Keksalar duosi bilan

Har kuni ishga ketishdan oldin dasturxon boshida onam uzundan-uzoq duo qiladilar va oxirida “shu bolamni o‘zing panohingda asragin” deb qo‘yadilar.

 

Bugun ham har doimgidek onamning duolarini olib ishga keldim. 

Avtomashinamning tez-tez o‘chib qolishi ko‘nglimni xijil qilib, uni ko‘rsatish uchun ustaxonaga olib bordim. Tanish yigit meni ko‘rib, hozir bitta mashinani tuzatayotganini, yarim soatlardan keyin kelishimni aytdi. Soatiga qarab: “Soat o‘n birdan kechikmang, bo‘lmasa, boshqasini ko‘raman. Huv anavi mashina ham kutib turibdi” deb ustaxona yonida turgan oq “Damas”ni  ko‘rsatdi. Men unga soat o‘n birda shu yerda bo‘lishimni aytib, rahbarning topshirig‘i bilan bankka borib, bank boshqaruvchisi qabuliga ko‘p qatori navbatga turdim. Oradan taxminan o‘n besh daqiqa vaqt o‘tib, endi kiraman deganimda, yoshi saksonlarga borgan, ozg‘in, ikki yonidan yoshgina nabiralari qo‘ltiqlab olgan kampir menga “iltimos, men kirib chiqay, yo‘q dema, jon bolam” deb so‘radi. Shoshib turgan bo‘lsam-da, navbatimni unga berdim. “Ha, qoqindiq, juda yaxshi bola ekansan” deb  u ichkariga kirdi. Haligi kampir qabulda  ancha qolib ketdi. Soatimga tez-tez qarab turardim. Soat o‘n birga yaqinlashmoqda edi. Oxiri kampir boshqaruvchi huzuridan  chiqdi. Shoshib kiraman desam meni bir qo‘li bilan ushlab “yaxshi yigit ekansan, omon bo‘l” deb nabiralari yordamida chiqib ketdi. Shoshib boshqaruvchi qabuliga kirdim va ishimni bitkazib, ustaxonaga shoshildim. Yo‘lda, ishxonadan ombor mudiri telefon qilib, kelaverishda vokzal oldidagi bozordan bir narsa olib kelishimni iltimos qildi. Rulni bozorga burdim va hamkasbim aytgan narsani olib, endi mashinaga o‘tirgan vaqtimda, kimdir mashina oynasini taqillatdi. Qarasam, yoshi ancha o‘tib qolgan, sap-sariq sochlari to‘zigan, boshiga eski ro‘mol o‘rab olgan ayol bittagina nonga pul berishimni iltimos qildi. Avvaliga unga tilanchi bo‘lsa kerak deb e’tibor bermadim. Bu orada u bir dona non sotib olgani, o‘zi temir yo‘l vokzalining narigi tarafida turishini, sotib olgan  nonini bugun tushga va kechga yeyishini, ertaga yana och qolishini, keyin esa bu yerga yana kelishga madori yetmasligini aytdi. Gapirayotgan vaqtida boshi likillab ketayoganidan o‘ta nochorligini sezdim. 

Rahmim keldi va mashinadan tushib unga obdon razm soldim. Yoshi yetmishlarga borgan, oyog‘ida ichi yungli rezin kalish, egnida eski palto. Ikki qo‘lida ikkita to‘r xalta, ichi to‘la meva po‘choqlari. “Buni nima qilasiz?” — deb so‘radim undan. Kampir u yashayotgan uy sohibining qora moli borligini, po‘choqni shunga olib borayotganini, evaziga xo‘jayini unga non berishini va uyidan bir xonani unga ajratib berganini aytdi. “Non olgan bo‘lsangiz, uyingizda bu bilan yeydigan biror taom bormi?” deb so‘radim qiziqib. U yo‘q dedi. Savob uchun deb undan “birorta narsa olib beraymi, ovqat qilasizmi?” — deb so‘radim. U iloji bo‘lsa ikki dona kartoshka va ikki dona piyoz olib bersang, xursand bo‘lardim  dedi. Darhol u aytgan narsalarni olib berdim. U rahmat aytib keta boshladi. Shu vaqt bir xotin kelib menga “kecha nabiralarimga qarab tur degandim, qaramadi, mana bugun non izlab yuribdi” dedi. Men undan “bu kampirni taniysizmi?” deb so‘radim. U: “Ha, uyi yo‘q, bir kishing uyida yashaydi, uning mollariga yemish terib kelib, kun kechiradi. Har zamonda  vino ham ichib turadi” deb aytdi. Bu orada bizdan o‘n besh metrlar narida borayotgan haligi kampir qo‘lidagilarni yerga qo‘ydi-da, men tomon bir qaradi. Uning ko‘zlari xursand edi. Shu vaqt ko‘nglimdan uni uyiga olib borib qo‘yish istagi o‘tdi va  unga yetib olib mashinaga o‘tirishini aytdim. Kampir mashinaning orqa o‘rindig‘iga o‘tirdi. Gaplashib ketdik. Suhbat davomida u asli Rossiyadan bundan ancha yillar avval bir o‘zi kelganini,  bolasi yo‘qligini, yonida birorta hujjati bo‘lmagani uchun nafaqaga ham chiqa olmaganini, 1953 yil 15 may kuni tug‘ilganini aytdi. Uning gaplari sodda va samimiy edi. Manzilga yetgach tusha turib kampir yana bir bor menga “sen yaxshi bola ekansan, yigit, seni xudo asrasin” deb duo qildi.  

Qaytayotib, avtoservisga soat o‘n birda borishim kerakligini eslab, “eh, kechikdim-ku” deb soatimga qaradim. O‘n birdan o‘ttiz daqiqa o‘tgan edi. Shoshilib mashinani avtoservis tomon haydadim. Kelib haligi  joyimda to‘xtadim. Ahvol juda achinarli edi. Ikki qavatli servis shundoqqina cho‘kib, ostida turgan avtomashinani bosib qolgan edi. Shu yerda turgan yigit meni tanib, “aka, siz kelmaganingiz uchun usta bu “Damas”ni kiritdi, ular endi ishni boshlovdi, ustaxona buzilib, “Damas” ustiga ikkinchi qavat qulab tushdi, egasi mashina ichida edi, sho‘rlik og‘ir ahvolda usta bilan shifoxonaga ketdi” deb aytdi. Tanam  muzlab mashinaga o‘tirib qoldim. Agar, soat o‘n birda kelsam, shu mashina o‘rnida meniki bo‘lardi-ku, degan o‘y yashin tezligida miyamdan o‘tdi  va ko‘z o‘ngimda ertalab onamning duoga ochgan qo‘llari, bankda men navbat bergan kampirning so‘zlari va rus kampirning  menga qarab kulib turgan yuzlari ko‘rindi. 

 

Sherzod ASQAROV

Qarshi shahri

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

March 2017
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 31

.