“Endi so‘zga sig‘mas bizlarning suhbat”...

Shunday shoirlar borki, u elining yuzini yorug‘, nomini ulug‘ qiladi. Ularning ijodini ko‘tarib dunyoga bo‘ylagan xalqning bo‘yi osmon bo‘ladi. Boisi ular faqat qalbida borini yozadi, boshqani emas. Qalbning esa millati bo‘lmaydi. O‘zbekiston halq shoiri Usmon AZIM “Dunyo va odam haqida yoz”adigan, “Xudo ko‘ngliga solganini yoz”adigan ijodkor. Shoir bilan she’r va so‘z qadri haqida gurunglashdik.

 

— Usmon aka, avval ham, hozir ham, bundan keyin ham  adabiyot — adab, ya’ni odob fani bo‘lib qolaveradi. Ehtimol, shu boisdan she’riyatga ehtiyoj sezilar. To‘g‘ri, bugun tarbiya vositalari ko‘p. Lekin inson kamolatida adabiyotning o‘rni bo‘lak. Keling, suhbatimizni she’riyat va qalb tarbiyasidan boshlasak.

— Insoniyat hamisha yaxshilik va yomonlikni, ezgulik va yovuzlikni, halol va haromni farqlab yashashga harakat qilgan. Odam dunyoga kelib, es-hushini taniy boshlagan paytdan – oiladan boshlanadigan tarbiya natijasida odob-axloqning ongu shuurga singib ketgan – yozilmagan qoidalari asosida yashay boshlaydi. Ammo bu qoidalarning shaytoniy kimsalar va ularga ergashishga moyillar hamisha buzishga harakat qilganlar. Shu sababdan bu qadriyatlarni odamlarga bot-bot eslatib turish zaruriyati tug‘ilgan. Oqibatda, bu qoidalar azaldan “nasihatnoma”lar yoxud didaktik asarlar sifatida namoyon bo‘lgan. Jumladan, bu qabildagi asarlar she’riy tarzda ham yozilgan (Zotan, she’riy ohang matn bilan yurak orasidagi masofani qisqartiradi, xotirada mahkam qoladi. Xalq maqollarini va topishmoqlarning she’riy ifodasini eslang). Bu she’riyatning odamlar turmush tarziga, hayot yo‘sinlariga “amaliy yordamidir”, ya’ni uning “odob fani” sifatida ko‘rinishidir. Ammo she’riyat tushunchasining qamrovi bu tushunchadan nihoyatda keng, teran va yuksakdir. U jo‘nlik va bir qarashda ko‘zga tashlanadigan “aqllilik”dan nihoyatda baland. U dunyoga sig‘mas dard, toshqinlangan tuyg‘u, haqiqatning va hayotning ma’nosini anglash yo‘lida alangalangan yurak – bir so‘z bilan aytganda, inson ruhiyatining bezovta tasviridir. She’riyat shu qadar nozik va o‘zgacha tuyg‘ular mantig‘iga asoslanadiki,  uning mohiyatini tushuntirmoq haligacha udda etilmagan. Ne-ne nuktadon olimlar she’rni san’atning tushuntirib bo‘lmaydigan sohasi ekanligini aytib o‘tishadi. She’riyatning, siz aytaningiz, qalb tarbiyasidagi o‘rni esa beqiyosdir. U ruhi yuksak va qalbi ozoda zotlarni tarbiyalaydi. Bu zotlar inson va insonlar yaratgan dunyoning nomukammalligini va torligini hamisha anglab turadi. Ilohiy ilhomga yo‘g‘rilgan she’riyat ruhu fikrat, dardu tuyg‘uning haqiqiy qiyofasini yaratadi; parvardigor yaratgan olamning mukammalligi va go‘zalligidan hayratga tushadi. Bu yuksaklik va ozodalikning jonsarak harakatidan yaralgan bir tola yog‘du esa falakka – parvardigor sari intiladi. Sezib turibsiz, endi gap “yor” deb parvardigor ishqida kuygan Alisher Navoiydek bemisl shoirlarning she’riyatiga yetib keldi...

