O‘zi quvnoq, so‘zi qaymoq “yigit”

Yozuvchilarning Do‘rmondagi ijod uyiga har safar borganimda eshik bekalaridan birinchi so‘raydiganim “Nosir og‘a shu yerdamilar?” degan savol bo‘ladi. “Ha” desalar, ko‘nglim yorishib, kayfiyatim ko‘tariladi. “Yo‘q” degan javobni eshitsam, bo‘g‘zimga “Obbo!” degan hayqiriq tiqiladi. Og‘a bilan uchrashish, yo‘qlash, suhbatlashish yo‘llarini qidira boshlayman. Nosir aka bilan Do‘rmonda yaqindan tanishdim. Garchi ilgari ahyon-ahyonda ko‘rishib turgan bo‘lsak-da, bemalol suhbatlashmaganmiz. Endi miriqib gaplashadigan bo‘ldim-da, deb quvondim.

 

 

Kundalik sahifalaridan: “Nosir Fozilov bilan tanishdim. Bu odam nihoyatda quvnoq, har bir so‘zi qaymoqdek mazali, haqiqiy suhbatdosh ekan. U bilan o‘tgan vaqtim zoe ketmadi. Naqd xazinaning o‘zi-ya! Hammaning u bilan suhbatlashgisi keladi. Ko‘pchilik u kishiga intiladi. Biroq g‘iybat, maydagaplik u kishiga yot. Bunaqa odamlar bilan iloji boricha gaplashmaydi ham... Har kuni kechki ovqatdan keyin uzoq suhbatlashib yuramiz. Iloji bo‘lsa, Do‘rmon bog‘ini bir aylanib chiqamiz. Ammo gapimiz tugamaydi.” 

Nosir Fozilov bolalarga bag‘ishlangan “Saraton”, “Oqim”, “Robinzonlar”, “Qorxat”, “Diydor”, “Shum bolaning nabiralari”, atoqli adabiyotshunos va adib To‘xtasin Jalolov qismati haqida hikoya qiluvchi “Qush qanoti bilan” kabi qissalari, talay hikoyalari bilan adabiyotimizga katta hissa qo‘shgan taniqli adibdir. U keyingi yillarda XX asr 50-yillaridan keyingi adabiyotimiz tarixining tirik guvohi sifatida memuar-xotira asarlar yozishga astoydil kirishdi va bu bilan o‘zbek adabiyotida xiyla kamyob bo‘lgan memuar janri rivojiga katta hissa qo‘shmoqda. So‘nggi o‘n yil mobaynida adibning “Ustozlar davrasida”, “Eslasang ko‘ngling yorishur”, “Topdimu yo‘qotmadim”, “Munavvar lahzalar”, “Mehringizni tuyib yashadim”, “Noshir va Nosir so‘zi” kabi bir-biridan qiziqarli, real voqealarga boy kitoblari bosilib chiqdi hamda adabiyotimiz xazinasidan mustahkam o‘rin oldi. 

Bu kitoblarning har birida adabiy jarayonlarning o‘ziga xos xususiyatlari, uning tanilishiga katta hissa qo‘shgan ulug‘ ijodkorlar, shuningdek, qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoq adiblari hayotiga oid qiziq-qiziq voqealardan xabardor bo‘lasiz. Ularda o‘zi yaxshi bilgan, ijodini chuqur o‘rgangan o‘afur o‘ulom, Oybek, Abdulla Qahhor, Mirtemir, Maqsud Shayxzoda, Muxtor Avezov, Sobit Muqonov kabi ustoz adiblar, zamondoshlari Said Ahmad, O‘lmas Umarbekov, Sirboy Mavlenov, Nurlan O‘razalin, Muradboy Nizanovlarning ijodiy merosi, shaxsiy hayotida ro‘y bergan sir-asrorlar, qiziq voqealarni samimiy hikoya qilgan. Ustozlar to‘g‘risida qalam surar ekan, Nosir aka har biriga katta hurmat bilan yondashadi, ularning inson va ijodkor sifatidagi qiyofasini yanada ulug‘lashga urinadi. 

Nosir Fozilovning adabiyotimiz oldidagi katta xizmati shubhasiz, tarjimonlik faoliyati va qardosh qozoq adabiyoti bilan o‘zbek adabiyoti o‘rtasida mustahkam aloqa o‘rnatishdagi amaliy faoliyatidir.

