NOSHUKURLIK KASOFATI

Musofir yurtning havosi, suviyu tuzi tomog‘ingga tiqilib o‘tarkan. Uyning to‘rt devori, hissiz xonalar, bu yerga huzur-halovat izlab kelgan odamlarning hech narsani anglab bo‘lmaydigan ma’yus nigohi yurakni g‘ashlaydi.

 

Ko‘chadan eshitilayotgan shovqin-suron, olomonning vahimali hayqirig‘iga ko‘nika olmagan Malohat farzandlarini mahkam quchoqlaganicha, bu ko‘rguliklar tugashidan umidini uzmay, “Iloho, tinchlik bo‘lsin! Bu yerlardan eson-omon o‘z yurtimizga ketish nasib etsin”, deya o‘yga toladi. Shu yerga kelganidan buyon qo‘l-oyoqlari titraydigan bo‘lib qolgan. Nega bu yurtning odamlari bunchalik betoqat, urush-janjalga moyil? Kattayu kichik kun bo‘yi ko‘chada, qo‘liga duch kelgan narsani ushlab, tentiraydi, posbonlarning qarshiligiga parvo ham qilmaydi.

Olatasir mitingda qatnashayotganlar ichida onasining etagini mahkam tutib olgan jajji qizaloq nimalar bo‘layotganini tushunmay, qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titrab, yig‘lardi. Uning ko‘zlaridagi xavotir bir-birlariga nafrat, tajovuzkorlik ko‘zi bilan boqayotgan olomonning xatti-harakatiga nisbatan norozilik edi desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Afsuski, buni kattalar tushunishmayotgan edi.

Tinch-totuv hayot, osoyishta turmush, oqibatli odamlar qadrini Malohat shu yerga kelib tushundi. Turmush o‘rtog‘i Akmal bilan yashab turgan sharoitidan ko‘ngli to‘lmay, Yevropada ishlayotgan qarindoshi bilan internet orqali bog‘lanib, ular ham chet elga ishga otlanishdi. Go‘yo samolyot qanot qoqib, ularni orzular mamlakatiga olib boradi-yu, u yerda barchasi risoladagidek, mashaqqatsiz, to‘kin hayot quchoq ochib kutib oladigandek.  Ularni Shvetsiyada izzat-ikrom bilan qarshilagan qarindoshi uyida bir hafta mehmon qildi, so‘ng mezbon asta maqsadga o‘tdi:

— E, qarindosh! Va’damizga vafo qilib, senga ish topib qo‘ydim. Oyligi yaxshi, oilang bilan ishxonaning o‘zida yashaysizlar. Maoshingdan ushlab qolishadi. Pasportingizni bersangiz, rasmiy ishlarni hal qilsam, — deya hujjatlarni yig‘ib olib tashqariga chiqib ketdi.

— Baraka topsinlar mulla akam, bu yaxshiliklarini hech qachon unutmaymiz, — dedi Malohat quvonchini yashira olmay.

— Shoshmanglar, hali ulgurasizlar. Avval joylashib oling, keyin qancha rahmatingiz bo‘lsa qabul qilaveramiz, — deya o‘zini kamtar tutishga urindi mezbon ayol.

Kechki payt mezbon ko‘chadan hovliqib kirib keldi. Ranglari oqargan, tutila-tutila: 

 — Ukaginam, ishlar pachava! Hamma ishni bitirib kelayotgandim, qaerdandir bezorilar yo‘limni to‘sib, sumkamni o‘g‘irlab qochdi. Eng yomoni, pasportlar o‘sha yerda edi, – entikib, zo‘rg‘a gapirardi u.

— Endi nima bo‘ladi? Pasportsiz qanday ortga qaytamiz? Taqdirimiz nima bo‘ladi? Oilamning ahvoli-chi? — deya Akmalning tinchi yo‘qoldi. Sarosimadan o‘takasi yorilayozdi. — Begona yurtda endi bizga kim yordam beradi? Kim bizni tushunadi? 

Hammaning boshi qotgan. Mezbon har gapida o‘zini ayblab, so‘kinadi. Go‘yo bir iloj izlayotgan kishidek kimlar bilandir qo‘ng‘iroqlashib, maslahat olmoqchi bo‘ladi. Hayal o‘tmay, uyga bir begona kishi keldi. Qariya bo‘lsa-da, bashang kiyingan, ko‘zoynakli, qo‘lida portfeli bor. U aftidan mezbonning yaqin tanishi bo‘lsa kerak. Quchoq ochib, allaqaysi tilda salomlashishdi. So‘ng shoshilinch ish kabinetiga kirib ketishgancha, chorak soatdan so‘ng yaxshi kayfiyatda xayr-xo‘shlashdi.

— Endi bundoq, ukajon! Omadimiz borakan. Hozir kelib ketgan kishi ishimizni hal qilib beradigan ko‘rinadi. Nasib etsa, shu yerda qolib ham ishlaysiz, ham vaqti-soati yetib uyingizga qaytasiz!

— Tushunmadim, bu bilan nima demoqchisiz? — hayron bo‘lib so‘radi Akmal.

— Hammasi yaxshi bo‘ladi, agar gaplarimni yaxshilab tinglab, rozi bo‘lsang, qiyinchiliklar ortda qoldi deyaver. Xudo degan odam ekansan, yaxshi taklif bor senga, — deya mezbon Akmalni yanayam ruhlantirmoqchi bo‘ldi.

— Aytavering, ishim o‘nglansa bo‘ldi. Bariga tayyorman, men nima ish qilishim kerak? 

