Muxlislarim e’tirofidan kuch olaman

Teatr va kino san’ati yulduzlarining shunday ijrolari bo‘ladiki, ular o‘sha obraz siymosida qalblarga muhrlanadi. 

Gavhar Zokirova... Bu ism tilga olinganda, ko‘z o‘ngimizda darhol “To‘ylar muborak” filmidagi go‘zal kelinchak namoyon bo‘ladi. Oq libosli sarvqomat, dilbar chehrani esga olib, beixtiyor tabassum qilamiz. Film ilk bor namoyish qilingan yillari aksariyat bo‘y qizlar xuddi u singari kelin bo‘lishni orzu qilishardi. Ilk rollaridanoq tomoshabin mehrini qozonish har kimga ham nasib etavermaydi. Sevimli aktrisamizning mazkur film bilan bog‘liq qanday xotiralari bor?..

 

– Kino olamiga meni olib kirgan bu film haqida ko‘p gapirilgan, eslangan, – deya hikoyasini boshlaydi u. – Film rejissyori Eduard Xachaturov “fotoproba”dan o‘tgan boshqa nomzodlar qatori meni ham “kinoprobaga” taklif qildi. O‘sha paytlar avvaliga filmning eng murakkab sahnasi suratga olinardi. Negaki, murakkab sahnada rejissyor talabini bajara olgan aktyor keyingi sahnalarda qiynalmaydi. Aksincha, murakkab sahnalar keyinga qoldirilsa, ungacha qilingan sa’y-harakatlar zoe ketishi mumkin. Biz aktyorlar o‘zimizni shunga tayyorlar edik. “To‘ylar muborak”dagi men bilan bog‘liq murakkab sahna dorixonadagi muloqot edi. “Dorixonachi” O‘ktam opa tajribali aktrisa, men esa hali yosh, bu ilk rolim edi. Suratga olishda yigirma-o‘ttiz chog‘li odam bo‘ladi, ammo atrofda hech kim yo‘qdek obrazga kirish kerak. Buni kino tilida “publichniy odinochestva” deymiz. Rejissyor ikki ayol o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan o‘sha holatni chiqarib berishim uchun mendan shu voqea haqiqatan sen bilan ro‘y bersa, qanday holga tusharding, deb so‘ragan. Tasavvur qil: to‘ying bo‘layotgan kuni yigiting oilali, bola-chaqali bo‘lib chiqdi, nima qilarding, buni oddiy aytolmaysan-ku, to‘g‘rimi, deya meni ruhan tayyorlagan. So‘ng “Mabodo yig‘lay olmasang ham mayli, ko‘zingga bir tomchi tomizamiz, yosh keladi” deganda, hayrat bilan yalt etib unga qaraganman. Chunki men kinoda yolg‘on ishlatiladi degan o‘ydan yiroq, film voqealari qanday sodir bo‘lsa, hammasini boricha qabul qiladigan sodda tasavvurda edim. Keyinroq, film premerasida Xachaturov kulib, shunday eslagandi: “Gavhar menga shunday qaradiki, uyalmaysizmi, menday yosh aktrisaga yolg‘on ishlatishni tavsiya qilyapsizmi, deganday bo‘ldi. To‘g‘ri, rejissyor bu gapni aytmasligi kerak, Gavharning yoshligini hisobga olib shunday degandim. Uning nigohidagi o‘sha norozilikni ko‘rib, mayli-mayli, o‘zing chiqarib berolsang, judayam soz, dedim”. Qizig‘i, o‘sha sahna ilk probadayoq rejissyorga ma’qul bo‘lgan, badiiy kengashdan o‘tib, tasdiqlangan...

– Ha, iste’dod tilga kirganda tillarni lol qiladi. Holbuki, san’atga aloqador oilada voyaga yetmagan, ammo san’atning sohir hislaridan bahramand bo‘lishni orzu qilib, tahsil olayotgan talaba edi u. Inson yetti pushtini o‘rganishi bejiz emas, ota-bobolar geni ham o‘z “so‘zini aytadi”. Ma’rifatparvar Abdulla Avloniydek ajdodlar bilan faxrlanish hammaga ham nasib qilavermaydi...

