“VODIYNOMA” — MUHIM ILMIY MINBAR

Istiqlol yillarida milliy matbuotimiz tizimi yangi-yangi ilmiy, adabiy-badiiy nashrlar bilan muttasil boyib bormoqda. Ularda chop etilayotgan ilmiy-tahliliy, ijtimoiy-siyosiy va badiiy publitsistik maqolalarda o‘tmish tarixni chuqur o‘rganish, tarix saboqlaridan to‘g‘ri xulosalar chiqarish asosida bugungi va ertangi kunimizning muhim vazifalarini to‘g‘ri belgilab olish zarurligi, mamlakatimizda, ong-tafakkurimiz va turmush tarzimizda yuz berayotgan ulkan o‘zgarishlar, istiqlol g‘oyalari ta’sirida kamolga yetayotgan yoshlarning mamlakat hayotidagi ijtimoiy faolligi, huquqiy madaniyati, ertangi kunimizga bo‘lgan qat’iy ishonchi o‘z aksini topmoqda.

Read more...

MEDIASAVODXONLIK

Reklamalar televidenie orqali takror-takror namoyish etiladi. Birinchi marta ko‘rganda ular odamning g‘ashini keltirishi, ikki-uch marta namoyish etilgach esa tomoshabin fikrini o‘zgartirishi mumkin. Undagi har qanday g‘ayriodatiy ko‘rinish yoki harakatga tomoshabin ko‘nikib boradi. Auditoriya esa o‘zi sezmagan holda reklamada yashiringan g‘oya ortidan ergashadi. Bu borada jurnalist O.Toshboevning: “...yarim-yalang‘och badaniga ko‘pik surayotgan oyimchaning nozli surati aks etgan iroqi sovunning o‘ziyoq milliy axloqqa “o‘lat” tushirish qudratiga ega ekani anglanmaydi ham. Bu hol esa asta-sekin milliy madaniyatga yot qadriyatga ko‘nikma hosil qildirishi, begona madaniyat bilan “emlanayotgan” odamning etini o‘ldirishi bilan xatarlidir. Bu emlashdan so‘ng “ommaviy madaniyat”ning “og‘ir formalari”dan ham seskanmaslik, begonasiramaslik kayfiyati hukmronlik qila boshlaydi” degan fikrini keltirish o‘rinlidir.

Read more...

MULTIMEDIA MATERIALI — konvergent faoliyat mahsuli

Internet imkoniyatlari multimedia materiallarining yaratilishiga eshik ochmoqda. Bu jurnalistlardan tezkorlik, OAV tarmoqlarining barchasida ishlay olish mahoratini talab qiladi. Xo‘sh, bugun qulog‘imizga tez-tez chalinayotgan konvergensiya atamasi nimani anglatadi? Multimedia materialining qanday o‘ziga xos xususiyatlari bor?

Read more...

Jahon demokratik matbuoti tajribasi

Assalomu alaykum, dunyo bilan bo‘ylashayotgan farzandim!

Maktublarimdan birida sobiq sovetlarning yetmish yillik mustabid jamiyatidan qolgan og‘ir asoratlar sabablari haqida fikrlashamiz degandim.

Read more...

USTOZ IBRATI

Adabiy ijod butunligicha individual jarayon bo‘lsa-da, garchi yaxshi she’r yoki hikoya yozishni hech kim o‘rgatolmasa-da, ko‘hna Sharqda ustoz-shogirdlik an’anasiga alohida e’tibor berilgan. Bu an’anada har ikki tomonning o‘z vazifasi, mas’uliyati bor. Eng avvalo, ustoz bilan shogirdni bog‘lab turadigan ruhiy va ma’naviy uyg‘unlik rishtasi mavjud bo‘lishi kerak.

Read more...

LARRI KING

Dunyoda shunday insonlar borki, ular hech qanday maxsus bilimlarni o‘zlashtirmay turib ham, biror sohaning eng sara mutaxassislaridan biriga aylana olishadi. Bunday insonlarga Yaratgan tomonidan tug‘ma iste’dod ato etiladi. Amerikalik jurnalist va teleboshlovchi Larri King ana shunday insonlardan hisoblanadi.

Read more...

TOMOSHABIN EHTIYOJI — MUHIM MEZON

Hozirgi kunda chekka tumanlar ham zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida to‘la-to‘kis axborot olish imkoniga ega. Xususan, viloyat teleradiokompaniyalarining zamon talablari darajasida jihozlanishi va sifatli efir uchun yaratilgan shart-sharoitlar buni tasdiqlaydi.

Read more...

QALDIRG‘OCH INI

Ushbu ruknimiz gazetxonlarimizga yaxshi tanish. Ma’lumki, jurnalistika sohasiga endigina qadam qo‘yayotgan talabalarning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, ularda qalam tebratish ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida mazkur rukn tashkil etilgandi.

Bugunga qadar ko‘plab yosh jurnalistlar “Qaldirg‘och ini”dan uchirma bo‘ldi. Ularning parvozlari balandlab boryapti. Bugun nomlari ilk bora gazeta sahifasida ko‘rinayotgan yosh hamkasblarimizga ham yuksak parvozlar tilaymiz.

Tahririyat

Read more...

Jurnalistning tayanch nuqtasi

Assalomu alaykum, aqli raso farzandim!

Sarlavhadan nimalar xayolingga keldi? Hoynahoy, mashhur olimning menga yerning tayanch nuqtasini topib bering, uni ag‘darib tashlayman qabilidagi fikrini yodga olgandirsan? Maktubimning maqsadi boshqacharoq. Ya’ni, yuborgan xatingdagi axborot xurujlariga qarshi kurashish immuniteti, jurnalistning fuqarolik pozitsiyasi, “yomon jurnalistika” kabi tushunchalar haqidagi mavzularni alohida-alohida maktublarda kengroq, chuqurroq ochib berilishi borasidagi istagingni bajarishdir.

Read more...

SAYTINGIZNING OBRO‘SI BORMI?