Nosir Fozilovning samarali faoliyati Qozog‘iston Prezidenti N.Nazarboev tomonidan yuksak baholanib, adib “Tinchlik va ma’naviy hamjihatlik uchun” nomli Qozog‘istonning mukofoti bilan birinchilardan bo‘lib taqdirlandi. (1994). Mukofotni topshirish marosimiga taklif etib adibga yo‘llagan maktubida Prezident: “Siz millatlararo madaniy aloqalarni rivojlantirishdagi, qozoq adabiyotining eng sara namunalarini tarjima qilishdagi, O‘zbekiston va Qozog‘iston xalqlari o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashdagi xizmatlaringiz uchun bu mukofotga sazovor bo‘ldingiz. Shu munosabat bilan Sizni chin yurakdan muborakbod etaman” deb iliq fikrlar bildiradi. O‘tgan yili esa ikki xalq o‘rtasidagi adabiy aloqalarni rivojlantirishdagi samarali mehnati uchun adibga Qozog‘iston Respublikasi o‘zbeklarining “Do‘stlik” hamjamiyati tomonidan ta’sis etilgan “Armug‘on” adabiy mukofoti berildi. 

Kundalik sahifalaridan: “Nosir aka kechki sayrdan so‘ng meni to‘g‘ri xonasiga boshladi. Kirsam, Muborak opa choy damlab kutib o‘tirgan ekan. Darvoqe, Nosir Fozilovning so‘nggi yillardagi sermahsulligida har bir yozgan qog‘ozining qo‘lyozmasini, matbuotda e’lon qilingan suhbatlarini asrab-avaylab, ko‘z qorachig‘idek ehtiyot qilib saqlab kelayotgan mehribon umr yo‘ldoshi, mohir muharrir Muborak opaning xizmatini alohida ta’kidlash zarur. “Agar shu opangiz bo‘lmaganida bu kitoblar qayoqda edi?” deb ikkita kitobni oldimga qo‘ydi. Biri “Mehringizni tuyib yashadim (Adib zamondoshlari nazdida)”, ikkinchisi “Noshir va Nosir so‘zi” deb atalgan edi. Har ikkisining ichki muqovasida “To‘plab, nashrga tayyorlovchi Muborak Fozilova” deb yozib qo‘yilgan. Opa o‘z qo‘li bilan samimiy istaklari izhor qilingan dastxat ham bitib qo‘yibdilar. Go‘yo katta boylikka ega bo‘lgandek quvonib chiqdimu, mutolaaga kirishdim.

Endi bu kitoblardan olgan taassurotlarim olam-jahon! Tuni bilan ikkala kitobni xatm qilib bo‘ldim-da, ertalab nonushtadan keyin yana Nosir og‘a bilan opani bezovta qildim. “Ha, shoir, nima gap? Hakka qag‘illamay turib...” dedi Nosir aka o‘ziga xos nim jilmayish bilan. “E, og‘a, hakka mening ichimda qag‘illayapti. Uni tezroq haydab, ichimni bo‘shatib olmasam bo‘lmaydi!” dedim-da, ikkovlarini bu kitoblar bilan chin dildan tabrikladim. “Yoqdimi?” deb so‘radilar Nosir aka tabassum bilan. Yoqqanda qandoq? Ayniqsa mana bunisi dedim “Mehringizni tuyib yashadim” kitobini qo‘limga olib, sizning ham inson, ham yozuvchi, ham mehribon ustoz, ham sadoqatli shogird, ham tajribali tarjimon sifatidagi siyratingizu suratingizni to‘la namoyon qiladigan asar bo‘libdi. “Noshir va Nosir so‘zi”ngiz esa hozir nashriyotlarda ishlayotgan “chalamulla” muharrirlarga tayyor qo‘llanma!” 

“Mehringizni tuyib yashadim” nomli kitobiga yozuvchi haqidagi maqolalar, uning nomiga uzoq-yaqindan kelgan “Jadalxatlar” (telegramma), qozoq, qoraqalpoq, qirg‘iz va o‘zbek adiblari tomonidan yo‘llangan maktublar, “She’riy alqovlar” hamda Nosir og‘a hayotiga oid “Quvnoq hangomalar” jamlangan. O‘quvchi ulardan birgina Nosir Fozilov hayoti, shaxsi, ijodi haqida emas, balki umuman, o‘zbek, qolaversa, qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoq adabiyotlarining kechagi va bugungi holati, aloqalari, hamnafasligi to‘g‘risida yetarli ma’lumotlar oladi. “Noshir va Nosir so‘zi” esa 50 yildan ko‘proq turli nashriyotlarda, gazeta va jurnallar tahririyatida muharrir bo‘lib ishlagan adibning yosh hamkasblariga o‘git-maslahatlari, o‘ziga xos muharrirlik maktabi yaratgan muallimning shogirdlariga sabog‘i sifatida qimmatlidir.

