YOSHLAR NAZDIDA VATAN MADHI

Qo‘liga qalam tutishni biladigan kimsa istagancha kitob chiqarishi mumkin va uning sira yomon tomoni yo‘qdek ko‘rinadi. Axir, kitobning ko‘paygani yaxshi-da! Ikkinchi tomondan esa, “o‘sha chiqayotgan kitoblarning saviyasi qanday, ular o‘quvchisini topayaptimi yoki shunchaki muallif va uning yaqin qarindoshlari, do‘st-birodarlari uchungina quvonchli hodisa bo‘layaptimi?..” degan savollar kishini o‘ylantiradi.

 

Mana shunday vaziyatda biror o‘qishli kitob qo‘lingga tushib qolsa, quvonasan, kishi. Yaqinda “Akademnashr” nashriyoti tomonidan chop etilgan, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida taqdimoti bo‘lib o‘tgan “Seni yaxshi ko‘ramiz, O‘zbekiston” (xalq shoiri Iqbol Mirzo loyihasi asosida dunyoga kelgan to‘plamdagi ijodiy ishlarni Fozil Farhod jamlagan, mas’ul muharrirlar O‘ktam Mirzayorov, Baxtiyor Haydarov va Behzod Qobulov) nomli yoshlar kitobi ana shunday kitoblardan bo‘libdi. 

Hali yozganlarining siyohi qurimay, kitobga kirganlarning quvonchi bir tomon bo‘lsa, ijodkor sifatida allaqachon shakllangan navqiron avlodning dadil so‘zi qalbga umid bag‘ishlaydi. Shu o‘rinda Jasur Kengboevning “Manglayi yarqiragan xalq” maqolasidan bir parcha keltirsam: «...Bir umr daladan chiqmay mehnat qilgan ota-bobomizning nega kosasi oqarmagan? Bu savolning javobi oddiy: ularning erki qo‘lida emas edi. Hamma mehnat qilishi shart, lekin mehnati huzurini ko‘ra olmaydi. Hamma narsa davlatniki – markazniki. Tonnalab paxta yetishtirib, Alomat aytganday, o‘z yostig‘iga bir hovuch paxta topolmas edi...”. Farrux Jabborovning “Oqimga aylanayotgan oqin”idagi “Qaysi baxshi haqida yozayin?” – desam “Surxonga boraver, xalqning o‘zi aytadi”, – deyishadi... So‘fi Olloyor jamg‘armasi raisi Ravshan Mirzaev baxshining ta’rifini keltirib: «Chavandoz va polvonlarga o‘xshab baxshilar ham sal ko‘tarmaroq keladi. Keyin odam tanlaydi. Tilini topmasangiz, gap qo‘shmay o‘tiraveradi», degan jumlalar inson tabiatidagi bitmas-tuganmas xoslikni ifoda etadi. 

Zamonamiz qahramonlari kim? Ular — mamlakatimizning dunyoda o‘z o‘rnini mustahkamlab borishiga, xalq turmushi farovonligiga jon koyitib xizmat qilayotgan kattayu kichik yurtdoshlarimiz. O‘zbekning g‘ururini yanada baland ko‘tarayotgan, yurt sha’nini himoya qilayotgan yoxud qaysi sohada bo‘lmasin, o‘z burchu vazifalarini sidqidildan ado etayotgan kishilardir.

Elmurod Nishonovning «Dunyoga bo‘ylashgan o‘zbek o‘g‘loni» maqolasi xalqimiz, millatimiz faxri bo‘lgan yurtdoshlarimizdan biri — taniqli futbol hakami Ravshan Ermatov haqida. Muallif o‘z qahramoni timsolida inson taqdiri, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini qalamga oladi.

Iste’dodli ijodkor Behzod Qobulov “Usta boboning davroni” maqolasida: “Hah, otam-a, otajonim-ey... Hunaringni qo‘yma, bolam, yot ellarga borishdan tiyil, rizqing qo‘lingda deb bejiz aytmagan ekansiz. Sovuqning zabtidan etim uvushadi, bolalarimni sog‘indim...”, deya qahramoni tilidan so‘zlashlari hayotning mushkul yo‘llarini yoritadi. Yozuvchilar uyushmasining “Birinchi kitobim” loyihasida chop etilgan “Muzaffar tonglar” to‘plami muallifi Sanjar Tursunovning “Mening tog‘larim” ocherki ham hech qanday publitsistik qoliplarga sig‘maydi. Unda urushga ketib qaytib kelmagan jangchilarni yodga olib, tug‘ilmagan orzular, niyatlar va ezguliklar qalamga olinadi. 

Fozil Farhodning “Adirga to‘kilgan tosh”, Orif Tolibning “Ta’rifingga tashbeh topilmas”, Akmal Murodning “Quyoshday mehribon Vataning onang” maqolalari ham o‘ziga xos. 

To‘plamdan yosh izlanuvchan qalamkashlardan Nurilla Chori, Inomjon Abdiev, Sevara Alijonova, Bobur Muhammadiev, Farhod Eshmo‘minov, Elbek Erkin, Go‘zal Matyoqubova va Feruza Xayrullaevalarning ham maqolalari o‘rin olgan. Biroq bular orasida hali ijod yo‘lini izlayotgan, mashq darajasidan unchalik ko‘tarilmagan qoralamalar ham yo‘q emas. 

O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo “Navqiron qalb izhori”da ushbu to‘plamni yoshlar kitobi deb atasak ham bo‘ladi, deganda shularni nazarda tutgan bo‘lsa, ne ajab.

 

Adiba UMIROVA

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

June 2017
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.