SOYIB XO‘JAYEV HANGOMALARI

Bu san’atkorni bugungi avlod “Yor-yor”, “Chinor ostidagi duel”, “Maftuningman”, “Uchrashuv” kabi mashhur filmlardagi turfa obrazlari orqali yaxshi taniydi. Katta avlod vakillari esa uni teatrdagi bir-biridan qiziq, yumorga boy rollari tufayli tabassum bilan eslashadi. Xususan, Muqimiy teatrida uzoq yillar davomida sahnadan tushmagan “Toshbolta oshiq” spektaklidagi bosh roli uning shuhratiga shuhrat qo‘shgan.

Aktyorning nafaqat sahnadagi, balki oddiy kundalik turmushdagi harakatlari, gap-so‘zlari ham kishida beixtiyor tabassum uyg‘otar ekan. Quyida u kishining shogirdlaridan biri, O‘zbekiston xalq artisti Husan Sharipovning xotiralarini e’tiboringizga havola etamiz.

TAXTA UCHUN JAZO YO‘Q

“Toshbolta paxta dalasida” nomli miniatyura televizor tasmasiga yozildi. Ammo nimagadir belgilangan vaqtda efirga berilmadi. Kechqurun Soyib akamlar telefon qilib qoldilar:

— Bezovta qilgan men, bu berilmadi-ku?! Yo televizordagilar uxlab qoldimi?

O‘sha paytlari Soyib akamlar uydagi qurilishlari tashvishida faqat o‘ylaganlari taxta edi. Ana shuni eslab, shumligim tutdi.

— E, usta, bu yog‘i chatoq ketibdi, — dedim.

— Nimasi chatoq ketadi? — so‘radilar usta.

— “Dalalar oppoq paxta” deyish o‘rniga “Dalalar oppoq taxta”, deb yuboribsiz, qolgan so‘zlarni ham eshiting: “Uzoqdan boshlarida oppoq durracha, egnilarida oppoq ko‘ylak kiygan misoli taxta Pari kelardi. Bilaklaridan ushladim, oppoq yumshoq — taxta...”.

Shunda usta andak jim qoldilar. Keyin go‘shakdan ovoz keldi:

— Bezovta bo‘lmay qo‘ya qol. Paxta uchun qamashardi, taxta uchun qamashmaydi.

 

URINMANG, UKA!

Soyib akamlarning qiziq odatlari bor edi, to‘yga yo mehmonga borsalar:

— Vallohu a’lam, ayollar yo‘qmi? Bemalol yechinib o‘tirsak bo‘laveradimi? — deya so‘rardilar. Rozilik olgach, paypoqlarini yechib, tuflilarining ichiga, shimlarini esa yostiq ostiga taxlab qo‘yib, asta-sekin yonboshlardilar. Bir kuni ana shu alpozda yonboshlab o‘tirgandilar, birdan davraga taklif qilib qolishdi. Shosha-pisha chiqqan edilar, hovlini gurra-gurra kulgi bosib ketdi. Nimagadir bu galgi kulgi odatdagidan boshqacharoq, kuchliroq edi. Derazadan qarasak, Soyib akamlar davraning o‘rtasida bemalol yonboshlab o‘tiradigan formadagi kiyimdalar: boshda do‘ppi, egnilarida ko‘k neylon ko‘ylak, oq ishton, oyoqlarida to‘y egasining o‘n beshinchi kalishi. Hali gap boshlaganlaricha yo‘q, odamlar atay qilayapti, deb o‘ylab, qotib-qotib kulishyapti. To‘yboshini chaqirib:

— Darrov chiqib, bitta chopon kiydiring, ustlarini yopadi! — dedim.

To‘yboshi topshiriqni bajardi. Ammo to‘n qurg‘ur torlik qilib, qorinlari ochiq qoldi. Shunda usta baland ovozda dedilar:

— Vallohu a’lam, urinavermang, uka! Xudo shunday yaratib qo‘ygach, uni berkitish bandasining qo‘lidan kelarmidi!


(Hangomalar “Kulgi darg‘alari” kitobidan olindi)

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

ASL DEHQONLAR BOZORI

2017-12-07 12:23:10

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.