KITOBLI VA KITOBSIZ DUNYO

Jahon hamjamiyati kun sayin rivojlanib borayotgan XXI asrni “texnika asri”, “yuksak texnologiyalar asri”, “intellektual taraqqiyot asri” kabi e’tiroflar bilan atamoqda. Albatta, bu gaplarda to‘la jon bor. Zero, uzoq va yaqin atrofga nazar solganda, bu sohalarda olamshumul kashfiyotlar yaratilib, odam bolasining aqlini lol qoldirgulik darajada buyuk  ishlar amalga oshirilayotganini inkor etib bo‘lmaydi.

 

Bugun taraqqiy etgan mamlakatlarda zavod va fabrikalar texnologik jihatdan elektronlashtirilib borilayotgani, badavlat oilalarning uylarini, u yerdagi xo‘jalik ishlarini hatto robotlar boshqarayotgani haqidagi ma’lumotlardan xabardormiz. Biroq, hali “Bu ishlarning hammasiga aynan, tafakkur, ya’ni kitobning mislsiz qudrati tufayli erishilmoqda”, deganga o‘xshash jo‘yali fikrlarni deyarli o‘qiyotganimiz yo‘q. Yoki biz yashab turgan asrni qaysidir xalqaro tashkilot bir ovozdan “Kitob asri”, “Kitob mo‘’jizalari asri” deya ko‘klarga ko‘targanini eshitmadik.

Nima uchun?

Fikri ojizimizcha, insoniyat bugungi kunga kelib, asosan iqtisodiy jihatdan foyda ko‘rishga ruju qo‘yib, deylik, sanoat ishlab chiqarish, farmatsevtika, maishiy xizmat, rangli metallurgiya, neft, gaz va ko‘mir ishlab chiqarish kabi tarmoqlarni tez daromad olib keluvchi soha deb hisoblamoqda va bor-budini shularga sarflamoqda. Biron aqli butun, ziyoli kishi “hoy, janoblar, bu yutuqlarning mohiyatida aynan, kitobga bo‘lgan muhabbatimiz yotadi” degan haqiqatni baralla aytishni xayoliga keltirmayapti. 

Kurrai zaminda ana shunday tushunarsiz qarashlar avj olgan bir paytda yurtimizda bu tafakkur mezoni inson hayoti, buguni va kelajagi uchun beqiyos ahamiyatga, yuksak qadr-qimmatga ega ekanligiga yana bir to‘la ishonch hosil qildik. 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning shu yil 12 yanvarda qabul qilingan “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi bu borada eng muhim hujjatlardan biri bo‘ldi, desak, mubolag‘a qilmaymiz.

Prezidentimizning ushbu farmoyishi bilan tanishish asnosida uncha-muncha kitob o‘qib turadigan bir fuqaro sifatida meni ham “Xo‘sh, mazkur farmoyish bizga nima beradi, uni qabul qilishning qanday zarurati bor edi?”, degan savollar o‘ylantirgani, ularga javob topish barobarida, ayrim mushohadalarga borganimni yashirmayman.

Ma’lumki, mustaqillik tufayli yurtimiz tanib bo‘lmas darajada go‘zal va betakror qiyofaga ega bo‘ldi. Qishloqlarimizdagi bugungi qulay sharoit, farovon turmush, o‘ziga xos milliy va zamonaviy infrastruktura shahardagi aholining havasini uyg‘otyapti. Barcha sohalarda o‘sish-o‘zgarishlar, yangilanishlar yuz berayotirki, bulardan xalqimiz behad mamnun bo‘lmoqda, jahon hamjamiyati esa haqli ravishda e’tirof etmoqda. 

Nimaning evaziga shuncha yutuqlarga erishilmoqda? Avvalambor, mamlakatimizda olib borilayotgan oqil va odil siyosat, xalqimizning mehnati, shijoati, intilishlari, qolaversa, odamlarimizning dunyoqarashidagi o‘zgarishlar evaziga. Bugun bu so‘zlar har bir yurtdoshimizning yurak-yuragidan otilib chiqmoqda. Bu o‘rinda davlat bosh islohotchi sifatida xalqning asriy orzu-umdlari va maqsadlarini amalga oshirmoqda.

Odamlarimizning dunyoqarashidagi bu qadar o‘zgarishlarning boisi nimada? Hayotdan roziligida emasmi? Rozilik qaerdan keladi? Tafakkurning tozaligi tufayli emasmi? Nazarimda, ayni vaqtda mana shunday hayotiy haqiqatlarni teran anglab yetishimiz, yurtimiz taraqqiyoti va farovonligi yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mazmun-mohiyatini chuqurroq tushunib yetishimizda kitobning alohida o‘rni bor. 

Dunyo tanigan ziyolilarning ta’biri bilan aytganda, taraqqiyotning bosh mezoni, bu shubhasiz, ma’rifatdir. Ma’rifatga esa kitob orqali kirib boriladi. Dunyoda hech bir xalq yo‘qki, kitob o‘qimasa, undan ma’naviy oziqa olmasa yoki ko‘ngilning cheksiz qatlari va ummonlariga sayru sayohat qilmasa.

Yana bir gap. Biz yashab turgan asrga kelib, internet butun dunyoni qamrab oldi. Bu tezkor tarmoq dunyoda yuz berayotgan yangiliklar va o‘zgarishlardan xabardor etish bilan birga, afsuski, odamni qabohat va jaholatga yetaklovchi manbaga ham aylanib borayotir. Endilikda hech kim bu xavotirli oqimni to‘xtatishga qurbi yetmasligi, oraga mustahkam devor qo‘yib, biryo‘la toza havoning ham yo‘lini to‘sib qo‘yish mumkin emasligi kunday ayon bo‘lib qoldi. Shu bilan birga, uyali aloqa tizimi ham insoniyatni, ayniqsa, yoshlarni har xil kasalliklarga giriftor etayotgani ham sir emas.