— Yaxshi she’rlar har doim ham tug‘ilavermaydi... 

— Bizda yaxshi she’rlar yozadigan shoirlar hamisha bo‘lgan. Abdulla Oripov va Erkin Vohidovlardan boshlab esa, shoirlar ijodida yaxshi she’rlar foizi nihoyatda ortdi. Kechagina yashab o‘tgan Shavkat Rahmonning she’rlarini eslang. U nihoyatda baland she’rlardan iborat meros qoldirdi. Yaxshi she’r yozish, albatta, qiyin. Iqtidorli kitobxonga manzur bo‘larli she’r yozish uchun esa iste’doddan boshqa juda ko‘p sifatlar — bu kasbning siru sinoatlarini chuqur o‘qib-o‘rganish, yuqori intellekt, bezovta fe’lu atvor, uzluksiz ilhom qamrovida yashashni udda etish, mehnatkashlik... va yana ko‘pdan-ko‘p fazilatlar kerak. Buning ustiga, ijod qilish uchun sharoit ham zarur. Biroq hozirgi noshirlar adibu shoirlar mehnatini qadrlashni o‘rganmaganlar. “Badiiy asar osmondan tushadi”, deb o‘ylasalar kerak. Bunday kasofat qarashlar tufayli ko‘p ijodkorlarimiz mehnatiga yarasha taqdirlanmayaptilar.  

— Turli xizmat vazifalari, safarlar, tadbirlar bois ijodkor xohlagan payti yozuv stoliga yaqin kelolmaydi. Uning zimmasida esa yozish mas’uliyati turibdi. Sizningcha, ijodkor oldidagi mas’uliyat nima?

— Yozish mas’uliyati shoirning o‘z iste’dodi oldidagi javobgarligidir. O‘z iste’dodiga mas’uliyatsiz qaragan ijodkorning iqtidori to‘liq ochilmaydi. Ijodga mas’uliyatsizlik — ijodkorga iste’dod tortiq etgan Qodir egamning oldida beqiyos gunohdir. Axir, she’r kerak bo‘lmaganda, Olloh shoirlarni dunyoga keltirarmidi? Ehtimol, she’r ham xuddi non kabi zaruriyatdir? Ehtimol, she’riyat insonga insonligini eslatib turish uchun berilgan mukofotdir? Ehtimol, she’r bu — so‘z, fikrat va ohang mutanosibligi – bozor dunyoda ko‘ngil borligini ham odamlarga ayon etadigan bir mo‘’jizadir? Shunday mo‘’jizani yaratadigan shaxs – shoir ijodiy tartibni har qanday sharoitda ham o‘rinlatmog‘i lozim. Zotan, shoirdan tadbirlar emas, she’rlar qoladi. Bu jabhada davlatu xalq ishini ham, ijodni ham bag‘oyat o‘rinlatgan hazrat Alisher Navoiydan o‘rnak olsak yarashadi. Yana qaytarib aytaman, ijodiy tartib juda zarur.  

— Sizning she’rlaringizni o‘qiganimizda jahon she’riyatidan qolishmasligiga guvoh bo‘lamiz.

— Bu lutfingiz uchun katta rahmat. Ammo Navoiydek shoiri bor adabiyotda ijod qilishning ham o‘ziga yarashiq, yuqorida aytganimizday, mas’uliyati bor. 

— Ijod maydonida doim ichki ijodiy “musobaqa” bo‘lgan...

— Bu musobaqada doim iste’dodli odamlar yutib chiqqaniga guvoh bo‘lganman.

— Ammo ijodiy birodarlik, bir-birini qo‘llab-quvvatlash haqida ham ko‘p eshitganmiz.

