KITOBXONLIK zaruratga aylanmog‘i lozim

Inson hayoti uchun eng zarur narsalar qatorida birinchi non bo‘lsa, ikkinchisi  kitobdir. Non insonning moddiy ehtiyojini qondirsa, kitob ma’naviy boylik, o‘zlikni anglash, eng muhimi insoniy tarbiyaning muhim manbai bo‘lib xizmat qiladi. Aynan tarbiyaviy omilning kitobxonlik darajasi bilan bog‘liqligi mutolaa ishining har qanday davrda ham davlat va jamiyat uchun asosiy masala ekanligini anglatadi.

 

Bu o‘rinda mamlakatimizda aholi o‘rtasida, ayniqsa yoshlarda kitobxonlik darajasini oshirish, tarixiy xotira asosida farovon kelajakni barpo qilish yo‘lida qator tadbirlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlash joiz. Xususan, istiqlol yillarida milliy ma’naviy qadriyatlarni tiklash, millat va xalqning ma’naviy qiyofasini shakllantirish, o‘zlikni anglash yo‘lida mehnat qilgan ma’rifatparvarlarimizning hayoti va asarlarini haqqoniy o‘rganish, jahon ilm-fanidagi yutuqlardan bahramand bo‘lish borasida olib borilgan ishlar samarasi o‘laroq ijtimoiy turmushimizning barcha jabhasida hayotga nisbatan qarash o‘zgardi, milliy iftixor va vatanparvarlik hissi shakllandi. 

Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni tizimli tashkil qilish uchun, avvalo, huquqiy asoslarni mustahkamlash maqsadida “Axborotlashtirish to‘g‘risida”, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi, “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi, “Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarning qabul qilinishi mamlakatimizda matbaa korxonalari va nashriyotlar soni ortib, markazda va joylarda zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlangan axborot-resurs markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilishida muhim ahamiyat kasb etdi. Bu boradagi yutuqlar haqida uzoq gapirish mumkin. Ta’kidlash joizki, bugungi rivojlanish, yangilanish sharoitida, odamlar tafakkuri va dunyoqarashi ham o‘zgarib bormoqda va bu o‘z o‘rnida ularda hayotga nisbatan yangicha talab va istak bilan qarash ko‘nikmasini shakllantirib bormoqda. 

Shu asnoda jahon jamoatchiligi kitob va kitobxonlik masalasida turli fikrlar bildirilib, ayrim hollarda kitobning o‘rnini zamonaviy AKT egallaydi, deyilsa, bir guruh mutaxassislar asrlar davomida insonga eng yaqin yo‘ldosh bo‘lib kelgan kitob taraqqiyotning bugungi bosqichida ham eng yaqin ma’naviy ko‘makchi bo‘lib qolishini aytishmoqda. Biroq har qanday sharoitda ham kitobxonlik va mutolaa masalasi biz uchun ham zarur va joiz ahamiyatga ega bo‘lib qolaveradi.

Bunga biz Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi misolida yana bir bor amin bo‘lishimiz mumkin.

Ushbu huquqiy hujjat asosida tashkil etiladigan komissiya tomonidan kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish, aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida yuksak, intellektual saviyani o‘stirishga xizmat qiladigan kitoblarga bo‘lgan talabni o‘rganish kabi bir qator vazifalarning belgilanganligi mazkur sohaning yangi rivojlanish bosqichini boshlab berishga xizmat qiladi. Bu o‘rinda yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotganligi bejiz emas, albatta. Chunki ma’naviy yetuk, bilimli avlodgina islohotlarimiz davomchisi, mamlakatimiz kelajagining bunyodkori va haqiqiy egasi bo‘la oladi. 