– Men bundan faxrlanaman, albatta, lekin uchrashuvlarda, o‘quv dargohlarida bo‘lganimda suratlarini ko‘rib qolsam, g‘alati hislar chulg‘aydi, shu insonning evarasiman, deyishga uyalardim negadir. Jamshid akam yonimda bo‘lganlarida, shu haqda g‘ururlanib gapirardilar. Avvalambor, ushbu tuprog‘i muqaddas yurtimizdan qancha-qancha buyuk shaxslar yetishib chiqqan. Iymonim komilki, agar shu yurt insonlarining har biri yetti pushtini surishtirsa, ulug‘larimizga aloqador rishtalar albatta topiladi. Yaqinda olimlar o‘tkazgan bir tadqiqotni o‘qib qoldim, turkiy xalqlarda 55 ming yillik gen borligi aniqlanibdi. Uzoq yillik tarixga ega Xitoyda esa 51 ming yillik, Yevropadagi bu ko‘rsatkich 17, 18 ming yillik deyilyapti. Demak, bu bilan ham faxrlansak arziydi. O‘ylaymanki, tarixda iz qoldiradigan allomalar hali bizdan ko‘p yetishib chiqadi. Yoshlar tariximizni, buyuklarimiz hayotini yaxshi o‘rganishi kerak. “Har millat ilm oldi, yondi chirog‘i”, deb yozganlar o‘z vaqtida Abdulla Avloniy. Bizda ana shunday ilm chirog‘ini yoqib, millatni uyg‘ota bilgan ma’rifatparvar insonlar ko‘p bo‘lgan. Muhimi, ushbu fikrlar bugun ham qimmatini yo‘qotgani yo‘q. Shu o‘rinda teatr bilan bog‘liq bir voqeani esga olaylik. Birinchi teatr truppasi 1913 yilda Samarqandda tuzilgan va ilk bor unda Behbudiyning “Padarkush” asari sahnalashtirilgan. Ammo keyinroq ushbu truppa tarqalib ketadi. Oradan bir yil o‘tib, Toshkentda 25 nafar havaskordan iborat ilk truppa Avloniy boshchiligida tashkil topgan. Ikki ming kishilik sobiq “Kolizey” teatrida (hozirgi mehnat birjasining o‘rnida) o‘sha yili fevral oyida “Padarkush” asari yana sahna yuzini ko‘radi. O‘shanda Avloniy boy rolini o‘ynaganlar. U kishi turk, fors, rus, ozarboyjon tillarini  yaxshi bilgan. Truppa uchun ana shu tillardan pesalar tarjima qilgan. Ko‘pgina asarlari qatori o‘zlariyam pesalar yozganlar. Keyinchalik shu truppaga Mannon Uyg‘ur kelib qo‘shilgan va boshchilik qilgan. Sobiq davrda teatr O‘rta Osiyoga 1917 yildan keyin kirib kelgan, deyilardi. Teatr to‘g‘risidagi haqiqatni Mamajon Rahmonovning 1966 yilda chiqqan bir kitobida o‘qigandim. Unda Yevropa uslubidagi teatr 1914 yilda kirib kelgani haqida ma’lumot berilgan edi. Avval bizga uqtirilganidek teatrni inqilob olib kirmaganini ana shunday manbalardan o‘qib bilganmiz. O‘sha davrda Behbudiy, Avloniy, Munavvar qori singari ma’rifatparvarlar xalqni ilmli qilishga bel bog‘lagan, o‘zlari uyushtirgan havaskorlik truppalari bilan xalqqa xizmat qilib, spektakldan tushgan mablag‘larni kam ta’minlangan oilalarga tarqatganlar. Truppa qoshida “Turon” nomli xayriya jamg‘armasi ham bo‘lgan. Abdulla Avloniy ona tomondan bobokalonimiz bo‘lishini, adabiyotdan dars bergan domla, professor ekani, 56 yoshida vafot etganini bilardim. U kishining turmush o‘rtog‘i Salomat buvimni ko‘rganman, suhbatlashganman, hovlilariga borardik, suratlarini tomosha qilib kelardik. Ammo teatr truppasini tuzgan va pesalar yozgani, shu qatorda, ham aktyor, ham rejissyor bo‘lganini institutda o‘qib yurganimda eshitgandim. o‘ulomov degan domlamiz bo‘lardi. U kishi ham pedagogika institutida, ham teatr san’ati institutida dars berardilar. Pedinstitutda Avloniyning kichik qizi – Hakima xolam ham ishlardilar. Xolamdan men haqimda eshitgach, o‘sha ustozimiz “Siz Avloniy avlodidan ekansiz, u kishining teatrga aloqador jihatlarini bilasizmi?”, deb so‘ragan edilar. O‘ylab qarasam, genetika fani nuqtai nazaridan, meni shu sohaga gen tortgan bo‘lsa kerak...