— Xudoga shukur, bunday ezgu fazilatlar adabiyotimiz namoyandalarini qon-qoniga singib ketgan. Masalan, mening o‘zimni qo‘llab-quvvatlagan ijodkor akalarimni, birodarlarimni, ukalarimni sanab ado qilolmayman. Bu qo‘llab-quvvatlashlar ijod qilishimga qanot bergan. Adabiyotda bunday ezgu birodarlik, yelkadoshlik hamisha barqaror.  Birgina hazrat Alisher Navoiyning faoliyatini eslang. Bu ulug‘ zot qanchadan-qancha shoiru olim, fuzaloyu ulamolarga homiylik qilgan, ko‘nglini ko‘targan, faoliyatlari uchun sharoit yaratgan. Abdulla Qahhor atrofida ham iste’dodli ukalari uymalashgan. Zotan, Abdulla Qahhor — zabardast adib va haqiqiy adabiyot uchun kurashgan buyuk shaxs — uka hamkasblarini qo‘lidan kelganicha qo‘llab-quvvatlashga harakat qilgan. Endigina adabiyotga kirib kelayotgan Abdulla Oripov va Erkin Vohidovlarning she’rlaridan hikoyalariga epigraf olgan (bu ish dalda berishning va muhofaza etishning eng nazokatli va nihoyatda o‘rinli ko‘rinishi); boshlovchi adiblar — Shukur Xolmirzaevu O‘tkir Hoshimovlarga xat yozib, ko‘nglini ko‘targan. To‘lepbergen Qaipbergenovning ilk qissasini o‘qib, o‘zi tarjima qilishga tushgan. Yana bir misol: O‘tkir Hoshimovning “Bahor qaytmaydi” asaridagi “Ketmakdaman” radifli g‘azal Abdulla Oripov qalamiga tegishli. Abdulla aka ijodkor do‘stiga hadya etgan bu she’rni keyin biror-bir joyda o‘z nomlari bilan e’lon qildirmaganlar. Shukur Xolmirzaevning “Qilko‘prik” romanidagi “Kuydi jonim” deb mashhur qo‘shiq bo‘lgan she’r ham aslida shoir ukalaridan birining qalamiga mansub... Bu tarzda bir-biriga himo berish, ming shukurki, adabiyotimizda odatiy hol. Biror iste’dodli odam kamsitilganda, “urilganda”, yoxud hujumkor iste’dodsizlik behayolarcha oqni qora deb turganda, mardona so‘zni aytish ham katta iste’dodlarimizdan qolgan merosdir. Eng muhimi, halol yashab, ozod ruh bilan yozish urfi har bir katta iste’dodning o‘zidan keyin keladiganlariga qoldirgan eng tub asos vasiyatidir. Haqiqiy adabiyot, aslida, o‘quvchiga ko‘ngil hurligini baxsh etadigan yorug‘lik – insonga insonligini eslatib turadigan Ollohning ne’matidir.  

— Umrida biror badiiy asarni oxirigacha o‘qimay turib, umrguzaronlik qilayotganlar bor. Ammo o‘qigan, kitob ko‘rgan odamni xalqimiz hamisha boshiga ko‘targan. Kitobxonlik xalqimizning qon-qoniga singib ketgan. Bobolarimiz, momolarimizning chiroq yorug‘ida tongga qadar mutolaa bilan shug‘ullanganini siz ham bir suhbatingizda aytib o‘tgansiz. 