Joylarda kitob savdosini qo‘llab-quvvatlash maqsadida farmoyishda ixtisoslashgan kitob do‘konlari uchun viloyat, tuman markazlari, aholi gavjum va qulay hududlardan joy ajratish yoki ijaraga berish masalalarini qayta ko‘rib chiqish, sotuv aylanmasida kitob ulushining hajmi 70 foizdan ortiq bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlarini alohida hisobga qo‘yib, ularga soliq imtiyozlari berish masalalarining belgilanganligi ham ko‘pchilik istagining ro‘yobi bo‘ldi, deyish mumkin. Chunki, kelajakdagi yuksak ma’naviy samara oldida kitobxonlik, ziyokorlik uchun bugun qancha sharoit yaratilsa ham ko‘plik qilmaydi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida ham kitoblarni chop etish va tarqatishdagi muammolarni hal qilish muhim vazifalar qatorida ekanligini ta’kidlab o‘tganlari yana bir bor kitobxonlik ishining oldimizdagi asosiy masala qatorida ekanligini anglashga xizmat qildi. Xususan, Bosh vazir raisligida maxsus komissiya tuzib bir oy muddatda darsliklar, maxsus va badiiy adabiyotga bo‘lgan real ehtiyojni, ularni boshqa tillarga tarjima qilish, ular bilan o‘quv yurtlari, kutubxona va axborot-resurs markazlarini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini taqdim etish topshirildi. Bunda yoshlar va aholining keng qatlamlari o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish masalalariga ham alohida e’tibor berish, kitoblarning haqiqiy narxi shakllanishini juda ham puxta o‘rganish zarurligi bildirilib, yoshlarimizning kitobga bo‘lgan muhabbatini, ularning ma’naviy immunitetini yanada oshirishga qaratilgan ishlarimizni yangi bosqichga olib chiqish ham muhim vazifalar qatorida turganligi qayd etib o‘tilganligi zamirida kelajak uchun qayg‘urishning yuksak namunasini ko‘rish mumkin.

Ta’kidlash joizki, kitobxonlikni targ‘ib qilish, axborot- resurs markazlari faoliyatini jonlantirish, ayniqsa yoshlarni o‘zlarini qiziqtirgan, kelajak yo‘lida foydali axborotlar bilan ta’minlab borishda parlament nazorati shakllaridan samarali foydalanish ham muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda yaqinda qo‘mitamiz tomonidan “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining Xalq ta’limi vazirligi va uning Andijon va Navoiy viloyatlaridagi boshqarmalari tomonidan ijrosi bo‘yicha o‘rganish tashkil etilganligi misolida ham aytish mumkin. O‘rganish natijalari bo‘yicha aniq bo‘lmoqdaki, bugun markazlardan yiroq bo‘lgan chekka hududlardagi o‘quv muassasalarini uzluksiz sifatli internet bilan ta’minlash, ZiyoNET ta’lim portali faoliyatini jonlantirish, o‘quvchilar qatorida o‘qituvchilarning ham kitob mutolaasiga bo‘lgan ishtiyoqini oshirish borasida yechimini kutayotgan talay ishlar bor. Bundan ushbu masalaga mas’ullarning qonunlar ijrosi sifatini oshirishga ham e’tiborni kuchaytirish kerakligi oydinlashmoqda. Chunki chekka hudud yoshlarining zamonaviy AKT imkoniyatidan foydalanib o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirishga, eng so‘nggi o‘quv adabiyotlaridan bahra olishga to‘la haqlari bor.

Bu o‘rinda aytish kerakki, qo‘mitaning joriy yil ish rejasida ham ushbu masala nazorat tahlil faoliyatining muhim yo‘nalishidan biri sifatida belgilanib, qo‘mita tomonidan “Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning Toshkent shahri va Namangan viloyatidagi ijrosini o‘rganish rejalashtirilgan. O‘rganish natijalari sohadagi qonunchilikni takomillashtirish bilan birga mamlakatimizda aholi o‘rtasida kitobxonlik darajasini oshirish, axborot-resurs markazlari faoliyatini yanada jonlantirishga muhim hissa qo‘shadi.

Har qanday buzg‘unchi kuch va xurujni yuksak ma’naviyat bilan yengish mumkin. Shu ma’noda kitobxonlik bugun barchamiz uchun hayotiy zaruratga aylanmog‘i kerak. Ushbu masalaga shaxsan davlatimiz rahbari tomonidan alohida e’tibor qaratilib bu borada muhim vazifalarning belgilab berilayotganligi aholi o‘rtasida yuksak ma’naviy ong va ma’rifatparvarlikni targ‘ib qilish yo‘lida barchamiz uchun yangi ibrat bosqichini boshlab berdi, deyish mumkin.

 

Rasul KUSHERBAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari

 qo‘mitasi a’zosi

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Qiz bola — elning yuzi

2017-08-02 11:11:46

SHARAFLI UMR BEKATLARI Asil RASHIDOV ...

2017-08-16 13:28:25

Dunyo darakchilar nigohida

2017-08-16 13:24:37

Tabarruk qadamjolar

2017-08-02 11:17:38

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.