Mutolaaga mehr bolalikdan uyg‘onsin

Televizor, radio, internet va boshqa texnik vositalar bo‘lmagan zamonlarda ota-bobolarimiz sham yorug‘ida, sandal atrofida o‘tirib kitobxonlik qilganlar. Barcha kitobdagi voqealardan ta’sirlangan, qahramon quvonsa, qo‘shilib quvongan, g‘amgin bo‘lsa, uning dardu hasratiga sherik bo‘lgan... Ajablanarlisi shundaki, hozir texnika qancha rivojlangan bo‘lmasin, biror vosita kitobchalik inson ruhiyatiga ta’sir etolmaydi. Bu ham bo‘lsa kitobning mo‘’jizakor xususiyatlaridandir. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi mana shu mo‘’jizakor, sehrli vositaning har bir xonadonga kirib bormog‘i, har bir qalbda yuksak qadr topishi yo‘lida qilinajak ezgu ishlarga, chunonchi, kitob chop etish, tarqatish va uning mutolaasi bilan bog‘liq muammolarning yechimiga yo‘l ochishi aniq. Farmoyishda kitob va unga munosabat borasidagi kamchiliklarimiz va ularni bartaraf etish yo‘llari o‘z aksini topgan. 

Kitobxonlik madaniyati o‘z-o‘zidan yuksalib qolmaydi. Xalqning ma’naviy ehtiyojini o‘rganib, shu orqali badiiy, ma’rifiy, ilmiy-ommabop, tarbiyaviy ahamiyati katta, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan adabiyotlarni chop etib, ta’lim muassasalarini ular bilan ta’minlash, jahon adabiyoti namoyandalarining asarlarini saralab, tarjima qilish ishlarini puxta o‘ylangan tizim asosida tashkillashtirish, kitoblarni nashriyotlardan hududlarga arzon narxlarda yetkazish, onlayn buyurtma berish tizimini rivojlantirish, aholiga xizmat ko‘rsatishda elektron kitob shakllaridan keng foydalanishni yaxshi yo‘lga qo‘yish davr talabidir. 

Farmoyishda bu talablarning qo‘yilishi bizdan ulkan mas’uliyat talab qiladi. Ishni dastavval o‘zimizdan, oilamizdan boshlash maqsadga muvofiq. Ota-onalar farzandlari qalbida kitobga mehr hissini uyg‘ota bilishi kerak. Bog‘cha va maktab esa keyingi jarayon. Ularga kitob sotib olib berish bilan kifoyalanib qolmasdan, balki o‘qib berish zavq-shavqi o‘zimizda bo‘lishi zarur. Aks holda, bolalardan nima kutish mumkin? Ularni qiziqtira bilish muhim. 

Xorij tajribasida mutolaaga o‘rgatishning yangicha yo‘nalishlari joriy etilganki, ulardan foydalanish ham aslo zarar qilmaydi. Masalan, Finlyandiya va ba’zi Yevropa mamlakatlari maktablarida maxsus mutolaa kurslari o‘tiladi. O‘quvchilar bu kurslarda kitob o‘qish san’atini egallaydilar. Darvoqe, mutolaa ham, unga o‘rgatish ham o‘ziga xos san’at. Agar bolaga kitob o‘qish metodikasini o‘rgatmas ekanmiz, u ushbu san’atni o‘zlashtira olmaydi. Oqibatda o‘qigan narsasini tushunmaydi va kitobga nisbatan qiziqishi susayadi. “Narsalarga qiziqishing yo‘qolsa, bilginki, xotirangdan ham ayrilasan” — Gyotening bu fikrini bejiz keltirmadik. Qiziqish qunt, ixlos, hafsalaga yo‘l ochadi. 

Bu boradagi sa’y-harakatlarimizning samarali bo‘lishi uchun ta’lim muassasalari, kutubxonalar va mahallalarda yangi kitoblar taqdimotini o‘tkazish, yaxshi kitoblarni targ‘ib qilish, xususan, ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ibot-tashviqot ishlarini jonlantirish kerak. 

