YILNING ENG YAXSHI TEATR AKTYORI

Milliy teatrning yuz yillik tarixi sahifalarida zarhal harflar bilan bitilgan o‘nlab san’at darg‘alarining nomi, jahon klassikasi, o‘zbek san’atining bor bo‘y-bastini namoyon qiladigan sara asarlarni qoniqish bilan o‘qiy olasiz. Bugun ham bu dargohning mavqei, salobatini ko‘rsata oladigan, tomoshabinni qoniqtiradigan asarlar, ularni mahorat bilan ijro etayotgan aktyorlar bor. O‘tgan yil so‘ngida sahnalashtirilgan, frantsuz dramaturgi Jan-Batist Molerning “Tartyuf” (“Firibgar”), turk yozuvchisi Rashod Nuri Guntekinning “Xalala” komediyalari, Maqsud Shayxzodaning “Mirzo Ulug‘bek” dramasi ana shunday sara asarlar ekaniga shubha yo‘q. Birgina “Tartyuf” spektaklini tomosha qilgan tomoshabin jahon klassikasini qanchalik qadrlashi, komediya janridagi asarlarga katta qiziqish, ehtiyoj borligiga ishonch hosil qiladi. Aktyorlar tanlovidan tortib, davr ruhini beradigan liboslaru sahna dekoratsiyasi nihoyatda uyg‘un, ijro mahorati professional, deb bemalol ayta olamiz. Ayniqsa, bosh rol – Tartyuf O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Tohir Saidov ijrosida yuksak darajada ochib berilgan. Keling, tahririyatimizning bugungi mehmoni, teatrning mahoratli aktyori hayot yo‘liga bir nazar tashlaylik.

 

ILK UCHQUN

...Xorazmning so‘lim Bog‘olon qishlog‘idan ko‘plab elga taniqli ziyolilar yetishib chiqqan. O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjon, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Kamol Matyoqubov... Tohir Saidov ham ana shu qishloq farzandi. U 1965 yil 28 sentyabrda ishchi oilasida dunyoga kelgan. Sakkiz farzand orasida o‘g‘illardan kattasi. Opa-ukalari — biri o‘qituvchi, biri fermer, yana biri boshqa kasbni tanlaganda... 

– Bitta men san’atga oshufta qalbimga quloq soldimu, darveshnamo yurishni ixtiyor qilib, Toshkentga kelganman, – deydi u xushchaqchaqlik bilan. – Ustozlarim Poshshoxon opam, Zuhra opam, Do‘stmat akam, Farhod akamlar menga ko‘p dalda bergan. Maktabda o‘tkaziladigan musobaqalarning badiiy qismida o‘zimni ko‘rsatolganman, shekilli, senda o‘xshayapti, bu ishlarni yaxshi eplaysan, deb alqaganlari, samimiy so‘zlari meni bir qarich o‘stirardi... 

U quvnoq, abjir, so‘zamol edi. Erkin mavzulardagi musobaqalarda uning bu xislatlari qo‘l kelardi. O‘zi aytganday, biror spektakldan monolog ijro etish, she’rlarni ifodali o‘qishning uddasidan chiqardi. Bular chinakam san’at dargohlarida o‘zini sinab ko‘rish uchun ilk pog‘ona edi. Avvaliga tuman, viloyat bayramlarida qatnashib yurgan o‘smir, respublika san’at festivallarida ishtirok etib, endi o‘z kelajagini ana shunday kattaroq sahnalarda tasavvur qila boshladi...

 

TAQDIR SINOVLARI

Taqdir sinovlari turfa xil, birovga yon bersa, birovni hayot o‘zanidan adashtirib yuboradi. Qandaydir sabab bilan otasi qamalib qoldi-yu, bu ruhiy zarba volidasini ham 38 yoshida olib ketdi. Yigirma kun o‘tib buvasi, biroz vaqtdan so‘ng buvisi ham dunyodan o‘tdi. Qismat ravo ko‘rgan o‘sha og‘ir kunlarni eslash oson emas, suyagi mehnatu mashaqqatda qotib, metindek irodaga ega bo‘lolgan bu inson:

– Otam qaytib kelguncha, oiladagi yoshi ulug‘larning barini jo‘natib bo‘ldik, – deya yaqinlarini bir-bir xotirlaydi. – Bir burda non topishning o‘zi bo‘lmagan, maktabga kerakli anjomlarni, sport kiyimlarini tanaffusda tezgina bir-birimizga yetkazar, galma-galdan almashtirib kiyardik. Bugungidek sharoit qayda, kigizning ustida ko‘kragimizni yerga berib, dars tayyorlardik. Maktabdan keliboq bir burda nonni olib, ariq yo krandan suv ho‘plab, dala ishlariga chopganlarimiz, paxta planini to‘ldirish uchun nimaiki zarur bo‘lsa qilingan ishlar, o‘smirmi u, paykalda qolib ketgan murg‘ak bolami, ustidan kimyoviy dorilar sepilgan kezlar... Bularni unutib bo‘lmaydi. Alamzadalik bilan shunday o‘qirdikki, azbaroyi shu qiyinchiliklardan qutulish uchun, bizgayam bir ro‘shnolik bo‘lsin, deb harakat qilardik...

Ha, shukrki, o‘sha qora kunlar o‘tdi. U teatr san’ati oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirdi. Xorazm shevasidan adabiy tilga o‘tish qanchalik qiyinligini shu voha odamlari biladi. Buning ustiga “s”, “z”, tovushlarida nuqson bor deb, uni mandat komissiyasidan qaytarishdi... 

– Endi to‘rvaxaltamni yelkalab qishlog‘imga ketamanmi, deb hafsalam pir bo‘lib turganimda, Kamol akam (Matyoqubov) madaniy-oqartuv texnikumining teatr yo‘nalishi bor, shunda biron yil o‘qib turchi, keyingi yil yana omadingni sinab ko‘rarsan, deb maslahat berdilar. O‘sha texnikumga o‘qishga kirdim. U yerda men adabiy til me’yorlari darajasida so‘zlay olish uchun ustozlarimga iltimos qilib, yakka darslar o‘tishlarini so‘radim. Ular kitoblarni suxandonlarga o‘xshab ovoz chiqarib o‘qiyversang, tiling burro bo‘lib, adabiy til me’yorlarini egallab olasan, derdi. Kuniga 150 bet kitob o‘qimasdan uxlamasdim, o‘zimga-o‘zim shart qo‘ygandim. Hamma shirin uyquda bo‘lganda, men oshxonaga yoki yoz kunlari biror daraxt tagida, yorug‘ tushadigan joyga o‘tirib olib kitob o‘qirdim. O‘sha vaqtda ko‘p kitoblarni o‘qib tashladim. Bu ham adabiy tilni egallashga, ham nutqim rivojlanishiga, fikrim o‘sishiga yordam berdi... 

Bugun sahnada, ijodiy uchrashuvlarda, ijodkorlar davrasida nuktadonligi, fikrlarini ravon bayon qila olishiga o‘sha urinishlar poydevor bo‘lgan bo‘lsa ajabmas.

 

OLTIN DAVR

– Keyingi yili teatr san’ati oliy o‘quv yurtining drama va kino aktyorligi san’ati  yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga kirdim. Bugun o‘zbek san’atining charxpalagini aylantirib turgan ko‘plab san’atkorlarga ustozlik qilgan Abdurahmon Sayfiddinovning qo‘lida tahsil ola boshladim. U kishining so‘nggi qaldirg‘ochlari bizning kurs talabalari edi... 

Intiqlik bilan kutilgan oltin davr uning hayotida o‘chmas iz qoldirdi. Oliy dargohni tugatish arafasida bo‘ladigan diplom spektakllarida unga asosiy rollar ishonib topshirildi. Biri Gogolning “Uylanish” komediyasidagi Kochkaryov obrazi, ikkinchisi esa Ispaniyada fashizmning boshlanish davrini aks ettiruvchi Brextning “Teresta karar miltiqlari” asaridagi Pedro roli bo‘ldi. Bu abjir yigit ilk rollaridanoq tilga tushib, ustozlaru tengdoshlarining e’tiborini qozondi. Yana bir yutug‘i...