Yaratilayotgan texnik imkoniyatlar bugungi kunda har bir kishining zamon bilan hamnafas bo‘lishiga imkon tug‘dirmoqda. Fuqarolarimiz bugun o‘tirgan joyida xoh telefon, xoh internet orqali o‘z muammosini osongina hal qilayotir. Zero, so‘nggi yillarda tadbirkorlik sub’ektlari va aholiga qulaylik yaratish, muammolarni uzoq masofadan turib ham hal qilish, asosiysi, vaqt va mablag‘ni tejash maqsadida har bir davlat organi o‘z rasmiy veb-saytlariga ega bo‘ldi. Interaktiv davlat xizmatlari, jumladan, yagona portal xizmatlari, yagona darcha, virtual qabulxona kabi xizmat turlarining muvaffaqiyatli faoliyati ta’minlandi.

Read more...

Rivojlanish pillapoyasida

“Bilasizmi, men gazeta o‘qishni yaxshi ko‘raman. O‘g‘lim baraka topkur zap ish qiladi-da, har kuni bir talay gazetalar olib keladi. Oyijon, o‘qing, zerikib o‘tirmang, deydi. Bularning har biri o‘zgacha olam. Bir qarasangiz, siyosatga, bir qarasangiz, ijtimoiy hayotdagi muammolarga, bir qarasangiz, dilingizni yayratib yuboradigan manzillarga yetaklaydi bu gazetalar” (yon qo‘shnim Inobat opaning so‘zidan).

Read more...

Abadiyat qomusi

Ma’naviy kamolotda kitobning ulgisi hech bir ta’rifga sig‘maydi. Ayniqsa, bolalar tarbiyasida uning o‘rnini boshqa biror vosita to‘ldira olmasa kerak. Shundanmi, kimdir jujuqlariga atab kitob sotib olayotganini ko‘rsam, quvonaman. Ustoz adib Asqad Muxtor e’tirof etganidek, “Kitob — boylik, faqat sotib olingani emas, o‘qilgani”. Kitobxonlik bugun, ayniqsa, yoshlar orasida yana jonlanganidan ich-ichdan sevinayotganimiz rost. Bundan o‘qishli kitoblar tayyorlab chop etishni maqsad qilgan noshirlarning nechog‘li kayfiyat olganini tushunish mumkin. Ammo bu jarayon yanada miqyosli tus olishida noshirlik sohasi taraqqiyoti, ahli qalamning ishtiyoqiyu g‘ayrati yetakchi rol o‘ynashi tayin. Bu mavzuda ko‘ngilga tukkan savollarimiz bilan shu soha vakili — “O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti bosh muharriri Habib Abdievga murojaat qildik.

Read more...

“Elektron hukumat”ni kim boshqaradi?

“Elektron hukumat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi. Bilamizki, barcha qonunlar inson manfaatiga qaratilib, uning haq-huquqlarini himoyalash, turmush tarzini farovonlashtirishga xizmat qiladi, tinch-totuv hayot kechirishi uchun zarur jihatlarni qamrab oladi. “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonun esa ana shu masalalar hamda mamlakat rivoji bilan chambarchas bog‘liqdir. Bu jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari bilan munosabatlarini elektron ko‘rinishga ko‘chirish, halqimizning yashash tarzini osonlashtirish, davlat organlari faoliyatining oshkoraligini ta’minlashga qaratilgani bilan ham mavzu jihatidan dolzarbdir. O‘zbekistonda “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonunni amaliyotga to‘la-to‘kis tatbiq etish uchun fursat kerak. Shunga qaramay, soha xodimlari, qonun ijodkorlari ushbu masalada ancha ilg‘or. Joylarda uning targ‘iboti bilan bog‘liq seminarlar, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.

Read more...

ADABIYOT VA TARAQQIYOT yoxud yana audiokitoblar xususida

Inson mehnati orqasidan baraka topadi, moddiy ehtiyojini qondiradi. Ammo ma’naviy ehtiyojlar borasida ham shunday deya olamizmi? Buni kitoblarsiz tasavvur etib bo‘lmasa kerak. Biroq keyingi paytda ko‘pchilik vaqtni bahona qilib, ulardan uzoqlashgandek. Endilikda bahonaga o‘rin qolmadi. Sababi, savdo rastalarida o‘ziga xos yangilik — audio kitoblar paydo bo‘ldi.

Read more...

MUHARRIRGA MAKTUB

Dunyoning ishlari qiziq bo‘larkan. Shunisi bilan ham hayot rang-barang-da! Masalan, birovga yaxshilik qilmoqchi bo‘lsangiz, boshqasi qolib ketarkan. So‘rasa, qo‘lingizdan kelsa, unga ham ko‘mak berishga intilarkansiz. Bunday paytda xalq “Yaxshilik qil, suvga ayt — boliq bilar, boliq bilmasa — Xoliq bilar”, derkan. Siz ham shunday ish tutishga harakat qilarkansiz. Shu zaylda umr o‘taverarkan, kimgadir nafingiz tegsa, ko‘nglingiz yumsharkan, yashashdan qoniqish hissi paydo bo‘larkan.

Read more...

Gazetasiz xonadon

Ellik-oltmish yoshning nari-berisidagi insonlar bilan suhbatlashsangiz, o‘zining bir vaqtlar nihoyatda gazetxon bo‘lganini to‘lqinlanib gapirib beradi. Darhaqiqat, ular o‘sha paytlarda barcha xabar va yangiliklarni, jamiyatdagi o‘zgarishlar, muammolarni ham aynan gazeta orqali olishgan. Xo‘sh, bugun nega unday emas? Nega matbuotga bo‘lgan munosabat, tashnalik kamaygandek?

Read more...