— Kitobning paydo bo‘lishi — insoniyatning eng buyuk ixtirosi. Insoniyat kitob paydo bo‘lishini nihoyatda orziqib – besabrlikda kutgan. Ajdodlarimiz bu besabrlikda toshlarga ham bitiklar yozganidan xabaringiz bor. Bir bobomiz bu tosh bitiklar orqali kelajak avlod bilan suhbat qurmoqchi bo‘lgan! Men shunday azobda to‘zg‘igan elimni qayta yaratdim”, deb bayoni hol etgan! O, bizning bobolarimiz!.. Kitob yaralgandan so‘ng esa insoniyatda mangulikka da’vogar xotira paydo bo‘ldi. Ilgari shamollarga sovurilgan umrlar, voqealar, dardu hasratlar, his-tuyg‘ular va orzu-armonlar silsilasi qog‘ozga tushgach, boqiylik kasb eta boshladi. Aql va ko‘ngil suv ichadigan ma’naviy chashmalar dunyoga keldi. Kitob Ollohning bandalariga bergan beadad in’omi – ilm, adabiyot, ma’rifat va ma’naviyat jam bo‘lgan bir akkumulyatorki, insoniyat ming turfa yo‘llarda undan quvvat oladi. Oldinga intilayotgan bezovta ruh, kashf etish yo‘lida holsirashlar kitobda jamlangan ilm va ruhdan qanoatlansagina, uning parvozi shiddatli kechadi. Kitobga oshnolik jamiyatning rivojlanishiga hissa qo‘shadigan shaxslarni dunyoga keltiradi. Ular tufayli istiqbol tezroq bugunga aylanadi – mukammalroq, odamlarning turmushi va ko‘nglini yayratadigan tarzda amalga oshadi. Bunday odamlar bizda hamisha bo‘lgan. Mustaqillik kelmasdan burun Surxondaryoning Angorida Abdumurod Lapasov degan odam rahbarlik qilgan. O‘zbek qadriyatlari yerga urilayotgan bir paytda shu odam shahardagi ro‘parama-ro‘para qurilgan ikki yangi binoning biriga “Alpomish”, biriga “Oybarchin” deb nom qo‘yib, porlatib yozdirib qo‘ydi. Ularning yonidagi shaharlararo bekatni esa “Boychibor” deb, atadi. “O‘zbeklar ishi” gurillab turgan paytda bu rahbarning katta jasorati edi. O‘sha paytlar Surxondaryoga bir borganimizda, u kishining uyiga ma’rifatparvar olimimiz Shuhrat Rizaev bilan birga mehmon bo‘ldik. Katta bir tumanning rahbari adabiyotdan so‘z ochib, ikkalamizni ham lol qoldirib o‘tirdi. Savollari ham antiqa edi. Masalan, “Rauf Parfi haqida falonchi falon jurnalda bunday, falon gazetada falonchi unday, degan. Endi qaysi biri to‘g‘riroq?”. Asl kasbi zootexnik bo‘lgan Abdumurod aka adabiy jurnalu gazetalarni bir olim kabi sinchiklab o‘qiganidan o‘shanda hayron qolganmiz. “Surxondaryongizda ajib odamlar bor-a!”, degan Shuhratjon zavqlanib. Men esa ichimda shunday ajib odamlar yashaydigan Surxondaryo uchun faxrlanib o‘tirganman. Abdumurod aka Mustaqillik davrida ham Surxondaryoda ko‘p yillar rahbarlik lavozimida ishladilar. Men u kishidan norozi bo‘lgan odamni uchratmadim Aksincha, bu odamdan gap ketsa, barchaning yuzi yorishganiga guvoh bo‘ldim. Abdumurod aka o‘sha siz aytganingiz, chiroq yorug‘ida, tong otguncha kitob o‘qigan; baxshilarni eshitib, mast bo‘lgan ota-bobolarimizning farzandi, merosxo‘ri. Men ham chiroq atrofida kitob mutolaa etganlarning avlodiman. Bolaligimdagi bunday kitobxonliklar haqida she’rxonlarga ko‘p gurung berganim uchun gapni qisqa qilaman. Ammo bir gapni ta’kidlab aytishga to‘g‘ri keladi: kitob o‘qiydigan odamlar millatni millat qiladigan shaxslardir. Chunki ular ko‘rib turgan dunyolaridan boshqa dunyolar borligini bilib yashaydilar. Olamni keng tasavvur etadilar. Dunyoning oldida turgan muammolarni teran ko‘radilar... Albatta, kitobdan begona odamlar ham bor. Ular o‘zlarining kunlarini o‘zlari ko‘rib yashasalar, ha, mayli, ammo, deylik, biror joyga boshliq bo‘lsalar, odamlarning sho‘ri shu. Bejiz O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev kitob haqida, uning hayotimizdagi o‘rni to‘g‘risida qayta-qayta gapirayotganlari yo‘q. Masalan, kadrlar tanlashdagi qiyinchilik haqida so‘zlaganlarida, kitobxonlik tufayli paydo bo‘ladigan yetuklik ba’zilarda yetishmasligini ko‘zda tutayotgan bo‘lsalar ham, ajab emas. Chinakam o‘qimishli kishining esa kasbi-koriday sa’y-harakati ham nurlanib turadi. 

