KA’BA QAYERDA?

Ilon izi kabi egilib-burilib borib, tog‘ yon-bag‘rida ikkiga bo‘lingan, biri Qo‘rg‘oncha daryosi bo‘ylab Dehibolo qishlog‘igacha cho‘zilgan qarovsiz so‘qmoqda yurish jon azobi edi. Nazardan uzoq  so‘qmoqni ifoqaga keltirish kimning xayolida?

 

Dehibolo qishlog‘ida yashovchi Ziynat Murtazoqulova bir kuni qing‘ir-qiyshiq joydan zo‘rg‘a o‘tayotib shu haqda o‘yladi. “O‘zim shu ishni qilsam-chi?”

Yo‘lsozlikni, shu tariqa, 63 yoshli Ziynat opa o‘z zimmasiga oldi. Hajga borish niyatida g‘amlab qo‘ygan 13 million so‘m shaxsiy mablag‘ini yo‘l qurishga sarfladi...

Haj qilish islomdagi besh faroizning eng oxirgisi. Lekin Haj ziyorati o‘ziga to‘q musulmonga farz qilingan. Shunga qaramay, Ka’bani ziyorat qilmoq har mo‘min-musulmon orzusi. Yetganlar bor, yetmaganlar bor...

Mustaqillik sharofati bilan Haj safariga borib kelish muammosi yechimini topdi. Birgina men tug‘ilib-o‘sgan joy – So‘x tumanidagi Yangiariq qishlog‘idan o‘nlab kishilar muborak joylarni tavof etish baxtiga muyassar bo‘ldilar. Makkai mukarrama va Madinai munavvarada bo‘lib, hojilik darajasiga ko‘tarilganlar (har kimning ham haji qabul bo‘lsin!) – el ardog‘ida.

Lekin ayol boshi bilan aynan payg‘ambar yoshida bunyodkorlikka qo‘l urgan, bor mablag‘ini xayrli ishga sarflab, xalq duosini olgan Ziynat Murtazoqulovaning himmati alohida tahsinga sazovor.

Shu o‘rinda Haj qilish niyatida yurgan bir davlatmand va uning qashshoq qo‘shnisi haqidagi ibratli rivoyat xotiramizda jonlanadi.

prp

Boy saxiy edi, kambag‘al qo‘shnisi uchun eshigi hamisha ochiq. O‘zi ham qo‘shninikiga o‘tar, suhbatlashib o‘tirar, ul-bul kerak bo‘lib qolsa, tortinmay aytishini bot-bot uqtirardi.

Bir kuni kambag‘alning qozoni qaynayotganda boyning erkatoy o‘g‘ilchasi kirib keladi. Yoqimli hid ishtahani qitiqlar, boyvachcha qozonga qarar, avzoyi o‘zgargan uy egasi esa o‘zini qo‘yarga joy topolmay, bezovtalanardi. Boyvachcha uy egasining o‘ng‘aysizligini o‘zicha anglab, ranjigan holda ortiga qaytadi. Borib otasiga shikoyat qiladi. Boyning jahli chiqqan: “Uning bolalarini ozmuncha yedirdimmi? Bir martagina ovqat paytida uyiga kirgan bolamni malol ko‘ripti-da, nokas!”  

Endi kambag‘alni ko‘rsa alami qo‘zg‘ar, yuzini teskari olib o‘tardi. U bir kuni uyiga kirib kelganda ham qo‘shnining betiga emas, devorga qaradi.

– Xo‘sh, xizmat?

– O‘g‘lingizga qosh-qovoq solganim yo‘q, men... bezovta edim. 

– Bezovta? 

Kambag‘al nigohini yerga qadadi.

– U ovqat mening bolalarim uchun halol, lekin sizning o‘g‘lingiz uchun... harom edi, taqsir, kechiring.

Boy yalt etib qaradi: 

– Qanaqa... halol va harom, tushuntiribroq gapiring.