– Mahmudxo‘ja Behbudiy teatrni ibratxona, degan edi. Qahramonimiz bunga qanday qo‘shimcha qilarkin?..

– Bunday ulug‘ zotlardan oshirib nima deyish mumkin. Munavvar qori “Padarkush” asari ilk bor sahna yuzini ko‘rganda shunday deydi: “Hurmatli jamoa, bugun o‘zbeklarning hayotida unutilmas kundir. Teatr bu masxarabozlik emas. Teatr – oynavand bir uyki, kirgan har bir kimsa o‘z husnu qabihini ko‘ra olur. Yuziga un surtib, masxaraboz shakliga kirgan zotlar tabibu hoziqdirlar”. Mana, ularning birinchi vazifasi, maqsadi nima bo‘lgan?! Nazarimda, teatrning vazifasi bugun ham xuddi shundan iborat. Kimnidir fikrlashga undaydi, kimningdir savoliga javob beradi, qay bir dilga malham ham bo‘la oladi...

– Qaysi aktyor bilan suhbatlashmaylik, kinodan ko‘ra teatrni yuqori qo‘yadi, ko‘proq rollari teatrda o‘ynalgan bo‘ladi. Gavhar Zokirova ham teatrda yuzdan ziyod turli xarakterlarni talqin qilgan bo‘lsa, 40 dan ortiq filmlarda katta-kichik rollari bor. U rol tanlamaydi...

– Ko‘pgina aktyorlarning bir zaif tomoni shuki, rol tanlash imkoni kamroq. Biz – teatr aktyorlari rejissyor bizni qaysi rolda ko‘ra olgan bo‘lsa, shuni o‘ynab berishga harakat qilamiz. Ammo ijodkor bu bilan cheklanib qolmasligi kerak. Jamshid akam bilan shunga intilardik, ya’ni o‘zimiz g‘oya taklif etib, dramaturgdan yaxshi bir asar yozib berishini so‘rardik. Shu tarzda dunyoga kelgan olti-ettita spektakl sahna yuzini ko‘rgan. Yoqub Ahmedov teatr rahbari bo‘lgan yillari “Menga rol bermading deb o‘tirmanglar, o‘zlaring ham izlaninglar. Mana, Jamshid bilan Gavhar shunday ishlayapti-ku”, deb bizni rag‘batlantirib qo‘yardilar. Bu bejiz emas edi, truppada oltmish kishi bo‘lsa, ularning hammasiga rol berishning imkoni bo‘lmasdi. Izlanish, yangi g‘oyalar bilan chiqish ijodkor uchun xos xususiyat, shu bois Yoqub akaning talabini to‘g‘ri qabul qilganmiz. Turmush o‘rtog‘im Jamshid Zokirov bilan partnyor bo‘lib ijro etgan rollarimning barchasi men uchun qadrli. Bir-birimizni qarashimizdanoq tushunardik. Shuning o‘zi men uchun katta baxt edi. Inson sifatida ham, aktyor sifatida ham u kishidan ko‘p narsa o‘rgandim, shunday bag‘rikeng, saxovatpesha inson bilan taqdirim bog‘langanidan mamnunman. Birgalikdagi ilk ijodimiz “Taqdir eshigi” spektaklidan boshlangan. Shundan so‘ng nafaqat sahnada, hayotdagi taqdir eshigimiz ham ochildi. Keyin partnyor bo‘lib “Aldagani xotin yaxshimi?”, “Sevaman dedim”, “Erginamning orzusi”, “Tanho yulduz”, rus teatrida “Svobodniy para”, “Noch Venetsii” nomli sahna asarlarida birga rol ijro etdik. Boshqa rollarim – Kumush, Gulnor yoki chet el dramaturgiyasiga doir Shillerning “Qaroqchilar”ida Amaliya, Shekspirning “Otello”sida Dezdemona, “Koriolane” asarida Virgiliya, Lessingning “Donishmand Natan” asarida Dayya, Lev Tolstoyning “Tirik murdasi”da Liza, Gogolning “Uylanish” komediyasida Agafya Tixonovnani o‘ynadim. Bular ham men uchun qadrli, albatta. Kino esa boshqa masala. Unda sizga mos obraz bo‘lsagina, taklif qilishadi. Kinoda kam bo‘lsa-da, shunday rollarim borki, ulardan uyalmayman, masalan, “Shaytanat”dagi rolim o‘zimga yoqadi. Aslida, to‘rt og‘iz gap aytish uchun hadeb ko‘rinaverishni o‘zimga ep ko‘rmayman. Har bir ijro o‘ziga xos bo‘lishi lozim, bir-biriga o‘xshash obrazlarni talqin etishni (boshqa hamkasblarimda ham shunday bo‘lsa kerak) ma’qul ko‘rmayman...