“HURRIYAT”ning hur ovozi

Qadrdon kishilar o‘zaro gurunglarda, uchrashuvlarda: “Mingga kiring-ay!”, “Dunyo turguncha turing-ay!”, deya xush niyatlar bilan bir-birlariga mehr va hurmat izhor etadilar. Kimdandir yaxshilik ko‘rsa, “Ming rahmat sizga” deyishadi. O‘zbekning fe’lini biladiganlar ehtirom balqib turgan bu kalomlarda zarracha mubolag‘a yo‘qligini darhol anglaydi. “Ming yil yashang” deganda birorta o‘zbek mubolag‘ani xayoliga keltirmaydi, “Ming rahmat” deganda ham, albatta, qarshisidagi insonga mingta yaxshilikni ravo ko‘rgan bo‘ladi. Demak, ming degani bu — oddiy raqam emas, ona tilimizda obraz darajasiga ko‘tarilgan qutlug‘ kalomdir. Axir, “yaxshilik”, “rahmat”, “umr” kabi so‘zlar oldida turgan so‘z ham qutlug‘ bo‘ladi-da!

Read more...

JAHON MATBUOTIDA NIMA GAP?

Ommaviy axborot vositalari barcha zamonlarda katta kuch, davrning bor bo‘y-bastini ko‘rsatuvchi oyna bo‘lib kelgan. Bugun ularning soni ham, salmog‘i ham ancha katta. Afsuski, barchasini mutolaa qilishning imkoni yo‘q. Shuni inobatga olib, gazetxonni dunyo nashrlarining bugungi mavzulari bilan tanishtirish maqsadida, qisqa sharhlar berib borishga qaror qildik.

Ta’bir joiz bo‘lsa, hozirgi kun jahon axborot maydoni qo‘zg‘algan arining uyasidek g‘ala-g‘ovurga to‘la. Uning shovqinidan o‘zimizni “asray” olmaymiz, aksincha, unga quloq tutib, vaziyatni tahlil qilishimizga to‘g‘ri keladi. Bugun dunyo nashrlarining diqqat markazida Suriyadagi qonli to‘qnashuvlar, AQSH va Ros­siya­dagi saylovlar turibdi. Qaysi nashrni olmang, shular haqida bong urmoqda. Aksariyat nashr­lar Suriyadagi ahvolni tahlil qilarkan, Rossiya va AQSH o‘rtasidagi “bema­‘ni bahs” tufayli muammolar chuqurlashayotgani, “ISHID­ga qarshi kurash” bahonasida bu ikki katta davlatning o‘z rejalari va hisob-kitobi borligini qayd etmoqda.  

Xususan, Lotin Amerikasi ommaviy axborot vositalarida bu vaziyat Suriya AQSH va Rossiya munosabatlarida tiqilib qolgan tosh, deya baholanmoqda. Kolumbiyaning “El Espektador” nashri shunday yozadi: “Suriyaning azaliy ittifoqchisi va Bashar Asadning ishonchli tarafdori bo‘lmish Rossiya ziddiyatga qo‘shilib qolgach, 2011 yildan buyon 240 ming kishi hayotdan ko‘z yumdi, yana to‘rt million suriyalik o‘z vatanidan qochib ketishga majbur bo‘ldi... Suriyadagi vaziyat borasida Rossiya va AQSH o‘rtasida kelishuv bo‘lmas ekan, ikki orada qolgan ushbu mamlakatda hali uzoq vaqt o‘q ovozi tinmaydi”.

Ispaniyaning “El Mundo” gazetasi ham mazkur mavzuni chetlab o‘tmagan. Nashr AQSH koalitsiyasi tomonidan aviazarba berilgach, Suriya armiyasida katta yo‘qotish bo‘lganini qayd etib, Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning “Biz buning uchun Va­shing­tondan to‘la-to‘kis izoh berishini talab qilamiz”, degan so‘zlarini keltiradi. Bunday misollar, xalqaro ahvol dunyo­ning yetakchi kunlik nashr­larida yangilanib borayotir.

O‘tgan haftada “Vashington post” gazetasi kelib chiqishi afroamerikalik bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotga e’tibor qaratdi. Gazeta sharhlovchisi Ishan Tarurning yozishicha, dunyoning yetakchi yurist­laridan tarkib topgan guruh BMTning inson huquqlari bo‘yicha komissiyasiga o‘z xulosalarini bergan. Tadqiqotchilarning fikricha, Amerika tarixida bo‘lgan qullik, irqiy qaramlik, “irqiy terrorizm” va irqiy tengsizlik hamon davom etayotir. Jurnalist tad­qiqotchilarning “Hozirgi kunda politsiya tomonidan sodir etilayotgan qotillik va ular yetkazayotgan jarohat bizga oldingi davrda sudsiz-so‘roqsiz amalga oshirilgan irqiy terrorni eslatmoqda”, degan so‘zlarini keltirgan. O‘tgan yili politsiya ofitserlarining afroamerikalik qurolsiz odamni o‘ldirgani bunga misol qilib ko‘rsatiladi. Guruh a’zolari buni “davlatning noqonuniy zo‘ravonligi” deb baholaydi va bu “inson huquqlari inqirozi”ga olib kelishini ta’kidlaydi. Huquqshunoslar xulosasida asosiy e’tibor suddan tashqari olib borilayotgan qotilliklarga qaratilgan, deya qayd etadi I.Tarur.

Frantsiyaning “Figaro” gazetasi esa bugunning dolzarb vazifalaridan biri – global isishga qarshi kurashga mo‘l­jallangan, o‘tgan yili dekabr­da qabul qilingan Parij bitimi borasida so‘z yuritadi. Hozircha davlatlarning o‘ndan uch qismi bitimni ratifikatsiya qilgani haqida qayd qilinarkan, gazeta muxbiri Mark Sherki bu bitimning kuchga kirishi uchun birinchi qadam, deya ta’kidlaydi. Joriy yilning 21 sentyabr kuni BMT Bosh assambleyasi o‘tkazgan bitimni imzolash marosimida 30 mamlakat ishtirok etgani qayd etiladi. Sayyorada global isishning oldini olish, havoni turli chiqindi gazlardan asrash maqsad qilingan va jami 60 ta davlat imzolashi nazarda tutilgan bitimning kuchga kirishi uchun uni ma’qullagan mamlakatlar 55 tadan kam bo‘lmasligi kerak. Zararli chiqindilar eng ko‘p chiqariladigan Hindiston, Rossiya va Yevropa ittifoqi hali hujjatni imzolamagan, shular sirasiga kiruvchi Xitoy va AQSH esa sentyabr boshida bitimni imzoladi, deydi jurnalist.    