— Sizni shoir qilgan kitoblarga to‘xtalib o‘tsangiz.

— Bu savolga ham ko‘p javob berganman. “Alpomish”u “O‘tgan kunlar”ning taqdirimdagi roli haqida ham suhbatlarda aytganman. Endi havasmand bir-ikki kitob o‘qigani bilan yozuvchi bo‘lib qolmasligi haqida gapirsam deyman. O‘qib-o‘rganishning cheki yo‘q. Mutolaa bir umrlikdir. Har bir iste’dodli asar havasmandni professionallik sari boshlab boradi. Buyuk adiblarning iste’dodi singgan satrlardagi mahoratdan nimalardir senga ham o‘tadi. Ko‘ngling o‘sadi. Yuksak intellekt paydo bo‘ladi. Ruhning parvozi hormas tus oladi. Ilhomning mag‘zi to‘q bo‘ladi. Shu sabab, yozishga ixlosi bor odam xalq ijodidan tortib mumtoz adabiyotimizni, zamonaviy va jahon adabiyotini chuqur o‘zlashtirishi lozim... Ha, aytganday, hozir juda ko‘p – yuzlab kitoblarni yaxshi ko‘raman.

— “Men shoirligimdan uyalaman”, degan ekan taniqli ijodkorlardan biri. Balki so‘zni arzon bahoga sotayotganlar, balandparvoz gaplardan nariga o‘tolmayotganlarning kasridir bu?