Bir muddat xayolga cho‘mgan qo‘shni hammasini tushuntirdi:

– Uyda hech narsa qolmagandi. Bolalar och, nima qilarimni bilmay sarson ko‘cha kezayotgandim, yo‘l chetida cho‘zilib yotgan bir qo‘yga ko‘zim tushdi. Harom o‘lganidan va egasi uni ko‘mib tashlamoqchi ekanidan xabar topdim-u... och-nahor bolalarim esimga tushdi. Keyin...

– Xudoyim! – hayajonlandi boy, gap nimadaligini anglab. Ul-bul kerak bo‘lib qolsa, bemalol kiravering, deb necha marta aytdim?

– Shundog‘am kam kirdimmi, kam u-bu narsa so‘radimmi?

– Qo‘ying-e!..

Boy bir necha yildan beri Haj qilish uchun mablag‘ yig‘ar, safar tadorigini ko‘rar edi. “Mahalladoshlarim bir burda nonga zor-u, men hoji bo‘lish ilinjida so‘mimga so‘m qo‘shish g‘amida yursam Xudoga xush kelarmikin?”

Shu xayol bir necha yil davomida yiqqan mablag‘ini xayriya ishlarga sarf qilishga undadi. Och-nahorlarni to‘yg‘izdi, beva-bechoralar duosini oldi. Haji qabul qilingani esa tushida ayon bo‘ldi.

Bu bir rivoyat. Ammo zamirida hikmat ko‘p. Hajga bormay, shu yerning o‘zida haj savobini olganlar esa voqelikda bo‘lgan.

prp

Bir vaqtlar Farg‘onaning So‘x tumanidan Saudiya Arabistoniga borib kelgan bir nafar edi, xolos – otamning amakilari.

U kishini Avo Hoji deb atardik. (So‘x va Rishtonda “avo” – bu amaki, arabchaning “abo” so‘zidan kelib chiqqan, ma’nosi – ota). Asl ismlari – Ibni Yamin, lekin ko‘pchilik, xususan, yoshlar nomlarini Hoji deb o‘ylar, ehtirom bilan Hoji bobo derdi. 

Hoji amakim bolalik chog‘imda anchagina qarib qolgan, yuzlaridan nur yog‘ardi. Ellik-oltmish yil ilgari bo‘lib o‘tgan voqealardan, Haj safaridagi azob-uqubatlaridan aytib berardilar.

– Otam bilan yo‘lga chiqqandim, bir o‘zim qaytdim, – ko‘zlarida yosh aylanardi.

— Goho piyoda, goho suvori. Goh issiq, goh sovuq. Yo‘l g‘oyat xatarliligidan dil tahlikada – har qadamda bir qaroqchi. Cho‘lu biyobonda och-nahor. Pulsizlik g‘ami. Lekin gohida pul bilan ham ish bitmasdi. Masalan, Hindistonda kuchli odamgina olomonni surib, surilib tiqilinchda oldinga o‘tishi, kemaga chiqib olishi mumkin edi.

– Hindistonda? – hayron bo‘lamiz.

U paytlar Arabistonga Sharqning yarmini kezib, Hindiston orqali borish mumkinligini bilmasdik-da.

Ota-bola, nihoyat, murod manzilining eshigini ochib, Ka’bani ziyorat qiladilar.

– Lekin otam bemor bo‘lib qoldilar. Hali yoshman, o‘n olti-o‘n yettida. Boshim qotgan. 

Qaerga boray, nima qilay?

“Hech qaerga borishning hojati yo‘q, – dedilar otam. – Yonimda o‘tiring, kalima qaytaring”.

“Nima?” – dedim dahshat ichida.

“Mard bo‘ling. Keyin... xabar bering. Masjidga borib vatandoshlarimizga ayting”.

“Dadajon, qo‘rqitmang! – yig‘ladim. – Men nima qilaman?”

“Siz vatanga qayting. Albatta, qayting!”

Devor tagida bandalikni bajo keltirgan dadamning jag‘larini boylab masjidga yugurdim. Yig‘lab-yig‘lab...

Qaytish kerak. Yana yo‘l azobi. 

Oq podsho davrida chiqib ketgan Hoji amakimiz, oradan bir necha yil o‘tgach, sho‘rolar davrida So‘xga qaytadilar. So‘roq boshlanadi: qaerda eding, mullavachcha? Nimalar qilib yurding?