Yaponiya nashrlari esa Shimoliy Koreya dunyo hamjamiyatidagi qonun-qoidalarga amal qilmagan holda yadro qurollarini sinashda davom etayotgani, yapon dengizida oxirgi o‘tkazgan ballistik raketalar sinovi G‘arb mamlakatlarini shok holatiga tushirganini ta’kidlaydi. AQSH razvedka vazirligi boshqarmasining sobiq xodimi Bryus Vektor Shimoliy Koreya sinab ko‘rgan raketa Xitoyning “Szyuylyan-1” raketasi bilan bir xilligini ma’lum qilgani ham qayd etiladi. Yaponlarning “Asaxi” nashrida Rossiyadagi Shimoliy koreyalik gasterbayterlar haqida ham ma’lumot berilgan. Unda aytilishicha, chetda ishlaydigan koreyslar o‘z davlatiga oyiga 40 ming rubldan to‘lashi kerak. Vladivostokda ishlayotgan 50 yoshlardagi erkakning “Buning uchun sutkalab ishlashga to‘g‘ri keladi, ushbu majburiyatni to‘lashdan ortgan mablag‘ yeb-ichish, yashash joyi va borish-qaytish biletimizga yetadi, oilamizga yordam berolmayapmiz”, degan so‘zlarni keltiradi nashr. Unda Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz tufayli gasterbayterlar hayoti qiyinlashayotgani va ular o‘z yurtiga qaytayotgani haqida ham qayd etilgan.

Ko‘pgina davlatlar gazeta-jurnallari singari Chexiya omma­viy axborot vositalarining ham diqqat-e’tibori Rossiya parlament saylovlariga qaratilgan. “Kuzatuvchilar avvaliga jarayonni taxmin qilgan bo‘lsa, keyinroq saylov kampaniyasi va ovoz berish natijalarini tahlil qilishdi. Ayni paytda sharhlovchilar Rossiyada davlat xavfsizlik vazirligi paydo bo‘lishi mumkinligini bashorat qilmoqda”, deb yozadi “Neviditelny pes” nashri.

Rossiyaning “Argumentы i faktы” gazetasida har doimgidek mavzular qamrovi keng. Politsiya ofitseri Sergey Kulakovning ilgari AQSH armiyasida xizmat qilgani haqidagi ma’lumotni Moskva ichki ishlar boshqarmasi tekshirmoqda, deya xabar beriladi nashrning joriy yilgi 30 sentyabr sonida. Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga ko‘ra, boshqa davlat fuqaroligini olishning o‘ziyoq ichki ishlar organlaridagi vazifasidan ozod qilishga asos bo‘ladi. Ma’lum bo‘lishicha, S. Kulakov Rossiya politsiyasida ishlagan, so‘ng AQSh fuqaroligini olgan va Amerikaning jangovar harakatlarida ishtirok etgan. Keyinroq ayrim sabablar bilan Rossiyaga qaytib, yana avvalgi ishini tiklagan va porasiz halol ishlagan, deyiladi manbada.

Muxtasar aytganda, zamon bilan hamqadam nashr­lar har birining o‘z pozitsiyasi, o‘z maqsadi bor. Dasturxonga qo‘yilgan ne’matlarning barchasidan tatib ko‘rish mumkin, ammo ularning hammasini sog‘liq uchun foydali deyolmaymiz.

 Xolida FAYZIYEVA

SURXONDARYO OAVGA BIR NAZAR

Har bir go‘shaning o‘ziga xos urf-odatlari, havosi, tabiati bo‘ladi. Surxondaryo odamlari o‘zining samimiyligi, mehnatkashligi bilan, kuy-qo‘shiqlari esa zavqu shavqqa to‘laligi, qizlari ibo-hayosi, yigitlari dangalligi bilan ajralib turadi. Xo‘sh, nashrlari-chi? Surxondaryo matbuotida qaysi mavzular dolzarb? Shu savollarga javob topish maqsadida viloyatning ayrim gazetalarini ko‘zdan kechirdik.

Surxondaryo hududining Shimol, Shimoli-sharq va Sharq tomondan Tojikiston, G‘arbdan Turkmaniston, yer yuzining qaynoq nuqtalaridan biri Afg‘oniston bilan janub tomondan Amudaryo orqali chegaralanishining o‘zi aholining shuuri doimiy uyg‘oq bo‘lishi kerakligini taqozo etadi. Bunday sharoitda matbuotning zimmasiga katta mas’uliyat yuklanadi. Surxonlik hamkasb­larimizdan yanada zalvorli maqolalar, fidoyilik talab etiladi.

Bugungi kunda viloyatda 30 dan ortiq gazeta, 2 jurnal 5 televidenie va bir radio faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Viloyatning deyarli barcha nashrlarida vatanga muhabbat, insonparvarlik ruhi, shu bilan birga, odam savdosi, giyohvandlik, aqidaparastlik kabi muammolar aks etgan maqolalarni ko‘rib, viloyat jur­na­list­laridan, ijodkorlaridan ko‘nglimiz to‘ldi. Ayniqsa, viloyat hokimligining ijtimoiy-siyosiy gazetasi “Surxon tongi” alohida e’tirofga loyiq. Nashr haftada ikki marta chop etiladi. Ushbu gazeta sahifalarida viloyat ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotiga doir faktlarga boy, pishiq materiallarni uchratasiz. Unda adabiyot va san’atni targ‘ib qilishga ham alohida e’tibor qaratiladi. 

