Rashidovning dastxati

Ustozlar an’anasini faol davom ettirayotgan iste’dodlar qatorida Jahongir Ismoilovning nomi ko‘pchilikka tanish. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, “Oltin qalam” Milliy mukofoti Xalqaro tanlovi g‘olibi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi bo‘lgan bu ijodkorning o‘ndan ortiq she’riy, nasriy va badiiy-publitsistik kitoblari nashr etilgan. Yaqinda u “Poezddagi chiptasiz odamlar” nomli salmoqligina badiiy asar ham yozdi. Unda sho‘ro davrida va istiqlol yillarida viloyat gazetasi tahririyatida ishlagan, unga yetakchilik qilgan jurnalist Haqnazar Isroilovning kechinmalari orqali soha xodimlari faoliyat tarzi, ichki olami, odamlar bilan munosabat, hayotning murakkab, sirtdan qaraganda ilg‘ash oson bo‘lmagan qirralari ochib berilgan. Asarda Haqnazarning ustozi, umri matbuot sohasida kechgan, o‘z davrining taniqli shoiri Jonpo‘lat Said hayoti bilan bog‘liq voqealar ham salmoqli o‘rin tutadi. Yurtimizni ozod va hur ko‘rishni orzu qilgan, ijodida kuylagan va mustaqillik qo‘lga kiritilishdan besh yilcha muqaddam olamdan o‘tgan bu inson boshiga malomat yog‘dirilib, badnom etilishiga bir bahya qolganida respublikaning birinchi rahbari, taniqli davlat va siyosat arbobi, o‘sha davr ziyolilari, jumladan, ijod ahlining rahnamosi Sharof Rashidov tufayli shoir sha’niga qora dog‘ chaplanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. 

 

Quyida hamkasbimizning mazkur asaridan parcha — e’tiboringizga havola etilmoqda. Unda sho‘ro siyosati, mustabid tuzumning odamlar ongi va faoliyat tarziga o‘tkazgan ta’siri, qoldirgan asoratlar va bitmas jarohatlarini badiiy bo‘yoqlarda ifodalangan.

  TAHRIRIYAT

Shoir Jonpo‘lat Said ish stolida yozuv mashinkasidan chiqarilgan qo‘lyozmalarni ko‘zdan kechirish asnosida yo‘l qo‘yilgan xatolarni tuzatish bilan mashg‘ul edi. Uning shogirdi Haqnazar ustozning shaxsiy kutubxonasidagi “Dastxatlar” deb nomlangan jovonida terilgan kitoblar mualliflariga ko‘z yugurtirardi. Konstantin Simonov, Chingiz Aytmatov, Qaysin Quliev, Rasul Hamzatov, Maksim Tank, Berdi Kerboboev singari ko‘p millatli adabiyot darg‘alari bilan bir qatorda  Uyg‘un, Komil Yashin, Turob To‘la, Hamid o‘ulom, Asqad Muxtor, Ramz Bobojon, Mirmuhsin, Odil Yoqubov, Primqul Qodirov va boshqa taniqli o‘zbek shoir va yozuvchilar, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Jamol Kamol, Ne’mat Aminov singari navqiron ijodkorlarning nomlarini o‘qiyotib, tabiiy qiziqish bilan kitoblar orasidagi Sharof Rashidovning “Qudratli to‘lqin” asarini qo‘liga oldi. Unga bitilgan dastxatni o‘qidi: “Ijodkorlik — qismat. Qismatdoshim, ukam Jonpo‘latga. Haq yo‘lida aslo tolmasligingizni, qalamingiz hamisha o‘tkir bo‘lishini tilayman. Sh.Rashidov (imzo). 197... yil, sentyabr”

— Kitobni Rashidovning o‘zlari berganlarmi? — deb so‘radi ustozini respublika rahbari ham tanishiga dildan havasi kelgan Haqnazar.

Jonpo‘lat Said qo‘lyozmadan nazarini uzib, shogirdiga yuzlandi.

— Ha, unimi? — dedi qo‘lidagi “Qudratli to‘lqin”ni ko‘rib. — O‘zim yozdirib olganman.

— Qabullariga kirganmisiz? —dedi Haqnazar voqea tafsilotiga qiziqishi yanada ortib.