Hoji amakimizni qamoqqa oladilar. Sovuq mintaqalaridan birida jazo muddatini o‘tadilar. Muzlab, akashak bo‘lib qoladi oyoqlari. 

prp

Shukr, boshqa zamonda yashayapmiz. Bir necha marotaba muborak Ka’bani tavof qilgan ham bor. Intilganga tole yor.

Takrorlab haj qilish – ma’murchilik alomati, albatta. Ammo (xudo rahmatli) Nuruloh hoji Abdullaevning shunday imkoniyati bo‘lsa-da, undan foydalanmadi. Makkai mukarramadan, Qo‘qondan qaytganida, uni ko‘rgani kelgan qo‘shnilardan biri:

– Hajlari qabul bo‘lgan bo‘lsin, iloyo, – dedi uni mehr bilan bag‘riga bosarkan. – Sizga havas qilaman, tasadduq. Qaniydi, u joylarni ko‘rish, Makkatullohni ziyorat etish bizga ham nasib qilsa.

– Nasib qiladi, – dedi Nurulloh aka.

– Nima?

– Inshoolloh, siz ham hoji bo‘lib qaytasiz.

Qo‘shni ko‘nglidan o‘tkazdi: “Men qaydavu Makkai mukarrama? Qani pul?..”

– Hozirlik ko‘ravering, xarj mendan.

Qo‘shni quloqlariga ishonmasdi. “Nahot...”

Nurulloh hoji so‘zida turdi – yo‘l xarji va boshqa to‘lovlarni to‘liq bo‘yniga olib, bechorahol qo‘shnisini Ka’baga jo‘natdi.

Bu ham bir haj! 

Hajga borishning o‘ziga yarasha tashvishi bor. Rasmiyatchilik. Savol-javoblar. Lekin mas’ul idora mutasaddisi bo‘lg‘usi hojidan  “qishloq yo guzaringizda nogiron, muhtoj odam bormi? Ularga biror nima qilganmisiz?” deb ham so‘raydimi? Yo‘q. Haqqi yo‘q bunday savol berishga. Yo o‘ziga ep ko‘rmaydi.

Hikoyat qilishlaricha, hajga borish hazrat Navoiyning ham ko‘nglida bor edi. Bir marta emas, bir necha marotaba  haj qilishga   qurbi yetmasmidi. Ammo nima qildi? Bor mablag‘ini xayriya va obodonchilik ishlariga sarfladi. Beva-bechoralarning ko‘nglini oldi.

Rivoyat qilishlaricha, shoira Zebunniso ham Makkaga bormagan bo‘lsa-da, har yili bir necha faqirni hajga yuborib turgan.

Makkai mukarrama va Madinai munavvaraning muborak eshiklari mo‘min ahli uchun hamisha ochiq. Koshkiydi, Ka’batulloh ostonasiga bosh urish, shu tafayli bir umr sarfaroz yashash saodati hammamizga nasib qilsa. 

Aytmoqchi bo‘lganimiz, uzoq Ka’badan tashqari yon-verimizda boshqa ka’ba ham mavjud-ku?!  Lekin bu ka’baga – ko‘ngilga yo‘l topish unchalik mushkulmas, goho kishilarni baxtiyor qilish, bir olam savob olish uchun bir tabassum, bir og‘iz shirin so‘z kifoya!

Obodonchilik va bunyodkorlikka intilish-chi? Himmat va saxovat oliy ibodat emasmi? 

Boysunlik Ziynat opa Murtazoqulova hajga atab g‘amlab qo‘ygan bor mablag‘ini yo‘l qurishga sarflabdi. “Hoji xola” degimiz keladi u oliyhimmatni.

 

Muhammad SHODIY

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Qiz bola — elning yuzi

2017-08-02 11:11:46

SHARAFLI UMR BEKATLARI Asil RASHIDOV ...

2017-08-16 13:28:25

Dunyo darakchilar nigohida

2017-08-16 13:24:37

Tabarruk qadamjolar

2017-08-02 11:17:38

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.