 “Sariosiyo” gazetasida ham ko‘plab tahliliy-tanqidiy maqolalar chop etiladi. Bu albatta, jamoaning yutug‘i. Xususan, 2016 yil 27 mayda chop etilgan “Bola tarbiyasi muhim omil”, “Barqaror va osoyishtalik — taraqqiyotning bosh omili”, “Millionlab odamlarni kim o‘ldirgan?” kabi maqolalar shular jumlasidandir. Bugun har birimizning qo‘limizda telefon, planshet, noutbuk bor. To‘g‘ri, ularsiz bugungi davrni tasavvur qilish qiyin, ammo har narsaning me’yori bor. Gazetada ularning zarari haqida aniq faktlar bilan boyitilgan “Uyali telefonlarning salomatlikka ta’siri” nomli maqola e’lon qilingan. “Telefondan nurlanish, ayniqsa, chaqiruv gudogi ketayotganda nisbatan ko‘proq yuz beradi. Buning uchun telefonni quloqdan 10 santimetrga uzoqlashtirsangiz, nurlanish darajasi 100 marotaba kamayadi. Bundan tashqari, gaplashganda telefonni 1 santimetr uzoqlikda ushlash maqsadga muvofiqdir. Ilmiy xulosalarga qaraganda, telefonning miya hujayralariga salbiy ta’siri 13-15 soniyadan keyin boshlanar ekan”. Maqolada aytilishicha, qo‘l telefoni organizmning tez qarishiga, asab tizimining izdan chiqishiga, bosh og‘riqlarining ko‘payishiga ham sabab bo‘lar ekan. Bunday maqolalarning e’lon qilinishi, albatta, foydadan xoli emas.

Bola tarbiyasi doimiy dolzarb masala. Uning nozikligi sabab kimdir buni uddasidan chiqadi, kimdir esa yo‘q. Yurtimizda tarbiya ta’limdan ajratilmaydi. Bolaning kamoloti uchun ota-onalar va o‘qituvchilar birdek harakat qilishadi. “Soliqchi minbari” gazetasining joriy yil 16-mart sonida “Oila va maktabni yaqinlashtirib bo‘ladimi?” nomli maqola e’lon qilingan. Bugun maktab va oila munosabatlari uzuq-yuluqroq. Ba’zi ota-onalar yilda bir yo ikki marta o‘tkaziladigan ota-onalar majlisiga ham zo‘rg‘a og‘rinib kelishadi. U ham bo‘lsa ertasiga bolasining yuzi qizarmasligi uchun. Maqolada shu muammo atrofida batafsil mulohaza yuritilgan.

Otaning oilada o‘rni beqiyos. U ham ma’nan, ham jismonan suyanch, tayanch. Ammo hamma otalar ham bunday emas. “Qumqo`rg`on sadosi” nashrining joriy yil 30 iyul sonida e’lon qilingan “Beoqibat “otalar” sarlavhali maqolada farzandining ko‘z yoshlariga loqayd, ularni tashlab ketib, hatto aliment to‘lashdan ham bosh tortayotgan “ota”lardan biri haqida yozilgan.

Bir paytlar dovrug‘i butun respublikaga yoyilgan “Chag‘oniyon” gazetasini qo‘limizga oldik. Bu gazetaning afzalligi, yutug‘i nimada ekan, degan qiziqish bilan varaqlay boshladik. Ushbu gazetaning 2016 yil 28 iyul sonida “Qon tomirimiz — jon tomirimiz”, “Eng nozik madaniyat”, “Muborak dargoh nasimlari” kabi tahliliy, tanqidiy ruhdagi “Isrofning oldini olaylik”, “Jigar kushandasi”, “Tamo­yillarga zid “biznes”, “Soxtakorlar” kabi maqolalar chop etilgan. Gazeta tuman nashri bo‘lsa-da, mukammallikka intilayotgani ko‘rinib turibdi. Unda boshqa mahalliy nashr­larda deyarli uchramaydigan lid, rukn kabi muhim element­lar doimiy qo‘yib boriladi. Ammo sarlavha tanlashda biroz no‘noqlik seziladi. “Soliqdan bosh tortdi”, “Arizalar qanoatlantirildi”, “Mehnat qonunchiligi ijrosiga bag‘ishlandi” kabi darak gap shaklidagi sarlavhalarga o‘rin berilmasa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Oltinsoy tumani “Oltinsoy tongi” gazetasi A-2 formatda, 4 sahifali ko‘rinishda chop etiladi. Shundan bir yarim sahifasi turli xil internet materiallari asosida to‘ldirilgan va kim tayyorlagani (bitta xabardan tashqari) ham ko‘rsatilmagan (2016 yil 16 mart soni). Sahifalar shunchaki to‘ldirilganga o‘xshaydi. Ijtimoiy-siyosiy gazetada shu yo‘nalishdagi maqolalar bo‘lishi kerak, nazarimizda. Bu nashrning ikkinchi sahifasida esa “Navro‘z mushoirasi” sarlavhasi ostida 13 ta she’r e’lon qilingan. She’r­xonlik yaxshi, ammo asosiy vazifani ham unutib qo‘ymaslik kerak-da!

“Sariosiyo”  gazetasining 2016 yil 27 may sonida chop etilgan “O‘zbekona milliy tilimizga e’tibor shumi?” sarlavhali maqolada tilimizning muqaddasligi, uni asrab-avaylashimiz, e’tiborli bo‘lish haqida mulohaza yuritilgan. Ammo muallif o‘z so‘ziga qarshi chiqqan holda maqolada ayrim uslubiy xatolarga yo‘l qo‘ygan. Jumladan, “Xatlarga javob qaytarish, ma’ruzalar, ma’lumotnomalar, arizalar, korxona hujjatlarini yuritish ham hamma-hammasini rus tilida yuritish (yozish) talab qilinar edi. O‘z ona tili qolib, boshqa tilda buni bajarish qancha qiyinchiligini bilasizmi?”. Jumla g‘aliz tuzilgani ko‘rinib turibdi. Yana bir jumlaga e’tiboringizni qaratmoqchimiz:  “Bilasiz, o‘zbekona haqiqiy so‘z “Ilonni inidan chiqaradi” — deyishadi, o‘zbek maqolida”. Gapdagi maqol o‘zlashtirma gapga aylantirilganda qo‘shtirnoq ishlatilmaydi. Maqolning turli variantlari bor. Shulardan biri quyidagicha: “Yaxshi so‘z ilonni inidan — yomon so‘z pichoqni qinidan chiqaradi”.

