NOVSORJI — yilboshi degani

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “2017 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida ommaviy axborot vositalari oldiga Navro‘z bayramining tarixi, uni nishonlash bilan bog‘liq urf-odatlar, an’analar va qadriyatlarimizning mohiyati va ahamiyatini keng yoritish vazifasi yuklangan edi. Bu qutlug‘ ayyom tarixiga oid manbalarni ko‘zdan kechirarkanmiz, uning xalqimiz hayotida tutgan o‘rni beqiyos ekanini teranroq angladik.

 

Chindan ham, kishilarni ezgulikka undashda, yoshlar qalbida go‘zal fazilatlarni qaror toptirishda, jamiyatda mehr-oqibat, bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashda Navro‘zning ahamiyati katta. Masalan, Navro‘z taomlarini tayyorlash jarayoni qanchadan-qancha dillarni bir-biriga bog‘laydi. Qozon-o‘choq boshida kechadigan oqshomgi gurunglar, samimiy o‘yin-kulgilarning qiymatini hech narsa bilan o‘lchab-baholab bo‘lmaydi. Bog‘u rog‘lar, xiyobonlar, dashtu dalalarda, qir-adirlarda o‘tkaziladigan sayillar shunchaki zavq, quvonch ulashmasdan, kishilarga jamoaviy ruh bag‘ishlaydi, ular oldidan uyushtiriladigan umumxalq xayriya hasharlari yoshlarda mehnatga muhabbat, ishtiyoq tuyg‘ularini tarbiyalaydi.

Navro‘zning o‘ziga xos jihatlaridan yana biri bu — xayrli amallarga boyligidir. Ayyom bahona keksalar, bemorlar, hojatmand insonlar holidan xabar olinadi. Hech kim e’tibordan chetda qolmaydi. Bu udumlar necha asrlar davomida sayqallanib, bebaho qadriyat darajasiga yetgan. 

Tarixiy manbalarda bu ayyom bilan bog‘liq ajoyib xotiralarni uchratish mumkin.

Xususan, Zahiriddin Muhammad Boburning guvohlik berishicha, hijriy 909, milodiy 1503-1504 yillarda muborak Ramazon hayiti va Navro‘z deyarli bir paytga to‘g‘ri kelibdi (bir-ikki kun tafovut bilan). Bunday hodisa kamdan-kam yuz berishi bois shoir unga befarq qarolmaydi va Navro‘z ham, Hayit ham ko‘p nishonlanadi, ammo bu galgi ayyom yuz Navro‘z va Hayitdan yaxshiroqdir, deya, quvonchini she’riy tarzda izhor etadi: 

Yangi oy yor yuzi birla ko‘rubel shod bayramlar,

Manga yuzu qoshingdin ayru   bayram oyida g‘amlar.

Yuzi navro‘zi vasli iydini     Bobur g‘animat tut,

Ki mundin yaxshi bo‘lmas bo‘lsa   yuz navro‘zu bayramlar.

Yoki Alisher Navoiyning “Munshaot”ini olaylik. Shoirning ulkan adabiy merosi ichida maktublarining qimmati shundaki, ularda muallifning hayoti, ijodiy va ijtimoiy-siyosiy faoliyati aks etgan. Oddiy xabar yoki hol-ahvol so‘rashish tarzidagi rasmiy yozishmalar emas, yuksak badiiylik bilan, shirali tilda, jozibali uslubda ta’lif etilgan maktublar ichida Navoiyning do‘sti Husayn Boyqaroga bitgan yoxud u zotning nomi va sifatlari tilga olingan ko‘plab nomalar bor. Fazilatli shoir ko‘pincha do‘stining ismini aytmasdan, “Mirzo”, “ul sharafli zot”, “saodat egasi”, “saltanat osmonining quyoshi” kabi sifatlar bilan ulug‘laydi. “Munshaot”da hazrat Navoiyning podshoh birodariga Navro‘z tabrigi tariqasida yozgan xati ham bor. 