— E, uka, buning o‘z tarixi bor, — dedi Jonpo‘lat Said va shogirdining qiziqib, diqqat bilan tikilib turgani boismi, o‘zining aytgisi keldimi, qo‘lidagi ruchkani qo‘yib gap boshladi. — Onam vafot etganlariga bir yil to‘lgandan so‘ng qabrlariga ikki enlik lavha bitilgan yodgorlik toshi qo‘ydim. Yoshi ulug‘lar xatmi-qur’on ham qilishni maslahat berdilar. Uyga o‘n-o‘n besh chog‘li yaqinlarni chaqirdik. Qurbon amaking qur’on tilovat qildi. Kimdir “Jonpo‘lat Said uyida xatmi-qur’on o‘tkazdi”, deb obkompartiyaga xabar yetkazibdi. Obkomning mafkura kotibi Majid Zuhriddinovich meni chaqirib, shu to‘g‘rida tushuntirish xati yozib berishimni talab qildi, — Jonpo‘lat Said chuqur tin oldi. — Bo‘lgan voqeani yozib berdim. Obkom sekretari tushuntirish xatini o‘qib ko‘rgach, yonimda “Viloyatchorva” raisiga qo‘ng‘iroq qilib o‘zim bosh muharrir bo‘lib ishlab turgan “Chorvador hayoti” gazetasi vaqtincha bosh muharrir o‘rinbosari imzosi bilan chiqarishni topshirdi. Turli tadbirlarda duch kelganda quyuq salom-alik qilib yuradigan odam meni xuddi birinchi marta ko‘rib turganday “Dinni tan olish, diniy amallarga rioya etish kommunist, KPSS g‘oyasiga mutlaqo zid, aniqrog‘i, partiya siyosatiga xiyonat. Partiya har qanday dinni rad qiladi va ateist bo‘lmagan kishiga KPSS safida o‘rin yo‘q”, deb o‘shqirdi. Masala obkom byurosida ko‘riladigan bo‘ldi. O‘sha kuniyoq obkomdagi oshnalari or-qali bunday ko‘rsatma sababini aniqlab “patagiga qurt tushgan” “Viloyatchorva” raisi qosh qoraygach yordamchisini uyimga yuborib, qo‘rqqanidan ko‘chada, ko‘zdan yiroq joyda uchrashdi. Salom-alikni ham unutib, Majid Zuhriddinovichga “Xatmi-qur’ondan mening xabarim yo‘qligini aytdingizmi”, deb so‘radi. Mendan tushuntirish xati mazmunini, ishxonadagilarga bildirmaganimni, o‘zi to‘g‘risida biror gap yozmaganimni eshitgach, xiyol yengil tortdi. “Bizni ko‘rolmaydiganlar ham bor. Ular sizning loyingizga meniyam toydirishlari mumkin. Endi shu gapda qattiq turing. Xatmi-qur’on qilib boshimizga balo orttirdingiz-da. Shoir bo‘lsangiz ham siyosatning “s”siniyam tushunmas ekansiz. Siz tufayli endi mengayam baribir gap tegadi. Koshki, partiyaviy jazo bilan qutulsam, ishdan olmasalar edi”, deya fig‘oni falakka o‘rladi. Uning rang-ro‘yi, vahimasini ko‘rib ochig‘i o‘zimning ham yuragimga g‘ulg‘ula tushdi. Obkomning masalani tayyorlash topshirilgan mas’ul xodimi bilan salom-aligimiz quyuq, ba’zan birga o‘tirib “yuzta-yuzta” otishib turardik. U ham “to‘n”ini teskari “kiyib”, xuddi ashaddiy dushmani ustidan hukm chiqaradiganday yo‘l tutdi. Odamzodning shu darajada o‘zgarishi mumkinligiga hayron qoldim. Xatmi-qur’on o‘tkazganim xuddi mening aybim bilan osmon o‘pirilib yerga tushganday, vatanga xiyonat qilganday, dunyoni o‘marganman-u, boshqalar quruq qolganday tus oldi. Nachora, boshga tushganni — ko‘z ko‘radi. Shunday paytda garchi biror yordami tegmasa-da, ko‘ngling uchun  yaxshiliging o‘tgan, hayotda yo‘lini topishiga sababchi bo‘lgan kishilaringning yo‘qlashini, qandaydir daldasini kutarkansan, kishi. Lekin boshingga malomat yog‘ilsa tanish-bilishlarni qo‘ya tur, ko‘pchilik “osh-qatiq” bo‘lib yuradigan yaqinlaring ham o‘ziga gap tegishi, soyasidan qo‘rqib oyog‘ini tortarkan, — Jonpo‘lat Said yana oniy fursat o‘yga toldi va kutilmaganda Haqnazardan. — Jamilovni taniysanmi? — deb so‘rab qoldi.