Tuman nashrlarida “Jinoyat va jazo” ruknida berilgan, sud ocherklari, qonunbuzarlik holatlari haqidagi maqolalar anchagina. Masalan, “Soliqchi minbari” gazetasining joriy yil 16-mart sonida “Aql yoshda emas...”, “Sehrgarmi yo firibgar”, “Xalq posboni” gazetasining 2016 yil 30 yanvar sonida e’lon qilingan “Ikkinchi xotinning qilmishi”, “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, “O‘g‘ri ayol”, “Sariosiyo” gazetasining 2016 yil 29 aprel sonida “Oilaviy tadbirkorlar”, “O‘g‘rining qilmishi”, “Manmanlik oqibati”, “O‘z manfaatini ko‘zlab”,  26 mart sonidagi “Qing‘ir ishning...”, “O‘g‘ri to‘g‘ri bo‘lmas” kabi. Bu — aholini ogohlikka chorlab turadi, albatta. Ammo aynan shu materiallarda tushinilishi qiyin bo‘lgan jumlalar ko‘p uchraydi. Bizningcha, maqolalar sodda, jonli tilda ifoda etilsa nur ustiga nur bo‘lar edi.

Har ishning o‘z qonun-qoidalari bo‘ladi. Uni bilish, o‘rganish esa mutaxassisning vazifasi. Milliy jurnalistikamizda dizayn masalasiga e’tibor sustroq. Gazetaning tashqi imijiga, maqolalarning joylashtirilishi, suratlar, shriftlar, ranglarning uyg‘unligi masalasida ko‘pgina nashr­larimizda muammo bor. Masalan, anchagina zalvorli maqolalar chop etiladigan “Jar­qo‘r­g‘on” gazetasining dizayn borasidagi kamchiliklari yutuqlariga soya solmoqda.

Gazeta maketi chizilgach, kerakli format asosida sahifalanadi. Maqola tarkibidagi xat boshilar bir xil tekislikda joylashtirilishi shart. Ushbu nashrda berilgan maqolalarda xat boshining ravonligiga e’tibor qaratilmagan.

Mutolaa jarayonida punktatsion xatolarga ko‘p bora duch kelamiz. Hechqisi yo‘q, bu shunchaki belgilar-ku, deya aksariyat hollarda qo‘l siltab qo‘yamiz. Ammo bu davom etaversa-chi? Axir, birgina belgi so‘zni, kerak bo‘lsa gapni o‘zgartirib yuborishi mumkin. Masalan, chiziqcha asosan juft, takror so‘zlar orasida ishlatiladi. Tirening vazifasi esa umuman boshqa. Biz kuzatgan nashrlarning aksariyatida lozim bo‘gan tire belgisi o‘rniga ham chiziqcha ishlatilgan: “Odam savdosi-jirkanch jinoyat”, “Kasbim-faxrim mening” (“Sari­osiyo” 2016 yil 29 aprel), “Sug‘urta badal to‘lovi-pensiya ta’minoti kafolati” (“Sari­osiyo” 2016 yil 26 mart), “Odam savdosi-qullik balosi”, “Yolg‘on xabar-shayton vasvasasi...”, “Giyoh­vand­lik-umr zavoli”, “Kuchli davlatdan-kuchli fuqarolik jamiyati sari” (“Taraq­qiyot” 2016 yil 21 mart), “Tinch­lik-ulug‘ ne’­mat” (“Qumqo‘rg‘on sadosi” 2016 yil 30 iyul), “Haydovchilik-hushyorlikni talab qiladi”, “Ma’naviyat-millat ko‘zgusi”, “Baxshi-el naqshi” (“Ter­miz oqshomi” 2016 yil 29 aprel) kabi. Bu ko‘zga tashlanib turadigan sarlavhalardan misollar edi. Matn ichida bu holat juda ko‘p takrorlangan. Xalqimiz ko‘p hollarda imloni, orfo­grafiyani gazetadan o‘rganadi. Shunday ekan, e’tiborliroq bo‘lish bizning burchimiz.

Tan olish kerak, viloyat tahririyatlarida respublika nashr­larinikidek sharoit yo‘q. Mutaxassislar yetishmaydi. Shunday sharoitda ham xalqqa ma’rifat ulashishga, mas’uliyatni his etib, o‘z vazifalarini sidqidildan bajarishga intilayotgan hamkasblarga minnatdorligimizni izhor etgan holda taklif va tavsiyalarimizni to‘g‘ri va samimiy qabul qilishingizni istardik. Maqsad bitta — o‘zbek matbuotini rivojlantirib, dunyo axborot maydonida munosib o‘rin egallash! 

 Shohsanam KOMILOVA,

“Hurriyat” muxbiri

XORAZM NASHRLARI «JANLIMI»?

Gazetalar qaerda, qancha tirajda chiqmasin, unda yoritilgan muammolar, dolzarb mavzular, butun jamiyatga tegishli bo‘ladi. Ulardan doimo nimalarnidir o‘rgansa, yangi iste’dodlarni, yangi gaplarni topsa bo‘ladi. Mintaqaning chekka bir nashrida berilgan maqola butun hududni oyoqqa qalqitishi mumkin.

Xorazm viloyati nashrlariga yuzlanar ekanmiz, ayni shu kabi o‘ylar xayolimizdan o‘tdi.

“Xorazm HaQiQati”dagi HaQiQatlar

So‘zimizni viloyatning bosh gazetasi hisoblanmish “Xorazm haqiqati”dan boshlasak.