– Institutdan hamma bitta diplom bilan chiqqan bo‘lsa, men bir omadli, uddaburon yigit sifatida ham diplom, ham rafiqalik bo‘lib chiqdim, – deydi u hazilomuz gap qilib. – (rafiqasi Dilobar Saidova hozir MTRKning “Sport” kanalida oliy toifali rejissyor. Farzandlari Kamola, Hilola, Navfal). O‘sha yillari satira teatri ochildi va er-xotin ikkimizni shu dargohga qabul qilishdi.  

o‘ayrati ichiga sig‘maydigan yosh aktyor o‘zini turli janrlarda sinab ko‘rish bilan birga, o‘sha yillari o‘tkazilgan “Qiziqchi–89” (90, 91) tanlovlarida qatnashishni diliga tukkandi... 

– Satira teatri o‘z binosiga ega emas edi, gastrolma-gastrol yurardik. O‘tgan ikki tanlovda ishtirok etolmaganimdan so‘ng, Surxondaryoning Denov tumaniga uyushtirilgan gastrol safaridan qochib kelib, “Qiziqchi—91” tanlovida qatnashganman. Urinish bekor ketmadi, g‘olib bo‘ldim. 

O‘sha yillari choyxonada hamkasblarning yig‘ini bo‘lardi. Ularning jo‘raboshisi O‘zbekiston xalq artisti Nabi Rahimov edi. Kasbdoshlari har gal uni cho‘qilavergach, “gunohkor”ning ezilganini ko‘rgan ustoz san’atkor Nabi Rahimov “U senlarga kerak emasmi, unda men olib ketaman”, deydi-da, unga o‘zi ishlaydigan Hamza (hozirgi Milliy) teatri yoniga ertasiyoq kelib turishini aytadi. O‘sha paytda teatr direktori O‘zbekiston xalq artisti San’at Devonov edi. N.Rahimov vaziyatni tushuntirgach, teatr rahbari:

–Oqsoqol, sizga yo‘q deyolmayman, behuda odamni tavsiya qilmaysiz, ammo jamoa oldidan bir o‘taylik, – deya izn so‘raydi.

Jamoa yig‘iladigan kunda taklif qilishgach, uni ko‘rib hamma qarsak chalib yuboradi. 

– Abdurayim Abduvahobov, Bekzod Muhammadkarimov, Fatxulla Ma’sudov, Fotih Jalolov, Ravshan Jo‘raevlar bilan oldinma-ketin talaba bo‘lganmiz, tengdosh do‘stlar, akalarim edi ular. Shunday qilib, 1991 yil 1 sentyabr – Mustaqillik kuni bilan bir kunda mazkur teatrda ijodiy faoliyatimni boshladim... 

 

YUKSAK CHO‘QQILAR

Qarangki, mamlakat, xalq osmonida porlagan hurlik quyoshi uning ham yo‘lini yoritdi, o‘lmas, betakror rollari bilan mazkur dargohning ishongan tog‘laridan biriga aylantirdi. Ilk ijodini jahon klassiklari asarlaridagi obrazlarni talqin qilishdan boshlagan qahramonimizning shunday rollari bugun o‘n beshtaga yetgan. Bular aktyor uchun yuksak cho‘qqilardir. Dunyo teatr san’atida Shekspirning “Gamlet”i hamon eng yuksak cho‘qqini egallab turibdi. Aktyorman degan borki, shu rolni orzu qiladi, hatto aktrisalar orasida ham Gamlet obraziga oshufta bo‘lib, undan umidvor bo‘lganlar bor ekan. O‘zbek aktyorlari orasida esa Olim Xo‘jaevdan so‘ng teatr sahnasida ushbu rol Tohir Saidovga nasib etdi. O‘zbekiston xalq artisti Turg‘un Azizov mazkur spektaklni sahnalashtirishga bel bog‘lab, kasting o‘tkazadi va bir qancha safdoshlari o‘rtasida aynan unga kelib to‘xtaydi. Har bir rol ijrosi uchun dublyor bo‘ladi, ammo Gamlet yolg‘iz uning o‘ziga “qolib ketdi”. 