“Kitobdan yaxshiroq do‘st yo‘q jahonda, 

o‘amxo‘ring bo‘lgay u g‘amli zamonda,” — deydi alloma Abdurahmon Jomiy. Ardoqli adibimiz Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek esa “Kitob – tafakkur qanoti”, — deya e’tirof etadi. Beminnat do‘st, sadoqatli maslakdosh, zulmat ichra ziyo, qo‘ldagi mayoq, shonli bayroq ramzi sifatida e’zozlanuvchi kitobning ta’rifu qimmatiga ulug‘ ustodlardan oshirib ta’riflashga bizning qalamimiz ojizlik qiladi, albatta. 

Qaysi kasb egasi bo‘lishimizdan qat’i nazar, har birimiz kitob bilan muayyan darajada muloqotda bo‘lamiz. Ammo qanday kitob o‘qish, uning ta’siri va oqibatlari, umuman, nega kitob o‘qiymiz, shular haqida barchamiz ham chuqurroq o‘ylab ko‘rmaymiz. Kitob insonga ma’naviy ozuqa beribgina qolmay, uning tafakkurini teranlashtirib, sog‘lom mulohaza yuritishga o‘rgatadi, kelajakka aniq maqsadlar bilan odimlashda mustahkam pillapoya vazifasini o‘taydi. Kitob o‘qiyotgan inson qiyofasiga diqqat qiling, uning chehrasida hamisha halovat, bilimga chanqoqlik zuhur bo‘ladi. Kitob sehriga berilgan odam atrof-borliqni unutadi, mayda-chuyda tashvishlar bir chetda qoladi. Zero, bu paytda eng sodiq do‘sti — kitob bilan suhbatlashayotgan bo‘ladi. Ayniqsa, mag‘zi to‘q kitob har qanday odamni o‘ziga tortadi.

Dunyodagi mavjud kitoblarning hammasini o‘qishga imkon ham, umr ham yetmaydi. Afsuski, ko‘pchilik kitob o‘qishni bilmaydi va nimani o‘qiyotganini tuzukroq tushunib ham yetmaydi. Ba’zilar uchun esa mutolaa — dam olish, shunchaki vaqtni o‘tkazish vositasi, ularga nimani o‘qish baribir, zerikarli bo‘lmasa, bas. Demak, kitob o‘qilishining o‘zi kitobxonlik masalasini ijobiy baholash uchun yetarli emas. Bunda kitobxonning didi alohida ahamiyatga molik.

“E’tibor berganmisiz-yo‘qmi, bilmadim-ku, sizning sadoqatda tengsiz do‘stingiz bor, — deb yozadi O‘tkir Hoshimov “Beminnat do‘st” qatrasida. — Qachon xohlasangiz, siz bilan hamsuhbat bo‘ladi. Shod paytingizda quvonchingizga quvonch qo‘shadi. o‘amgin pallada dardingizni oladi. Bilmaganingizni o‘rgatadi. Adashsangiz, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadi. Yaqin kishilaringiz burilib ketganida ham u sizni tark etmaydi. Xizmati uchun hech narsa tama qilmaydi. Yillar unutib, tashlab qo‘ysangiz indamaydi. Hatto, uloqtirib yuborsangiz ham arazlamaydi. Tag‘in chorlasangiz, yetib kelib, xizmatingizni qilaveradi. Bu do‘stning nomi – KITOB!”.

Mutolaa — muloqot uchun ko‘prik. Muallif bilan zimdan, sirli suhbatlashasiz. Hayotga surur, ko‘zga nur, qalbga g‘urur baxsh etadigan kitobga munosabat mazmunida qabul qilingan Farmoyish bizlarni kitobxonlik madaniyati sari dadil odimlashga undaydi. 

 

Rahimboy JUMANIYOZOV

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.