— Oblast gazetasi bosh redaktori Sharif Shokirovichni aytayapsizmi? — Haqnazar shunday deb ikkilangannamo javob qaytardi.

— Ha, — bosh irg‘adi ustoz shoir. — U dastlab mening yonimga kelganida oddiy Sharif edi, keyinchalik Sharif Jamilov, yana biroz o‘tib Sharif Shokirovich bo‘ldi. Shu yigitning obkomga ishga joylashishiga men sababchi bo‘lganman. Uning qaynotasi Jobir Jamolovni, ilohim Xudo rahmat qilsin, yaxshi tanirdim. Ko‘ngli ochiq, nihoyatda kamtarin, ko‘pincha uzoq yil obkompartiyada ishlab pensiyaga chiqqach Bolalar jamg‘armasining raisi Sa’dulla Nozimovich bilan ota-o‘g‘ilday, xayyomona kayfiyatda yuradigan odam edi. Yangang oblast xalq maorifi bo‘limida targ‘ibot sho‘’basi, Sharifning qaynotasi sport sho‘’basi mutaxassisi bo‘lib ishlagan. Jamolov yangangga “Sharif degan kuyovim bor. Jurnalistika fakultetini tugatgan. Rayon gazetasiga qo‘ygandik, yaxshi eplolmayaptimi, boshlig‘iga ma’qul tushmayaptimi, javobini bermoqchi. Kuyov bechora juda qisilgan. O‘zi maqola-paqola yozishdan ko‘ra idora ishini yaxshi ko‘radi. Jonpo‘lat akaga aytsangiz, tanish-bilishlari ko‘p, hurmatlari bor, hamma joyga gaplari o‘tadi, kuyovimni durustroq ishga qo‘ysalar”, deb bir necha marta iltimos qilgan. Yangang ba’zan dasturxon boshida Jamolovning o‘tinchini tilga olib, yakunida imkoniyat bo‘lsa yordam berishimni qo‘shib qo‘yardi. “Mayli, Jobirjonning so‘zi yerda qolmasin, buning ustiga ayolim gohida eslatib turadi” degan fikrda yangangga aytib Sharifboyni idoraga chaqirtirdim. Xudo bo‘y-bast, qomatdan qarashgan, tansoqchi siyog‘idagi yigit ekan. Men qaynotasining hurmati uchun bir chorasini topishimni, hozircha sabr qilishini, maqolalari bilan gazetamizda qatnashib turishini, o‘z ustida ishlashini tayinlab, topshiriq berib sinab ko‘rdim. Uning savodi o‘rtamiyonaroqligi, o‘ziga xiyol bino qo‘yganligi sezildi. Xullas, shu orada obkomning bo‘lim mudiri menga “Siz sohangizdagi yozish-chizish qo‘lidan keladigan kadrlarni yaxshi bilasiz”, deb har xil ma’lumotnoma, yuqoriga axborot tayyorlashga layoqati yetadigan bir xodimni tavsiya qilishimni so‘rab qoldi. Men shu joyga Sharifboyni yuborishni ko‘zlab, o‘ziga maslahat soldim. Sharifboy bajonu dil rozi bo‘ldi. Unga oblastdagi eng yuqori tashkilotga borayotganligini, mening yuzimni yerga qaratmasligini, ishonchimni oqlashini, o‘ylab qadam bosishini, kamtar bo‘lishini, o‘zini ko‘rsatsa kelajakda o‘sishini, hatto obkom o‘z gazetasiga bosh redaktor qilib qo‘yishi mumkinligini yotig‘i bilan uqtirdim. U bunga javoban o‘rnidan turib, ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib o‘rtada qaynotasining yuz-xotiri borligini tilga oldi va bu yaxshiligimni hech qachon unutmaslikka, ishonchimni oqlashga so‘z berdi. Hech kim bilmaydigan, bekor yurgan kishi mening tavsiyam bilan obkomga ishga o‘tdi. Ro‘zg‘ordor odam, moddiy yordam bo‘ladi, degan fikrda onda-sonda maqola berib turishi sharti bilan “Chorvador hayoti”ga ham yarim shtat o‘rindosh sifatida muxbirlikka oldim. Obkomda sektor mudiri ishdan bo‘shagach, Sharifboy “Kattakon sizning gapingizni oladilar. Meni shu joyga o‘tkazdiring”, deb keldi. Aralashivum bilan Sharifboy sektor mudiri bo‘ldilar. Avval “Ustoz”, deb yuradigan odam keyinchalik “Jonpo‘lat aka yoki Jonpo‘lat Hamidovich” deydigan bo‘ldi. Hozir bilasan, oblast gazetasiga bosh redaktor. Hatto shu xatmi- qur’on masalasi katta “qozonda qaynagani”dan xabar topgach, qorasini ko‘rsatmadi, loaqal bir marta, shunchaki, ko‘nglim uchun qo‘ng‘iroq ham qilmadi. Qorasini ko‘rsatmasayam, telefonda yo‘qlamasayam go‘rga edi, orqamdan o‘zi, ort-tirgan ikki-uch hamtovog‘i bilan “Jonpo‘lat Said ishdan ketdi, falon sanada buyruq chiqqan, partiyadan o‘chiriladi, uyi kuzatuvda, qamalishiyam mumkin”, qabilidagi gaplarni tarqatganini eshitib yuragimga tig‘ sanchilganday yurdim. Bu gapdan so‘ng boshqa hamkasblar ham uyimga kelsa, menga xayrixoh, maslakdosh, tarafdor ekan, deb o‘ylashlaridan, mavqelariga zarar yetishidan cho‘chib  qoralarini ko‘rsatishmadi. 