— Azaldan adabiyotda haqiqiy ijodkorlardan tortib, havaskorlikdan nariga o‘tolmaydiganlar baholu qudrat ijod qilishgan. Men halol – o‘ziga yarasha ijod qiladiganlarning barchasini juda hurmat qilaman. Chunki ular bu – toza ko‘ngilli odamlar – adabiyotimizning tolmas targ‘ibotchilaridir. Bunday odamlar mamlakatimizning har bir mintaqasida, tumanlarida, ovulu qishloqlarida topiladi. Eng muhimi, ular tufayli joylarda adabiyot chirog‘i o‘chmay, yonib turadi. Qaysidir chet qishloqda bir bolakay ilk satrlarni yoza boshlaganini tasavvur qiling. U bola she’rlarini kimga olib keladi? O‘sha – adabiyotni halol yaxshi ko‘radigan zotga! U zot daldayu maslahatlari bilan bu bolaning ko‘nglida miltiray boshlagan olovga kuch beradi. Ehtimol, o‘sha bola payti kelib, bir daho shoirga aylanar. To‘g‘rimi? Men ham bolaligimda adabiyotni e’zozlaydigan o‘sha ustozlardan ko‘p narsa olganman va ularni hamisha hurmat bilan eslayman. Ana endi “so‘zni arzon bahoga sotayotgan” savdogarlar haqida gaplashsak bo‘ladi. Ularning aksariyati shou-biznesning yog‘liq biqiniga kanalarga o‘xshab yopishib olishgan. Shou-biznesdagi o‘tkinchi qo‘shiqchilarning didsizligi ularga juda qulay keldi. She’rni tushunmaganlarni avrash juda oson-da! Natijada, ularga o‘zlarini shoir deb ko‘rsata olgan bir tiyinga ham arzimaydigan bu qalloblar studiyalarni ham, radio va televidenieni ham tamom zabt etishdi. O‘sha joyda o‘tirgan mas’ul xodimlardan birortasi “bu she’r emas-ku”, degan gapni aytishga jur’at qilolmadi. Chunki yo o‘zlarining tishlari she’rga o‘tmaydi, yo bu bozor ishda biror “savdo”lari bor. Bu tovlamachilar mamlakat bo‘ylab taralayotgan nodon qo‘shiqlari tufayli o‘zlariga o‘xshagan “muxlis”lar ham topishdi. Katta-katta kontsert zallari ularga eshiklarini lang ochib bergandan so‘ng yana nima bo‘ladi? Bu ham yetmaganday, ular qator-qator kitoblarini chop ettirib, kitob do‘konlarini to‘ldirib tashlashdi. Bu chiqindi kitoblarni sotib oladiganlar ham chiqib qoldi. Bu hodisaga “ha, endi bir kun yo‘q bo‘lib ketadi”, deb kulib ham qarash mumkin. Ammo ularning bo‘ynida “chiroq yorug‘ida” “O‘tkan kunlar”ni o‘qigan xalqimizning didini buzishdek juda katta gunoh turganini anglasak, bu qadar beparvo bo‘lmasligimiz lozim. Axir, she’r nimaligini bilmaydigan qo‘shiqchiyu havaskordan ham past qalamkash qanday qilib butun mamlakatni zabt etishi mumkin? Biz – yuqorida ham, pastda ham — ma’naviyatu ma’rifatdan ko‘p gapiramiz. Har bir so‘zimizda hazrat Navoiyni muborak ismlarini keltiramiz. Ammo mudrab o‘tirib, xalqimizning didini buzayotgan bu iste’dodsiz ishbilarmonlarga bemalol harakat qilishlariga katta yo‘l ochib berdik. Ularning ziyoni adabiyot uchun nihoyatda katta. 

Endi xushomadgo‘ylar xususida. Ularning orasida iste’dodli odamlar ham bor. Ammo adibning qadri faqat va faqat qay darajada yozayotganlari bilan o‘lchanishini, adabiyotning vazifasi nimadan iborat ekanligini ba’zan unutib qo‘ymoqdalar. Ular martaba – unvonu mukofotlarga yetishning oson yo‘llarini topib oldilar. Ayniqsa, Vatan mavzusini “savdo”ga olib chiqish nihoyatda beparda bir tus olayaptikim, bu endi kechirib bo‘lmaydigan holdir. Omon bo‘lgur chalasavod qo‘shiqchilarimizdan ba’zilari menga ham Vatan haqida she’r yozib berishni iltimos qilgan paytlari bo‘ldi. Bu mavzuga nima uchun qiziqib qolganlarini surishtirganimda, “men ham bir unvon olsam...” degan javobni eshitganman. Ko‘nglim vayron bo‘lgan. Bular qanaqa odamlar? Uyatlari yo‘q. Andishaning ko‘chasidan o‘tishmagan. “Aka, men Vatanni yaxshi ko‘raman” desa, olam guliston edi-ku! Mana, kattayu kichik Vatanni bunyod etish – yanada ko‘rkam, yanada kuchli, yanada hur va ozod ko‘rish ishqida yonib yurgan paytda bu aldarko‘salar nimalar bilan shug‘ullanib yurishibdi! Adabiy xushomad, yaltoqlanish — feodal zamonlardan qolib ketgan sarqit. Undan tezroq qutulishimiz lozim. Vatanni, elu yurt dardini faqat toza ko‘ngil bilan yozmoq (yoki ijro etmoq) zarur. Men ham Vatan haqida — Istiqloldan avval ham, keyin ham — eng ko‘p yozgan qalamkashlardan biriman. Aytishlaricha, yomon yozmaganman. Ammo biror satrimga manfaat soyasi tushmagan. Aksincha, sho‘rolar davrida boshimdan nimalar o‘tmadi deysiz! Mustaqillikdan keyin ham Vatan haqida ko‘p yozdim. Buni anglashingiz uchun “Tong otgan taraflarda” dramamni o‘qib ko‘rishingizning o‘zi kifoya... Vatanni yaxshi ko‘rgan bir qalamkash sifatida aytamanki, u xushomadni emas, samimiyatni, halollikni yaxshi ko‘radi.

