, ya’ni o‘zaro ta’siri, aralashuvini ko‘proq kuzatish mumkin.  

Shunday qilib jurnalistikada janrning o‘rni muhim va uni soha mutaxassislari tomonidan o‘rganishga ehtiyoj mavjud. Bu nimalarda ko‘rinadi?  Birinchidan, har bir asarning aniq tavsifi, tarkibiy qismlari bor. U gohida nisbatan erkin tarzda gohida muallifning maxsus ijodiy intilishi tufayli  paydo bo‘ladi. Lekin har qanday vaziyatda ham o‘xshash xususiyatlarga ega bo‘lgan matnlar alohida guruhlarni o‘zida birlashtiradi. Ikkinchidan, janr haqida aniq tasavvurga ega bo‘lish jurnalistlarning kasbiy muomalasiga, o‘zaro bir-birlarini tushunishga ham yordam beradi. Masalan, muharrirning «Tibbiyot haqida yaxshi material yozing» deyishi bilan «Yurak xastaligi bo‘yicha jarrohlikda yangilik qilgan shifokor haqida ocherk yozing» degan topshirig‘i bizningcha, jurnalist aynan qanday material tayyorlashini aniq ko‘rsatib beradi. Uchinchidan, OAVda faoliyat olib boradigan mutaxassislarning hammasi ham jurnalistika ta’limiga ega emas. Matn bilan ishlaganda, uning shakl-shamoyili haqidagi bilimlarga ega bo‘lish sohani yaxshi tushunishga, jurnalist sifatida vaqtdan, ega bo‘lgan ma’lumotidan to‘g‘ri va maqsadli foydalanishga yordam beradi.  

Jahon jurnalistikasida janr xususida hozir ham  yangi-yangi fikrlar, yo‘nalishlar, atamalar paydo bo‘lmoqda. Ayniqsa, internet jurnalistikada paydo bo‘lgan infografika, sleninglar, ma’lumotlar jurnalistikasi (date journalizm) ana shular jumlasidandir. Yangiliklar, uning atrofidagi bahs-munozaralarning bo‘lishi tabiiy jarayondir. Chunki yangi fikrlar nazariyalarning qotib qolmaganini ko‘rsatadi. Shu nuqtai nazardan jurnalistikaning davr bilan, texnologiyalar bilan tengma-teng rivojlanishi barobarida janrga bo‘lgan munosabat, uning tadriji, o‘zgarishlari, o‘zaro ta’siri masalalariga ham e’tiborsizlik qilib bo‘lmaydi. 

 

Nazira TOSHPO‘LATOVA,  

O‘zDJTU xalqaro 

jurnalistika

 nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri, 

filologiya fanlari nomzodi

 

Auditoriya aybdor emas...

O‘z haq-huquqlarini bilgan va lozim bo‘lganda uni himoya qila oladigan kishilardan iborat jamiyatgina kuchli sanaladi. Shu sababli o‘tgan tarixiy qisqa davr – chorak asrdan ziyod vaqt davomida yurtimizda huquqiy demokratik davlat qurish yo‘lida qator islohotlar amalga oshirildi va bu borada muayyan natijalarga erishildi. Biroq mazkur yo‘nalish yuzasidan hali oldimizda keng ko‘lamli ishlar turganini ham ta’kidlash joiz.

Bugungi kunda mamlakatimiz aholisining 64 foizdan ziyodini yoshlar tashkil etadi. Shuning uchun ham yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha ijobiy o‘zgarishlar zamirida har tomonlama yetuk avlodni kamol toptirishdek ustuvor maqsad mujassam. Xususan, yoshlarning huquqiy madaniyati va savodxonligini oshirib borish ham muhim ahamiyat kasb etadi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida ayni shu masala ilgari surilgani uning nechog‘lik muhim ekanini ko‘rsatib bermoqda: “Hammamiz yaxshi tushunamizki, qonunlarni qabul qilish bu — ishning bir qismi, xolos. Asosiy masala — qonunlarning mazmun-mohiyatini xalqimizga va mas’ul ijrochilarga o‘z vaqtida yetkazish, ularning ijrosini to‘g‘ri tashkil etish hamda qonun talablariga qat’iy amal qilishni ta’minlashdan iboratdir. Afsuski, mazkur yo‘nalishdagi ishlar talab darajasida emas”. Savol tug‘iladi: huquqiy madaniyatni yuksaltirish maqsadida ko‘plab ishlar amalga oshirilayotganiga qaramay, nega hanuz fuqarolarning huquqiy savodxonligi ko‘ngildagidek emas? Axborot asri deb atalayotgan hozirgi kunda ommaviy axborot vositalariga nafaqat axborot olish, balki jamiyatdagi ijtimoiy qarashlarni shakllantira oladigan vosita sifatida ham qaralmoqda. Xo‘sh, bu borada OAV jamiyatdagi ijtimoiy qarashlarni shakllantira olyaptimi?

