Onalarga chorlov yoxud oriyat isyoni

 BU QANDAY JAZO?

Qishloq chekkasidagi hujradekkina uyda bir no‘g‘oy kampir yashardi. Uni bir paytlar shu yerlik yigit “armiyadan olib kelgan” degan gap qulog‘imizga chalingan. Ular turmush qurib, bir qiz ko‘rishgan. Dadilgina, odamoxun bu ayol tez orada ko‘zga tashlanib, avval qishloq, so‘ng tuman xotin-qizlarining yetakchisi bo‘lgan ekan. U paytlar diplomi bo‘lmasayam og‘zidan gap kelsa bo‘ldi, ko‘tarilib ketaverardi, deydi keksalar. El orasida yurib, so‘zi sinmagan, ko‘pni ortidan ergashtirgan, shu xalqning qadriyatlarini o‘ziniki qilib ulgurgan bu ayolning qizi bir noma’qulchilik qilib quyadi-yu, ona sho‘rlik yotib qoladi. Oilali odamdan homilador bo‘lib qolgan behayo qizni nima qilarini bilmay, ota-ona uni uydan haydab yuborgan. Qizi dom-daraksiz yo‘qolib ketgach, eri ham bandalikni bajo keltirgan ekan. Qishloq ahli yolg‘iz ayolni tashlab qo‘ymagan, albatta. Qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘yning daldasi bilan biroz o‘ziga kelgan, biroq avvalgi dadilligu shodumonlikdan asar ham qolmagan edi. Uyidan chiqmaydigan, deyarli hech kim bilan gaplashmaydigan bo‘lib qolganini ko‘rib, “o‘zi ham bir paytlar ota-onasidan qochib kelgan bo‘lsa, endi bu menga jazo deb o‘ylayotgandir”, deya taxmin qiladiganlar ham topildi. 

Biz o‘smir qizaloqlar edik, ikki-uchtamiz yig‘ilsak, “yuriylar, mumkampirning uyiga qarab kelamiz”, deb chopqillashib ketardik, ammo ichkari kirishga botinolmay, derazadan bir qarab qochardik. Uzzu kun mum tishlab, bir nuqtaga tikilgancha o‘tiradigan “abiy” (unga shunday nom berilgan edi) o‘sha payt bizga g‘alati, qo‘rqinchli ko‘ringan bo‘lsa kerak. Keyinchalik biroz o‘ziga kelib, oftobning ko‘zida bir nimalar to‘qib o‘tiradigan bo‘ldi. O‘sha vaqtlar uni bu ahvolga solgan narsa nima ekanini anglamaganmiz. Ha, bu or-nomus edi...

Bir yigitga ergashib, begona yurt, begona odamlar orasiga kelib qolgan bu ayol atrofdagilarga el bo‘lib yashashni o‘rgandi, o‘zga millat qadriyatlarini qadrladi, or-nomus, andisha nima – barini angladi. Shu yurtda tug‘ilib, shu xalq ichida ulg‘aygan qizi esa, afsuski, bularni anglamagan ekan.

Yaqinda “Toshkent” telekanali orqali namoyish etilgan fojiali voqea o‘sha no‘g‘oy kampir va uning andishasiz qizini eslatdi. Yo‘lxaltaga solinib, ko‘p qavatli uy pod’ezdiga tashlab ketilgan chaqaloqni ko‘rgan har qanday onaning yuragi bir qalqib tushadi. Buni qarangki, o‘tgan yili poytaxtning o‘zida xuddi shu ahvol besh marta sodir etilibdi. Yaratganning inoyati bilan beshala chaqaloq ham omon qolgan, hozir mehribonlik uyida tarbiyalanyapti. Ming afsuski, ularning hech biri o‘zga millat vakili emas, o‘zimizniki... 

 XULOSA O‘ZINGIZDAN...

Bir urg‘ochi itimiz bo‘lardi. Har yili bolalashidan bezor bo‘lgan otam bir gal kuchukchalarni ko‘zi ochilmay turib ko‘mib keldi (ko‘zi ochilgach, bunday qilolmasdi, nazarimda). Bittasini qoldiring, deganimizga ham ko‘nmadilar. O‘shanda otamni o‘zimizcha rahmsizlikda ayblagan bo‘ldik. Ona it bolalarini izlab-izlab holdan toydi. Ko‘klam payti, yerlar nam, kun ora yomg‘ir yog‘ardi. Haligi it sharros yomg‘irda ham panaga qochmay, uzala tushib yotib oladigan odat chiqardi. Ko‘p o‘tmay, uning o‘ligini topishdi...