Birgina misol – hozir keng ommalashgan “selfimaniya” dardiga chalinganlarga e’tibor qarataylik. Uyali telefon orqali turli mamlakatlardagi o‘g‘il-qizlar har xil ko‘rinishlarda, turli makonu maskanlarda o‘zlarini qayta-qayta suratga olib, “telegram”, “instagram”, “feysbuk” singari tarmoqlarga joylamoqda. Mutaxassislar bunday holatlar kishida egoistlik, ya’ni, faqat o‘zini o‘ylash va o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, o‘z manfaatini boshqalarnikidan ustun qo‘yish  kabi zararli odatlarning urchib ketayotgani bilan bog‘lamoqda. Eng yomoni, hali ona suti og‘zidan ketmagan, oq bilan qorani ajrata bilmaydigan ayrim g‘o‘r yoshlarning aynan uyali telefondagi ana shu tarmoqlarda Suriya, Afg‘oniston, Iroq kabi chet davlatlarda xoru zor sang‘ib yurgan allaqanday to‘dalarning a’zolari bian yozishib, ularning yolg‘on va’dalariga ishonib, pushaymondan qattiq aziyat chekayotganini televidenie va matbuot ko‘rsatmoqda. 

Nega shunday bo‘lmoqda? Nima uchun ayrim yoshlar shu yo‘lda o‘z kelajagini ko‘rmoqda? Bu ishlarni ongli ravishda amalga oshiryaptimi? O‘ylab qolasan, kishi. Axir ota-bobolarimiz bizni yetti o‘lchab bir kesishga o‘rgatishgan. Buning uchun esa fikrimizni tarbiyalagan, tafakkurimizni charxlagan. Bularning barchasiga kitobxonlik orqali erishgan.

Yaqinda bir kitobdan kishini qattiq o‘yga toldiruvchi ma’lumotlarni o‘qib qoldim. Unda qayd etilishicha, pornografiya sanoati 2006 yili dunyo miqyosida 97,6 milliard dollar foyda keltirgan holda, masalan, AQShda 245 million, Germaniyada 10 million, Yaponiyada 2,7 million, Niderlandlar Qirolligida 1,8 million pornosaytlar faoliyat yuritayotgan ekan. Har soniyada internetdan foydalanuvchilar 28 ming 258 ta pornokontentlarni tomosha qilmoqda. Birgina Amerikaning o‘zida har 39 daqiqada bitta yangi pornografik film yaratilayotgan ekan. Bular odamlarni hayotdan chalg‘itishga qaratilgan omillar, ongsizlikka yetaklovchi yo‘l. Kishini qattiq tashvishga soladigan jihati, bunday saytlar, ulardagi filmlar boshqalarning, ayniqsa, hayotda hali aniq va qat’iy bir maqsadni tanlashga ulgurmagan yoshlarning e’tiboridan chetda qolishiga hech kim kafolat berolmaydi. 

Men atayin xuddi shu mamlakatlarda kitobga, mutolla madaniyatiga bo‘lgan e’tiborning qandayligi bilan qiziqib ko‘rdim. Biroq bir necha kunlik izlanishlar ko‘rsatdiki, ularda kitoblar matni asosan internet saytlariga joylashtirilgan holda, nashriyotlarning faoliyatini kuchaytirish, mualliflarni rag‘batlantirish, kitobxonlarga qulay shraoit yaratib berish kabi masalalar bilan davlat yoki hukumatning hech qanday ishi yo‘q ekan. Ya’ni, “Senga arzon va ko‘proq kitob kerak bo‘lsa, internetga kir, kitob yozib pul topmoqchi bo‘lsang, xohlaganingcha yo‘l tutaver” degan yovvoyi qarashlar ustuvorligini tushunib, “Ana, biz havas qilgan rivojlangan davlatlardagi ma’naviyatning ahvoli” deyishdan nariga o‘tolmadim. 

Maqola so‘ngida o‘zim guvohi bo‘lgan bir voqeani eslab o‘tsam. Farmoyish matbuotda e’lon qilingandan so‘ng ayrim ziyolilarimiz, ayniqsa, adiblarimizdan “Mana endi yozuvchilarimizga yaxshi bo‘ldi, ularning ijodi yanayam gurkiraydi-da endi” deganga o‘xshash fikrlarni eshitdim. Menimcha, bu gaplarga to‘la qo‘shilib bo‘lmaydi. To‘g‘ri, bundan buyon nashriyotlarning faoliyati sezilarli darajada jonlanishi tabiiy. Yozuvchi ahlining  badiiy jihatdan pishiq-puxta asarlariga bo‘lgan talabning kuchayishiga ham shubha yo‘q. Biroq ma’naviyat har bir inson uchun suv va havoday kerakligini hisobga olib, bu farmoyish faqat ijodkorlar emas, balki butun bir millatimiz, kerak bo‘lsa, jamiyatimizni har jabhada yanada yuksaltirish uchun xizmat qiladigan katta bir voqea bo‘lganini aytgim keladi. Zero, ma’naviy hayotimizga yangicha mazmun, kishiga hush yoquvchi beg‘ubor shabada kirib keldi. Va bundan butun dunyo ahli ham bahramand bo‘lishini juda-juda istardim. Chunki kitob tutgan qo‘llar hech qachon qurolga intilmaydi. 

 

Tohir SHOMURODOV

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

June 2017
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.