“Har yilning boshlanishida quyoshning o‘ynoqi kiyiklar misol zarrin nurlari hamal oyi o‘tlog‘ida lolazor uzra jilvalanar ekan, u saltanat osmonining quyoshiga (Husayn Boyqaro nazarda tutilmoqda) sharaf bahori lolazori uzra ohulardek go‘zallar bilan bazm tuzish nasib etsin, — deb boshlanadi qutlov. — Va har yili gullar mavsumida pardozchi sabo yangi tushgan rayhon kelinchaklar qulog‘iga shudring gavharlari taqish bilan ziynat berar ekan, u vorislik bo‘stonida (Sulton Husayn Boyqaroning Amir Temur avlodi sifatida taxt vorisi ekanligiga ishora qilinmoqda) yosh sarv niholiga chamanzor uzra yashnab o‘sishni nasib etsin”. 

Ha, bahor va Navro‘z hech kimni befarq qoldirmaydi. U hamisha yaxshilik timsoli bo‘lib kelgan. 

Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida turli xalqlarning bayramlari, oylari va urf-odatlari xususida hikoya qilinadi. Unda, jumladan, Xorazm, Sug‘d (bugungi O‘zbekiston va uning atrofidagi ulkan hududni egallagan qadimgi diyorlar) ellarining bayramlari, oylari, urf-odat va an’analari to‘g‘risida ham qiziqarli ma’lumotlar mavjud. Muallifning yozishicha, eronliklar yilning birinchi oyini Farvardin moh, sug‘dliklar Navsard, xorazmliklar esa Novsorji deb atagan. “Bu oyning birinchi kuni — yilboshi bayrami, ya’ni (yuqorida) zikr qilganimizdek, yangi kundir” deb yozadi Beruniy Xorazm xalqining bayramlari, oylari va an’analari haqidagi bobida. Uning ta’kidlashicha: “Xorazm ahli yil va oylar boshlari Sug‘d ahlinikiga muvofiq bo‘lib, eronliklarnikiga esa muxolifdir”. “Xorazmliklarning rasm-rusumlari sug‘diylarnikiga o‘xshaydi...”.

Demak, qadimgi ajdodlarimiz yangi yilning kirib kelishini, bugungi tilimizda aytganda, Navro‘zni bundan bir necha ming yillar avval nishonlashgan, faqat uning nomini Navro‘z emas, Novsorji, Navsard deb ataganlar. Xuddi hozir oy nomlari tilimizda yanvar, fevral, mart kabi xalqaro maqomdagi lotincha so‘zlar bilan atalayotgani singari, yillar o‘tib ko‘klamning ilk kunida nishonlanadigan bayram nomi sifatida xalqimiz “Navro‘z” istilohini qabul qilgan. Biroq tilimizda uning muqobil varianti — “Yilboshi” ham keng ishlatiladi. Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax viloyatlarida yilning avvali, ko‘klamning boshlanishi munosabati bilan o‘tkaziladigan Yilboshi udumi mohiyatan Navro‘zdan umuman farq qilmaydi. 

Prezidentimiz qarorida ta’kidlanganidek, “Azal-azaldan xalqimizning ezgu va go‘zal qadriyatlarini, uning olijanob orzu-intilishlarini o‘zida mujassam etib, qadim ajdodlarimizdan bizga o‘lmas meros sifatida bezavol o‘tib kelayotgan Navro‘zi olam mustaqillik yillarida mamlakatimizda yashayotgan millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha vatandoshlarimiz orziqib kutadigan, tom ma’nodagi umumxalq bayramiga” aylandi. 

Odamzod hamisha yangilanishga, yangicha fikrlashga ehtiyojlidir. Navro‘z esa bor mazmun-mohiyati ila kishilar qalbida yangi umid, yangi orzu-istaklarga yo‘l ochadi. 

 

Elmurod NISHONOV,

“Hurriyat” muxbiri

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

MDH: AMALIY HAMKORLIK INSTITUTI

2017-10-18 12:31:15

Mo‘jizalar izlab Misrdan ...

2017-10-18 12:29:50

Olovli sahifalar

2017-10-04 09:26:07

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31

.