– Gavhar Zokirova keng qamrovli ijodkor. Teatr, kino, kadr orti ovozlashtirish jarayoni, radioboshlovchilik, milliy va zamonaviy urflar olamidan yaxshi xabardorlik – bularning bariga ulgurish, uddasidan chiqish...

– Qaysi yo‘nalish bo‘lmasin, shunchaki qo‘l urish menga xos emas. Masalan, kadr orti ovozlashtirish men uchun juda qiziqarli jarayon, dublyajda maza qilib ishlayman. Yoki “Navro‘z” radiosidagi boshlovchilikni olaylik. O‘n ikki yildan beri har hafta seshanba kuni “Tonggi mehmon” eshittirishida boshlovchilik qilaman. Bu ko‘rib qo‘yinglar, men yana bitta ishni eplayapman, deyish uchun emas, maqsad avvalo tinglovchi uchun nimadir berish, yangi-yangi qahramon-mehmonlarimizning qaysidir qirrasini ochish bilan birga, ulardan nimadir o‘rganish. Inson necha yoshda bo‘lmasin hayotdan nimadir oladi, izlanadi, o‘rganadi... 

– Darhaqiqat, san’at olamida omadli partnyorlar ko‘p. Ham sahna, ham hayotda birga umr kechirgan baxtli juftliklar esa sanoqli. Jamshid Zokirov va Gavhar Zokirovaning birga o‘tgan qirq yillik umr yo‘llariga ko‘pchilik, ayniqsa, hamkasblari havas qiladi. Qay biri bo‘lmasin, ular haqida so‘z ochsangiz, zavqqa to‘lib so‘zlaydi. Bular Gavhar opaga taskin, dalda beradi. U Jamshid Zokirovni hayotlik chog‘ida qanday e’zozlagan bo‘lsa, xotirasini o‘n chandon ziyoda avaylaydi...

– Jamshid akamdan odamlarni, hayotni sevishni, har qanday vaziyatda ham atrofdagilarga mehribon, e’tiborli bo‘lishni, o‘zgalarga yuk bo‘lmaslik, aksincha, boshqalar yukini yengillatishni o‘rgandim. Umr yo‘ldoshim qilgan insoniylik, xayrli ishlar haqida so‘zlab berishganda, u kishini qaytadan kashf qilganday bo‘laman. Bugun menga ana shular kuch beryapti. Muxlislarimning sizdan o‘rnak, kuch olamiz, degan so‘zlari menga quvvat bo‘lyapti...

– Mustaqillikning 25 yilligi arafasida ko‘plab yurtdoshlarimiz qatori Gavhar Zokirova Vatanimizning yuksak mukofoti bilan taqdirlandi, O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti unvoniga sazovor bo‘ldi.

– Kasbini ardoqlaydigan chin aktyor unvon uchun ishlamaydi. Nazarimda, eng katta mukofot – xalqning e’tirofi, e’zozi... 

 

Xolida FAYZIYEVA

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.