Mazkur savollarga javob topish maqsadida qator milliy gazeta va jurnallarimizni tahliliy va tanqidiy nuqtai nazardan ko‘zdan kechirdik, huquqiy savodxonlikni oshirishga qaratilgan tele va radio dasturlar bilan yaqindan tanishdik. E’tirof etish joizki, kuzatuvlar natijasida OAVda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, bunday mavzudagi jurnalistik materiallarning kam emasligi ma’lum bo‘ldi. Biroq ularning aksariyati o‘ta rasmiy tilda bayon etilgani, jumlalarning haddan ziyod murakkabligi, matnda ortiqcha gaplarning ko‘pligi ham yaqqol ko‘zga tashlandi. 

Yosh avlod vakili sifatida shuni aytishim mumkinki, huquqiy madaniyatni yuksaltirish maqsadida tayyorlangan jurnalistik materiallarning yuqorida ta’kidlangan kamchiliklari bois aksariyat yoshlar ularni o‘qish yoki tomosha qilishdan bosh tortishadi. Ko‘pincha, yoshlar tomonidan gazeta hamda jurnallarning so‘nggi sahifalaridan o‘rin egallagan hajviyalar, munajjimlar bashorati va shu kabi sodda bayon etilgan matnlar o‘qiladi, interaktiv tele va radio dasturlar kuzatib boriladi. Shunday ekan, huquqiy bilimlarni singdirishda auditoriyaning yoshi va uning savodxonlik darajasini hisobga olishning vaqti kelmadimikan? 

Fikrimizni dalillash maqsadida kichik ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazdik. Matbuotda aks etgan mavzumizga doir birgina jumlani namuna tarzida oldik va 160 nafar tengdoshimizdan uni qanday tushunganlari haqida so‘radik. Jumla quyidagicha: “Yarashuv va xabias korpus institutlarining joriy qilinishi, sanktsiya berish huquqining prokuratura organlaridan sud organlariga o‘tkazilgani sud-huquq tizimi qiyofasini yanada insoniylashtirdi”. So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, ishtirokchilarning atigi 12,5 foizi (20 nafar qatnashchi) aytilgan fikrni to‘g‘ri tahlil qilib berdi. Ularning 38 foizi matnning qisman mazmunini ifodalab bergan bo‘lsa, 49,5 foizi “voy-bo‘, namuncha uzun jumla, rosti, tushunmadim,” — deb qo‘ya qoldi. So‘rovnoma natijalaridan xulosa shuki, bunday matnlar barcha yoshlarga tushunishi oson bo‘lishi uchun soddaroq jumlalardan foydalanish taqozo etilmoqda.  

“Qisqalik — iste’dodning singlisi” (Chexov), “Hayot aslida sodda, biz uni murakkablashtirishga urinamiz” (Konfutsiy), “Hayotning, tilning, odatlarning soddaligi xalqqa kuch beradi. Ularni murakkablashtirish esa xalqni mag‘lubiyat sari yetaklaydi” (ingliz adibi Jon Ryoskin) kabi fikrlar qisqalik va oddiylikning nafaqat hozirgi davr jurnalistikasiga, balki hayotimizga ham nechog‘lik kerakligini ko‘rsatib beradi. 

Yaqinda Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati xodimi bilan bo‘lgan uchrashuvda ishtirok etdim. Unda mutaxassis quyidagilarni kuyunchaklik bilan gapirdi: “Bilamizki, auditoriya dastlabki eshitgan axborotiga ishonadi. Shu jihatdan olib qaraganda, biz voqelikni iloji boricha tezroq yetkazishga intilyapmiz. Biroq negadir ko‘rsatkich o‘zgarmayapti. Biz “Ozodlik”, “BBC Uzbek” va shu kabi turli maqsadlarni ko‘zlab noxolis axborot tarqatadigan manbalardan ancha oldinroq, bo‘lib o‘tgan voqelikni yoritishimizga qaramay, auditoriya FVVning rasmiy portalidan emas, yuqorida nomi sanalgan saytlardan ma’lumot olishmoqda. Masalan, o‘tgan yili Surxondaryo viloyatida qor ko‘chish xavfi yuzaga kelgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari aholini xavfli hududlardan vaqtida evakuatsiya qilishdi, kerakli buyumlar, oziq-ovqat bilan ta’minlashdi. Berilgan ko‘mak haqida FVVning rasmiy saytiga birinchilardan bo‘lib axborot joylashtirildi. Biroq aholi orasida xorij saytlari tomonidan tarqatilgan xabar ommalashdi. Ularga ko‘ra, aholiga hech qanday ko‘mak berilmagan emish. Bunday holatda nima qilish kerakligi bizni qattiq o‘ylantirmoqda”. 