— Unaqa odamning kelganidan kelmagani yaxshi, ustoz, — Jamilovning subutsizligi, mansabparastligi, yuqoridagilarga ikki bukilib, pastdagilarni mensimasligi haqida boshqalardan ozmi-ko‘pmi eshitgani bois Haqnazar ustoziga e’tiroz  bildirdi. — Siz ko‘nglingizga yaqin olib unga biror gap aytishingiz mumkin edi. Keyin u ataydan eshitishga quloq izlab bitta gapingizga o‘nta qo‘shib yoyib chiqardi.

— To‘g‘ri aytasan, — Jonpo‘lat Said shogirdining fikrini ma’qulladi. — Men ba’zi bir oqibatsiz odamlarning kimligini bilmagan, behuda o‘zimga yaqin tutgan ekanman, deb achinayotganim yo‘q. Imkonim borida kimnidir qo‘lladim, kimdir yordamga muhtoj bo‘lsa ko‘maklashdim, yo‘limga choh qazganlar, zimdan “tosh otgan”larga yomonlik qilish qo‘limdan kelsa ham kechirdim, Jonpo‘lat Saidning onda-sonda chekadigan odati bor edi. U stoli g‘aladonidan sigaret olib, barmoqlari orasida biroz aylantirib, gugurt chaqib tutatdi va stol chetidagi kuldonga qo‘yib so‘zlashda davom etdi. — Hangomaning bu yog‘ini eshit. Obkomning chorvachilikka oid masalalar muhokama qilinadigan ayrim yig‘ilishlariga men ham chaqirilardim. Shunday yig‘ilishlarda mahalliy televidenie raisi Sabrillojon bilan ko‘pincha birga o‘tirardik. U obkomning deyarli barcha tadbirlarida qatnashishi sababli Sharifboyning xatti-harakatini obdon kuzatib yurarkan. Sabrillojon bilan bir tadbirda qatnashayotgandik. Oldingi qator chetida o‘tirgan Sharifboy tomonga minbardagi obkomning birinchi sekretari nazar tashlab xiyol bosh irg‘adi, shekilli, u “menmi” degan ma’noda ko‘kragiga barmog‘ini nuqigan bo‘lsa kerak. Keyin qomatini kerib o‘rnidan turib yaqinlashgani sari yelkasida qop ko‘targanday egilib yurdi va yoniga borgach bo‘yi uzunligidan xijolat chekkanday ikki bukilib choy quyib piyolani obkom sekretarining oldiga qo‘ydi. Uning harakatini qiziqib kuzatib turgan Sabrillojon menga “Gupponning qilig‘iga qarang”, deb shivirladi.

(Davomi bor)

 

Jahongir ISMOILOV

 

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

March 2017
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 31

.