— Hayotning avvali ham, oxiri ham So‘z deyishadi. Shoir So‘zining qadri haqida nima deysiz?

— Tangri taoloning “Yaral” degan nidosidan so‘ng olam bunyod bo‘lgan ekan. Shu sababdan, so‘z faqat aloqa vositasi emas. Uning ilohiy bir ibtidosi ham borkim, bu sifati uchun ham so‘z bilan muomala qiladigan kasb egalari uni juda e’zozlab, qadrlab – yuragu ilhom zavqi bilan o‘lchab ishlatmoqlari zarur. Siz aytayotgan, so‘z mas’uliyati o‘shanda paydo bo‘ladi. Chunki she’rda ma’lum satrning ma’lum joyida unga mos faqat bittagina so‘zni qo‘yish mumkin bo‘ladi. U so‘zni topib, o‘rniga qo‘yilganda, so‘zlar (ohangu qalb shavqiga qo‘shilib) o‘zaro aniq mutanosiblik — sehr kashf etadi-da, she’rga aylana boradi. She’rxon qalbini junbushga keltiradigan alohida bir go‘zallik, alohida bir haqiqat — yuqorida aytganimday, hech kim tushuntirib berolmaydigan, ammo yurak bilan his etiladigan san’at mo‘’jizasi paydo bo‘ladi. Bu mo‘’jizani yaratish esa faqat xudo bergan – chinakam shoirlarga nasib etadi. She’r — Ollohning mo‘’jizasi — so‘z bilan iste’dod ilhomi uchrashgan joydagina sodir bo‘ladi. Yana bir mulohaza: So‘z yolg‘onni, nosamimiylikni, erinchoqlikni, bepisandlikni, beilhom ijodni, shuhratparastlikni, qalloblikni yoqtirmaydi. So‘zga bu tarzda munosabatda bo‘ladiganlar esa Adabiyotda iz qoldirmasdan, yo‘qlik qa’riga singib ketadilar.

 — Ustoz shoir sifatida yoshlarning ijodini kuzatib borasiz. Bugungi yozilgan asarlardan ko‘nglingiz to‘ladimi? Qanday maslahatlaringiz bor?

— Adabiyotda yaxshigina she’r yozayotganlar, nazarimda, anchagina. Negadir ularning safida qizlarimiz ko‘proq. Maslahatim esa oddiygina: xudo bergan iste’dodni xor qilmang.

— Oxirgi paytlarda kamnamo ko‘rinayapsiz? Nimalar yozayapsiz?

— O‘tgan yili yomon ishlamadim. Anchagina she’rlar yozdim; Amir Temurga bag‘ishlangan “Adolat fasli” degan tarixiy dramani bitirdim; Molerning “Tartyuf” degan she’riy dramasini tarjima qildim; bir necha kitobga tartib berdim, nasrda ham nimalardir yozgan bo‘ldim. “Sharq yulduzi” esa men uchun juda muhim bo‘lgan bir hikoyamni e’lon qildi. Yana nima? Ha, “Saylanma”larimni birinchi jildi bosmadan chiqdi. Shu kunlarda “Yeru Osmon orasida” dramasining va anchadan buyon yozilayotgan “So‘ngso‘zlar” kitobining oxiriga yetay deb urinyapman.  

 

Sitora TOJIDDINOVA

suhbatlashdi.

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

April 2017
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.