Mazkur muammoning yechimi bir qarashda murakkabdek tuyulishi mumkin. Ammo milliy va o‘zbek tilidagi xorijiy saytlarni ko‘zdan kechirish hamda ularni o‘zaro taqqoslaganda muammo nimada ekani darhol ko‘rinadi. Xorijiy saytlarning yutug‘i shundaki, ma’lumotlar rasmiy qolip asosida emas, sodda va ravon, hammaga tushunarli tarzda berilgan. Rasm va videoroliklar taqdim etilgan. Aksariyat milliy saytlarimizda esa buning aksi: barcha yangiliklar bir xil, muayyan qolip asosida tayyorlangan, voqelik o‘ta rasmiy tilda bayon etilgan, rasm va videoroliklar deyarli uchramaydi. Shunday bo‘lgach, yoshlar auditoriyasining qaysi axborot manbalariga murojaat qilayotganini tushunsak bo‘ladi. Bu o‘rinda ularni ayblash unchalik ham to‘g‘ri emas. Shunday ekan, xorijiy saytlarning qo‘llayotgan uslubidan ezgu maqsadda ularga qarshi himoya vositasi sifatida foydalansakkina, huquqiy demokratik davlat qurishdek ulug‘ maqsadimizga erisha olamiz. Bir so‘z bilan aytganda, yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish uchun ommaviy axborot vositalari va huquqiy kitoblar sodda, ravon va xalqchil tilda “so‘zlashi” lozim.  

 

Dilshodabonu 

AVVALBOYEVA,

Tadqiqotchi

 

ILHOMBAXSH IJODIY SAFAR

Bugungi globallashuv ommaviy axborot vositalari xodimlari oldiga ko‘plab vazifalarni qo‘ymoqda. Bilimli, hozirjavob, yuqori malakaga ega jurnalistlarning o‘zaro tajriba almashishlarining yo‘lga qo‘yilgani ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Read more...

HAMKORLIKNING YANGI BOSQICHI

Bugungi kunda mamlakatimizda 1400 dan ziyod ommaviy axborot vositalari bo‘lib, ular samarali faoliyat yuritishi uchun zarur huquqiy asos va kafolatlar yaratilgan. Sohaga doir o‘ndan ortiq qonun, 30ga yaqin qonunosti hujjatlari qabul qilingan. O‘zbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari faoliyatining iqtisodiy asoslari to‘g‘risida”gi, “Ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun loyihalari tayyorlangan.

Read more...

“YOMON JURNALISTIKA” formulasi

 

Assalomu alaykum, mafkurasi sog‘lom jurnalist bolam!

Dunyoda bo‘layotgan voqea-hodisalarni kuzatib turibsan. Axborot tarqatishdagi biryoqlamaliklarni-chi? 

Olimlar dunyo jurnalistikasi muammolarini tadqiq etar ekan, “rivojlangan jurnalistika”, “samarali jurnalistika”, “yaxshi jurnalistika”, “yomon jurnalistika” iboralarini qo‘llaydilar.

Read more...

ERKIN SO‘Z MINBARI

Bundan 20 yil muqaddam O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroy qarorgohida sobiq Ommaviy axborot vositalarini demokratlashtirish va qo‘llab-quvvatlash ijtimoiy-siyosiy jamg‘armasi, Milliy matbuot markazi hamda “Hurriyat” gazetasi rahbarlari bilan qariyb to‘rt soat suhbatlashib, matbuotningg jamiyatdagi o‘rni haqida o‘z mulohazalarini bildirgan edi.

Read more...

Dastlabki kunlar, dastlabki yillar

1996 yil dekabrining oxirgi kunlarida milliy jurnalistikamiz hayotida tarixiy voqea yuz berdi – “Hurriyat” mustaqil gazetasi ta’sis etildi! Bu – o‘sha yil 29 avgust kuni bo‘lib o‘tgan Birinchi chaqiriq Oliy Majlisning VI sessiyasida Prezident Islom Karimov ma’ruzasida belgilab berilgan jamiyatda demokratik islohotlarni chuqurlashtirishga doir yo‘l-yo‘riqlarning amaliy isbotlaridan biri edi.

Read more...

SARLAVHA haqida kichik lavha

Sarlavha (ya’ni, lavha yoki matn boshi) gazeta va jurnallar, risola va kitoblar uchun nom (ism) maqomidagi muhim bir unsurdir. Lekin u matn uchun shunchaki bir shartli ramz-belgi emas, matnning mohiyati, mazmuni, maqsadi va vazifasi bilan uzviy aloqador bo‘lgan muhim tarkibiy qismi hamdir. Shuning uchun badiiy asar yoki gazeta-jurnal maqolalariga aniq, o‘ziga xos sarlavha tanlanishi lozim. Uni tanlash muallifdan ancha-muncha mahorat talab etadi. Negaki, maqola mundarijasi unga tanlangan sarlavha bilan chambarchas bog‘liqdir.

Read more...

RASMIY GAZETA o‘z obunachilarini topa olmaydimi?

Ba’zida odamlar o‘rtasida “Rasmiy gazetalar qiziqarli emas”, degan fikrlarga guvoh bo‘lamiz. Ko‘p yillik tajribamga tayanib aytmoqchimanki, gazeta rasmiy yoki ko‘ngilochar bo‘ladimi, o‘z obunachisi uchun foydali bo‘lishi kerak.

Read more...

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Xotin-qizlar doimiy e’tiborda

2017-11-16 11:05:39

MOZIYDAN TARALGAN NUR

2017-11-16 11:14:51

Ma’naviy talqin

2017-11-16 09:33:36

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2017
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30

.