Muharrirlik faoliyati mobaynida yuzlab katta-kichik asarlarni, butun-butun to‘plamlarni hijjalab o‘qib chiqdi, har bir sahifasi, jumlasi, so‘zi ustida bosh qotirdi. Shuning uchun ham Said Ahmad “Nosir Fozilovning barmog‘i doim siyohga belanib yuradi” degan edi. U o‘z vazifasiga g‘oyat ixlos qo‘ygani bois “butun hayotini adabiyotga bag‘ishlagan mehnatkash qalamkash, talabchan va sinchkov muharrir” (Matyoqub Qo‘shjonov) bo‘lib yetishdi. Bu kasb uni xasis va hassos adib sifatida shakllanishiga ham ko‘mak berdi. Xasisligi so‘z qo‘llash va ishlatishda ko‘rinsa, hassosligi mazmunni teranlashtirish, voqelikni ko‘rimli va ishonarli tasvirlashida namoyon bo‘ldi.

Yozuvchining ushbu asari hozirgi paytda asarning badiiyligiga emas, ko‘proq muallifning “muomalasi”ga qarab ishlayotgan muharrirlarni halollikka, kitobxon va adabiyot oldidagi mas’uliyatini chuqurroq his etishga da’vat qiladi. Tajribali muharrir bugungi hamkasblarini “Kitob inson hayotida beqiyos ma’naviy va ma’rifiy ahamiyatga ega bo‘lgan ne’matdirki, uni badiiy, g‘oyaviy jihatdan mukammmal holda nashr etib, kitobxonlar qo‘liga yetkazish noshirlarning muqaddas burchi” deya jiddiy ogohlantiradi. Kitobxonlar oldidagi mas’uliyati haqida to‘xtalar ekan, “Muharrir kim? U qanday bo‘lishi kerak?” degan savollarga “Muharrir bu – muallif bilan asar haqida teng mulohaza yurita oladigan, asarga to‘g‘ri va odil tashxis qo‘ya oladigan, ba’zi bir majruh jumlalarni o‘rinlatib tuzata oladigan bilimdon va zukko odam deganidir. U ba’zi o‘rniga tushmagan so‘zlarni topib, asarni yaraqlatib yuboradigan, kerak bo‘lsa bitta so‘z uchun talasha oladigan kishi bo‘lishi kerak” deb javob beradi. O‘zining ko‘p yillik muharrirlik tajribasi bilan hozirgi muharrirlarning ish usulini o‘zaro taqqoslar ekan, “ba’zi bir nodavlat nashriyotlarning tahririyatida ishlayotgan chalamulla muharrirlar faoliyatida, noshirlarning adabiyotimiz oldiga qo‘yiladigan talab va mezonlarni unutib, qo‘lbola mualliflarning” asari saviyasiga emas, balki ko‘proq cho‘ntagiga ko‘z tikayotganidan ranjiydi.

Kundalik sahifalaridan: “Mehringizni tuyib yashadim” kitobini o‘qib bo‘lib, so‘nggi muqovasini yopdim. Unda Nosir aka ko‘zoynagini chap qo‘lida ushlab, nekbin tabassum bilan “Men esimni tanib, qo‘limga qalam olganimdan beri ulug‘ ustozlarning, yoru do‘stlarimning mehru oqibatlarini tuyib, ularni suyib yashadim, o‘zimdan kichiklarning esa boshlarini silab yashadim, ularga sog‘lom ijod tilab yashadim. Ko‘nglimning arzon baxt va’da qilguvchi imo-ishoralariga parvo qilmay, nafsimning qing‘ir ko‘chalariga kirmay yashadim...

Agar yaratgan Egam umr bersa, bundan keyin ham shu zayil shukronalik bilan yashayajakman...” deya dil izhorini aytib turibdi. Ilohim aytgani kelsin! O‘zgalarning mehrini tuyib, o‘zi boshqalarga ko‘proq mehr berib, uzoq yillar yashayversinlar. Har safar Do‘rmonga kelganimizda oltindek tovlanib turgan go‘zal chehrasiga boqib, “Sarbola”ning sara so‘zlaridan bahramand bo‘lish bizga ham nasib qilaversin! 

 

Yo‘ldosh SOLIJONOV

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

April 2017
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.