1920 yil 8 martda tamal toshi qo‘yilgan ushbu nashr bugungi kunda Xorazm viloyati hokimligi muassisligida chop etilmoqda. Shu boisdan undagi asosiy materiallar hokimlik qarorlari, hududda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan bog‘liq. Gazeta haftada ikki marta nashr etiladi. Publitsistikadan ko‘ra, ko‘proq rasmiy uslubda yoziluvchi bunday materiallar gazeta sahifalarining salmoqli qismini egallaydi. Shuningdek, O‘zbe­kiston milliy axborot agentligidan olib berilayotgan materiallar viloyat o‘quvchilarini mamlakatimiz hayotiga doir muhim yangilik va islohotlar bilan tanishtirishda ko‘mak berayotgani shubhasiz. Shu bilan birga gazeta sahifalarida dolzarb mavzular aks etgan maqolalar ham vaqti-vaqti bilan chop etib turiladi.

Nashrning 2016 yil 23 yanvarda e’lon qilingan “Nafsi o‘pqon mudira”, “Qing‘ir ishning qiyig‘i chiqdi”, “Oqibat” kabi maqolalarda o‘quvchini mulohazaga chorlaydigan mavzular qalamga olingan. Dastlabki ikki maqolada jinoyatga qo‘l urgan valyutafurushlar hamda lavozimini suiiste’mol qilgan bog‘cha mudirasi haqida so‘z boradi. Gazetadagi bir talay maqolalar, xabarlar jinoyat olamidagi ishlar bilan bog‘liq bo‘lib, ular aholini hushyorlikka chorlash bilan birga, mavzular xilma-xilligini ta’minlagan. “Firibgarlar fosh bo‘ldi”, “Kechirish — ishonch degani”, “Ko‘za kunida sindi”, “Insonparvarlik ifodasi” kabi maqolalar shular jumlasidan. Viloyatning bosh nashrlari nafaqat hudud markazidagi, balki viloyatdagi barcha yangiliklarni, islohot va muammolarni olib chiqishi kerak, nazarimizda. Mana shu jihatdan “Xorazm haqiqati”da ham yaxshi say-harakatlar ko‘zga tashlanadi. Xususan, 2016 yil 27 fevral sonida gazetaning maxsus muxbiri Abdulla Safoevning “Birini ko‘rib shodlanasiz, biridan ranjiysiz” sarlavhali maqolasida Qo‘shko‘pir tumanidagi holat bayon qilinadi. Maqolada tumandagi Mahmud Zamaxshariy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘idagi obodonchilik bilan unga olib boriladigan yo‘llardagi manzaraning nomutanosibligi, shuningdek, mahallalarda to‘plangan chiqindi muammosi haqida so‘z boradi.

“Dehqon bozori” atrofida mashinalar turar joyining yo‘qligi, ba’zi chekka qishloq xonadonlaridagi “befayz”lik ham jurnalist nigohidan chetda qolmaydi. “Xonobod chindan obodmi? Bu savolga ijobiy javob berish mushkul. Ko‘p hovli joylar, savdo shoxobchalari, ko‘chalarda obodonlashtirish ishlariga e’tibor kam. Qishloqdagi 17-maktabdagi ahvol ayniqsa, achinarli. Devorlari ohaklanmagan. Atrofda qarovsizlik, hudud tozalanmagan”... Muallif shu tarzda kuzatuvlarini bayon qilar ekan, maqola yakunida bu kamchiliklar qachon bartaraf qilinadi, degan savolni o‘rtaga tashlaydi. Bu kabi urinishlar — masalani dangal ko‘tarib chiqish, mavzu va muammo jihatidan butun hududni qamrab olishga bo‘lgan harakatlarni nashrning 2016 yil 3 fevral sonida “Bozor bedarvozami?!” sarlavhali maqolada ham ko‘rishimiz mumkin.

Darvoqe, sarlavhalar xususida. Ustozlarimiz “Sarlavha — yarim maqola” deyishadi. Bu unga nihoyatda jiddiy yondashish shart deganidir. Tan olishimiz kerak, bugungi kunda yurtimizda chop etilayotgan ko‘plab gazeta va jurnallarda bu borada kamchilik ko‘zga tashlanadi. Ayrim nashrlar o‘quvchilari sonini oshirish maqsadida shov-shuv ko‘taraman deb, ignaday narsani sarlavhaga tuyaday qilib olib chiqsa, ba’zi “kamtar” gazetalar tuzukkina yozilgan, dolzarb mavzudagi maqolalariga “Islohotlar samarasida”, “Sohaga qaratilayotgan e’tibor”, “Ham­­korlikning yangi ufqlari” singari “otamzamon” sarlavhalarni qo‘yadi. (Ba’zan o‘ylab qolasan, kishi, shunday sarlavhalarning yoshi uni maqolasining tepasiga qo‘yayotgan muallif yoshidan ikki baravar ziyodroq bo‘lsa kerak...)

Xorazm gazetalarida ko‘zimiz tushgan sarlavhalarga e’tibor bering: “Soliq tizimida islohotlar va ularning samaralari”, “Olimpiada o‘yinlarga tayyorgarlik yuksak darajada”, “Yangi turar joylar dilni quvnatadi”, “Ekologik madaniyatni shakllantirishda jamoatchilik nazorati”.

“Xorazm haqiqati”da chop etilgan “Ekologik madaniyatni shakllantirishda jamoatchilik nazorati” maqolasida ko‘p qavatli uylar atrofida “o‘z-o‘zidan to‘planib qoluvchi” chiqindilar muammosi haqida so‘z boradi. Yaxshi mavzu. Ammo sarlavhani o‘qib, tadbir-padbir haqidagi odatiy materiallardan bo‘lsa kerak, deb o‘ylaysiz.