— Boyagi do‘stim ishonchli odam. Haqiqiy pasportingiz tiklangunicha, soxta pasport bilan Norvegiyaga jo‘naysiz. U yerda shu kishi sizlarni kutib oladi, ish, uy bilan ta’minlaydi. Ayolingiz bilan voyaga yetmagan farzandlaringiz xavfsizligini o‘z himoyasiga oladi, — deya sodda odamlarni ishontirmoqchi bo‘ldi mezbon.

— Mayli, roziman, — dedi Akmal. Chunki boshqa chorasi ham yo‘q edi.

Malohat bundan bir yil oldin qarindoshining uyida bo‘lib o‘tgan ushbu suhbatni har gal eslaganida ko‘ksiga nayza sanchilgandek bo‘ladi. Nahot, bu ishga nayrang aralashganini payqashmadi o‘shanda? Shunchalar ham go‘l bo‘ladimi? Qani endi bari tush bo‘lsa-yu, uyg‘onganida eri va farzandlari bilan avvalgidek o‘zlarining shinam hovlisida, eng asosiysi, Vatan bag‘rida bo‘lib qolsa. O‘z yurting havosidan to‘yib-to‘yib nafas olib yashashga nima yetsin! Vaqtni ortga qaytarolganida, xatolaridan saboq chiqarib, bariga shukr qilgan bo‘larmidi. Noshud bo‘lmaganida shu ko‘yga tushmasdi. Bariga o‘zining shoshqaloqligi sabab bo‘ldi. Oxirgi paytlar erining boshini og‘ritib yuborgandi. 

— Qachongacha shu katalakdek hovlida ovsinlarim bilan yashayman? Uch bola bilan ikki xonali uyga sig‘ib bo‘ladimi? Hademay bolalarimiz bo‘y cho‘zib qoladi. Topish-tutishingizning tayini yo‘q, – deya tinimsiz diydiyo qilardi Malohat.

— Xo‘p, nima deysan? Qozoning qaynab turgan bo‘lsa, ust-boshing but, farzandlarimiz salomat, senga yana nima kerak? Bunchalar noshukur bo‘lma, xotin! Hammasi yaxshi bo‘ladi, hayotimiz hali oldinda. Erkak kishining boshi omon bo‘lsa, do‘ppi topiladi. Faqat sabr qil, — tushuntirishga urinardi Akmal.

Xullas, u deb ko‘rdi, bu deb ko‘rdi, ammo Malohat xarxasha qilaverib, erini ko‘ndirdi. O‘zga yurtga, begonalar orasiga bir o‘zini yuborgisi kelmadi. Alaloqibat safarlari boshga bitgan balo bo‘ldi. Neni orzulab yo‘lga tushishdi-yu, ko‘zlagan manzillari ne bo‘ldi?!

— Vaziyat shuni taqozo etyapti, soxta pasport bilan bu yerda qonuniy ishlab bo‘lmaydi. Asl pasportingiz tiklanguncha, Akmal, sen vaqtinchalik rezina, bakalashka terish bilan shug‘ullanasan. Faqat maxsus uychalarda tunashingga to‘g‘ri keladi. Birga yashamasangiz ham ko‘rishib turishga imkoningiz bo‘ladi. Malohat singlimiz kichkintoylar bilan boshpanasiz qolmasligi uchun bir chol turadigan xonadonning xizmatini qilib yuradi. Bolalaringiz ham o‘sha yerda xavfsizroq bo‘ladi, — deya qarindosh mezbon er-xotinni ko‘zoynakli tanishiga topshirib yubordi.

Bir necha kundan so‘ng ko‘zoynakli kishi ko‘magida soxta pasportlar bilan aytilgan shaharga yetib kelishdi. Kelishuvga ko‘ra, Akmalni butunlay boshqa yerga, rafiqasi Malohat bilan farzandlarini boshqa joyga joyladi. Bir oy ichida pasportlarini to‘g‘rilab berishga va’dalashib, Malohatning tilla buyumlarini xarajatlari evaziga oldi. Ammo Malohat aytilgan joyga ishga joylanmadi. Kimsasiz, egasi yo‘q, qarovsiz kvartiraga boshlab kelgan ko‘zoynakli odam o‘zining tilida bir nimalarni tushuntirgan bo‘ldi-yu, chiqib ketdi. Eridan esa dom-darak yo‘q. Uni ham aldashgan ko‘rinadi. Kimga, qaerga murojaat qilarini bilmay, qilib qo‘ygan ishiga ming pushaymonlar yedi. 

Ha, musofir yurtning havosi ham, suvi ham tomog‘ingdan tiqilib o‘tarkan. Ming yutinganing bilan hazm bo‘lmay, ichingda qolib ketarkan. Musofirlikda chin dildan kuyunuvchi, hamdard bo‘luvchi bir mehribonni topolmas ekansan. Yoningdagi hissiz, beparvo, ko‘zlarida nafs yonib turgan kishilarga hayotingni baxshida etish naqadar og‘ir jazo. Ammo ming pushaymondan bir chaqalik naf yo‘q. Malohat buni o‘zini ko‘zoynakli chol quchog‘ida ko‘rgan birinchi tundayoq  tushungan edi... 

 

Dildora IBROHIMZODA

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Qiz bola — elning yuzi

2017-08-02 11:11:46

SHARAFLI UMR BEKATLARI Asil RASHIDOV ...

2017-08-16 13:28:25

Dunyo darakchilar nigohida

2017-08-16 13:24:37

Tabarruk qadamjolar

2017-08-02 11:17:38

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.