–Aksariyat rollarimda yetimga o‘xshab bir o‘zim qolib ketaman, – deydi suhbatdoshlariga yaxshi kayfiyat ulashib charchamaydigan qahramonimiz. – Gamletni o‘ynagandan so‘ng boshqa rollar ancha oson kechadi. Gamlet falsafasini, ruhiyatiyu ichki tug‘yonini inson o‘zidan o‘tkazib ijro etgach, dunyoga boshqacha nigoh bilan qaray boshlaydi...

Shillerning “Makr va muhabbat”idagi Prezident obrazi ham har qanday aktyor uchun omad. Bu omad ham uning etagidan tutdi. Yana, u talqin etgan Alexandro Kassianoning “Daraxtlar tik turib jon beradi” asaridagi Mavrisio obrazi ham tomoshabin qalbini larzaga soldi. O‘zbek adiblari asarlari asosida teatrda sahnalashtirilgan spektakllardagi Tursunboy, Hasan Kayfiy, Bobo Kayfiy obrazlari, kinodagi o‘nlab rollari ham uning xalqchil aktyor ekanini namoyon etdi. “Qalliq o‘yin” spektakli, xalqaro tanlovlarda sovrindor bo‘lgan “Suv yoqalab”, “Parizod”, “Chavandoz” filmlaridagi rollarini qoyilmaqom qilib ijro etganki, buni nafaqat tomoshabin, balki hamkasblariyu san’atshunoslar ham tan oladi. Ana shu xizmatlari tufayli yaqinda taqdirlash marosimi o‘tkazilgan “E’tirof – 2016” an’anaviy tanlovida “Yilning eng yaxshi teatr aktyori” nominatsiyasi g‘olibligini qo‘lga kiritdi.  

ORZU VA ISTAK

U orzu qilgan rollar hali bisyor. Shulardan biri ulug‘ alloma Ibn Sino siymosini yaratish: 

– Hozirgacha u haqdagi asar na kinoda, na teatrda, na televidenieda bor. Bir paytlar teatrda shunday asar qo‘yilgan, Ibn Sino rolini Obid Yunusov ijro etganlar. Monologlarini o‘qib berganlarida ishqim tushgandi. Afsuski, teletasmaga yozib olinmagan ekan, ko‘rish ham nasib qilmagan. 

Tohir aka nafaqat professional aktyor, balki teatr, yoshlar kelajagi uchun qayg‘uradigan jonkuyar inson ham. Uning quyidagi so‘zlari ocherkimizga jo‘yali xotima bo‘la oladi:

— Axborot texnologiyalari rivojidan unumli foydalangan holda teatrimizda sahnalashtirilayotgan yuki bor, sara asarlarni internet orqali namoyish etish, reklamasini berib borish kerak. Shunda bizni dunyoning o‘nlab shaharlarida bo‘lib o‘tayotgan festivallarga taklif etishadi. Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek, Amir Temur hayotiga bag‘ishlangan spektakllarimiz shunga loyiq, deb o‘ylayman. O‘zimizdan chiqqan Timur Bekmanbetov “Gollivud”da ochilganidek, biz ham xalqaro festivallarda bir qadar o‘samiz, rivojlanamiz. Aslida, biz insonning fazilati, tuyg‘ularini tarbiyalashga xizmat qiladigan asarlar yaratayotganimiz bilan ham ulardan yuqori turamiz... Yana bir gap, had bilmay chayqalib turgan, turli oqimlar tomonidan talash bo‘lib yotgan davrda inson o‘ziga berilgan besh kunlik umrining huzur-halovati haqida emas, besh qit’a ichida millat, mamlakat, mustaqillik va o‘z jigarbandlarimizni omon saqlab qolish haqida qayg‘urib yashash lozim.  Dunyo imoratiga g‘isht qo‘yib, uning rivoji uchun ulkan hissa qo‘shgan buyuklar avlodi, ularning vorislarimiz. Demak, endi navbat bizga, farzandlarimizga... Ular-da, ana shu imorat bo‘y cho‘zishi uchun hissa qo‘shsin, ammo g‘isht ko‘chirib, ota-ona, el-yurt, millat yuzini yerga qaratmasinlar...

 

Xolida FAYZIYEVA

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

June 2017
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.