Taniqli shoir Matnazar Abdulhakim tavalludi munosabati bilan berilgan esdalik, aytish mumkin bo‘lsa, kichik esse-yodnomalar ham “Abadiyatga daxldor meros”, “Do‘stlik tarannumi” kabi odatiy sarlavhalar ostida chiqqan. Afsuslanayotganimiz boisi ham shu: mazkur maqolalar o‘qishli. Yaxshi yozilgan-u, sarlavhalari...

“Hayot kO‘zgusi”dagi akslar

“Bog‘ot sadosi”, “Xiva tongi”, “Yangibozor ko‘zgusi”, “Yangiariq ovozi” kabi tuman nashr­larini kuzatib, badiiy-publitsistik, tanqidiy-tahliliy maqolalarni ularda ko‘proq berish kerak ekan, degan xulosaga keldik.

Qo‘shko‘pir tumani hokimligi muassisligidagi “Hayot ko‘zgusi” gazetasida bir qancha dolzarb muammolarga bag‘ishlangan materiallarni uchratdik. “Kutubxonachi qaerda?”, “Sil kasalligi oila qurishga to‘sqinlik qiladimi?”, “E’tiborsizlik, loqaydlik qachongacha?!” (tumandagi 15-maktabgacha ta’lim muassasasidagi ayanchli ahvol xususida), “Sifat, sertifikat qani?!”, “Dabdababozlik baxt keltiradimi?” singari maqolalarda mualliflarning ziyrak nigohi, teran mushohadasi ko‘rinib turibdi. Quvonarlisi, gazetaning ke­yingi sonlarida ko‘tarilgan muam­molarning ijobiy hal qilingani haqidagi tegishli idoralarning kichik bildirgilari ham berilgan. Mavzular xilma-xilligi, dizayn borasidagi izlanishlar shundoq aks etib turibdi.

Bugun auditoriyaga qisqa va lo‘nda, tezkor axborotni yetkazib bera olgan OAVning “dovi yurishadi”. Bu borada mazkur tuman nashrlarining faoliyati maqtasa arzirli. Hech bir anjuman muxbirlar nigohidan chetda qolmagan. Hattoki, maktablardagi haftalik, bilimdonlik tadbirlari ham muntazam yoritib borilar ekan. Biroq tadbirlarni bayon qilish bilan birga, ularda ko‘tarilgan masalalarga ham ko‘proq urg‘u berilishi gazeta saviyasini oshirishga xizmat qiladi, albatta. Masalan, “Mo‘’jiza yaratayotgan qo‘llar” (“Yangiariq ovozi” 6-son) maqolasida faqatgina ko‘rik-tanlov haqida so‘z yuritmasdan, biror tadbirkor ayol ish faoliyati to‘g‘risida hikoya qilinib, so‘ng o‘rnida tadbirga oid xabar berilganida o‘quvchilar uchun ham qiziq, ham foydali bo‘lishi mumkin edi.

Surat sO‘zlamasa...

Aksariyat ma’lumotlarni vizual tarzda qabul qilamiz va aynan ular ko‘proq esimizda qoladi. Psixologiyada tasdig‘ini topgan ana shu jihat matbuotning oldiga dizayn masalasiga alohida ahamiyat qaratish talabini qo‘ydi. Xorazm nashrlarida ham materiallarni “g‘isht tergandek” ustma-ust joylashtirish, badiiy-publitsistik maqolaga ham, rasmiy xabarlarga ham bir xil shrift­lardan foydalanish, sarlav­halarda kompyuter grafikasi imkoniyatlaridan foydalanmaslik kabi kamchiliklarni uchratdik.

“Bog‘ot sadosi” gazetasidagi e’tiborimizni tortgan ilk jihat bu natyurmort shaklidagi suratlar bo‘ldi. E’tirof etish kerakki, aksariyat suratlar boshqa gazetalardan farqli o‘laroq, “jonli”. Ammo ko‘pgina suratlar maqolaga ajratilgan joyning yarmidan ko‘prog‘ini egallagan. Natijada, o‘quvchida ular go‘yoki joyni to‘ldirish uchun joylashtirilgandek taassurot qoldiradi. “Tadbir” yoki “Jarayon” ruknidagi maqolalar suratlari esa voqelikdan ko‘ra ko‘proq yirik planda olingani gazetada malakali fotojurnalist­ga ehtiyoj borligini ko‘rsatadi. Gazeta bilan yaxshiroq tanishar ekanmiz, maqolalarda qalamga olingan mavzularga doir suratlardan ko‘ra asosan, mualliflarning rasmi berilishiga amin bo‘ldik. Yangibozor tumani hokimligiga qarashli “Yangibozor ko‘zgusi” gazetasida esa buning aksi, “jonli” suratlar kam uchraydi. Biroq undagi rasmlar maqola mavzusiga mos va sifati yaxshi. “Xiva tongi”, “Yangiariq ovozi”, “Xonqa hayoti” kabi gazetalarda ham jarayonni yorituvchi suratlar nisbatan ko‘proq.

Xulosa qilib aytganda, vohaning biz kuzatgan nashr­larida zalvorli maqolalardan ko‘ra, ko‘proq bo‘lib o‘tgan voqelik, tadbirlar haqida “bo‘lib o‘tdi” tarzidagi kengaytirilgan xabarlar birinchi planga chiqib qolayozgan. Bu esa aholi o‘rtasida axborotga, mushohadaga ehtiyoj ortib borayotgan bir paytda biroz achinarli holat. Ammo biz ishonamiz, ko‘hna voha farzandlari bu boradagi kamchiliklarni bartaraf eta oladi. Zero, zamon bilan hamnafas, jamiyatning og‘riqlari, aytadigan gaplarini ilg‘ab, sahifalarida yorituvchi gazeta va o‘z so‘ziga ega jurnalist­gina o‘quvchi e’tiborini qozonadi...

Feruza XAYRULLAYEVA

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Kelajak energiyasi va global iqlim ...

2017-09-20 07:30:32

BOYSUN MO‘JIZALARI

2017-09-20 07:38:36

«INTIZORLIK BILAN KUTAMIZ»

2017-09-20 07:28:18

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30

.