 

 

ACHCHIQ IQRORDAN FOYDA YO‘Q       

No‘g‘oy kampir-chi, sizningcha, u oriyatni nega bu qadar chuqur his qildi, oqibatda odamovi bo‘lib qoldi?! Faqat qizi yo‘l qo‘ygan xato uchunmi?! Yo‘q, negaki, atrofidagilar shunday edi, hech bir oilada bunday sharmisorlik takrorlanib turgan emasdi. Boshqa millatni qo‘ya turaylik, hozir qizining noma’qulchiligi uchun o‘sha kampir kabi iztirob chekayotgan, odamoviga aylanib, o‘zini o‘zi jazolayotgan onalar bormikin?! Buni hech birimiz uchratayotganimiz yo‘q, negaki, o‘sha muqaddas hislar o‘lib boryapti, “atrofimdagilarning hech biri menga ta’na qiladigan ahvolda emas”, degan fikr shakllanib ulgurdi.

Qo‘shni davlatdagi minglab onalar farzand ko‘rishdan cho‘chiydi, chunki go‘dagini bexavfu xatar ulg‘ayishiga ishonch yo‘q. Ona bo‘lish yoshidagi xotin-qizlarning o‘zlari tug‘ilib voyaga yetgandan buyon ko‘rguliklari faqat qonli to‘qnashuv, zo‘ravonlik, ochlik va xo‘rlik. Jillaqursa bir kungina osoyishta, xavfdan xoli yashashni, tunlari tinchlik-xotirjamlikda o‘tishini istaydigan ota-onalar, dunyoni anglashga ulgurmayoq qurbon bo‘layotgan go‘daklarning sanog‘i qancha. Bularning bariga urush otlig‘ jaholat sababligi hammamizga ma’lum. Unda yonginamizga tashlab ketilayotgan go‘daklarga bo‘lgan onalarning g‘ayriinsoniy munosabatiga sabab nima?! To‘qlikka sho‘xlik, tinchlik va poklikka xiyonatmi?!      

Yaxshi qiz mahallasidan ortmaydi, degan gap bor. Hozir atrof to‘la qiz bo‘lsa-da, o‘g‘lini uylantirishga chog‘langan ona borki, yillab munosib kelin izlaydi. Bunday izlanish, tanlov shunchalik avj oldiki, uning ortidan biznes qiladiganlar ko‘paydi. Butun boshli ro‘yxatdan ma’qul qizni tanlab olasiz va o‘rtadagi “sovchi” (yoki “ishbilarmon”)ga so‘raganini berasiz. O‘qigani kerakmi, o‘qimaganimi, oliy yoki o‘rta ma’lumotlisimi – ro‘yxatda hammasidan bor. Uylanmoqchi bo‘lgan yigit ham shunga rozi, kelin tanlovini onasiga ishonib topshirgan, chunki o‘zi topgan qizning odobiyu bokiraligiga ishonch yo‘q. Ha, to‘g‘ri, bular mayda gaplar, ammo bundan ko‘z yumishga haqqimiz bormi? Taassufki, qizlar tarbiyasidagi nuqsonlar tufayli ana shunday qusurlar yuzaga chiqmoqda, begunoh go‘daklar ko‘chada qolib ketayotir. Nahot onalar mas’uliyati shu qadar sustlashdi?!         

Bu gaplar nega kerak, shuning o‘rniga chiroyli hayotimiz yoki uddaburon kelinning ishlari haqida yozsak ham bo‘lardi. Ammo qalbi, his-tuyg‘usi mudrab qolgan onalarga, ha, aynan onalarga chorlov kerak. Toki, qizining noma’qul xatti-harakatiyu uning oqibatlari ota-onadan tortib, barcha yaqinlarining qalbini yaralamasin, no‘g‘ay kampir hayoti kabi achchiq iqror bo‘lib umrbod isyon qilmasin. Alaloqibat, go‘daklar keraksiz buyum kabi tashlab ketilmasin...

 

 Xolida FAYZIYEVA

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

March 2017
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 31

.